Koreyalik taekvondo murabbiysi O‘zbekistonda qanday o‘ldirilgani haqida ma’lumot berildi

3-sahifa 36890
image
-

Avvalroq, O‘zbekiston taekvondo terma jamoasi bosh murabbiyi, koreyalik Kim Jin Yong vafot etgani haqida xabar bergan edik. QALAMPIR.UZ O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Matbuot xizmati rahbari Shohruh G‘iyosov bilan bog‘lanib, bugungacha IIV va Toshkent shahar IIBB tomonidan rasmiy ravishda e’lon qilinmagan ushbu holatga aniqlik kiritdi. 

G‘iyosovga ko‘ra, joriy yilning 15 iyun kuni soat 04:00 larda sport murabbiysi 1981 yilda tug‘ilgan Kim Jin Yongning Toshkent shahri Chilonzor tumani Do‘smirobod tor ko‘chasida joylashgan uyida koreyalik 1977 yilda tug‘ilgan K.D. mehmon bo‘lgan. Ikkiovlon o‘rtasida o‘zaro mojaro kelib chiqqan va K.D. Kim Jin Yongga qarata o‘tkir tig‘li jismni otgan. Jism jabrlanuvchining qorniga sanchilgan. 

Og‘ir jarohat olgan zudlik bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yetkazilgan. Unga qorin qismi sanchilgan-kesilgan jarohati, ingichka va katta ichaklarda bir nechtadan jarohat, 12 barmoqli ichakning to‘liq kesilishi to‘rtinchi darajali gemorragik shok tashxisi qo‘yilgan.

Jarohat olgan Kim Jin Yong shifokorlar tomonidan operatsiya qilingan, biroq u operatsiyadan keyin xushiga kelmagan. 

Mazkur holat bo‘yicha Ichki ishlar idoralari tomonidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi – “Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish” bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va 44 yashar K.D.ga nisbatan 104-moddaning 3-qismi “d” bandi bilan ayblov e’lon qilingan. K.D.ga nisbatan Chilonzor tuman sudi tomonidan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. 

Ma’lumot uchun, Kim Jin Yong O‘zbekiston taekvondo terma jamoasi Bosh murabbiyi sifatida 2020 yilning fevralidan dekabriga qadar faoliyat olib borgan. U bugungacha Taekvondo WT federatsiyasida murabbiy bo‘lib ishlagan.

Abdulla Mannonov
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 1879
Reyting: 2.9
t
×