“Vagner” rahbari askarlarining o‘limida Moskvani aybladi

Olam

image

Bugun, 5 may kuni Rossiyaning “Vagner” yollanma qo‘shinlari boshlig‘i Yevgeniy Prigojin bir guruh askarlarining jasadlari yonida turib, Ukrainadagi jangchilari ko‘rgan yo‘qotishlarda yuqori mudofaa boshliqlarini ayblagan va haqoratlagan videoni o‘zining Telegram-kanalida e’lon qildi.

Prigojinning noroziligi uning Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov bilan uzoq davom etgan janjalini yana avj oldirdi va kuchaytirdi. “Vagner” rahbari ularni oldin ham bir necha bor yollanma qo‘shinlarini o‘q-dorisiz qoldirganlikda ayblagan.

“Bizda o‘q-dorilar 70% taqchil. Shoygu! Gerasimov! o‘q-dorilar qayerda?” deb baqirgan Prigojin kameraga.

Shuningdek, u agar “Vagner” yetarli darajada ta’minlanganida, uning yo‘qotishlari besh baravar kam bo‘lishini aytgan.

“Bular bugun vafot etgan “Vagner” yigitlari. Ularning qoni hali yangi. Ular bu yerga ko‘ngilli sifatida kelgan va endi siz ofislaringizda semirib ketishingiz uchun jon bermoqda”, deydi Prigojin atrofidagi jasadlarga ishora qilib. 

“Vagner” guruhi Rossiyaning Ukraina sharqidagi Baxmut shahriga bir necha oy davom etgan hujumiga boshchilik qilgan Prigojin o‘tgan yili mudofaa boshliqlari bilan oshkora janjallashib, ularni malakasizlikda va “Vagner”ni o‘ziga nisbatan shaxsiy adovat tufayli ataylab o‘q-dorilardan mahrum qilganlikda ayblagan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina Vagner Prigojin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing