Hafta dayjesti: Prezidentning parlamentga murojaati, dunyoga tarqalgan koronavirus, Tomskda halok bo‘lgan 11 o‘zbek o‘g‘loni

Jamiyat

image

Yakuniga yetgan hafta O‘zbekiston va xalqaro maydonda muhim voqealarga boy bo‘ldi. O‘zbekistonda muhim siyosiy tadbirlar o‘tkazildi. Shuningdek, xalqaro maydonda ham muhim siyoiy jarayonlarda tub o‘zgarishlar bo‘ldi. O‘tgan yilning oxirida Xitoyda paydo bo‘lgan yangi virus o‘tgan hafta davomida katta kuch bilan avj oldi. Quyida hafta davomida yuz bergan eng muhim xabarlarga to‘xtalib o‘tamiz.

Jamiyat

Oliy Majlis palatalarining birinchi majlisi

Joriy yilning 20 yanvar kuni saylovdan keyin shakllangan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining yig‘ilishi o‘tkazildi. Har ikki palata yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.

Qonunchilik palatasi yig‘ilishida Nurdinjon Ismoilov quyi palata spikeri, Akmal Saidov uning birinchi o‘rinbosari va yana to‘rt nafar o‘rinbosar tasdiqlandi. Shuningdek, Qonunchilik palatasining 12 ta qo‘mitasiga raislar saylandi.

Shavkat Mirziyoyev quyi palata majlisida so‘zlagan nutqida deputatlarni faolikka, saylovchilar bilan yaqin muloqot qilishga chaqirdi. Shuningdek, “ura-ura” qilish bilan xalqning ishonchini qozonib bo‘lmasligini alohida ta’kidladi. Davlat rahbari mamlakat og‘ir davrdan o‘tayotganini aytib, xavotirini bildirdi.

Kunning ikkinchi yarmida bo‘lib o‘tgan Senat majlisida Tanzila Norboyeva yana palata raisi etib saylandi. Odiq Safoyev unga birinchi o‘rinbosar bo‘ldi. Shuningdek, Musa Yerniyazov va Zayniddin Nizomxo‘jayev ham raisga o‘rinbosar etib saylandi.

Yalpi majlisda Senatning 8 ta qo‘mitasi hamda Reglament va odob komissiyasiga rais saylandi.

Senat majlisida nutq so‘zalagan Shavkat Mirziyoyev ijro organi parlamentdan hayiqib turishi kerakligi, to‘ylarni qisqartirish bo‘yicha ishlar davom etishi va aholini qiynayotgan muammolarni hal qilish uchun tizim yaratilishi kerakligini aytib o‘tdi. Davlat rahbari hududlardagi muammolarni o‘rganish masalasiga to‘xtalib, vazirlarning 90 foizi viloyatlarda o‘tirishi kerakligini ta’kidladi.

Prezident Senat majlisida Yaqin Sharqdagi vaziyat O‘zbekiston xavf tug‘dirayotgani, YeOIIga a’zolik mustaqillikka tahdid ekani haqidagi gap-so‘zlar asossiz ekaniga urg‘u berdi. Shuningdek, yig‘ilishda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetidagi poraxo‘rlik va o‘qituvchilarning bilimsiziligi tanqid qilindi.

20 yanvar kuni Bosh vazir Abdulla Aripovning Hukumati to‘liq tarkibda iste’foga chiqdi.

Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisi

21 yanvar kuni Qonunchilik palatasi va Senatning qo‘shma yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda Prezident Abdulla Aripov nomzodini Bosh vazir lavozimiga tavsiya qildi. Deputatlar nomzodni qo‘llab-quvvatladi. Qo‘shma majlisda Hukumat a’zolarining ham nomzodi tasdiqlandi.

Nariman Grigoryan qotilligi

Joriy yilning 14 yanvar kuni ijarada turadigan uyida o‘lik holda topilgan Nariman Fevziyevich Alimjonov (Nariman Grigoryan) qotilligi bo‘yicha yangi ma’lumotlar berildi. Xususan, qotillik pul uchun amalga oshirilgani aytildi. ShuningdeK, qotil jasadni yo‘q qilish uchun yoqib yuborgan.

Aktrisa Aida Yunusova vafot etdi

21 yanvar kuni taniqli aktrisa, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Aida Yunusova 72 yoshda olamdan ko‘z yumdi.

Aktrisa uzoq vaqt davomida turli rollar ijro etgan. Jumladan, “Ajoyib xayolparast”, “Chinor ostidagi duel”, “Olovli yo‘llar”, “Oltin kuz”, “Mehrigiyo”, “Zulmatni tark etib”, “Karvon”, “Anor”, “Birinchi yo‘lovchilar” kinokartinalarida qatnashdi.

Samarqandlik ayol MIB xodimlarini yoqib yubordi

Samarqandda ijro harakatlarini amalga oshirayotgan MIB xodimlariga qarshilik qilgan ayol ularni yoqib yubordi. Natijada MIB xodimlari xizmat vazifalarini bajarishdan voz kechishga majbur bo‘lishdi.

Farg‘onadan Toshkentga kelgan Mamatov, poytaxtdan vodiyga ketgan Toshxo‘jayev

Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Rahmat Mamatov Prezident tavsiyasiga ko‘ra, “Mahalla” xayriya jamoat fondiga rahbar bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari – Tergov departamenti boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan Doniyor Baxtiyorovich Toshxo‘jayev Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga boshliq etib tayinlandi.

O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi harbiy derjava maqomini saqlab qoldi

Global Firepower taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2019 yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston armiyasi qo‘shnilari Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Tojikistonga nisbatan Markaziy Osiyodagi eng qudratli davlat bo‘lib qoldi.

137 davlatdan iborat umumiy ro‘yxatda O‘zbekiston qurolli kuchlari 48-o‘rinni band etgan. Reytingga Ozarboyjon (52), Qozog‘iston (54), Turkmaniston (75), Gruziya (85), Qirg‘iziston (91), Tojikiston (94), Armaniston (96) va boshqa davlat armiyalari ham kiritilgan.

“Demokratiya indeksi”: O‘zbekiston avtoritar davlatlar qatorida qoldi

O‘zbekiston Buyuk Britaniyaning The Economist Intelligence Unit tadqiqot tashkiloti tomonidan har yili tuzladigan “Demokratiya indeksi”da 157-o‘rinni egalladi.

2019 yil bo‘yicha reytingga jami 165 ta davlat hamda Gonkong va Falastin avtonomiyalari kiritildi. O‘zbekiston bor-yo‘g‘i 2,01 ball to‘pladi va “avtoritar rejim”li davlatlar qatorida qoldi.

Prezidentning parlamentga murojaatnomasi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis palatalari, Hukumat a’zolari, jamoatchilik vakillari, mamlakatdagi diplomatik korpus rahbarlari oldida uchinchi marta murojaat yo‘lladi.

Unda 2020 yil — Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili deb ataldi.

Prezident navbatdagi murojaatida o‘tkazilgan saylov va saylov tizimi, pensiya, oliy ta’limda davlat grantini oshirish, pensiya, kambag‘allik, OTMlarga moliyaviy va akademik mustaqillik berish, o‘qituvchilarning maoshini oshirish, hokimlarning hisobdorligi, hududlardagi internet ta’minoti, tadbirkorlar faoliyatining tekshirilishi va boshqa masalalar bo‘yicha kamchiliklarga to‘xtalib, yangi takliflar berdi. Tadbirda Prezident Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zolik masalasida fikr bildirdi.

Prezident o‘kazgan tadbirda oxirgi vaqtlarda OAVda ko‘rinish bermay qo‘ygan, o‘zbek siyosatining darg‘alaridan biri sobiq Bosh vazir o‘rinbosari va Moliya vaziri Rustam Azimov ham qatnashdi.

2019 yilgi korrupsiya indeksida O‘zbekistonning o‘rni o‘zgardi

Transparency International Xalqaro korrupsiyaga qarshi harakat 2019 yilgi Korrupsiyani qabul qilish indeksini (Corruption Perception Index) e’lon qildi.

O‘zbekiston ushbu indeksda o‘rnini biroz yaxshilab, 25 ball to‘pladi va 180 davlat orasida 153-o‘rinni egalladi. Aytish mumkinki, ushbu indeksning 2018 yilgi natijalarida O‘zbekiston 158-o‘rinni qayd etgan edi.

Olam

Tomskda 11 nafar o‘zbek o‘g‘loni yonib ketdi

Joriy yilning 21 yanvar kuni Rossiyaning Tomsk viloyatida yog‘och ishlab chiqaruvchi korxonada ishchilari yashovchi yog‘ochdan qurilgan inshoot yonib ketdi. Natijada u yerdagi 14 kishining 12 nafari halok bo‘ldi. Halok bo‘lganlarning 11 nafari O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan. Bir nafari Rossiya fuqarosi.

Mazkur fojia yuzasidan jinoyat ishi ochilib, tekshiruv harakatlari boshlandi. Qurbon bo‘lgan o‘zbekistonliklarning jasadi bugun, 26 yanvar kuni Vatanga qaytarildi.

Qurbonlar oilasiga yordam ko‘rsatish uchun O‘zbekiston Prezidentining ko‘rsatmasi bilan maxsus komissiya tuzildi.

Xitoyda paydo bo‘lgan yangi koronavirus

2019 yilning dekabr oyida Xitoyning Xubey viloyatidagi Uxan shahrida paydo bo‘lgan yangi koronavirus o‘tgan hafta davomida dunyodagi ko‘plab davlatlarga kirib bordi.

Virus bilan kasallanganlar soni 2700 dan oshdi, qurbonlar soni 56 nafarga yetdi.

Dastlab Yaponiya, Janubiy Koreya va Tailandda qayd etilgan virus hafta davomida Avstraliya, Malayziya, Nepal, Singapur, AQSH, Fransiyaga ham yetib bordi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi virusning mamlakatga kirmasligini uchun tegishli choralar ko‘rilayotganini ma’lum qilgan bo‘lsa, Tashqi ishlar vazirligi Uxan shahridan kelgan talabalarga zudlik bilan kerakli ko‘riklardan o‘tishni tavsiya qildi.

Eron Ukraina samolyoti ikki raketa bilan urib tushirilganini tan oldi

Eronda “Ukraina xalqaro havo yo‘llari” aviakompaniyasining Boeing 737-800 yo‘lovchi samolyoti bir emas, ikki raketa bilan urib tushirilgan. Eron fuqaro aviatsiyasi tashkilotining ikkinchi hisobotida samolyot “Tor-M1” zenit-raketa majmuasining kichik radiusli “yer-havo” tipidagi raketasi bilan urib tushirilgani qayd etilgan.

Havo laynerining urib tushirilishi bilan bog‘liq yangi taxmin Eron Majlisi deputati Ahmad Alirizobeygiy tomonidan bildirilgan.

“Bu ishda Amerikaning qo‘li borligi istisno etilmaydi. Islom inqilobi muhofizlari korpusida professional bo‘lmagan odamlar o‘tirmaydi. Eng qizig‘i, samolyot radarlardan yashiringan bo‘lishi mumkin. Va uni masofadan turib boshqarish imkoniyati bo‘lgan”, deb tasdiqladi siyosatchi.

Rossiyaning 14 yillik Bosh prokurori ishdan ketdi

20 yanvar kuni Rossiya Federatsiyasi Bosh prokurori Yuriy Chayka o‘z lavozimini tark etdi. Yuriy Chayka Bosh prokurorlik lavozimini 2006 yil iyun oyidan beri egallab kelayotgandi.

Chayka o‘rniga Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Igor Krasnovni mamlakat Bosh prokurori etib tayinladi.

Senatda Tramp ustidan sud boshlandi

AQSH Senati mamlakat Prezidenti Donald Trampning impichmenti bo‘yicha eshituvni boshladi. Bu AQSH tarixidagi uchinchi Prezident impichmenti bo‘lishi mumkin.

Kongressning Vakillar palatasi Trampga qarshi ilgari surgan ayblovining asosliligini aniqlash bo‘yicha Senatda boshlangan sud jarayonining birinchi yig‘ilishi deyarli natijasiz yakunlandi. Eshituv to‘qqiz soat davom etdi va unda to‘rtta tuzatish kiritildi.

Impichment bo‘yicha eshituvning ikkinchi kunida so‘z qoralovchi tomon ya’ni, Kongress quyi palatasi menejerlariga berildi. Ular o‘z nutqini boshlaganda sud jarayonini eslatuvchi Senat eshituvi ikki siyosiy partiyaning qarama-qarshilik maydoniga aylanib ketdi.

Senat eshituvi davom etyapti

Brexit epopeyasi oxirlayapti

24 yanvar kuni Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson mamlakatning Yevropa Ittifoqidan chiqishi to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Mazkur qonunga ko‘ra, Buyuk Britaniya joriy yilning 31 yanvaridan YeI a’zosi bo‘lishni to‘xtatadi.

Jonson imzosi mamlakati tarixida yangi sahifadan darak berishini qo‘shimcha qilgan.

Mazkur hujjatni Britaniya qirolichasi Yelizaveta II Brexit haqidagi qonun loyihasini imzolagan. Shuningdek, 24 yanvarda Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel va Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen Bryusselda kelishuvni imzolagan. Ma’lumot uchun, hujjat Yevropa parlamentida 29 yanvarda ratifikatsiya qilinishi rejalashtirilgan.

Turkiyada kuchli zilzila: mingdan ortiq jarohatlangan va 30 dan ortiq qurbon bor

Turkiyada zilzila xavfi ortib bormoqda. 24 yanvar kuni Elyazig‘, Malatya va Diyorbakir viloyatlarida 6,8 balli zilzila qayd etilgan edi. Bugun, 26 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 5:22 da Malatyada 4,3 balli, soat 5:47 da Elyazig‘da 3,9 balli navbatdagi yer silkinishlari kuzatildi.

Kecha sodir bo‘lgan kuchli zilzila oqibatida ko‘plab binolar vayron bo‘ldi. Harobaga aylangan binolar 76 ta ekani aytilmoqda. Yuzlab odamlar vayronalar ostida qoldi. Ular orasida keksalar, bolalar va hatto homilador ayollar ham bo‘lgan. 

Zilzila ortidan qurbon bo‘lganlar 31 nafarga yetdi.

Shahzoda Garri Buyuk Britaniyadan chiqib ketdi

Shahzoda Garri 20 yanvar kuni kechasi Buyuk Britaniyani tark etdi. U rafiqasi Megan Markl va o‘g‘li Archi bilan birga Kanadaga yo‘l olgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Garri Kanadaga Londonda o‘tgan britan-afrika investitsiya sammitida ishtirok etganidan so‘ng, tungi reysda uchib ketgan. U sammitda Britaniya bosh vaziri Boris Jonson bilan ko‘rishgan.

Nashr xabariga ko‘ra, u mamlakatdan chiqib ketishni shu darajada xohlaganki, Bukingem saroyidagi qabul marosimida ishtirok etmagan. Holbuki, Garri qabul marosimi tashkilotchilaridan biri edi.

Interpolning sobiq rahbari uzoq yilga qamaldi

Xitoy sudi Interpolning sobiq rahbari Men Xunveyga 13,5 yillik qamoq jazosini tayinladi. U poraxo‘rlikda ayblanmoqda. Ta’kidlanishicha, sudlanuvchi hukm ustidan shikoyat qilish niyatida emas.

Ma’lumot o‘rnida: 2018 yilning kuzida Interpolning sobiq rahbari g‘oyib bo‘lib qolgandi. Keyinchalik, ma’lum bo‘ldiki, Xunvey qonunni buzganlikda ayblanib, Xitoyda qo‘lga olingan ekan.

Ukraina sobiq Prezidentini so‘roq qilish boshlandi

Ukrainaning sobiq prezidenti Petr Poroshenko 24 yanvar kuni so‘roq qilinish uchun Davlat tergov byurosiga keldi.

Uni byuroga kiraverishda tarafdorlari kutib oldi. Binoni qo‘riqlash kuchaytirildi. Sobiq prezident Minsk kelishuvi jarayonida davlatga xiyonat qilgan yoki qilmagani bo‘yicha so‘roq qilinadi.

Saudiya shahzodasi APLdagi jamolardan birini sotib olmoqchi

Saudiya Arabistonining merosxo‘r shahzodasi Muhammad bin Salmonga tegishli investitsiya fondi Angliya premer-ligasining “Nyukasl Yunayted” jamoasini sotib olishni niyat qilmoqda.

Kelishuv summasi 340 million funt sterlingni tashkil etadi. Jamoani sotib olish kelishuvlarida britaniyalik moliyachi Amanda Steyvli boshchiligida investorlar guruhi ishtirok etadi. Ma’lum qilinishicha, shartnoma bir necha haftalardan so‘ng imzolanishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

14

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing