“3 oylik xastalik”. Ko‘kyo‘tal qanchalik xavfli va u qanday davolanadi?
Salomatlik
−
26 aprel
10763Ko‘kyo‘tal yosh bolalar uchun xavfli kasallik hisoblanadi. Bu haqda bosh shifokor va yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassis Andrey Pozdnyakov "Rossiyskaya gazeta"ga ma’lum qildi.
Uning aytishicha, ko‘kyo‘tal havo-tomchi yo‘li orqali yuqadigan o‘ta yuqumli xastalik bo‘lib, qo‘zg‘atuvchisi Bordetella pertussis bakteriyasi hisoblanadi. Infeksiyaga yo‘liqqan kishi yo‘talishi yoki aksirishi oqibatida havoga mikrob tarqaladi va shu yaqin atrofda nafas olgan odam zararlanadi.
"Gap shundaki, ko‘k yo‘tal uzoq inkubatsiya davriga ega (7-20 kun) va kasallikning boshlanishi odatda og‘ir kechmaydi. Hammasi oddiy, bola yo‘tala boshlaydi, uning harorati normal bo‘lsa, o‘zini yomon his qilmaydi. Biroq bir hafta o‘tgach, yo‘tal kuchayadi va kichkintoyning sog‘lig‘i yomonlashadi", deydi shifokor.
E’tiborlisi, emlash jarayonlari boshlangunga qadar ko‘kyo‘tal faqatgina bolalarga xos kasallik deb hisoblangan.
Hozirgi kunda ushbu xastalikni birinchi navbatda vaksinatsiyaning to‘liq davridan o‘tmagan chaqaloqlar hamda immuniteti zaif bo‘lgan o‘smir va kattalar boshdan o‘tkazishadi. Olimlarning ta’kidlashicha, emlashning amal qilish muddati – taxminan 4-14 yil. Qancha ko‘p vaqt o‘tsa, kasallanish ehtimoli ham yuqorilashib boradi.
Ko‘kyo‘taldan asosan yoshiga yetmagan chaqaloqlar nobud bo‘ladi. Shuning uchun homilador ayollar va chaqaloq yaqinida bo‘ladigan kishilarning kasallikdan emlangan bo‘lishi juda katta ahamiyatga ega.
Kasallik boshlanishida xuddi shamollashniki kabi alomatlar paydo bo‘la boshlaydi:
- yo‘tal;
- aksirish;
- tumov;
- harorat ko‘tarilishi, eng ko‘pida 38,9 darajagacha;
- ba’zi holatlarda ich ketishi.
Qariyb 7-10 kun o‘tib, yo‘tal xurujlari yomonlashadi va davom etadi. Ular hatto qusish, kuchli holsizlik va keskinlashuv oqibatida yuzning qizarib yoki ko‘karib ketishiga olib kelishi mumkin. Xasta kishilarda bo‘g‘imlar torayishi sababli tez-tez yuz-bo‘yin sohasida shishlar kuzatiladi. Teri va ko‘z shilliq qavatida qon quyilishlarini ham boshdan kechirish mumkin. Asabiy ta’sirchanlik ortishi, nevroz va bosh aylanishini qo‘zg‘atishi ham amaliyotda kuzatilgan. Hatto ba’zida kuchli yo‘tal bolalarni hushidan ketkizadi. Bu davr 30 kungacha davom etadi. Xurujlar aksariyat odamlarda kuzatiladi, lekin bu hammada degani emas. Chaqaloqlar umuman yo‘talmasligi, ammo bu holatda og‘zini tez-tez ochib havo olib turishi, hansirashi mumkin. Xurujning bu turi vaqtincha nafas tizimidagi uzilishlarga va titratuvchi tutqanoqqa sabab bo‘lish ehtimoli bor.
"Yuqorida aytganimizdek, kasallikni Bordetella pertussis – ko‘kyo‘tal tayoqchasi keltirib chiqaradi. Shuning uchun uni antibiotiklar bilan davolash mumkin. Muammo shundaki, u bir hafta yoki bir yarim hafta davomida tanada qoladi. Agar faol davolash birinchi kunlardan boshlanadigan bo‘lsa, antibiotiklar samarali bo‘ladi. Shunga qaramay bemorda isitmasiz oddiy yo‘tal kuzatilsa, unga antibiotiklar buyurilmaydi", deydi mutaxassis.
Davolash jarayonida chaqaloqlarni odatda shifoxonada olib qolishadi, qolganlar uyda muolaja olishi mumkin.
Asosiy usullar quyidagilar:
1. Dorilarni qabul qilish: infeksiya tarqalishini to‘xtatish uchun doktor antibiotiklar yozadi. Ular bakteriyalarni parchalaydi, ammo kasallik alomatlarini bartaraf etolmaydi. Haroratni tushirishda retseptsiz beriladigan og‘riq qoldiruvchilar — paratsetamol yoki ibuprofen qabul qilish mumkin.
Yo‘tal uchun mo‘ljallangan tabletkalar esa odatda ko‘kyo‘talda yordam bera olmaydi.
2. Rejimga amal qilish: kasallik davrida to‘g‘ri hayot tarzini yuritish juda muhim ahamiyatga ega. Bemorga dam olish, yuqori harorat kuzatilmagan vaqtda esa yengil sayr tavsiya etiladi. Asab tizimi o‘ta taranglashishi bois jahlni chiqaruvchi barcha omillardan saqlaniladi. Chiroq nuri ham yumshoq va tarqoq bo‘lishi kerak. Baland ovozdagi musiqa, suhbat yoki televizor shovqini taqiqlanadi.
Mutaxassis kasallikka chalinganlarga quyidagi tavsiyalarni berdi:
- Yuqori harorat natijasida chanqash hissi oshishiga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qiling;
- Ko‘p miqdorda suyuqlik ichish kerak. Eng yaxshi tanlov — suv, meva sharbati va quruq qaynatma sho‘rva. Tez-tez, oz-ozdan tanovul qiling. Ko‘p ovqat yeyish yo‘tal vaqtida qayt qilishga olib kelishi mumkin;
- Xonada havo namlantiruvchi vositadan foydalaning. Bu yo‘talni bosishda yordam beradi;
- Bemorning xonasidagi havo musaffo bo‘lishiga harakat qilish kerak. Binoda chekish, kuchli iforli duxi yoki havo spreylaridan foydalanish tavsiya etilmaydi — tomoqni qirishi mumkin. Xonani iloji boricha ko‘proq shamollatib turish kerak.
LiveBarchasi