Rossiyada sobiq “zamministr” 7 yilga qamaldi (video)
Olam
−
26 aprel
9307Moskvaning Tver tuman sudi Rossiya Federatsiyasi Madaniyat vazirining sobiq o‘rinbosari Olga Yarilovani og‘ir oqibatlarga olib kelgan mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish (Jinoyat kodeksi 285-moddasi 3-qismi) aybi bilan 7 yilga umumiy rejimdagi koloniyaga hukm qildi. Bu haqda Moskva umumiy yurisdiksiya sudlarining matbuot xizmati xabar berdi.
Yarilovaga ikki yilga davlat xizmatida ishlash ham taqiqlangan. Bundan tashqari, sud Madaniyat vazirligining moddiy zararni qoplash to‘g‘risidagi da’vosiga ko‘ra, undan 125 million 829 ming 350 rubl undirgan.
Sobiq vazir o‘rinbosari 2023 yil aprelida hibsga olingan edi. Tergov Yarilovani o‘zi rahbarlik qilgan "Pushkin kartasi" loyihasi doirasida firibgarlikda aybladi. Ayblovga ko‘ra, 2022 yilda vazir o‘rinbosari “Pushkin kartasi” dasturiga “Moskva Siti” majmuasida joylashgan va rasmiy maqomga ega bo‘lmagan xususiy muzqaymoq muzeyini kiritgan. Ayblovga ko‘ra, uning xatti-harakatlari oqibatida federal byudjetga 125 million rubl miqdorida zarar yetgan.
Yarilova o‘z aybini qisman tan oldi, ammo keyinroq sudda ayblovni rad etishini aytdi. Bahs chog‘ida prokuror vazir o‘rinbosarini yetti yilga ozodlikdan mahrum qilishni so‘radi.
Ma’lumot uchun, Olga Yarilova 2022 yil sentyabrida to‘rt yillik mehnatidan so‘ng o‘z xohishiga ko‘ra Madaniyat vaziri o‘rinbosari lavozimidan ketgan. U Madaniyat vazirligi huzuridagi hududiy siyosat, ta’lim va loyihalarni boshqarish bo‘limi, Kinematografiya va raqamli rivojlanish boshqarmasi, Davlat xizmati va korrupsiyaga qarshi kurashish departamenti, Butunrossiya jamoat va davlat tashkiloti "Rossiya madaniyati jamg‘armasi" faoliyatiga rahbarlik qilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanov pora olishda gumonlanib qo‘lga olingandi. Keyinchalik matbuotda uning poraxo‘rlikda emas, davlatga xiyonatda gumon qilinayotgani haqidagi mish-mishlar tarqaldi. Ayrim nashrlar Ivanovning hibsga olinishi ortidan Mudofaa vaziri Sergey Shoygu lavozimidan ajralishi mumkinligini yozdi. Kecha, 25 aprel kuni Ivanov ishiga aloqador uchinchi shaxs – "OlimpSitiStroy" kompaniyasi asoschisi Aleksandr Fomin qo‘lga olindi. U vazir o‘rinbosariga pora berganlikda ayblanib, hibsga olingan.
Rossiya Tergov qo‘mitasi va Federal xavfsizlik xizmati xodimlari Moskva viloyati hukumati raisining sobiq birinchi o‘rinbosari Svetlana Strigunkovani hibsga oldi. Amaldor bir oy oldin o‘z lavozimidan iste’foga chiqqan va hozirda u 150 million rubl miqdorida pora olganlikda gumon qilinmoqda.
LiveBarchasi