Ukraina Seversk shahrini ham yo‘qotdi
Olam
−
08:53 6868 2 daqiqa
Donetsk viloyatining Baxmut tumanidagi Seversk shahridan ukrainalik harbiylar “jangchilarning hayotini saqlab qolish va bo‘linmalar jangovar qobiliyatini asrash maqsadida” chekinishga majbur bo‘ldi. Bu haqda Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi xabar berdi.
Bosh shtabda ta’kidlanishicha, Seversk atrofida og‘ir janglar davom etmoqda, shaharning o‘zi esa hanuzgacha Ukraina Qurolli kuchlarining o‘t ochish nazorati ostida qolmoqda.
Rasmiy bayonotda Rossiya qo‘shinlari Seversk yo‘nalishida “katta son jihatidagi ustunlik va murakkab ob-havo sharoitida kichik shturm guruhlari orqali doimiy bosim o‘tkazish” hisobiga oldinga siljishga erishgani aytilgan.
“Dushman bo‘linmalarining yanada oldinga harakatlanishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ularni bloklash choralari ko‘rilmoqda”, deyiladi xabarda.
Harbiy mavzulardagi Deep State nomli jamoatchilik sahifasi xaritasida Seversk shahri 13 dekabrdan buyon to‘liq Rossiya nazoratida yoki “kulrang zona” sifatida ko‘rsatilgan.
Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi esa 11 dekabr kuni Seversk ustidan nazorat o‘rnatilganini e’lon qilgan edi. O‘shanda Ukraina tomoni shahar uchun janglar davom etayotganini bildirgan.
Rossiya harbiylarining ta’kidlashicha, Severskning egallanishi Rossiya qo‘shinlariga Severskdan taxminan 40 kilometr uzoqlikda joylashgan Slavyansk yo‘nalishida hujumni rivojlantirish imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mag‘lub bo‘layotgani va u bu voqelikni boricha qabul qilishni boshlashi kerakligini aytgandi. Tramp Kiyev juda ko‘p hududlarni yo‘qotganini qo‘shimcha qilgan.
Live
Barchasi