“Rossiya Mudofaa vazirligi ikki bor “Vagner”ni yo‘q qilmoqchi bo‘lgan” – Prigojin
Olam
−
13 iyun 2023
13855“Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojin Rossiya Mudofaa vazirligi hozirgacha ikki marta mazkur kompaniyani yo‘q qilishga uringanini ma’lum qildi. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.
Prigojinning aytishicha, “Vagner”ni yo‘q qilish uchun so‘nggi urinish Baxmut janglarida uning o‘q-dorilarsiz qoldirilishi bo‘lgan.
“Bu qandaydir aralashish emas, jismonan yo‘q qilishga qaratilgan qasddan qilingan harakat edi. O‘shanda ham, hozir ham”, deydi u.
Prigojinga ko‘ra, uning harbiy kompaniyasini yo‘q qilishga qaratilgan birinchi harakat 2018 yilning 8 fevralida Suriyada amalga oshirilgan. O‘shanda “Vagner” mamlakatdagi Conoco neft konlari va zavodi hududidagi ISHID pozitsiyalariga hujum qilgan, biroq Amerika aviatsiyasining harakati oqibatida katta zarar ko‘rgan. Bu holatda esa Rossiya Mudofaa vazirligi AQSHning havo zarbasi haqida oldindan bila turib, uni ogohlantirmagan. Bundan tashqari, uning ta’kidlashicha, amerikaliklar bu bo‘yicha Rossiya Mudofaa vazirligi bilan bir necha marta bog‘langan va ularda qo‘shinlarni zarba hududidan olib chiqish uchun yetarlicha vaqt bo‘lgan. Biroq, vazirlik aviazarba haqida xabar bermagan va aksincha, Bosh shtab aviatsiyani ishga solmaslik hamda havo hujumidan mudofaa tizimlarini o‘chirib qo‘yish to‘g‘risida topshiriq bergan.
Prigojinning so‘zlariga ko‘ra, u o‘sha kunning ertasiga Mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan uchrashish uchun Moskvaga uchib ketgan.
“Men uni Kremldagi tantanali ziyofatda tutdim. Uning oldiga borib: “siz bilan 8 fevral kuni Dayr-az-Zor yaqinida sodir bo‘lgan vaziyat haqida gaplashsam bo‘ladimi?”, deb so‘radim. U o‘girilib, xotirjam va takabburlik bilan javob berdi: "Siz qahramon bo‘lishni xohladingizmi? Ular qahramonlik ko‘rsatishdi. Hamma qahramonlar hozir shu yerda, mana shu zalda”, deya qo‘lini qimmatbaho kostyum kiyganlar tarafga qaratdi va “siz shunchaki sohillarni adashtirib qo‘ydingiz”, dedi. Shu bilan suhbat tugadi”, deya eslaydi Prigojin.
“Putinning oshpazi” Rossiya Mudofaa vazirligi bu ishlarni “Vagner”ga hasad qilgani uchun amalga oshirganini aytgan. Shuningdek, u harbiy tuzilmani yo‘q qilish istagi Shoyguning shaxsiyati bilan bog‘liq ekanini qo‘shimcha qilgan.
“U o‘zidan yaxshiroq ish qiladigan hech kimga toqat qilmaydigan odam. Shuning uchun hamma borib uning tovonini yalashi kerak va “Vagner” hech qachon bunday qilmagan”, deydi Prigojin.
Eslatib o‘tamiz, Prigojin va Shoygu o‘rtasidagi ziddiyatli munosabatlar kecha boshlangan holat emas. Yaqinda Prigojin Baxmutda halok bo‘lgan yollanma askarlarni tasvirga olib, jangchilarga o‘q-dori mutlaqo yetishmayotgani, ular bekorga tayyor “go‘sht”ga aylanib qolayotganini ta’kidlagan, hatto, Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu hamda Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimovlarning nomiga “tarjima qilib bo‘lmaydigan” so‘zlarni yog‘dirgandi.
LiveBarchasi