2023 yilda kimlar bizni tark etdi?
Tahlil
−
30 dekabr 2023
19080Umrimizdan yana bir yil ortda qoldi. Ushbu yilda o‘zbek xalqi nafaqat yangilanishlar va o‘zgarishlar bilan qarshilashdi, balki yo‘qotishlarni ham boshdan kechirdi. Jumladan, o‘zbek adabiyoti, ilm-fani, san’ati va siyosatiga sezilarli hissa qo‘shgan odamlar oramizni tark etdi.
Ushbu maqolada 2023 yilda vafot etgan darg‘alarni xotirlaymiz.
Partiya kotibi Rafiq Nishonov
Sobiq O‘zbekiston SSR Kommunistik partiyasi markaziy qo‘mitasining birinchi kotibi Rafiq Nishonov 96 yoshida vafot etdi.
U 1985 yilda Rafiq Nishonov O‘zbekiston SSR Tashqi ishlar vaziri lavozimini egallagan. 1988 yil 12 yanvardan 1989 yil 23 iyungacha – O‘zbekiston SSR Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining birinchi kotibi bo‘lib faoliyat yuritgan. Shundan so‘ng, u Moskvaga ketgan va u yerda yashagan. 1991 yil sentyabrda SSSR Prezidenti Mixail Gorbachyovga maslahatchi bo‘lgan. 1991 yildan faoliyatini tugatib, nafaqaga chiqqan.
Sirk ustasi Hakim Zaripov
O‘zbekiston xalq artisti, sirk ustasi Hakim Zaripov Karimovich 99 yoshida vafot etdi.
O‘z mehnat faoliyatini 1942 yilda “O‘zbek davlat sirki” respublika birlashmasida chavandoz sifatida boshlagan Hakim Zaripov sirk san’ati sirlarini yoshlarga o‘rgatib, yarim asrdan ziyod jahon arenasida tomosha ko‘rsatib kelayotgan Zaripovlar sulolasi vakillaridan biri edi.
Professor Oqilxon Ibrohimov
San’atshunoslik fanlari doktori, professor Oqilxon Ibrohimov 65 yoshida vafot etdi.
Oqilxon Ibrohimov 1958 yil tavallud topgan. U xorijda va respublikada nashr etilgan 100 dan ortiq ilmiy maqolalar, 20 ga yaqin darslik, monografiya, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar muallifi.
Oliy Majlisi Senati qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev 72 yoshida vafot etdi.
O‘z mehnat faoliyatini 1972 yilda Respublika yosh tomoshabinlar teatri aktyori va rejissyori sifatida boshlagan Baxtiyor Sayfullayev keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri lavozimida ham faoliyat olib borgan. U 2017-2020 yillar davomida O‘zbekiston madaniyat vaziri sifatida faoliyat yuritgan.
Shoir Erkin Madrahimov
Taniqli shoir Oshiq Erkin — Erkin Madrahimov 86 yoshida vafot etdi.
U Qoraqalpog‘iston xalq shoiri unvoniga ega. 1986−2010 yillar davomida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Xorazm viloyati bo‘limi mas’ul kotibi vazifasida xizmat qilgan.
Shoirning 30 ga yaqin badiiy va publitsistik kitobi nashr etilgan.
Aktyor Abror Bakirov
O‘zbek kino va teatr san’atida o‘z o‘rniga ega aktyor va rejissyor Bakirovlar sulolasi vakili Abror Bakirov 58 yoshida olamdan o‘tdi.
U 1965 yil 26 aprel kuni Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. U “Afyun girdobi”, “Qandahorda toblanganlar”, “Bir qadam o‘ngga, bir qadam chapga”, “Oltin devor”, “Ivanov va Rabinovich” kabi filmlarda ishtirok etgan.
Jurnalist Shuhrat Dehqonov
“Nuroniy” gazetasi bosh muharriri Shuhrat Dehqonov 52 yoshda vafot etdi.
U Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati bo‘lgan. Shuningdek, u turli jamoat tashkilotlarida mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritgan.
Deputat Dilnavoz Nosirova
Xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashi deputati Dilnavoz Nosirova kecha, 12 mart kuni 34 yoshida vafot etdi.
U Zarafshon shahar Axborot-resurs markazi, Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi hamda O‘zbekiston "Milliy tiklanish" DP shahar Kengashi raisi vazifalarida faoliyat yuritgan.
2015-2020-yillarda xalq deputatlari Zarafshon shahar Kengashi deputati etib saylangan.
Hokim o‘rinbosari Umidjon Jumagaldiyev
Xorazm viloyati Gurlan tumani hokimining o‘rinbosari Umidjon Jumagaldiyev baxtsiz hodisa oqibatida vafot etdi.
U 1990 yilda Gurlan tumani Xazorasp qishlog‘ida tug‘ilgan, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. 2021 yilda tuman hokimi o‘rinbosari etib tayinlangan. Marhumning 3 nafar voyaga etmagan farzandlari bor.
Shaxmatchi Mahmudjon Yunusov
O‘zbek shaxmati faxriysi, taniqli hakam Mahmudjon Yunusovich Yunusov 94 yoshida vafot etdi.
U 1929 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U milliy toifadagi hakam sifatida ko‘plab respublika turnirlarida hakamlik qilgan.
Aktrisa Svetlana Murodxo‘jayeva
O‘zbek kino san’ati og‘ir judolikka uchradi. Serqirra ijodkor, o‘zbek animatsiya hamda dublyaj san’atiga beqiyos hissa qo‘shgan aktrisa, rejissyor Svetlana Murodxo‘jayeva 81 yoshida olamdan o‘tdi.
U 50 dan ortiq animatsion filmlarga hamda bolalar uchun suratga olingan kartinalarga ovoz bergan. Animator rejissyor sifatida “Botirning baxti”, “Toshbaqacha”, “Sehrli kiyik”, “Deyarli o‘ylab topilmagan voqea” kabi bir qancha animatsion filmlarni suratga olgan.
Aktyor Murod Rajabov
Aktyor Murod Rajabov bugun, 8 aprel kuni uzoq xastalikdan so‘ng 74 yoshida vafot etdi.
U 1949 yilning 30 may kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1971 yilda Toshkent san’at institutini tamomlagan aktyor faoliyati davomida o‘zbek xalqi uchun qadrdon bo‘lib qolgan, qator kinofilmlarda suratga tushgan. Jumladan, “Ajoyib xayolparast”, “To‘ylar muborak”, “Temir xotin”, “Temir erkak”, “Kichkina tabib”, “Ko‘zlaring ma’yus”, “Ulfatlar”, “Kelgindi kuyov”, “Xavfli burilish”, “Kechir”, “Super kelinchak”, “Ichkuyov”, “Kirakash” kabi filmlar bunga misol. Murod Rajabov 2008 yilda O‘zbekiston xalq artisti unvoni bilan taqdirlangan.
Aktrisa Guli Hamroyeva
O‘zbekiston xalq artisti, balerina Guli Hamroyeva 76 yoshida vafot etdi.
U O‘zbekiston xalq artisti Razzoq Hamroyevni qizi. Guli Hamroyeva 1966 yil Toshkent xoreografiya bilim yurtida tahsil olgan.
Uning “Baxchirayskiy fontan”, “Don Kixot”, “Esmeralda”, “Dilorom”, “Amulet lyubvi”, “Spartak” va boshqa ko‘plab spektakllardagi yetakchi partiyalari milliy balet xazinasidan o‘rin egallagan.
Jurnalist Murod Xidir
17 aprel kuni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Murod Xidir 84 yoshida vafot etdi.
U “Qirg‘oqlar”, “Amu sohillar bo‘ylab”, “Ko‘zacha va bo‘tacha”, “Toshko‘l”, “Kiyikcha va bo‘ynoq”, “Harf o‘yini” kabi kitoblar muallifi sanaladi.
SSB boshlig‘i Zafar Rasulov
Navoiy viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Zafar Rasulov 44 yoshida vafot etdi.
U 2012-2020 yillarda Uchquduq tuman tibbiyot birlashmasida bosh shifokor o‘rinbosari, birlashma boshlig‘i, Navoiy viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, Sog‘liqni saqlash vazirligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari kabi mas’ul lavozimlarda ishlagan.
2020-2023 yillarda esa Navoiy viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i sifatida samarali mehnat qilgan.
Shoira Oydin Hojiyeva
O‘zbekiston xalq shoiri Oydin Hojiyeva 81 yoshida vafot etdi.
U 20 dan ortiq she’riy to‘plamlarning muallifidir. Birinchi she’riy to‘plami 1970 yilda “Shabnam” nomi bilan chop etilgan.
U 1992 yilda “O‘zbekiston xalq shoiri” faxriy unvoni, 1975 yilda Yoshlar Ittifoqi mukofoti sovrindori, 1999 yilda esa O‘zbekiston xalq ta’limi a’lochisi, “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan.
Aktyor Rustam O‘razayev
Kecha, 18 may kuni Teatr va kino aktyori, rejissyor, yozuvchi Rustam O‘razayev 65 yoshida Moskvada vafot etdi.
U aktyorlik faoliyatini 1974 yilda boshlagan. Mamlakatning turli kinostudiyalarida ishlagan. U teatr va kinoda 50 dan ortiq rollarni ijro etgan. Oradan vaqt o‘tib, Rustam O‘razayev faoliyatini Rossiyada davom ettirgan.
Jurnalist Qudrat Irnazarov
Tarix fanlari doktori, faxriy jurnalist Qudrat Irnazarov 73 yoshida vafot etdi.
U 2019 yildan hozirgi kungacha O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Ijtimoiy va gumanitar fanlar kafedrasi professori, keyinroq Jamoatchilik bilan aloqalar va reklama kafedrasi professori sifatida ishlab kelgan. 2008 yilda "Mehnat shuhrati" ordeni bilan taqdirlangan.
Raqqosa Qizlarxon Do‘stmuhammedova
Taniqli raqqosa, o‘zbek raqs san’atida o‘z maktabini yaratgan O‘zbekiston xalq artisti Qizlarxon Do‘stmuhammedova 77 yoshida vafot etdi.
U Munavvar Qori Yoqubov nomidagi O‘zbek Davlat filarmoniyasida, “O‘zbekiston” Teatr-studiyasida, Toshkent davlat madaniyat instituti Xalq musiqasi kafedrasida, Xalqaro “Oltin Meros” xayriya jamg‘armasi qoshidagi milliy mumtoz raqs dastasida faoliyat yuritgan.
Jurnalist Mavlon Shukurzoda
1 iyul kuni o‘zbekistonlik taniqli sport jurnalisti Mavlon Shukurzoda 69 yoshida vafot etdi.
U “Paxtakor” futbol klubining faoliyatini keng ommaga yoritishda o‘zining katta hissasini qo‘shgan. Jurnalist “Paxtakor-79” filmining suratga olinishida konsultant sifatida ish olib borgan.
Ma’lum bo‘lishicha, marhum jurnalist joriy yilning 3 iyul sanasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Axbor Imomxo‘jayev xotira turnirida ishtirok etish uchun ro‘yixatdan o‘tgan bo‘lgan.
Aktyor Tolib Karimov
O‘zbek Milliy akademik drama teatrining zabardast aktyori, O‘zbekiston xalq artisti Tolib Karimov bugun, 19 iyul kuni 83 yoshida vafot etdi.
U “Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi” teleko‘rsatuvlarida ham ko‘plab asosiy rollarni ijro etgan.
U 1987 yilda O‘zbekiston xalq artisti unvoni bilan taqdirlangan. "Qutlug‘ qon" spektaklida Tantiboyvachcha rolini ijro etgani uchun u 1989 yilda Hamza nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. Aktyor 1997 yilda "Mehnat shuhrati"ordeni bilan taqdirlangan.
Yozuvchi Luqmon Bo‘rixon
25 iyul kuni yozuvchi Luqmon Bo‘rixon 58 yoshida vafot etdi.
Dastlabki hikoyasi — “Begimqul katta” 1987 yilda nashr qilingan. Shundan so‘ng yozuvchining “Yalangoyoq” (1991), “Sirli muallim” (2006), “Xizr ko‘rgan yigit” (2007) cingari hikoya va qissalar to‘plamlari bosmadan chiqqan. 2005 yilda yozuvchi “Jaziramadagi odamlar” romanini chop ettirgan.
U Luqmon Bo‘rixon O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, “Shuhrat” medali sohibi bo‘lgan.
Xonanda Sherali Jo‘rayev
O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev 77 yoshida vafot etdi.
1991 yilda u Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan. 2022 yilning 12 aprelida Prezident farmoniga binoan Sherali Jo‘rayev o‘zining 75 yillik yubileyida “El-yurt hurmati“ ordeni bilan mukofotlangan.
Jo‘rayev repertuari ko‘p qirrali va rang-barang bo‘lib, qo‘shiqlari asosini Sharq mumtoz va zamonaviy shoirlarning she’rlari tashkil etadi.
Akademik Naim Karimov
Atoqli olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Naim Karimov shu yilning 17 sentyabr kuni 91 yoshida vafot etdi.
Ilm-fan sohasidagi ko‘p yillik samarali xizmatlari uchun Naim Karimov 2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylangan.
U “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvonlari, “El-yurt hurmati” ordeni hamda O‘zbekiston Respublikasining Davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan edi.
General-mayor Aleksandr Shishlyannikov
15 sentyabr kuni O‘zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasi Harbiy-ilmiy va amaliy rivojlantirish markazi katta ilmiy xodimi, iste’fodagi general-mayor, harbiy fanlar nomzodi, professor General-mayor Aleksandr Shishlyannikov 73 yoshida vafot etdi.
U 1950 yil 3 noyabrda Toshkentda tug‘ilgan. 1971 yilda u Toshkent oliy tank qo‘mondonlik bilim yurtini tamomlab, Chexoslovakiyadagi Markaziy harbiy qo‘mondonlik va Germaniyadagi G‘arbiy harbiy qo‘mondonlik bo‘linmalarida xizmat qilgan. 1993−1995 yillarda Tojikiston mudofaa vaziri lavozimida ishlagan.
Akademik Nazar To‘rayev
3 oktyabr kuni akademik, fizik olim Nazar To‘rayev 85 yoshida vafot etdi.
U 1988 yilda u O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi bo‘lgan. Shuningdek, u 1990-1995 yillarda O‘zbekiston Oliy Kengashi deputati bo‘lib ham ishlagan. 1998 yil “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan. 2001 yilda esa O‘zbekiston Fanlar akademiyasi ilmiy o‘quv markazi direktori etib tayinlangan.
Jurnalist Suriya Magdiyeva
5 oktyabr kuni “Darakchi” gazetasining ruscha nashrida faoliyat yuritgan jurnalist Suriya Magdiyeva olamdan o‘tdi.
U “Namangan haqiqati” va “Darakchi plyus” gazetalarida ishlagan. U ijtimoiy soha, kommunal xizmatlar, sog‘liqni saqlash, inklyuziv ta’limga oid dolzarb mavzularni yoritgan. Jurnalist son-sanoqsiz intervyularidan tortib, press-turlarda va matbuot anjumanlarida faol ishtiroki bilan hamkasblarining xotiralarida qoldi.
Aktyor Abduxoliq Mamarasulov
21 oktyabr kuni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abduxoliq Mamarasulov 74 yoshda vafot etdi.
U 1970 yildan boshlab Muqumiy nomidagi O‘zbek davlat musiqali drama teatrida hamda “Mushtum” jurnalida faoliyat yuritgan. U “Televizion miniatyuralar teatri”dagi rollar bilan xalqqa tanilgan edi.
Shoir Jiyenbay Izbasqanov
29 oktyabr kuni O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Jiyenbay Izbasqanov 74 yoshida vafot etdi.
U 1990-1995 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Matbuot qo‘mitasida boshliq o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. “Qoraqalpog‘iston” gazetasida bosh muharrir (1995-2010) lavozimida faoliyat yuritgan.
Shoir bir qancha klassik asarlarni qoraqalpoq tiliga tarjima qilgan. 2005 yilda “Qoraqalpog‘iston xalq shoiri” faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan. Berdaq nomidagi davlat mukofoti sovrindori.
Kinorejissyor Xayrulla Jo‘rayev
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, kinorejissyor Xayrulla Jo‘rayev 78 yoshida vafot etdi.
U “Fuqaro”, “Barcha fazilatlar senda mujassam”, “Afg‘oniston, 85-yil kuzi”, “Ikki million tanish chehra” kabi to‘la metrajli hamda “Ahmatovlar oilasi”, “Abdumannon Umarov”, “Abdulla Qodiriy”, “Hamid Olimjon” kabi qisqa metrajli filmlari bilan o‘zbek xalqiga tanish hisoblanadi.
Suxandon O‘tkir Siddiqov
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, taniqli suxandon O‘tkir Siddiqov 78 yoshida vafot etdi.
O‘tkir Siddiqov faoliyati davomida 250 martadan ortiq turli shahar va mamlakatlardagi gastrol safarlarida boshlovchilik qilib, 8 mingga yaqin tadbirlarda ishtirok etgan.
U 1996 yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoni, 2017 yilda esa “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.
Askiyachi Mamasidiq Sherayev
21 noyabr kuni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, askiya san’ati ustasi Mamasidiq Sherayev 77 yoshida vafot etdi.
U 1999 yil O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, 2021 yil “Do‘stlik” ordeni sohibi bo‘lgan.
Sherayev 2020 yildan hozirgi vaqtgacha Marg‘ilon shahar musiqali maqom teatrining oliy toifali drama artisti sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Kinoshunos Jo‘ra Teshaboyev
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, professor Jo‘ra Teshaboyev 90 yoshida vafot etdi.
Kinoshunos, ssenariynavis, san’atshunoslik fanlari doktori bo‘lgan Jo‘ra Teshaboyev faoliyati davomida 30 ga yaqin hujjatli kino, 2 ta multfilmga ssenariy yozgan.
U O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi (1989), San’atshunoslik fanlari doktori, professor (1991) unvonlari bilan taqdirlangan.