Kreml matbuotga men haqimda gapirishni taqiqlagan — Prigojin

Olam

image

Bugun, 28 may kuni “Vagner” yollanma guruhi asoschisi Yevgeniy Prigojin Kremlning yuqori martabali amaldorlari u haqida davlat ommaviy axborot vositalarida xabar berishni taqiqlaganiga ishonchi komil ekanini aytdi va bunday noto‘g‘ri yondashuv bir necha oy ichida rus xalqining noroziligiga olib kelishidan ogohlantirdi.

O‘tgan hafta o‘zining laqabi “Putinning oshpazi” emas, balki “Putinning qassobi” bo‘lishi kerakligini kinoya qilgan Prigojin shu oy boshida Ukrainaning Baxmut shahrini egallab olgani, biroq davlat televideniyesida uning g‘alabadagi roli pastroq ko‘rsatilganini ta’kidlagan.

Aytish jozki, 61 yoshdagi “Putinning oshpazi” o‘z yollanma askarlariga shafqatsiz tartib-intizom o‘rnatish va Putinning yuqori darajadagi harbiylarini, shu jumladan Mudofaa vaziri Sergey Shoyguni behayo so‘zlar va qamoqxona jargonlarini qo‘llab haqoratlash orqali o‘z imijini yaratgan.

Prigojin davlat ommaviy axborot vositalarida uni yoritishga nega taqiq qo‘yilgani haqidagi savolga bir qator rus maqollarini ishlatib, mas’ullarni masxara qilgan.

“Taqiqlangan narsa har doim shirinroq bo‘ladi. O‘sha yuqori martabali amaldorlar “Vagner” haqida gapirmasligi uchun hammaning og‘zini yopishga harakat qilmoqda. Bunday yondashuv rus xalqining noroziligiga sabab bo‘ladi. Uzog‘i ikki yoki uch oy ichida ular hammaning og‘zini va qulog‘ini yopishga uringani uchun xalqdan tarsaki yeydi”, degan Prigojin.

Prigojin Baxmut ustidan g‘alaba qozonganini da’vo qilgandan so‘ng, Kreml “Vagner” va qurolli kuchlarni “Artyomovsk”ni (Baxnutni Rossiyada “Artyomovsk”, dep atashadi) “ozod qilgani” uchun tabriklab, 36 so‘zdan iborat bayonotni e’lon qilishi uchun 10 soat vaqt kerak bo‘lgan. Unda ham Prigojin nomi biron marta tilga olinmagan. 

Prigojin o‘zining bugungi audiomurojaatida Baxmutning “go‘sht maydalagich”ida 72 ming ukrainalik askar halok bo‘lganini va 100-140 mingga yaqin ukrainalik jangchilar yaralanganini aytgan. Biroq Kiyev hujum qilgan tomon, ya’ni Rossiyaning Baxmutdagi yo‘qotishlari juda katta bo‘lganini ta’kidlagan. Ukraina ham, Rossiya ham halok bo‘lganlar sonini e’lon qilmaydi. Kiyev esa o‘z kuchlari shaharning kichik bir qismini hamon nazorat qilishini ta’kidlab keladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi rahbari Yevgeniy Prigojin 224 kunlik hujum operatsiyasidan keyin Baxmut to‘liq nazoratga olinganini aytgani haqida xabar bergan edik. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay Ukraina Qurolli kuchlari Prigojinning ushbu da’vosini rad etib chiqdi.


Maqola muallifi

Teglar

Putin Kiev Vagner Shoygu Baxmut Prigojin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing