ODKBga quchoq ochgan Qozog‘iston, o‘zgaga gaz sotishni to‘xtatgan O‘zbekiston, muddati uzaytirilgan “kanikul” – yangiliklar dayjesti

Tahlil

image
Yakuniga yetayotgan 6 yanvarda O‘zbekiston va xalqaro maydonda qator muhim voqealar yuz bergani bilan yodda qolmoqda. QALAMPIR.UZ dayjestida kunning eng muhim, eng sara voqea-hodisalari qisqacha tafsiloti bilan tanishing.

Jamiyat

Samarqanddagi bozorda qotillik. Yigit qo‘shnisini bolta bilan o‘ldirdi

Samarqand viloyati Urgut tumanida 30 yoshli yigit qo‘shnisini urib, o‘ldirib qo‘ydi. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot kotibi Hayot Shamsiddinov xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, qotillik 2021 yilning 31 dekabr kuni “Dehqonobod dehqon bozori” yaqinida sodir bo‘lgan. 1992 yilda tug‘ilgan fuqaro B.X. qo‘lida bo‘lgan temir bolta bilan qo‘shnisini bosh va bo‘yin sohasiga ikki marotaba urib, qasddan o‘ldirishga suiqasd qilgan. 

Ma’lum bo‘lishicha, ularning o‘rtasida avvldan kelishmovchilik bo‘lgan. 

Qashqadaryo hokimi o‘rinbosariga tegishli Trailblazer 4 ta qoidabuzarlik sodir etdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryoda viloyati hokimi o‘rinbosariga tegishli xizmat avtomobili bir vaqtning o‘zida uchta qoidabuzarlik qilgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligining Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi Matbuot xizmati izoh berdi. 

Qayd etilishicha, viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Uzoqovga tegishli, davlat raqami 70005DAV bo‘lgan Trailblazer rusumli avtomobil haydovchisi:

•  yo‘l harakati qoidalarining 2-ilovasida ko‘rsatilgan 1.1 (yo‘lning xavfli joylaridagi harakatlanish bo‘lagi chegarasini bildiradi, bosib o‘tish taqiqlanadi) yo‘l yotiq chizig‘ini bosgan holda,

•  svetoforning harakatni taqiqlovchi qizil chirog‘ida;

•  ortga qayrilib olish qoidalarini chetlab o‘tgan holda harakatlangan.

TIV Qozog‘istondagi o‘zbekistonliklar haqida ma’lumot berdi

O‘zbekiston Qozog‘istondagi fuqarolari va talabalari bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda. 

“O‘zbekiston Respublikasining Qozog‘istondagi Elchixonasi va Bosh konsulxonalari ushbu mamlakat hududidagi O‘zbekiston fuqarolari, shu jumladan talabalar bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi. 

O‘zbekistonning Qozog‘istondagi diplomatik vakolatxonalari odatdagi tartibda faoliyat yuritmoqda. Zarur holatlarda O‘zbekiston fuqarolariga huquqiy yordam ko‘rsatilmoqda. 

Shu bilan birga, Qozog‘istonning ayrim hududlarida favqulodda holat e’lon qilinishi munosabati bilan mazkur mamlakatda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolaridan joriy etilgan vaqtinchalik cheklovlarga rioya qilishlarini so‘raymiz. 

Zarurat tug‘ilganda,  hamyurtlarimiz istalgan vaqtda O‘zbekiston Respublikasining Nur-Sulton (telefon: +7 771 020 36 73),  Olma-ota (telefon: +7 777 950 44 33) va Aqtau  (telefon: +7 777 599 00 51) shaharlaridagi diplomatik vakolatxonalariga murojaat qilishlari mumkin”, deyiladi TIV bayonotida.

Talabalar uchun qishki ta’til muddati uzaytirildi

2021/2022 o‘quv yilining ikkinchi yarmini to‘liq va puxta tayyorgarlik ko‘rgan holda boshlash maqsadida oliy va professional ta’lim muassasalari, akademik litsey talaba-o‘quvchilari uchun qishki ta’til muddati 2022 yil 24 yanvarga qadar uzaytirildi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi xabar berdi. 

Qayd etilishicha, qishki ta’til davrida oliy va professional ta’lim muassasalari, akademik litseylar talaba-o‘quvchilarining vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida oliy ta’lim muassasalari rektorlari hamkorligida onlayn fan olimpiadalari, intellektual viktorinlar tashkil etiladi.

Navoiyda oltin vasvasasiga tushgan 5 kishini qum bosib, vafot etdi

Navoiy viloyatida tarkibida oltin bo‘lgan rudani noqonuniy qazib olmoqchi bo‘lgan 5 nafar fuqaro vafot etdi.  Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, voqea 2021 yilning 23 dekabr kuni Konimex tumanining Karakata ovulida joylashgan “Lolazor” konida sodir bo‘lgan. Tarkibida oltin zarralari bo‘lgan qumlarni noqonuniy qazib olish jarayonida buxorolik fuqarolarni tosh-qum massasi bosib qolgan.

2022 yil O‘zbekiston Rossiyaga gaz sotmaydi

2022 yilda O‘zbekiston ichki iste’moldagi mavsumiy maksimumlarni qoplash uchun Rossiyaga tabiiy gaz eksport qilishni to‘xtatadi. Bu haqda Energetika vazirligi Matbuot xizmati ma’lum qilgan.

“Ayni paytda Rossiya Federatsiyasiga gaz yetkazib berish amalga oshirilmayapti, 2022 yilga mo‘ljallangan rejalar ham yo‘q”, deyiladi vazirlik xabarida.

“Buni jazosi pul, tanish-bilish ko‘p”. YPX qo‘liga tushgan mast ayol tomosha ko‘rsatdi

Toshkent viloyatida erini ortidan poylab chiqqan mast ayol boshqaruvida bo‘lgan Spark Yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan to‘xtatildi. Tabiiyki, ayol o‘zi mast bo‘lsa ham aybini tan olish o‘rniga xizmat vazifasini bajarayotgan xodimlarga o‘dag‘ayladi. Bu haqda “Uzreport” telekanali xabar berdi. 

Qayd etilishicha, joriy yilning 3 yanvar kuni 21:30 larda Ohangaron shox ko‘chasida chorrahadan qizil chiroqda o‘tgan Spark rusumli avtomobil Yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan to‘xtatilgan. Avtomobil haydovchisi esa YPX xodimlari mashina oldiga kelgunga qadar uddaburonlik bilan yon o‘rindiqqa o‘tib olgan. Biroq mashina ichida haydovchidan boshqa hech kim yo‘qligi body-kamera va videoregistratorga muhrlangan.

Prezident uch davlat rahbarlari bilan Qozog‘iston masalasini muhokama qildi

Kunning birinchi yarmida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi.

Qayd etilishicha, davlat rahbarlari O‘zbekiston-Tojikiston strategik sheriklik munosabatlarining dolzarb masalalarini muhokama qilgan. 

Shuningdek, mintaqadagi vaziyat, shu jumladan qo‘shni Qozog‘istonda vujudga kelayotgan holat yuzasidan ham fikr almashgan.

“Ikki mamlakat yetakchilari hozirgi voqealarning ishtirokchisi bo‘lgan tomonlarni vazminlikka va vujudga kelgan masalalarni tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqirdilar”, deyiladi xabarda.

Keyinroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Prezidentlar Qozog‘istonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan barcha choralarni ko‘rish zarurligi to‘g‘risida umumiy fikr bildirgan.

Shu bilan birga, davlat rahbarlari vujudga kelgan holatni tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqirib, zo‘ravonlik va vaziyat keskinlashuviga yo‘l qo‘ymaslik muhimligini ta’kidlab o‘tganlar. 

“Kafansiz ko‘milganlar”. 30-yilgacha qatag‘on qilingan 120 kishi oqlandi

1930 yilgacha qatag‘on qilingan 120 kishi oqlandi. O‘tgan 2021 yilning dekabr oyida Oliy sudga 120 nafar shaxsga nisbatan 6 ta jinoyat ishi kelib tushgan edi. Bugun, 6 yanvar kuni esa, ushbu jinoyat ishlari Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov raisligida o‘tkazilgan ochiq sud majlislarida ko‘rib chiqilib, keltirilgan protestlar qanoatlantirildi va Jinoiy-protsessual kodeksining 83-moddasiga asosan jami 6 ta jinoyat ishi bo‘yicha 120 nafar shaxs oqlandi.

Olam

Qozog‘istondagi namoyishlar

Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.    

Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.    

Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.  

5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.

To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.

Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKb) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi

To‘qayev Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisini o‘zgartirdi. Yangi rais kim?

Kecha, 5 yanvar kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Karim Masimovni respublika Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi lavozimidan ozod qildi va bu lavozimga Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq rahbari Yermek Sagimbayevni tayinladi. 

Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi. 

“Davlat rahbarining farmoni bilan Masimov Karim Kazjimkanovich Qozog‘iston Respublikasi Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi lavozimidan ozod etildi”, deyiladi hujjatda. 

To‘qayev davlat xavfsizlik xizmatiga yangi rahbar tayinladi 

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Saken Isabekovni Respublika davlat qo‘riqlash xizmati rahbari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda davlat rahbari Matbuot xizmatiga tayanib xabar qilingan.

“Isabekov Saken Sainovich Qozog‘iston Respublikasi davlat qo‘riqlash xizmati rahbari etib tayinlansin”, deyiladi farmon matnida. 

Navbatdagi tayinlov. Qozog‘istonda vazir agentlik raisi bo‘ldi

Qozog‘istonda Strategik rejalashtirish va islohotlar agentligi raisi Qayrat Ne’matovich Kelimbetov lavozimidan ozod etildi. Bu haqda “Tengrinews” nashri xabar bermoqda.

Qayrat Kelimbetov 2002–2006 yillarda Qozog‘iston iqtisodiyot va byudjetni rejalashtirish vaziri, 2008 yilda  Prezident Administratsiyasini boshqargan. 2011 yilda Iqtisodiy rivojlanish va savdo vaziri, 2012 yildan bosh vazir o‘rinbosari, 2013-2015 yillarda Qozog‘iston Milliy banki (Markaziy bank) raisi lavozimida faoliyat yuritgan. 

Qozoqlar niyatiga yetdi. Narxlar arzonlashdi

Qozog‘istonning Aqto‘be, Atirau va Mang‘istau viloyatlarida suyultirilgan gazning maksimal narxi litri uchun 50 tenge etib belgilandi. Mazkur viloyatlarning chekka hududlaridagina gaz narxi 55 tengegacha ko‘tarilishi mumkin.

Shuningdek, Chimkent, Sharqiy Qozog‘iston, Jambil, G‘arbiy Qozog‘iston, Qizilo‘rda va Turkiston viloyatlarida suyultirilgan gaz narxi litri uchun 60 tengegacha pasaytirildi. Ba’zi chekka hududlarda esa bu narx 65 tengeni tashkil qiladi.

Qozog‘istondagi fuqarolarni evakuatsiya qilish boshlandi

Qirg‘iziston hukumati Qozog‘istonda bo‘lgan va o‘z vataniga qaytishni istagan fuqarolarni evakuatsiya qilishni boshladi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

“Hozirda Tashqi ishlar vazirligi vatandoshlarga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish doirasida Qirg‘iziston-Qozog‘iston chegarasidagi nazorat-o‘tkazish punktlari orqali Qirg‘iziston fuqarolarini evakuatsiya qilish ishlarini olib bormoqda”, deyiladi xabarda.

Qozog‘istondagi namoyishlar ortidan O‘zbekiston mintaqada liderlikni qo‘liga oladi – ekspert

Xalqaro ekspertlar Qozog‘istondagi sodir bo‘layotgan voqealarni diqqat bilan kuzatayotganini bildirish asnosida, mintaqadagi kelgusi vaziyatni ham prognoz qilmoqda. Ba’zi mutaxassislarning fikricha, voqealar ortidan O‘zbekiston mintaqada liderlikni qo‘lga olishi mumkin. Bu haqda Markaziy Yevrosiyo tadqiqotlar jamiyati asoschisi Jen B. Murtazashvili o‘z Twitter sahifasida yozgan. 

“Qozog‘istonning tabiiy resurslari hamda iqtisodiy islohotlarni qabul qilishi unga mintaqadagi kuchli iqtisodiyotga ega bo‘lish imkonini berdi. 

Mamlakatning Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotini yordamga chorlashi  mintaqa lideri sifatidagi qudratiga putur yetkazadi. O‘zbekistonda tashkilotdan tashqari mamlakat sifatida liderlik rolini egallash imkoni mavjud”, deb yozmoqda eskpert. 

Rossiyada o‘zbekistonlik yigit pichoqlab ketildi

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri Moskva tumanida joylashgan avtobus bekatida o‘zbekistonlik yigit pichoqlangan holda topildi. Bu haqda mahalliy nashrlar xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, joriy yilning 2 yanvar kuni politsiyaga 23 yosh atrofidagi yigitning avtobus bekatida qonga belanib yotgani haqida xabar kelgan. Voqea joyiga yetib borgan tez yordam xizmati jabrlanuvchini Tez tibbiy yordam ilmiy-tadqiqot instituti klinikasiga olib borgan.

Sport

“Chelsi” o‘z maydonida “taqachilar”ni ayamadi

Bugun, 6 yanvar kuni Angliya liga kubogi 1/2 finali ilk uchrashuvi doirasida “Chelsi” “Tottenxem”ni qabul qilib, 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. O‘yin Londondagi “Stemford Brij” stadionida bo‘lib o‘tdi.

Birinchi bo‘limning 5-daqiqasidayoq hisob ochildi. Yarim himoyachi Kay Havers Markos Alonsoning uzatmasidan so‘ng, gol urdi. 34-daqiqada “taqachilar” himoyachisi Ben Devis jarima zarbasidan o‘zatilgan to‘pni o‘z darvozasiga yo‘llab qo‘ydi.

Dunyoning 1-raqamli tennischisi Avstraliyadan “uchiriladi”

Avvalroq, Avstraliyaning Viktoriya shtati hukumati tennis bo‘yicha dunyoning birinchi raqamli raketka ustasi hisoblangan Novak Jokovichni “Katta dubulg‘a” turkumiga kiruvchi Avstraliya ochiq chempionatiga emlanganlik hujjatisiz tashrif buyurgani uchun ortga qaytarib yuborishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.

Bugun, 6 yanvar kuni Avstraliya tomoni serbiyalik Jokovichga viza berishdan bosh tortdi. Tennischidan mamlakatni tark etish talab qilingan. Bu haqda mahalliy “The Age” ma’lum qildi. 

Qayd etilishicha, Jokovich koronavirusga qarshi emlashdan tibbiy ozod qilingani haqida yetarli dalil keltira olmagan. Uning advokatlari hokimiyat qarori ustidan shikoyat qilmoqda. Jarayon davomida tennischi hukumat uyiga joylashtirilishi mumkin.

“Paxtakor” sobiq murabbiyi Rossiya klubini boshqarishi mumkin

Gruziya terma jamoasining sobiq futbolchisi va Toshkentning “Paxtakor” klubi sobiq bosh murabbiyi Shota Arveladze Rossiyaning “Krasnodar” jamoasi bilan ishlash istagi borligini malum qildi. Bu haqda “RBC Sport” nashri xabar berdi.

“Bunday jamoa bilan ishlash men uchun qiziq bo‘lardi, “Krasnodar” yaxshi klub. Ilgari menga taklif bo‘lgandi, hozir esa vaziyat boshqacha”, deydi Arveladze.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

139

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing