Misr Isroilni Rafahga hujumi oqibatlaridan ogohlantirdi

Olam

image

Misr Isroilni Rafah shahriga uyushtirmoqchi bo‘layotgan ehtimoliy hujumi halokatli oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirdi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, AP xabar berdi.

Qayd etilishicha, bugun, 26 aprel kuni Misr G‘azoda HAMAS bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga vositachilik qilish umidida Isroilga yuqori darajali delegatsiya yuborgan. Delegatsiyaga mamlakatning yuqori darajali razvedka xodimi Abbos Kamol boshchilik qilmoqda.

“Tashrifdan maqsad Isroil bilan G‘azoda uzoq muddatli otashkesim bo‘yicha "yangi shartlar"ni muhokama qilishdir”, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, Misr rasmiysining nashrga bildirishicha, ayni paytda Qohira Tel-Avivni odamlar gavjum bo‘lgan G‘azodagi Rafah shahriga hujum qilishi oqibatlari ayanchli bo‘lishidan ogohlantirgan. Urush davom etar va qurbonlar ortib borar ekan, HAMAS va Isroilga o‘zaro sulh tuzishi uchun xalqaro bosim kuchaymoqda.

"Juma kungi muzokaralar avvalo, HAMAS tomonidan garovga olinganlarni falastinlik mahbuslar bilan cheklangan tarzda almashish va ko‘chirilgan falastinliklarning katta qismini G‘azo shimolidagi uylariga "minimal cheklovlar bilan" qaytarishga qaratilgan. Va umid qilamizki bundan keyin ham muzokaralar davom etadi va urushni tugatish uchun kattaroq kelishuvga erishiladi", degan Misr rasmiysi.

Uning ta’kidlashicha, vositachilar har ikki tomonning asosiy talablariga javob beradigan kelishuv ustida ishlamoqda. Biroq HAMAS Isroil G‘azoda o‘z askarlarini to‘laqonli holda olib chiqib ketmaguniga qadar o‘t ochishni to‘xtatmasligini aytgan. Isroil ham kelishuvga rozi emas. Sionistlar HAMAS to‘liq yo‘qotilguniga qadar harbiy amaliyotlarini davom ettirishini va kelgusida G‘azoda xavfsizlik kuchlarini saqlab qolishini bildirgan.

Muzokaralar oldidan HAMASning yuqori martabali rasmiysi Basem Naim G‘arb nashrlariga "qo‘yilgan shartlarga hech qanday o‘zgartirish kiritmasligi"ni aytib o‘tgan.

Ayni paytda, Isroil G‘azoning 2,3 million aholisining yarmidan ko‘pi boshpana izlagan Rafah shahriga deyarli har kuni reydlar o‘tkazmoqda. Shuningdek, Isroil harbiylari o‘nlab tanklar va zirhli texnikalarni Isroil janubidagi Rafahga yaqin bo‘lgan hududga to‘plab, shaharga bostirib kirishga tayyorlanmoqda.

Rafah ham G‘azo-Misr chegarasiga tutashgan. Misr Bosh razvedka xizmatiga rahbarlik qiluvchi Abbos Kamol Isroilda bo‘lganida, Misr Isroilning ushbu chegara bo‘ylab qo‘shinlarini joylashtirishiga "toqat qilmasligini" bildirmoqchi.

Chorshanba kuni ham Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sissiy Isroilning Rafahga hujumi "G‘azodagi gumanitar vaziyat, shuningdek, mintaqaviy tinchlik va xavfsizlik uchun halokatli oqibatlarga olib kelishi" haqida ogohlantirgandi.

Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, urushda 34 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, ularning uchdan ikki qismi bolalar va ayollardir.

Muqaddasxon Sattarova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Misr Isroil HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing