Baxmut to‘liq bosib olindi – Prigojin (video)

Olam

image

“Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojin bugun, 20 may kuni Baxmut shahrining to‘liq bosib olinganini da’vo qilib chiqdi. Bu haqda “Meduza” xabar berdi

Prigojinning aytishicha, bugun, mahalliy vaqt bilan 12:00 lar atrofida shaharda Ukraina Qurolli kuchlari nazortati ostidagi so‘nggi ko‘p qavatli bino egallanishi bilan hudud to‘liq rossiyaliklar qo‘liga o‘tgan. Shuningdek, u operatsiya qiyin kechgani va uni amalga oshirish uchun 224 kun vaqt ketganini ta’kidlagan. 

Ukraina tomoni hozircha shaharning egallangani haqidagi mazkur iddaoga munosabat bildirmadi. Biroq bundan avval ham shaharning egallangani haqidagi da’volar yangragan edi. Jumladan, shu yilning aprel oyi boshlarida Rossiya qurolli kuchlari shahar ma’muriy binosida Rossiya bayrog‘ini ko‘targanini aytganiga javoban, Ukraina tomoni ruslar “qandaydir hojatxona” ustida bayroq ko‘targanini ma’lum qilgandi

Ma’lumot uchun, Baxmut Ukraina urushining eng qonli janglariga guvoh bo‘lib kelmoqda. Unda har ikki tomon katta qurbonlar evaziga shahardagi nazoratni qo‘lga olishga intilyapti. Yaqinda Prigojin Baxmutda halok bo‘lgan yollanma askarlarni tasvirga olib, jangchilarga o‘q-dori mutlaqo yetishmayotgani, ular bekorga tayyor “go‘sht”ga aylanib qolayotganini ta’kidlagan, hatto, Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu hamda Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimovlarning nomiga “tarjima qilib bo‘lmaydigan” so‘zlarni yog‘dirgandi. Ko‘p o‘tmay esa xuddi shunday so‘zlar Putin nomiga ham aytilgan edi. Prigojin talab qilingan o‘q-dori va qurollar yetkazib berilmasa, 10 may kuni Baxmutni tark etib nazorat ostidagi pozitsiyalarni Rossiya muntazam armiyasiga topshirishini aytgan va bu bilan Putinga ultimatum qo‘ygan edi. Biroq, keyinroq u fikridan qaytgandi. 9 may kuni berilgan bayonotda esa “Putinning oshpazi” Ukraina harbiylari Baxmut yo‘nalishida qanotlarni yorib o‘tayotgani va ular yaqin orada qarshi hujumga o‘tib ketishi mumkinligini маълuм qilgandi. Keyinroq tarqalgan xabarlarda Prigojinning Ukraina razvedkasi bilan Baxmut masalasida kelishmoqchi bo‘lgani, shahardagi kuchlarini olib chiqishi evaziga Ukrainaga Rossiya harbiylarining joylashgan nuqtalari haqidagi muhim ma’lumotlarni oshkor qilmoqchi bo‘lgani aytildi. Biroq keyinchalik Rossiya tomonidan bu xabar rad etildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baxmut

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing