Mirziyoyev va To‘qayev Qoraqalpog‘iston masalasida gaplashib oldilar
Jamiyat
−
04 iyul 2022
10765Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bugun, 4 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Qayd etilishicha, suhbatdoshlar ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibidagi masalalarni muhokama qilgan.
“Qosim-Jomart To‘qayev O‘zbekiston rahbariyatining Qoraqalpog‘istonda barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan qarorlari o‘z vaqtida qabul qilinganini ta’kidladi. Qozog‘iston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum o‘tkazishda muvaffaqiyat tiladi va bu voqea qardosh O‘zbekistonda keng ko‘lamli siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar dasturini amalga oshirishda muhim lahza bo‘lishini aytdi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, Davlat rahbarlari Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi kun tartibini ham muhokama qilgan.
Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, shu jumladan sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport, logistika, mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berish sohalarida kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 3 iyul kuni Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi Nukusda sodir bo‘lgan voqealarga munosabat bildirib, O‘zbekiston rahbariyatining Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan qarorlarini olqishlashi va qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi