Prigojin Rossiyani Ukraina razvedkasiga sotmoqchi bo‘lgan – WP 

Olam

image

“Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojin shu yilning yanvar oyida Ukraina qo‘shinlariga Rossiya armiyasining joylashuvi haqidagi ma’lumotlarni berishni taklif qilgan. Bu haqda “The Washington Post” nashri yaqinda internetga sizdirilgan Pentagonning maxfiy hujjatlariga tayanib, xabar berdi

Qayd etilishicha, Baxmut uchun qonli janglarda minglab harbiylaridan ayrilgan Prigojinn Ukraina maxsus xizmatlariga Baxmutdagi qo‘shinlarini olib chiqish evaziga Rossiya harbiylarining joylashgan nuqtalari haqidagi muhim ma’lumotlarni oshkor qilmoqchi bo‘lgan. Prigojin bu taklifni urush boshlanganidan buyon o‘zaro maxfiy aloqalarini saqlab qolgan Ukraina harbiy razvedka boshqarmasidagi shaxslarga yuborgan. Mazkur ma’lumotlar Pentagonning oldin e’lon qilinmagan yopiq hujjatlaridan o‘rin olgan. Sizdirilgan hujjatda Prigojin Rossiyaning aynan qaysi pozitsiyalarini sotmoqchi bo‘lgani ma’lum emas. 

Oxirgi vaqtlarda “Vagner” rahbari bilan Rossiyaning yuqori harbiy mulozimlari o‘rtasidagi aloqalar yomonlashgan. Xususan u, yaqinda Baxmutda halok bo‘lgan yollanma askarlarni tasvirga olib, jangchilarga o‘q-dori mutlaqo yetishmayotgani, ular bekorga tayyor “go‘sht”ga aylanib qolayotganini ta’kidlagan, hatto Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu hamda Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimovlar sha’niga haqoratli so‘zlarni “yog‘dirgandi”. Prigojin talab qilingan o‘q-dori va qurollar yetkazib berilmasa, 10 may kuni Baxmutni tark etib, nazorat ostidagi pozitsiyalarni Rossiya muntazam armiyasiga topshirishini aytgan va bu bilan Putinga ultimatum qo‘ygan edi. Biroq keyinroq u fikridan qaytgandi

Ikki nafar ukrainalik rasmiyning tasdiqlashicha, Prigojin harbiy razvedka boshqarmasiga rostdan ham bir necha bor shunday taklif bilan chiqqan. Biroq ular uning taklifi g‘arazli emasligiga ishonmagan va buni rad etgan. AQSH rasmiylari ham Ukrainani Vashingtonda Prigojinning taklifi bo‘yicha xuddi shunday shubhalar borligidan ogohlantirgan va ikki tomon ushbu masala yuzasidan suhbat ham o‘tkazgan. 

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa shu oy “The Washington Post” nashriga bergan intervyusida Prigojin bilan aloqalarni tasdiqlamagan. U, shuningdek, maxfiy ma’lumotlarning ommaga oshkor qilinishiga nisbatan e’tiroz bildirib, ularning sizdirilishi Rossiya foydasiga ishlashini aytgan. 

“Bu razvedka masalasi”, deydi davlat rahbari. 

Boshqa maxfiy hujjatda esa Rossiya Mudofaa vazirligi rasmiylari Prigojinning haqli talab va tanqidlariga qanday javob berishga ikkilanib qolgani va hatto Prigojin bilan Shoygu o‘rtasidagi chuqur ziddiyat haqida ham ma’lumot beriladi. 

Nashr maqolasida aytilishicha, ushbu keskinlik fonida Prigojin Ukraina razvedkasi bilan telefon suhbatlarini, shuningdek, Afrika mamlakatlaridagi Ukraina harbiy razvedkasi zobitlari bilan uchrashuvlarni davom ettirgan. Uchrashuvlarda u Rossiya harbiy bo‘linmalari o‘q-dori taqchilligi bilan kurashayotganini ham oshkor qilgan va Ukrainani hujumni muntazam armiyaga nisbatan kuchaytirishga undagan.  Bundan tashqari, u Ukraina harbiy yetakchilariga Qrim chegarasiga hujum bilan yaqinlashishni maslahat bergan va Rossiya armiyasining ruhiy holati yomon ekani haqida aytgan. Jumladan, “Vagner”ning ba’zi harbiylari ham Baxmutda o‘qlar yomg‘iri ostida qolib, o‘lib ketishdan qo‘rqayotganini qo‘shimcha qilgan. 

Kreml Prigojinning Ukraina bilan aloqalari haqidagi savolga izoh berishni istamagan. Hujjatlarda, shuningdek, Kreml Prigojinning Baxmut bo‘yicha Ukraina bilan amalga oshirishga intilayotgan kelishuvidan xabardor bo‘lishi yoki shubhalanayotgani ehtimoli borligi haqida ham aytiladi. Unda Ukraina harbiy razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov Rossiya Prigojinning maxfiy aloqalaridan foydalanib, uni “Ukraina agenti” deb e’lon qilishi ham mumkinligini aytgan.

Razvedka hujjatlarida Prigojinning Ukraina razvedkasi bilan aloqalari borligi haqida oshkor qilinganiga javoban “Vagner” rahbari kecha, 14 may kuni o‘zining Telegram-kanalida izoh bergan.

“Ha, albatta, men bu ma’lumotni tasdiqlay olaman. Bizda xorijiy maxsus xizmatlardan yashiradigan hech narsa yo‘q. Budanov va men hali ham Afrikadamiz”, degan Prigojin.

Biroq u Ukraina razvedkasiga bergan taklifi haqidagi savolni ochiq qoldirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Prigojin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made