Imomali Rahmon Rim Papasi bilan uchrashdi
Olam
−
26 aprel
5588Bugun, 26 aprel kuni Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Vatikanda rasmiy tashrif bilan bo‘ldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
San-Damaso hovlisida oliy martabali mehmonni munosib kutib olish uchun faxriy qorovul saf tortdi. Muqaddas taxt binosida Tojikiston yetakchisi Imomali Rahmonni Rim Papasi Fransisk samimiy kutib oldi. Imomali Rahmon va Rim Papasi Fransisk o‘rtasidagi uchrashuvda samarali hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
“Tojikistonda barcha din vakillarining bag‘rikenglik va hamjihatlikda yashashi uchun barcha sharoit yaratilgani alohida ta’kidlandi. O‘zining boy ilmiy va adabiy taraqqiyoti bilan tarixan jahon sivilizatsiyasiga salmoqli hissa qo‘shgan tojik xalqi dinlararo va sivilizatsiyalararo muloqotlarning barcha turlarini olqishlaydi”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, Muqaddas Taxt xalqaro tizimning sub’ekti sifatida jahon ishlarida muhim o‘rin tutadi. Uning xalqaro maydonda tinchlik, barqarorlik, bag‘rikenglik va totuvlik tamoyillarini hayotga tatbiq etishdagi doimiy hissasi katta.
Uchrashuv davomida tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan ham samarali muzokaralar o‘tkazildi.
Uchrashuv va muzokaralar yakunida Rim Papasi Tojikiston Respublikasi rasmiy delegatsiyasi bilan tanishdi. Tojikiston Prezidenti va Rim Papasi o‘rtasida esdalik sovg‘alari almashildi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Imomali Rahmon Rimda Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni bilan uchrashgandi. Joriy yilning yanvar oyida Italiyaga safar qilgan Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ham Rim Papasi qabulida bo‘lgandi.
LiveBarchasi