2021 yilda kimlar bizni tark etdi?

Jamiyat

image

Yakuniga yetib borayotgan yil muvaffaqiyatlar, qolaversa¸mag‘lubiyat va yo‘qotishlarga boy bo‘ldi. 2021 yil o‘zbek adabiyoti, san’ati, ilmi va siyosatida o‘chmas iz qoldirgan ko‘plab insonlarni turli xastaliklar oqibatida oramizdan olib ketdi.

Bugun taniqli shaxslar, siyosat, iqtisod, ilm-fan, madaniyat va san’at, adabiyot sohalarida o‘chmas iz qoldirib, minglab shogirdlar yetishtirib, mamlakat taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan va bugun oramizni tark etgan, muqaddas xotirasi qalblarimizda mangu saqlanib kelayotgan iqtidor egalarini yodga olamiz.

Shoira Gulchehra Nurullayeva

Taniqli shoira Gulchehra Nurullayeva joriy yilning 15 yanvar kuni 83 yoshida vafot etdi.

U 1956-1964 yillarda Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston davlat milliy universiteti – tahr.)ning jurnalistika bo‘limida tahsil olgan.

U SSSR davrida olgan mukofotlaridan voz kechgan.

Shoiraning “Orzularim qoqadi qanot” (1969), “Tashnaman” (1972), “Ikkinchi bahor” (1973), “Lirika” (1975), “Bag‘ishlov” (1977), “Paxta hidi” (1981), “Nurli nuqtalar” (1986), “Muhabbatning suvrati” (1988) kitoblari chop etilgan.

Shoira 2005 yil o‘z xohishi bilan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zoligidan chiqib ketgan. 2018 yilning 28 noyabr kuni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida ijodkor Gulchehra Nurullayevaga a’zolik guvohnomasi qayta topshirilgan edi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rahmatjon Qurbonov

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, xorazmlik xonanda Rahmatjon Qurbonov joriy yilning 17 yanvar kuni 62 yoshida vafot etdi.

Ijodkorning fidoyi mehnatlari munosib taqdirlanib, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist”, “Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist” faxriy unvonlari xamda “Mehnat shuhrati” ordeniga sazovor bo‘lgan.

U uzoq yillar Toshkent shahrida samarali faoliyat yuritib, “Lazgi” ansambliga rahbarlik qildi. Rahmatjon Qurbonov bir necha risolalar, kitoblar, o‘quv qo‘llanmalar muallifi edi.

Jamoat arbobi Murtazo Sultonov

19 yanvar kuni O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan quruvchi Murtazo Sultonov 83 yoshida vafot etdi.

Murtazo Sultonov qariyb 20 yil Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining o‘rinbosari bo‘lgan. U O‘zbekiston muhandislar akademiyasi, Xalqaro Fanlar akademiyasi akademigi, Vazirlar Kengashi mukofoti laureati bo‘lgan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan quruvchi unvonlariga sazovor bo‘ldi.

Boks bo‘yicha Osiyo chempioni Go‘zal Ismatova

Boks bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi Osiyo chempionati g‘olibi, ko‘p karra O‘zbekiston chempioni Go‘zal Ismatova joriy yilning 22 fevral kuni 25 yoshida vafot etdi. Ma’lum bo‘lishicha, u saraton xastaligi tufayli olamdan ko‘z yumgan.

Go‘zal Ismatova og‘ir vazn (+81 kg) toifasida ringga chiqqan. U 2014—2017 yillar davomida O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritgan. Shuningdek, u 2017 yilgi Osiyo chempionati g‘olibi hisoblanadi.

Futzalchi Timur Berdiyev

O‘zbekistonlik futzalchi, OKMK futzal jamoasi a’zosi Timur Berdiyev joriy yilning 28 fevral kuni vafot etdi.

Timur Berdiyev 1995 yilda tug‘ilgan. Futzalda faoliyatini havaskorlar ligasida boshlagan. “Ardus”, “Paxtakor”, OKMK futzal jamoalari sharafini himoya qilgan.

2021 yil qishki transfer oynasida Bishkekning “Farvater” jamoasiga o‘tishi rejalashtirilgan edi.

Kinorejissyor Bahrom Yoqubov

11 mart kuni taniqli kinorejissyor Bahrom Yoqubov 60 yoshida olamdan o‘tdi.

Bahrom Yoqubov uzoq yillar "O‘zbekfilm" va "O‘zbektelefilm" studiyalarida rejissyor yordamchisi bo‘lib ishlagan. Rejissyor ko‘p yillar davomida hujjatli filmlarni suratga oldi. U katta kinoteatrlarga 2003 yilda "Sarvinoz" to‘liq metrajli filmi bilan kirib kelgan.

Bundan tashqari, u ijodi davomida “Baxt uchun million”, “Fotima va Zuhra”, “Majruh”, “Super kelinchak”, “Ichkuyov”, “Zirapcha”, “O Maryam, Maryam”, “Zuhra”, “Antiqa ajrashish” kabi filmlarni suratga olgan. 

O‘zbekning “Karlo otasi” – Xudoyberdi To‘xtaboyev

O‘zbek bolalar yozuvchisi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyev joriy yilning 21 mart kuni 89 yoshida vafot etdi.

1958 yildan Xudoyberdi To‘xtaboyev keyingi 14 yil mobaynida “Toshkent oqshomi”, “Sovet O‘zbekistoni” gazetalarida 300 dan ortiq feletonlarini chop etadi. Shuningdek, “Guliston”, “Sharq yulduzi”, “Gulxan”, “G‘uncha”, “Yosh kuch” jurnallarida, “Yosh gvardiya” va “Kamalak” bosma nashrlarida ijod namunalari bilan ishtirok etadi.

Keyingroq “Omonboy va Davronboy”, “Sariq devni minib”, “Yillar va yo‘llar”, “Besh bolali yigitcha”, “Qasoskorning oltin boshi”, “Sehrgarlar jangi yoki shirin qovunlar mamlakatida”, “Jannati odamlar” kabi kitoblari chop etiladi.

Uni ko‘pincha “Buratino” filmidagidek Hoshimjonning “Karlo otasi” deb ham ta’riflashardi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan haykaltarosh Yakov Shapiro

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan haykaltarosh Yakov Iosifovich Shapiro joriy yilning 4 aprel kuni 84 yoshida vafot etdi

Yakov Shapironing ismi ko‘pchilikka tanish. Chunki u butun dunyoga tanilgan ko‘plab asarlarning muallifi hisoblanadi.

Yakov Shapiro Toshkent metrosining beshta bekati uchun badiiy panellar, shuningdek Maksim Gorkiy, Shota Rustaveli, Hamid Olimjon, Sharof Rashidov, Lal Bahodir Shastri, Botir Zokirov va milliy qahramon Xo‘ja Nasriddin Afandi yodgorliklarini yaratgan.

O‘zbekiston xalq artisti Mirza Azizov

O‘zbekiston xalq artisti, Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali drama teatri direktori Mirza Azizov joriy yilning 16 aprel kuni 58 yoshida koronavirus xastaligi sabab vafot etdi.

Mirza Azizov yuksak darajadagi musiqali teatr aktyori sifatida “Yusuf va Zulayho”da Fir’avn, “Farhod va Shirin”da Bahrom, “Nodirabegim” musiqali dramasida Madalixon, “Alpomishning qaytishi” spektaklida Alpomish obrazlari orqali tomoshabinlar mehrini qozongan edi.

O‘zbekiston qahramoni Hasan Normurodov

O‘zbekiston Qahramoni, Oliy Majlis Senati a’zosi Hasan Normurodov 24 aprel kuni 82 yoshida vafot etdi.

Hasan Normurodov uzoq yillar xalq ta’limi tizimida ishlagan, keyinchalik “Nuroniy” jamg‘armasining Samarqand viloyati bo‘limi raisi sifatida mehnat faxriylarini ijtimoiy himoya qilish ishlariga katta hissa qo‘shgan.

Prezident farmoniga ko‘ra, 2019 yilda “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.

Diplomat Doniyor Obidov

O‘zbekistonning Belarusdagi elchixonasi maslahatchisi, siyosiy fanlar doktori Doniyor Obidov joriy yilning 25 aprel kuni koronavirus infeksiyasi oqibatida vafot etdi.

Diplomat va olim sifatida hurmat qozongan Doniyor Obidov O‘zbekiston hamda Belarus o‘rtasidagi turli sohadagi hamkorlik, xususan madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish yo‘lida faoliyat yuritib kelgan.

Belarusdagi “Zvyazda” nashriyot uyi ikki davlatning madaniy-gumanitar aloqalari ravnaqiga katta hissa qo‘shgan marhum diplomat Doniyor Obidov xotirasini abadiylashtirish uchun Minskdagi ko‘cha yoki maktablardan biriga uning nomini berishni taklif qilgan.

Inson huquqlari himoyachisi Surat Ikromov

3 may kuni taniqli o‘zbek huquq faoli Surat Ikromov Toshkent shahrida 76 yoshida vafot etdi.

Surat Ikromov 2021 yil fevral oyidan buyon og‘ir xasta bo‘lgan. Uning o‘limiga o‘pkaning surunkali yallig‘lanishi, qandli diabet va prostata saratoni sabab bo‘lgan.

U 2002 yilda O‘zbekiston Mustaqil inson huquqlari himoyachilari tashabbus guruhiga asos solgan. Ushbu tashkilot O‘zbekistonda siyosiy va diniy motivlarga asoslangan ko‘plab sud jarayonlari ustida monitoring o‘tkazgan. 

Prezident maslahatchisi Rustam Qosimov

2021 yilning 7 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Rustam Qosimov og‘ir kasallikdan vafot etdi.

Rustam Qosimov 2017-2018 yillarda Prezidentning yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘lib ishlagan. 2018 yildan Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimida foliyat yuritgan.

U 2019 yildan buyon O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida rektor sifatida ham ishlab kelayotgandi.

Rejissyor va aktyor Bahodir Yo‘ldoshev

16 may O‘zbekiston kino va teatr san’ati og‘ir judolikka uchradi.O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, O‘zbekiston xalq artisti, mohir rejissyor va aktyor Bahodir Yo‘ldoshev 76 yoshida vafot etdi. Bahodir Yo‘ldoshev uzoq davom etgan xastalikdan vafot etgan. 

Sermahsul ijodiy faoliyati davomida u “Mehnat shuhrati”, “El-yurt hurmati”, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlangan.

Nurafshon shahar IIB boshlig‘i Navro‘z Omonboyev

Nurafshon shahar IIB boshlig‘i, podpolkovnik Navro‘z Zokirjonovich Omonboyev joriy yilning 26 may kuni “Kuchlik” neft baza yaqinida avtohalokatga uchrab vafot etdi.

U 1985 yil 21 mart kuni Zangiota tumanida tug‘ilgan.

Omonboyev bir yildan ko‘proq vaqt davomida Nurafshon shahar IIB boshlig‘i vazifasida ishlagan.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Safar Ostonov

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, “O‘zbekiston ovozi” gazetasi bosh muharriri Safar Ostonovich Ostonov joriy yilning 9 iyun kuni 73 yoshida vafot etdi.

U Mehnat faoliyatini 1971 yili Respublika yoshlar gazetasida musahhih vazifasidan boshlagan. 1990−1996 yillari "Sport", "O‘zbekiston futboli" gazetalarida bosh muharrir, 1996−2002 yillarda O‘zbekiston prezidenti devoni yetakchi konsultant, bosh konsultant vazifalarida ishlagan.

2002 yildan "O‘zbekiston ovozi" va "Golos Uzbekistana" gazetalarida bosh muharrir lavozimida faoliyat yuritib ketgan.

U 2019 yilgi parlament saylovlarida 63-Kattaqo‘rg‘on saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Xalq demokratik partiyasi deputati etib saylangan. U O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan a’zosi bo‘lgan.

Safar Ostonov 1999 yilda "O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist" unvoni bilan taqdirlangan.

Yorqinjon domla Fozilov

Taniqli ulamo, Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumani “Said Ahmadxon hoji” jome masjidi imom-noibi Yorqinjon domla Fozilov joriy yilning 16 iyun kuni vafot etdi.

Yorqinjon Fozilov Qirg‘izistonning Botken viloyatida yuz bergan yo‘l-transport hodisasi oqibatida vafot etgan.

Jurnalist Farida Usmonova

O‘zbekiston milliy matbuoti faxriysi, taniqli jurnalist va adiba Farida Usmonova 26 iyun kuni 100 yoshida vafot etdi.

Uning mehnat faoliyatining asosiy qismi Toshkent viloyatining “Toshkent haqiqati” gazetasida o‘tgan edi. Uning o‘ndan ortiq badiiy-publitsistik kitoblari, dramatik asarlari o‘quvchilariga yetib borgan.  

Uning “Bahor malikasi”, “Inson qadri”, “Mehri daryolar” singari risolalari e’lon qilingan. Adibaning “Dil faryodi” romani, “Qiz kelin” qissasi chop etilgan. “Sinov”, “Ona bag‘ri” dramalari sahnalashtirilgan.

Farida Usmonova 2021 yilning 23 yanvar kuni 100 yoshni qarshiladi. 25 iyun kuni esa Prezident farmoni bilan “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan edi.

Professor Temurjon Otaqo‘ziyev

2 iyul kuni texnika fanlari doktori, professor, silikatli qiyin eruvchan nometall materiallar texnologiyasi va noorganik moddalar texnologiyasi sohasidagi taniqli olim Temurjon Otaqo‘ziyev 85 yoshida vafot etdi.

Ma’lumot o‘rnida, 1964—1967-yillarda Kimyo institutida ishlagan, Toshkent davlat texnika universitetida u katta o‘qituvchilikdan kafedra mudiri, dekan va o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimiga qadar yo‘llarni bosib o‘tgan.

Uning tadqiqot yo‘nalishlaridan biri sanoat chiqindilarini utilizatsiya qilishga qaratilgan bo‘lgan. Xususan, u qurilish materiallari – sement, gidravlik qo‘shimchalar va boshqa materiallarni ishlab chiqarishda fosfor gipsni utilizatsiya qilishning optimal variantini topgan.

Temurjon Otaqo‘ziyev – 1000 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi. Ular orasidan monografiyalar, darsliklar va qo‘llanmalar, terminologik va izohli lug‘atlar, ilmiy-ommabop risolalar, ixtirolar uchun patentlar va mualliflik guvohnomalari o‘rin olgan. Uning rahbarligida 42 fan nomzodi va 7 fan doktori himoya qilgan.

2007 yilda Temurjon Otaqo‘ziyev “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan.

Deputat Abdurahim Qurbonov

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Abdurahim Eshonqulovich Qurbonov joriy yilning 8 iyul kuni 47 yoshida koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etdi.

Yozuvchi Dadaxon Nuriy

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, adib Dadaxon Nuriy 12 iyul kuni 78 yoshida vafot etdi.

Yozuvchi Dadaxon Nuriy Hamza nomidagi akademik drama teatrida rassom, maxsus maktablarda hind tili o‘qituvchisi, “Guliston”, “Gulxan” jurnallari va O‘zbekiston televideniyesida adabiy xodim va muharrir bo‘lib ishlagan.

Dadaxon Nuriy so‘nggi yillarda “Niqobsiz Amerika va boshqa manzilgohlar”, “Olisdagi dala bog‘”, “Iztirob”, “Vijdon hayqiriqlari” kabi kitoblarni yozdi. Asarlari hind, urdu, ingliz, qozoq, koreys, turk va rus tillariga tarjima qilingan.

“Davrimizning Avloniysi” – To‘xtamurod Jumayev

O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi, “Buyuk xizmatlari uchun” va “Mehnat shuhrati” ordenlari sohibi, “Qorako‘l maktabi” asoschisi To‘xtamurod Jumayev 14 iyul kuni vafot etdi.

Xalq o‘qituvchisi Jumayev asos solgan Qorako‘l maktabida o‘ziga xos ta’lim olish tizimi joriy qilingan. Natijada maktab o‘quvchilarining 90 foizi oliy o‘quv yurtlariga qabul qilingan.

Bundan tashqari, ushbu maktab o‘quvchilari matematika fanidan Xalqaro olimpiadalarda ishtirok etib, ko‘plab medallarni qo‘lga kiritgan.

Deputat Anvar Niyozov

Joriy yilning 14 iyul kuni O‘zbekiston Ekologik partiyasi Buxoro viloyat partiya tashkiloti raisi, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Anvar Niyozov Bobonazarovich vafot etdi.

U 1983 yilda Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish injenerlari institutini tamomlagan.  Anvar Bobonazarovich mehnat faoliyatini Respublika “O‘zdavloyiha” yer tuzish va loyihalash institutining Buxoro filialida muhandis sifatida boshlagan.

Anvar Niyozov o‘zining ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ko‘p yillik faoliyati davomida atrof-muhit barqarorligini ta’minlash yo‘lida mehnat qilgan. Buxoro viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasida 30 yildan ortiq rahbar lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelgan.

Mikrobiolog olim Mahmud Zokirov

Mikrobiologiya sohasida yetakchi olim Mahmud Zokirovich Zokirov 15 iyul kuni 93 yoshida vafot etdi.

Mahmud Zokirov O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya institutida “Mikroorganizmlar fermentlari” laboratoriyasining faol tashkilotchilaridan biri bo‘lgan va uzoq yillar mobaynida ushbu laboratoriyani boshqargan. 

Yetakchi amaliyotchi, mohir ustoz va murabbiy olim Mahmud Zokirov bakteriya va zamburug‘larning turli ferment tizimlarini o‘rganish, tavsiflash, ulardan xalq xo‘jaligi va sanoatda  keng foydalanish sohasiga ulkan hissa qo‘shgan.

AOKA bo‘lim boshlig‘i Javohir Qudratov

16 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) bo‘lim boshlig‘i Javohir Qudratov 38 yoshida vafot etdi.

U 2004 yilda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, 2007 yilda esa O‘zbekiston Milliy universitetini tamomlagan.

Javohir Qudratov Toshkent xalqaro radiosi, Ommaviy kommunikatsiyalar sohasidagi monitoring markazi, “Qashqadaryo” – “Novosti Kashkadari” gazetalari, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlashga ko‘maklashish markazi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va yana boshqa tashkilotlarda ishlagan.

Olmazor tumani hokimi Abdumajid Mullajonov

Toshkent shahar Olmazor tumani hokimi Abdumajid Mullajonov joriy yilning 18 iyul kuni vafot etdi.

Mullajonov 1996 yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan.

U Toshkent shahar Olmazor tumani bo‘yicha Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i sifatida ham ishlagan.

Abdumajid Mullajonov O‘zbekiston Markaziy banki sobiq raisi, marhum Fayzulla Mullajonovning o‘g‘li edi.

MMA jangchisi Murod Xonto‘rayev

MMA jangchisi Murod Xonto‘rayev “Chorvoq” suv ombori yo‘lida yuz bergan yo‘l-transport hodisasi oqibatida vafot etdi.

"Osiyo ayig‘i" nomi bilan tanilgan MMA jangchisi, O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Murod Xonto‘rayev ishtirokidagi YTH joriy yilning 19 iyul kuni soat 11:30 larda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani hududidan o‘tuvchi 4R-12 avtomobil yo‘lining 68-kilometrida sodir bo‘lgan. Bir yo‘nalishda harakatlanib ketayotgan Lacetti hamda BMW X5 rusumli avtomobillar ishtirokidagi to‘qnashuvda BMW X5 rusumli avtomobil yo‘ldan chiqib ketib, ag‘darilgan.

Oqibatda BMW X5 rusumli avtomobil haydovchisi, 1987 yilda tug‘ilgan Murod Xonto‘rayev voqea joyida vafot etgan va ushbu avtomobil yo‘lovchisi Jasur Anorboyev tan jarohati bilan shifoxonaga olib ketilgan.

Ma’lumot uchun, Murod Xonto‘rayev faoliyati davomida 15 ta jang o‘tkazgan va 12 g‘alabaga erishgan.

“O‘zbeknavo”ning sobiq rahbari Azamat Haydarov

O‘zbekiston Madaniyat vazirligining Respublika madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etish ilmiy-metodik markazi direktori, siyosiy fanlar nomzodi, professor, “Shuhrat” medali sohibi Azamat Haydarov joriy yilning 22 iyul kuni 64 yoshida vafot etdi.

Bir necha yillar mas’uliyatli vazifalarda, xususan, Madaniyat va sport ishlari vazirligining Akademik va xalq badiiy jamoalar boshqarmasi boshlig‘i, O‘zbekiston davlat konservatoriyasining “Malaka oshirish” fakulteti dekani, “Siyosiy  fanlar” kafedrasi mudiri, Madaniyat va sport ishlari vazirining o‘rinbosari,  “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi bosh direktori,  Madaniyat va sport ishlari vazirligining Xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy  ishlar respublika ilmiy-metodika markazi direktori, “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi diretkori kabi lavozimlarda jonkuyarlik bilan mehnat qilib, soha rivojiga katta hissa qo‘shgan fidoyi mutaxassis edi. 

Marhum 2017 yildan bugunga qadar O‘zbekiston Madaniyat vazirligining Respublika madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etish ilmiy-metodik markazi direktori lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.  

Kimyogar olim Nusrat Parpiyev

Joriy yilning 24 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, “Kompleks  birikmalar kimyosi” ilmiy maktabi asoschisi, Xalqaro oliy maktab akademiyasi akademigi, O‘zbekiston Milliy universiteti professori, kimyo fanlari doktori Nusrat Ag‘zamovich Parpiyev 90 yoshida vafot etdi.

Mehnat faoliyati davomida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Kimyo institutida laboratoriya mudiri, direktor muovini, O‘rta Osiyo neftni qayta ishlash sanoati ilmiy tadqiqot instituti direktori bo‘lib ishlagan. Shuningdek, olim bir qator ilm dargohlarida rahbar bo‘lib faoliyat yuritgan.

Nusrat Parpiyev ilk bor palladiy va kobalt birikmalarining shishga karshi faol ta’sir etishini aniqlagan.

U 1995 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, 1976 kimyo fanlari doktori, 1981 professor bo‘lgan.

Professor O‘ktam Umurzoqov

O‘zbekiston oliy ta’lim kengashi raisi, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti rektori, iqtisod fanlari doktori, professor O‘ktam Pardayevich Umurzoqov joriy yilning 26 iyul kuni vafot etdi.

Jurnalist Boybo‘ta Do‘stqorayev

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, filologiya fanlari nomzodi, dotsent, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, jurnalist Boybo‘ta Do‘stqorayev joriy yilning 28 iyul kuni 78 yoshida vafot etdi.

Boybo‘ta Do‘stqorayev umrining asosiy qismini jurnalist kadrlar tayyorlashga bag‘ishlagan. ToshDU (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti – tahr.) jurnalistika fakultetida 1969 yildan ish boshlagan. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining "Jahon jurnalistikasi nazariyasi, amaliyoti va tarixi" kafedrasining mudiri sifatida ishlagan.

2002 yilda O‘zbekiston Prezidentining farmoni bilan "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi" unvoni bilan taqdirlangan.

Me’mor Sergo Sutyagin

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan me’mor Sergo Mixaylovich Sutyagin joriy yilning 28 iyul kuni 84 yoshida koronavirusdan vafot etdi.

Sergo Sutyagin loyihalari asosida Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi kinosaroy (“Panorama”), “Kosmonavtlar” metro bekati, “Arkada” savdo markazi, Chirchiq shahri kirish qismidagi Kranlar yodgorligi, Termiz, Urganch, Qarshi va Buxorodagi aeroportlar, Nukusdagi Igor Savitskiy muzeyi qurilgan.

Ma’lumot uchun, Sergo Mixaylovich Sutyagin 1937 yilning 23 fevralida Rossiya poytaxti Moskva shahrida tug‘ilgan. Qayd etish kerakki, Moskvada uning loyihasiga binoan Sheremetevo bog‘idagi fashizmga qarshi urush paytida halok bo‘lganlar xotirasiga obelisk – “Xotira darvozasi” qurilgan.

Bo‘ston tumani hokimi Sadbarxon Mamitova

Andijon viloyati Bo‘ston (Bo‘z) tumani hokimi Sadbarxon Mamitova joriy yilning 31 iyul kuni vafot etdi.

U 2020 yil 4 martdan buyon Bo‘ston tumani xokimi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi.

Sadbarxon Mamitova hokim bo‘lguncha “Yuksalish” umummilliy harakati Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari bo‘lgan.

Akademik Marat Sodiqov vafot etdi

Joriy yilning 1 avgust kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi Marat Fayziyevich Sodiqov vafot etdi.

Marat Fayziyevich Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati edi. 2004 yilda esa Marat Fayziyevich akademik unvoniga sazovor bo‘lgan. O‘sha yildan boshlab O‘zbekiston Rassomlar uyushmasi a’zosiga aylangan.

Uning asarlari Moskvadagi Sharq xalqlari davlat muzeyi, Tretyakov galereyasi, O‘zbekiston davlat san’at muzeyi, shuningdek, AQSH, Rossiya, Germaniya, Finlyandiya, Fransiya, Yaponiya va Italiya galereyalari, muzeylari va shaxsiy kolleksiyalarida namoyish qilingan.

Tarixchi olima Dono Ziyoyeva

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti ilmiy xodimi, tarixshunos olima, professor Dono Ziyoyeva joriy yilning 3 avgust kuni vafot etdi.

Olima 1990 yil “Turkistonda XIX-XX asr boshidagi milliy ozodlik harakati tarixshunosligi” mavzusida nomzodlik, 1999 yil “1917-1924 yillarda Turkistondagi milliy-ozodlik harakatlari XX asr tarixshunosligida” mavzularida doktorlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilgan.

Sahna ustasi Asrol Toshkenboyev

“Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, O‘zbekiston davlat satira teatrining yetakchi sahna ustasi Asrol Gaziboyevich Toshkenboyev 4 avgust kuni 81 yoshida vafot etdi.

1989 yili Abdulla Qahhor nomidagi Respublika Satira teatri tashkil etilgach, Asrol Gaziboyevich ushbu teatrning tamal toshini qo‘ygan ijodkorlar sifatida shu dargohda ish boshlab, vafotiga qadar mehnat qildi.

“Shaytanat”dagi Abdurahmon tabib roli ijrochisi Muhammad Rafiqov

Joriy yilning 11 avgust kuni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, san’at arbobi, “Do‘stlik” ordeni sohibi Muhammad Rafiqov  81 yoshida vafot etdi.

Aktyor va rejissyor Muhammad Rafiqov “Bobur” telefilmida Shayboniyxon, “Amir Muzaffarxon”da Muzaffarxon, “Hakim va ajal” videofilmida Ibn Sino, “Imom al-Buxoriy” serialida Al-Buxoriy, “Sohibqiron” serialida Amir Temur, “Shaytanat” videofilmida Abdurahmon tabib, “Qo‘qon shamoli” filmida Shayx ul-Islom kabi 50 dan ortiq obrazlarni mahorat bilan ijro etgan. 

Nurlibek Mirzamuratov

Joriy yilning 12 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi direktori Nurlibek Yusupovich Mirzamuratov 58 yoshida olamdan o‘tdi.

U 1990 yilda Toshkent avtomobil yo‘llari institutini tamomlagan, mutaxassisligi bo‘yicha muxandis-quruvchi. “Adolat” sotsial demokratiya partiyasi a’zosi, 2012-2014 yillar oralig‘ida Xalq deputatlari Mo‘ynoq tumani Kengesi deputati, 2014-2019 yillar oralig‘ida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati bo‘lgan.

Nurlibek Mirzamurotov 2018 yil oktyabr oyidan umrining oxirgi kunlarigacha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi direktori lavozimida samarali faoliyat yuritib kelgan.

Vatan oldida ko‘rsatgan fidokorona xizmatlari e’tiborga olinib, 2020 yilda O‘zbekiston hukumati tomonidan “Vatan fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.

Muftiy Usmonxon Alimov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov 15 avgust kuni 71 yoshida hayotdan ko‘z yumdi.

Usmonxon Alimov Payariq tumanida joylashgan Imom Buxoriy nomidagi jome masjidida 1980-1982 yillarda imom-noib, 1987-1989 yillarda, so‘ngra yana 1990-2006 yillar mobaynida ushbu masjidning imom-xatibi sifatida faoliyat yuritgan.

2000-2006 yillarda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyati vakili, bosh imom-xatibi bo‘lib mehnat qilgan. 2006 yildan buyon esa O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimida ishlab kelayotgandi.

Mansurbek Masharipov

15 avgust kuni Yoshlar ishlari agentligining Besh tashabbus loyihalarini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Mansurbek Masharipov 38 yoshida vafot etdi.

Mansurbek Masharipov “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tizimida uzoq yillar mehnat qilgan. Keyinroq Yoshlar ittifoqi va Yoshlar ishlari agentligi Xorazm viloyat boshqarmalari rahbari bo‘lgan.

2020 yilda Besh tashabbus loyihalarini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlangan edi.

Akademik Muhammad Kabir Bahodirxonov

19 avgust kuni yarim o‘tkazgichlar fizikasi sohasidagi yirik olim akademik Muhammad Kabir Bahodirxonov 80 yoshida vafot etdi.

Marhum 2012 yildan to umrining oxirigacha Toshkent davlat texnika universitetining “Raqamli elektronika va mikroelektronika” kafedrasi professori bo‘lib faoliyat yuritgan. 

Fizika-matematika fanlari doktori, O‘zbekiston Respublikasi fanlar akademiyasining akademigi Muhammad Kabir Bahodirxonov 1992 yil “Beruniy” nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangan.

Senator Topiboldi hoji Xoldorov

22 avgust kuni Oliy Majlis Senati a’zosi Topiboldi hoji Xoldorov 79 yoshida vafot etdi.

Topiboldi Xoldorov 2000 yildan 2009 yilga qadar “Nuroniy” jamg‘armasi Farg‘ona tumani bo‘linmasi, 2009-2020 yillarda “Nuroniy” jamg‘armasi Farg‘ona viloyat bo‘limi raisi bo‘lgan. 60 yillik samarali mehnat faoliyati davrida jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishda faol ishtirok etib kelgan. 2016 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.

Saodat Mirzayeva

Boyovut tumani hokimining o‘rinbosari – Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i Saodat Mirzayeva joriy yilning 6 sentyabr kuni 51 yoshida vafot etdi.

U mehnat faoliyati davomida maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida tarbiyachi, o‘qituvchi, maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.

O‘zbekiston xalq artisti O‘lmas Rasulov

Joriy yilning 13 sentyabr kuni O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti “Milliy qo‘shiqchilik” kafedrasi professori, O‘zbekiston xalq artisti O‘lmas Rasulov vafot etdi.

Ma’lumot o‘rnida, O‘lmas Rasulov 1951 yilning 12 yanvarida Surxondaryo viloyati Denov tumanida tug‘ilgan.

U bastakor sifatida “Harorat jonima”, “Tun va tong”, “Yetilibdur”, “Rahmatimdur” kabi 50 dan ortiq kuy va ashulalar yaratgan. 

O‘zbek milliy musiqa san’ati rivoji va targ‘ibotiga qo‘shgan hissasi uchun O‘lmas Rasulov 1993 yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist”, 2005 yilda esa “O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti” faxriy unvonlari bilan taqdirlangan.

O‘zbekiston xalq artisti Shuhrat Ergashev

13 sentyabr kuni O‘zbekiston xalq artisti, aktyor Shuhrat Ergashev vafot etdi. U lift zavodida montajchi bo‘lib ishlagan.

Shuhrat Ergashev 1970 yildan “O‘zbekfilm” kinostudiyasida ish boshlagan. U kino aktyori sifatida Elyor Ishmuhammedovning “Noziklik” filmida debyut qilgan.

Faoliyati davomida o‘ttizdan ortiq filmlarda rol o‘ynagan: “Dilorom” (Moni), “Qo‘mondonning qaytishi” (Mauser), “U yolg‘iz emasdi” (Akbarov), “Qora konsulning o‘limi” (Jamol Ubaydulla), “Semurg‘” (Sherzod), “Bu yaxshi yigit” (Timur), “Men senga shahar beraman” (haydovchi), “Uchrashuvlar va ajralishlar” (Shuhrat), “Shumbola” (kinochi), “Ilk yo‘lovchilar” (Akbarov) va shular jumlasidan.

1989 yilda Shuhrat Ergashevga O‘zbekiston xalq artisti unvoni berilgan.

Aktyor Boris Tashkentskiy

Boris Tashkentskiy nomi bilan mashhur bo‘lgan teatr va kino aktyori Boris Morduxayev joriy yilning 16 oktyabr kuni 84 yoshida vafot etdi.

Tashkentskiy “Salom, Pushkin”, “Lo‘li xarakteri”, “Ganganing katta to‘lqini”, “Ajdodlar qonuni”, “Gilos gullari” kabi pesalardagi rollari bilan mashhur.

Aktyorning filmografiyasida “Kutilmagan Budulay”, “O‘yinchi”, “Mening orolim ko‘k”, “Sovrindor qirol”, “Chardash Monti” va “Qora marvarid” kabi filmlar bor.

Aktyorlik Morduxayevga ota kasb hisoblanadi. O‘zbekiston SSRda xizmat ko‘rsatgan artist Roshel Sionovich Morduxayevning o‘g‘li bo‘lgan Boris Toshkent Teatr instituti hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida o‘qigan. 

Qoraqalpog‘istonning sobiq prokurori Ikromjon Palvanov

Qoraqalpog‘istonning sobiq prokurori Ikromjon Palvanov joriy yilning 8 noyabr kuni og‘ir xastalik oqibatida 44 yoshida vafot etdi.

Ikromjon Palvanov oliy tahsildan so‘ng faoliyatini tuman prokuraturasida boshlab, Nukus shahar prokuraturasida yordamchi, katta tergovchi lavozimlarida ishlagan.

2008 yilda Xorazm viloyatining Xonqa tuman prokurori etib tayinlangan Ikromjon Palvanov keyinroq Buxoro viloyati prokurori, Qoraqalpog‘iston prokurorining birinchi o‘rinbosari vazifalarida faoliyat ko‘rsatgan.

U 2014 yil — 37 yoshida Qoraqalpog‘iston Respublikasi prorkurori etib tayinlangan edi.

Ikromjon Palvanov vafotiga qadar Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim prokurori vazifasida faoliyat olib borgan.

Professor Shabat Xo‘jayev

Xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston va Nyu-York akademiyasining haqiqiy a’zosi, professor Shabat Xo‘jayevich Xo‘jayev 13 noyabr kuni 98 yoshda vafot etdi.

Shabat Xo‘jayev 1967 yilda O‘rta Osiyoda ilk bor 1-klinik yuqumli kasalliklar shifoxonasida virusologiya laboratoriyasini tashkil etdi va O‘zbekistonda birinchi marta gripp va boshqa o‘tkir respirator kasalliklar diagnostikasi uchun immunofluoressensiya reaksiyasini joriy qildi. Klinik immunologiyada olib borilgan ishlarning katta bosqichi natijasi o‘laroq Moskvada nashr etilgan "Immunologiya bo‘yicha qo‘llanma" (1973) monografiyasi bo‘ldi.

1979 yilda Shabat Xo‘jayev D.I.Ivanovskiy nomidagi Virusologiya institutining O‘zbekistondagi filialini tuzib, unga rahbarlik qildi. O‘zR SSV Virusologiya institutiga asos solib, unga 2004 yilgacha rahbarlik qilgan.

Aktyor Baxtiyor Ixtiyorov

O‘zbek kinosining chinakam afsonasi, betakror rollari orqali o‘zbek xalqi qalbidan chuqur joy egallagan aktyor, O‘zbekiston xalq artisti, “Mehnat shuhrati”, “El-yurt hurmati” ordenlari hamda “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni sohibi Baxtiyor Ixtiyorov joriy yilning 21 noyabr kuni 81 yoshida vafot etdi.

Baxtiyor Ixtiyorov sermahsul ijodi davomida "Yor-yor", "Ajoyib xayolparast", "O‘tgan kunlar", "Nodirabegim", "Yettinchi jin", "Abu Rayhon Beruniy", "Yettinchi o‘q", "Shum bola" kabi juda ko‘plab filmlarda ajoyib rollarni ijro etish bilan bir qatorda, o‘zbek teatr san’ati rivojiga ham munosib hissa qo‘shgan. 

Dublyaj ustasi Sanjar Sa’dullayev

Joriy yilning 4 dekabr kuni o‘zbek dublyaj san’ati og‘ir judollikka uchradi. Taniqli dublyaj aktyori Sanjar Sa’dullayev 67 yoshida vafot etdi. 

Sanjar Sa’dullayev 1954 yil 10 iyul kuni Toshkent shahrida tavallud topgan. Toshkent Davlat teatr va san’at institutining drama va kino bo‘limini tugatgan.

U ijodiy faoliyati davomida yuzlab kino, hujjatli film va seriallarga ovoz bergan.

“Voy alamjon”ni kuylagan Muhammadkarim Soipov

Ko‘plab qo‘shiqlari bilan tanilgan o‘zbekistonlik hofiz Muhammadkarim Soipov shu yilning 8 dekabr kuni vafot etdi.

Muhammadkarim Soipov "Alamjon", "Qaydadur", "Tashna hislar", "Dutorim", "Oq bo‘yra" kabi yuzlab qo‘shiqlari bilan yaxshi tanilgan. 

U O‘zbekiston davlat filarmoniyasida faoliyat yuritib kelayotgan edi. 

Futbolchi Diyor Rahimqulov

11 dekabr kuni joriy mavsumni “Andijon” jamoasi safida o‘tkazgan futbolchi Diyor Rahimqulov 20 yoshida avtohalokatga uchrab vafot etdi.

Diyor Rahimqulov Toshkentning “Bunyodkor” klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi va 2021 yilgi mavsumni “Andijon” tarkibida o‘tkazgan edi. Klub O‘zbekiston Superligasida 13-o‘rinni egallab, quyi ligaga tushib ketganidan so‘ng, noyabr oyida andijonliklar u bilan shartnomani bekor qilgan edi.

Sharof Rashidovning qizi Svetlana Rashidova

Joriy yilning 14 dekabr kuni taniqli olima, jamoat arbobi Svetlana Rashidova 70 yoshida AQSHda vafot etdi.

U Moskva davlat universitetida chet el adabiyoti fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Toshkent davlat universitetining roman-german fakultetida ishlagan.

Svetlana Rashidova 1971 yilda Alisher Vohidovga turmushga chiqqan. Alisher Vohidov Nyu-Yorkda 1994 yildan O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili vazifasini bajaruvchi, 1997-2008 yillarda esa respublikaning BMTdagi elchisi, doimiy vakili lavozimlarida ishlagan.

Svetlana Sharofovna BMT delegatsiyalari mehmondo‘stlik qo‘mitasining BMTdagi diplomatlarning oila a’zolari bilan ishlash bo‘yicha vitse-prezidenti sifatida Nyu-Yorkdagi jamoat ishlarida faol ishtirok etgan

Akademik Tolib Mo‘minov

Eksperimental yadro fizikasi sohasida tanilgan olim, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Tolib Musayevich Mo‘minov joriy yilning 22 dekabr kuni 78 yoshida vafot etdi.

U 1992–1995 yillari Samarqand davlat universiteti rektori lavozimida faoliyat olib borgan.

200 dan ortiq ilmiy ishlari chop qilingan. 22 nomzodlik va 3 doktorlik dissertatsiyalariga rahbarlik qilgan.

Abu Rayhon Beruniy nomidagi davlat mukofoti, “Shuhrat” ordeni bilan taqdirlangan.

Akademik Temurbek Usmonov

Atoqli fizik olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Temurbek Usmonov 22 dekabr kuni 79 yoshida vafot etdi.

U1967 yili Moskva davlat universitetini tugatib, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi institutida stajyor-tadqiqotchi sifatida ish boshladi. So‘ngra Moskva davlat universiteti aspiranturasida tahsil olib, 1972 yilda nomzodlik, 1987 yilda doktorlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qildi.

2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylandi.U o‘zining qariyb 60 yillik ilmiy pedagogik va tashkilotchilik faoliyati davomida O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi institutida katta ilmiy xodim, Elektronika (hozirgi Ion-plazma va lazer fizikasi) instituti laboratoriyasi mudiri, O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshidagi yirik ilmiy loyihalar bo‘yicha ekspert kengashi raisi, Fanlar akademiyasi Ion-plazma va lazer fizikasi instituti bosh ilmiy xodimi va laboratoriya mudiri lavozimlarida samarali mehnat qilgan.

O‘zbekiston xalq artisti Shermat Yormatov

O‘zbekiston xalq artisti, taniqli kompozitor va dirijyor Shermat Yormatov 23 dekabr kuni 82 yoshida vafot etdi.

U Toshkent shahridagi 99-o‘rta maktabda musiqa o‘qituvchisi va “Boychechak” xor studiyasining rahbari (1962-82) bo‘lgan.

Shermat Yormatov o‘zbek bolalar xorining eng faol targ‘ibotchisi, kuyunchak rahbar, “Qo‘shig‘im, jon qo‘shig‘im”, “Birgalikda kuylaymiz”, “Do, re, mi, fa, sol”, “San’at g‘unchalari” kabi qator ko‘rsatuvlar orqali butun respublika bolalariga musiqadan tahsil bergan.

Shermat Yormatov O‘zbekiston yoshlar mukofoti, “Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohibi bo‘lgan.

Futbolchi Nikolay Shirshov

O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq futbolchisi Nikolay Shirshov joriy yilning 28 dekabr kuni 47 yoshida vafot etdi. Biroq uning o‘limi sabablari ma’lum qilinmagan.

Shirshov faoliyatini 1991 yilda Sobiq Ittifoq quyi ligasining “Sverdlovets” klubida (Toshkent viloyati) boshlagan. Keyinchalik “Paxtakor”ning asosiy tarkibida o‘ynagan (1992 – 2000).

2005 yilga qadar Rossiya Premer ligasida “Rostov” sharafini himoya qilgan va so‘ngra SKA (2006—2007), “Bataysk-2007” (2008—2010), “Taganrog” (2010) klublarida ham faoliyat yuritgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1010

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing