Hot-dog sotuvchisidan isyonchigacha... Prigojin o‘zi kim?
Tahlil
−
26 iyun 2023
64254Joriy yilning 24 iyun kuni butun dunyo e’tibori Rossiyaga qaratildi. Boisi, rus o‘lkasida qiziq ishlar sodir bo‘layotgandi. Prezident Vladimir Putinning “oshpazi” uning ikki harbiy mulozimidan norozi bo‘lib, “adolatni tiklash” maqsadida Moskva sari yurish boshladi. Poytaxt tomon odimlab borar ekan, uning har bir harakati ommada qizish uyg‘otar, “keyin nima bo‘lar ekan”, deya yangiliklarni kuzatib borishga undardi. U o‘tgan har bir viloyatni jangsiz va birorta askarini yo‘qotmay egallab borayotgani, egallaganda ham uni quchoq ochib kutib olishayotgani Kremlda hadik uyg‘otgan bo‘lsa ajab emas.
Shunga qaramay, “Moskva fathi” yuz bermadi. Prigojinning “adolat marshi” kun oxiriga kelib kutilmaganda yakun topdi. Moskvaga 200 kilometr qolganida Putinning “tutungan ukasi” Lukashenko uning joniga oro kirdi. Belarus rahbari Prigojin bilan eski “oshna-og‘aynichiligi” borligi sabab shaxsan o‘zi u bilan muzokaraga kirishib, uni poytaxtga bormaslikka ko‘ndirdi.
Agar “Putinning oshpazi” Moskvaga borganida va u yerda ham Rostov, Voronejdagidek oson g‘alabaga erishganida tarixga Moskvani bir kunda egallagan “fotih” sifatida kirishi mumkin edi. Vaholanki, buning uchun unda juda qulay imkoniyat bor edi. Tarixda Moskvani egallashga intilgan Napoleon 36 kun jang qilib ham maqsadiga erishmagan. Natsist Germaniyasi esa Ikkinchi jahon urushi vaqtida buning uchun deyarli 100 sarflasada, shaharni egallashni uddalamagan. Bu borada mo‘g‘ullarning nisbatan omadi kelgan. Chingizxonning nabirasi Botuxon besh kunlik qamaldan keyin Moskvani qo‘lga kiritgan.
Biz yana yangi “rekord”ning guvohi bo‘lishimiz mumkin edi. Yevgeniy Prigojin boshlagan “adolat marshi” shu tariqa zamonaviy Rossiya tarixida qolishi mumkin edi. Xo‘sh, o‘zi bu “fotih” kim? Uni Putinga qarshi bosh ko‘tarishga nima majbur qildi? Uning “sarguzashtlari” yakuniga yetdimi? Quyida shu va boshqa savollarga javob topishga urinib ko‘ramiz.
“Putinning oshpazi” kim?
Yevgeniy Viktorovich Prigojin 1961 yil Sovet Ittifoqining Leningrad shahrida tug‘ilgan. Otasi erta vafot etgani uchun uni onasi va buvisi tarbiya qilgan. Prigojin bolaligidan chang‘i uchishga qiziqar, o‘gay otasi Samuyel Jarkoydan ushbu sport turi bo‘yicha ilk saboqlarni ham olgan edi. Professional sportchi bo‘lishni maqsad qilgan bolakay nufuzli atletika maktab-internatida o‘qib, uni 1977 yilda tamomlagan. Biroq uning taqdirida sportda muvaffaqiyatli karera qilish yozilmagandi. Aksincha, ayni shu yillar Prigojin biografiyasining qora dog‘lari bo‘lib qoldi.
1979 yilda u o‘g‘rilik bilan qo‘lga olinib, shartli qamoqqa hukm qilinadi. Ikki yil o‘tib, u yana o‘g‘rilik sodir etgani uchun qamaladi. Bu safar u sheriklari bilan bir nechta kvartirani tunagani uchun talonchilik, firibgarlik va o‘smirlarni jinoyatga jalb qilish ayblari bilan 12 yilga ozodlikdan mahrum qilinadi. 1988 yilda afv etilib, 1990 yilda ozod qilingan Prigojin hammasi bo‘lib 9 yilni qamoqda o‘tkazadi.
Qamoqdan chiqqanidan so‘ng Leningraddagi bozorlardan birida onasi va o‘gay otasi bilan birga hot-dog sota boshlaydi. O‘sha yillardan Prigojin tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yadi. 1991 yildan 1997 yilga qadar oziq-ovqat do‘koni biznesida faoliyat yuritadi. Shu vaqtda sinfdoshi Boris Spektor asos solgan Sankt-Peterburgdagi birinchi oziq-ovqat do‘konlari tarmog‘i “Kontrast”ning 15 foiz ulushini sotib oladi va kompaniya menejeriga aylanadi. Bir vaqtning o‘zida u qimorxona biznesiga ham kirib keladi. Spektr va Igor Gorbenko Prigojinni “Spektr” kompaniyasining menejeri qilib tayinlaydi.
“Putinism.com” sayti muharriri Artyom Kruglovning aytishicha, Boris Spektor o‘sha paytlarda Sankt-Peterburgning eng boy odamlaridan biri bo‘lgan “Misha Kutaisskiy” laqabli Mixail Mirashvili tomonidan boshqariluvchi “Kutaisskiye” (Gruziyaning shu nomdagi shahridan) uyushgan jinoiy guruhi a’zosi bo‘lgan. Bu jinoiy guruh o‘z vaqtida Tambov-Malishev to‘dasidan keyingi eng qudratlisi edi. Bundan kelib chiqadiki, Yevgeniy Prigojin ham mafiya olamiga begona emas va, hatto, bu uning faoliyati asosini ham tashkil qilgan.
Supermarketdan oladigan daromadi raqobatning kuchayishi tufali kamaya boshlaganda, Prigojin 1995 yildan restoran biznesini boshlaydi. 1996 yilga kelib Kirill Ziminov bilan hamkorlikda “Staraya tamojnya” (“Eski bojxona”) restoranini ochadi. Bu joy tez orada butun shaharda taniqli maskanlardan biriga aylanadi. Shu yerda bir muddat garderobchi bo‘lib ishlagan kishining so‘zlariga ko‘ra, bir gal restoranga hatto o‘sha paytlarda Sankt-Peterburg meri bo‘lgan Anatoliy Sobchak ham kelgan. Uning o‘rniga shahar hokimi bo‘lgan Vladimir Yakovlev esa bu yerda ish uchrashuvlarini o‘tkazishni xush ko‘rgan.
Prigojin Piterda yana uchta restoran ochadi. Biroq u uchun chinakam shuhratni 1997 yilda Parijga borganida fransuz restoranlaridan ilhomlanib, qurgan “NewIsland” (“Yangi orol”) restorani keltiradi. Shu yili eski kemani 50 ming dollarga sotib olib, uni ta’mirlatish uchun 400 ming dollar sarmoya kiritadi. 1998 yil o‘sha kemada ochilgan restoranda keyinchalik, hatto, hukumat darajasidagi uchrashuvlar ham o‘tkaziladi.
Prigojin 2001 yilda Putin va Fransiyaning o‘sha vaqtdagi prezidenti Jak Shirakning ushbu shohona restorandagi kechki ovqatida shaxsan xizmat qiladi. 2002 yilda bu yerga yana bir martabali mehmon – AQSH prezidenti Jorj Bush ham tashrif buyuradi. 2003 yilda esa Putin o‘z tug‘ilgan kunini “NewIsland”da nishonlaydi. Prigojinning tanishlaridan biri uning Putinga yaqinlashishi haqida eslab:
“Prigojin asta-sekin Putinning ishonchiga kirdi, avval uning shaxsiy haydovchisi, keyin Putinning xavfsizlik xizmati boshlig‘i bo‘lgan Viktor Zlotov bilan munosabatlarni o‘rnatdi”, deya ta’kidlaydi.
Yevgeniy Prigojin 2003 yildan boshlab o‘zining barcha sheriklarini tark etib, mustaqil biznes qilishni boshlaydi. Dastlab Ziminov bilan birga Boris Spektorning biznesini boshqargan Mixail Mirashvili bilan aloqalarni uzadi. Prigojin bir gal o‘zi bergan intervyuda Mixail Mirashvili unga qo‘lidan kelgancha yomonlik qilganini va qamalishidan biroz avval Prigojindan “Staraya tamojnya” restoranini berishni talab qilganini eslaydi. Oxir-oqibat Prigojin o‘zining “Sem sorok” restoranini Mirashvilining tuzilmalariga o‘tkazishga majbur bo‘ladi. 2001 yilda odam o‘g‘irlashda ayblangan gruzin tadbirkori qamoqqa olinadi.
Prigojin yana bir sherigi Ziminovning biznesdagi hissalarini olishi ham shubhali tarzda amalga oshadi. Ziminov o‘z ulushini million dollarga sotishga rozi bo‘ladi. Prigojin bu summaning 600 ming dollarini to‘lab, qolgan qismini o‘rta muddatda berishga va’da beradi. Biroq bir yil ichida hissalari Ziminovda qolgan ikkita kompaniya tugatiladi va kompaniyalarning yo‘qligi uchun uning aksiyalari ham bekor qilinadi. Ziminov o‘shanda firibgarlik da’vosi bilan prokuraturaga murojaat qilgan. Ammo 2004 yil 3 sentyabrda ochilgan ish besh kundan so‘ng “jinoyat tarkibining yo‘qligi” sababli bekor qilingan. “Newisland” restorani esa go‘yoki qarzlar evaziga 280 ming rubl balans qiymatida boshqa kompaniyaga o‘tkaziladi. Ziminov hech vaqosiz qolgan bir paytda Prigojinning omad yulduzi ko‘tarilib borardi.
Prigojin 2010 yilda oziq-ovqat sohasida yana bir kompaniyaga – “Konkord” birinchi korporativ ovqatlanish zavodiga asos soladi. Unga 53 million dollar sarmoya kiritilgan bo‘lib, buning 43 millioni davlatga qarashli Vneshekonombank tomonidan qoplangan. Uning kompaniyasi 2012 yilda Rossiya harbiylariga bir yil davomida 1,2 milliard dollarlik oziq-ovqat yetkazib berish bo‘yicha ulkan loyihani qo‘lga kiritadi. Bu paytda butun mamlakat bo‘ylab eng muhim megaloyihalar Prigojinning kompaniyasiga berila boshlardi.
2019 yilda Aleksey Navalniy jamoasi Moskva maktablarida dizenteriya avj olishiga sabab bo‘lgan sifatsiz ovqatlarni yetkazib berishda aybdor deb topilgan shirkatning ham Prigojinga aloqasi borligini da’vo qilgan. Shunday qilib, Sankt-Peterburg bozorlarida hot-dog sotish uchun mahalliy to‘dalarga yuz dollardan “cho‘tal” to‘lab yurgan Prigojin Rossiyaning eng sirli boylaridan biriga, Putinning esa ishonchli odamiga aylangandi.
Oshpaz qirolning taxtiga da’vogarmi?
Prigojinning “Vagner” guruhi asoschisi ekani ma’lum bo‘lganiga ko‘p bo‘lmadi. U o‘tgan yilning 26 sentyabridagina 2014 yilda Donbassdagi rus qo‘shinlarini qo‘llab-quvvatlash uchun mazkur harbiy kompaniyaga asos solganini tan olgan. Tahlilchilar tomonidan Prigojin doim Putinning “sahna ortidagi” vazifalarini bajaruvchi shaxs sifatida ko‘riladi. Putin uni hech bir davlat darajasidagi mas’ul lavozimga qo‘ymasligi, Prigojin davlat uchun emas, alohida shaxs sifatida harakat qilishi aytiladi. Shu bilan bir paytda uning Putin bilan hech qanday rasmiy aloqalari mavjud emas. U shu paytgacha Putin bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqaga kirishmagan. Aksincha, Prezidentning atrofidagi yuqori amaldorlar orqali unga o‘z takliflarini yuboradi. Uzoq vaqt davomida nufuzli aka-uka Yuriy va Mixail Kovalchuklar Prigojinning norasmiy boshqaruvchilari bo‘lib, biznesmenga Prezident ma’muriyati bilan aloqalarni o‘rnatishga yordam bergan deb ishonilgan.
Ukrainada “denatsifikatsiya” o‘tkazish va Kiyevni uch kun ichida egallab olishni maqsad qilgan Putin rejalari amalga oshmay boshlaganini payqagach, 2022 yilning aprel oyiga kelib “maxsus harbiy operatsiya”ga “Vagner”ni jalb qilishga majbur bo‘ldi. Mazkur guruh may-iyun oylarida tom ma’noda hujum harakatining dvigateliga aylandi.
Popasnaning egallanishi va Baxmut ostonalaridagi muvaffaqiyatlar uning urushga qo‘shilganidan so‘ng qo‘lga kiritildi. Bundan ruhlangan Putin “Vagner”ga Ukraina urushida alohida erkinlik berishga qaror qildi. Shuningdek, unga Rossiya turmalarida saqlanayotgan jinoyatchilarni va qandaydir ayblar bilan qamalgan shaxslarni yollash huquqini berdi. Lekin Baxmutda g‘alabaga erishish juda qiyin kechdi. “Go‘sht maydalagich”ga aynan “Vagner”ning tashlanishini Putinning endi Prigojindan xavfsiray boshlagani va o‘zi yaratgan, jinoyatchilar bilan to‘lib-toshgan xususiy armiyani hokimiyati uchun muammo deb hisoblayotgani bilan izohlashdi.
“Vagner” rahbari uzoq vaqtdan beri Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Bosh shtab rahbari Valeriy Gerasimovni layoqatsizlik va armiyadagi korrupsion sxemalarda ayblab kelgani sir emas. Lekin Baxmutdagi yo‘qotishlar uni quyushqondan chiqishga majbur qildi.
Yaqinda uning o‘zi e’lon qilganidek, shahardagi harbiy harakatlarga “Vagner”ning 50 ming askari jalb qilingan va ularning qariyb beshdan bir qismi frontda halok bo‘lgan. Prigojin yo‘qotishlarning sababi sifatida Shoygu va Gerasimovni ayblab, ular omborlarda saqlanayotgan snaryad va qurol-yarog‘larni “Vagner”ga atayin yetkazib bermayotganini da’vo qildi. O‘zi qilgan videomurojaatda Mudofaa vazirini “tarjima qilib bo‘lmaydigan” so‘zlar bilan haqoratlab, unga tahdid qildi. Hatto, Putinga ham ultimatum qo‘yib, agar talab qilingan o‘q-dori va qurollar yetkazib berilmasa, “Vagner” 10 may kuni Baxmutni tark etib, nazorat ostidagi pozitsiyalarni Rossiya muntazam armiyasiga topshirishini aytgandi.
9 may kuni berilgan bayonotda esa “Putinning oshpazi” Ukraina harbiylari Baxmut yo‘nalishida qanotlarni yorib o‘tayotgani va ular yaqin orada qarshi hujumga o‘tib ketishi mumkinligini ma’lum qilgandi. U o‘shanda “Bizning dushmanimiz Ukraina qurolli kuchlari emas, rus byurokratidir”, deya qat’iy ta’kidladi. Bu gap yana Shoygu va Gerasimovga va hatto Putinga qaratilgan bo‘lishi ham ehtimol. Shoygu va Gerasimov “injiqlik”lari ortib borayotgan Prigojin va uning armiyasining mustaqilligi mamlakat uchun tahdid ekaniga ishontirgan chog‘i, Putin darhol Ukrainadagi butun “maxsus operatsiya” uchun Gerasimovni mas’ul qilib qo‘ydi va bu bilan o‘z “oshpazi”ga vaziyatni qanchalik tez qo‘lga olishga qodir ekanini ko‘rsatib qo‘ydi, go‘yo.
Keyinchalik Prigojin Baxmutni tark etish haqidagi fikridan qaytgan bo‘lsada, uning Rossiya yuqori doiralari bilan ziddiyatlari yo‘qolmadi. Bu orada uning Baxmut masalasida Ukraina razvedkasi bilan maxfiy tarzda kelishmoqchi bo‘lgani, shahardan Ukraina qo‘shinlarining olib chiqib ketilishi evaziga Rossiya harbiylarining joylashgan nuqtalari haqidagi muhim ma’lumotlarni oshkor etishni taklif qilgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Uning o‘zi ham Ukraina razvedkasi rahbari Kirill Budanov bilan aloqalari borligini yashirmadi. Lekin Prigojinning Rossiyaga xiyonat qilgani haqidagi da’volar rad etildi.
20 may kuni kutilmaganda Baxmut “Vagner” tomonidan egallangani va u yerda Ukraina armiyasiga tegishli bo‘linmalar qolmagani ma’lum qilindi. Ukraina tomoni buni rad etgan bo‘lsa ham, mazkur bayonot yolg‘onligi tasdiqlanmadi. Shunday qilib, 224 kunga cho‘zilgan missiya yakunlangani e’lon qilindi va “Vagner” askarlari hududdan olib chiqila boshlandi. Shunga qaramay, Prigojinning “achchiq” bayonotlari tingani yo‘q. U goh chechenlarning “Axmat” bo‘linmasi frontda nima ish bilan shug‘ullanayotganini tushunmasligini aytib, Ramzan Qodirovning bog‘iga tosh otsa, goh “Vagner” askarlarining Baxmutdan chiqish yo‘llari Rossiya armiyasi tomonidan minalab tashlanganini iddao qildi.
Uning bu “odobsizliklari” Ukraina urushi Putinning 23 yillik faoliyatiga salbiy tas’ir qilganini ko‘rsatib, Prigojinning kelajagini ham so‘roq ostiga qo‘ydi. Prigojin Baxmutni egallaganini e’lon qilganida butun rus televideniyesi 20 soat davomida bunga e’tibor bermadi. Buning o‘rniga efir Mudofaa vazirligining Ukrainadagi Rossiya zarbalari haqida brifing bilan olib borildi va Moskvadagi tango festivali haqida uzun reportaj namoyish qilindi. Baxmutning “Vagner” tomonidan “ozod qilingani” haqidagi 36 so‘zli tabrik bayonotini e’lon qilish uchun esa Kremlga 10 soat vaqt kerak bo‘ldi. Bu Putinning Prigojindan norozi ekani belgisi sifatida talqin qilindi.
Moskva yurishi
Ukrainaning qarshi hujumi boshlangan, frontda janglar davom etayotgan bir paytda, 23 iyun kuni Yevgeniy Prigojin yana katta sahnaga chiqdi. U shu kuni yangi bayonotini e’lon qilib, unda doimgidek Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Bosh shtab rahbari Valeriy Gerasimovni tanqid qildi. Biroq bu bayonot aslo oldingileridek emasdi. Bu safar “Vagner” rahbari anchayin dadil va jiddiy ayblovlarni o‘rtaga tashladi.
U Mudofaa vazirligi Putinni va butun Rossiya jamoatchiligini frontdagi g‘alabalar, har kuni yo‘q qilinayotgan Leopard tanklari, minglab ukrainalik askarlar haqidagi hisobotlar bilan aldayotganini aytdi. U shuningdek, Ukraina va NATO bot-bot ta’kidlanganidek Rossiyaga hujum qilmoqchi bo‘lmaganini, mazkur urush faqat Shoyguning marshal unvonini olishi uchun kerakligini qo‘shimcha qildi. Prigojin Shoygu va Gerasimov o‘n minglab rus yigitlarining frontda jon berishiga sabab bo‘lganini ta’kidlab, Tergov qo‘mitasiga ularni hibsga olishni so‘rab, ariza berdi.
Keyinroq u Mudofaa vazirligi “Vagner” harbiylarining orqa lagerlariga raketa hujumi uyushtirganini ham da’vo qildi va bu “vahshiylikka javob qaytarishga” armiya va butun Rossiyada “adolatni tiklashga” va’da berdi. Boshqa manbalar bergan ma’lumotda esa u aytgan hujum aslida uning o‘ziga nisbatan qilingan suiqasd bo‘lib, “Vagner” lagerlariga zarba berilmagani keltiriladi. Prigojinning Rostovdagi Janubiy harbiy okrugdan olingan videolarida ham uning yuzida jarohat izlari borligini ko‘rish mumkin. Prigojin bu “hujum”ni shaxsan Shoyguning o‘zi Rostovdan turib nazorat qilgani va keyinroq u yerdan qochib ketganini ta’kidladi.
“Vagner” rahbari Moskvaga borajagini va “adolat marshi” boshlanganini e’lon qildi. U o‘zining bu harakatini harbiy to‘ntarish emas “adolat yurishi”, deb atadi.
“Biz 25 ming kishimiz va mamlakatda nima uchun tartibsizliklar yuz berayotganini aniqlaymiz. Taktik zaxira sifatida 25 ming kishi kutmoqda, strategik zaxira esa butun armiya va mamlakatdir. Kim xohlasa qo‘shilsin. Biz bu sharmandalikni tugatishimiz kerak", dedi u.
Shundan so‘ng Rossiya Federal xavfsizlik xizmati unga nisbatan qurolli to‘ntarishga undash ayblovi bilan jinoyat ishi ochdi. Uning bayonotidan keyin qisqa vaqt ichida Moskvada xavfsizlik kuchlari shay holatga keltirildi, Rostovda ham muddatli harbiy xizmatchilar qurollantirilib, ehtimoliy to‘qnashuvga tayyorgarlik ko‘rila boshlandi. Tun shu taxlit davom etdi.
24 iyun tongi Moskvada notinch boshlandi. Prigojin Rostov-Donda Janubiy harbiy okrugning shtab-kavrtirasini qiyinchiliksiz egallab oldi va Moskva tomon yurishini davom ettirdi. Yo‘lda unga deyarli qarshilik ko‘rsatilmadi. Aksincha, Mudofaa vazirligining ko‘plab askarlari ko‘ngilli ravishda “Vagner” safini to‘ldira boshladi. Bu vaqtda esa Moskvada uning “tashrifi”ga tayyorgarlik davom etar, yo‘llar berkitilib, “antiterror choralar” ko‘rila boshlandi. Bir necha viloyatlarda barcha ommaviy tadbirlar bekor qilindi, jamoat transporti harakat sxemasiga o‘zgartirish kiritildi, aholidan esa Janubiy hududlarga bormay turish so‘raldi.
Shu kuni Putin “quloqsiz oshpazi”ning xatti-harakatlari yuzasidan bayonot berib, harbiy isyon ko‘targan odam davlatga xiyonat qilgani va bunga munosib jazo berilishini ma’lum qildi. Besh daqiqa-yu o‘ttiz soniyalik chiqishi davomida Putin doimgidek biror marta Prigojinning ismini tilga olmadi. Go‘yoki, u bilan tenglashishni istamadi. “Vagner” jangchilarini esa “rus dunyosi” uchun kurashib, jon bergan qahramonlar sifatida ta’rifladi.
Putin, shuningdek, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Belarus rahbarlariga qo‘ng‘iroq qilib, ularga “Vagner” bilan bog‘liq vaziyat xususida ma’lumot berdi. Ehtimolki, mavqedoshlaridan qandaydir shaklda qo‘llab-quvvatlov ham kutdi. Ammo Qozog‘iston rahbari diplomatik yo‘l bilan unga rad javobini berdi. Xuddi shunday javob Erondan ham keldi. Turkiya rahbari Erdo‘g‘an hamda Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko esa uning har bir qadamini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Zelenskiy bo‘lsa aksincha, Prigojinni qo‘llashini ma’lum qildi.
Vaziyat shu darajaga borib yetdiki, ommaviy axborot vositalarida Dmitriy Medvedov oilasi bilan Moskvadan evakuatsiya qilingani, Putin ham vertolyotda Novogorodning Valday shahriga uchgani haqida xabarlar tarqaldi. Yuqori martabali yo‘lovchilar o‘tirgani taxmin qilingan samolyotlar poytaxtdan birin-ketin uchib keta boshladi. Keyinroq Putin va Medvedovning “qochib qolgani” haqidagi xabarlarga raddiya berildi.
Kun oxirlab qolgan bir paytda poytaxtga bir necha soatda yetib kelishi kutilayotgan “Vagner” kolonnasi kutilmaganda ortga qaytishini e’lon qildi. Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko Prigojin bilan muzokaraga kirishgan va yakunda uni to‘xtashga ko‘ndirgandi. Ikki tomonning kelishuviga ko‘ra, “Vagner” ortiga qaytadi va oldingi pozitsiyalarini egallaydi, Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov esa iste’foga chiqadigan bo‘ldi. Qolaversa, “Vagner” askarlarining xavfsizligi kafolatlandi, Prigojinga nisbatan qo‘yilgan ayblov olib tashlandi. “Vagner”ning yurishi paytida yo‘q qilingan Mudofaa vazirligiga tegishli 1 ta harbiy samolyot, 3 ta vertolyot, ikkita harbiy texnika hamda halok bo‘lgan 15 nafar harbiy haqida esa shunchaki unutildi.
Prigojinning taqdiri endi nima kechadi?
Rossiyadagi vaziyatni kuzatib borayotgan tahlilchilarning aytishicha, Prigojin bu harakatlari bilan Putinga uning hokimiyati uchun eng katta xavf sifatida o‘zini namoyon qildi. Rossiya Prezidenti o‘zi yaratgan “mutant” oxir-oqibat uning o‘zini yo‘q qilishidan xavfsiray boshladi. Mafiya olamidan chiqqan Prigojin kurashning har qanday usulidan foydalanishda ikkilanib o‘tirmasligini ko‘rsatib qo‘ydi. Eng muhimi u Putinning obro‘siga qaqshatqich zarba berdi.
Putin va Prigojin o‘rtasidagi sulh mojaroning tinchib ketishini anglatmaydi. Rossiya Prezidenti uchun unga qarshi isyon ko‘tarib, Moskvaga qo‘shin tortib kelmoqchi bo‘lgan, eng yomoni uning obro‘sini butun dunyo oldida bir pul qilgan odam qo‘ygan shartlarga rozi bo‘lib, Mudofaa vazirini iste’foga chiqarish katta sharmandalik ekani tayin. Ukraina urushi bir yildan buyon davom etayotgan, keyingi yili mamlakatda prezidentlik saylovi kutilayotgan bir paytda esa siyosiy obro‘sining tushishiga Putin aslo rozi bo‘lmasa kerak. Tahlilchilar Putin va Prigojin kelishuv shartlarini to‘liq bajarishiga ishonch bildirmayapti. Chunki hozirgacha Putinga muxoliflarning taqdiri qanday kechganini Boris Nemsov, Mixail Lesin, Den Rapoport, Ravil Maganov, Pavel Antov, Aleksey Navalniylar misolida ko‘p bor guvohi bo‘ldik. Ularning ba’zilari mehmonxona derazasidan sirli ravishda qulab, halok bo‘lgan bo‘lsa, qolganlari uyidan o‘lik holda topilgan.
Prigojin bo‘lsa 24 iyun kuni ortga qaytajagini e’lon qilganidan beri biror marta ko‘rinish bermadi. G‘arb matbuotida esa “Vagner” rahbari Belarusda o‘ldirtirilishi mumkinligi haqidagi xabarlar bolaladi. Shuningdek, “The Telegraph” nashri Prigojinning kelishuvga rozi bo‘lishiga boshqa omil ta’sir qilganini yozdi. Unga ko‘ra, Rossiya Federal xavfsizlik xizmati agentlari “Vagner” rahbarlarining oila a’zolariga tahdid qilgani sababli Prigojin kelishishga majbur bo‘lgan. Bundan tashqari, Putin endilikda Prigojin va “Vagner”ning boshqa rahbarlarini yo‘q qilish hamda xususiy harbiy kompaniyaning o‘zini Mudofaa vazirligiga qo‘shib yuborish haqida o‘ylayotgani ta’kidlanadi.
Agar Prigojin ayni paytda “sog‘-salomat” bo‘lsayu, kelishuv bo‘yicha Belarusga ketgan taqdirda, NATO va Ukraina uchun yana bir “boshog‘riq” paydo bo‘ladi. Ya’ni, Prigojin ketsa, “Vagner” yollanma askarlari ham unga ergashadi. Ularni joylashtirish uchun ushbu mamlakatda bir nechta lagerlarning qurilishi esa allaqachon boshlab yuborilgani aytilmoqda. Lagerlardan biri Ukrainaning shundoq “biqinida”, u bilan chegaradan 200 kilometr uzoqlikda joylashadi. Bu holatda “Vagner”ning Belarusdan turib Kiyevga zarba berishi xavfi paydo bo‘ladi.
Boshqa tomondan Prigojin voqeasi Ukrainaga Rossiya bilan urushda yordam berayotgan butun kollektiv G‘arbga Kremlning ichki siyosiy barqarorligi “chiriganini”, uning nozik tomonlari qayerda ekanini yaqqol ko‘rsatib qo‘ydi. Endi ular ayni shu nozik nuqtalarga e’tibor qaratishi, Putinni kuchsizlantirish uchun undan foydalanishga urinishi ham hech gap emas.
LiveBarchasi