Yollanganlar: Rossiya tomonidan Ukrainadagi urushga jo‘natilayotgan o‘zbekistonliklar
Tahlil
−
10 avgust
29755“Kasalni yashirsang isitmasi oshkor qiladi” degan o‘zbek xalq maqoli bekorga aytilmagan. 2022 yilning 22 fevralida boshlangan Rossiya-Ukraina urushining dastlabki oylaridayoq rus qo‘shinlari safiga yollanayotgan o‘zbeklar haqidagi videolar va xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandi. Ammo jamoatchilik orasida keng muhokamalarga sabab bo‘lgan bu xabarlarga hukumat darajasida e’tibor berilmadi. O‘tgan 2,5 yil davomida O‘zbekiston Rossiya tomonidan urushga yollanayotgan fuqarolarni quruq ogohlantirishdan nariga o‘tmay keldi. Rossiya hukumati vakillarini bir necha bor O‘zbekistonda quchoq ochib kutib olgan bo‘lsalar-da, biron marta ular oldiga o‘zbekistonliklarni urushga jalb qilmaslik borasidagi aniq talablarni qo‘ya olmadi.
Oqibatda esa bir qancha fuqarolar begona mamlakat nomidan urushga borib, uning dahshatini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, yaralanib, hatto nogiron bo‘lib oxiri yana O‘zbekistonga qaytib kelmoqda. Bugun biz e’tiboringizga havola etadigan dalillar hali tasdig‘ini topmagan, O‘zbekiston rasmiylari rad etishi mumkin bo‘lgan turli xorijiy manbalardan olingan xabarlar emas, O‘zbekiston Oliy sudi sahifasida millionlab hujjatlar orasida bilinib-bilinmay, ko‘rinib-ko‘rinmay turgan, bugun O‘zbekiston sudlarida ko‘rib chiqilgan rasmiy hujjatlardir.
Ko‘chimov Zafar Zoyir o‘g‘li – Rossiyadagi qurilishda pulini ololmay, urushga ketgan samarqandlik yigit
Joriy yilning 23 iyul kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tuman sudining ochiq sud majlisida Ko‘chimov Zafar Zoyir o‘g‘liga nisbatan ochilgan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. U 1991 yilda Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston fuqarosi, ma’lumoti o‘rta, oilali 3 nafar farzandi bor. Zafar Ko‘chimov 2023 yil 30 avgust kuni ishlash maqsadida Rossiya Federatsiyasining Primore o‘lkasi, Vladivostok shahriga ketgan. U yerda O‘zbekiston Respublikasining har xil viloyatlaridan bo‘lgan fuqarolar – o‘zi bilan qo‘shib hisoblaganda 10 nafar erkak bilan “Klimatika” nomli qurilish firmasida yollangan holda ishlagan. Biroq ularni ishlatgan rus tadbirkori ishchilarning 30 ming AQSH dollari atrofida bo‘lgan pullarini bermaydi. Oqibatda Ko‘chimov va u yollab ishlatgan 9 nafar hamyurtlari o‘rtasiga nizo tushadi. Ko‘chimov qurilish firmasiga bir necha bor murojaat qilishiga qaramasdan undan oldindan kelishilgan ishchilarning pullarini olishning imkoni bo‘lmagan.
Shu paytda uning turmush o‘rtog‘i telefon orqali Hindistondan Samarqand shahriga onkologiya sohasida mutaxassis shifokorlar kelishgani, qizini davolash xarajatlariga 15 million so‘m kerakligini aytib qoladi.
Rus tadbirkoridan pulini ololmay, iqtisodiy tanglikka tushib qolgan Ko‘chimov internet orqali qo‘shimcha ish izlaydi. Shunda “harbiy xizmatga olamiz” degan e’lonni ko‘rib qolib, ushbu e’lonlar orasidan harbiy xizmatga kirgan shaxslarga 10 000 AQSH dollari miqdordagi pulni beradigan firmaga aloqaga chiqadi. Firma esa uni Rossiya mudofaa vazirligining Vladivostok bo‘limiga jo‘natadi va atigi 5 daqiqa ichida u bilan urushga yollanish haqida shartnoma tuziladi. 5 aprel kuni imzolangan ushbu shartnomadan atigi 3 kun o‘tib unga harbiy xizmatga borish bo‘yicha chaqiruv qog‘ozi keladi.
“Ko‘chimov Mudofaa vazirligi “Voyenno-Morskoy Flot” 30926-sonli harbiy qismiga “matros 2” tarif razryad bilan Qurolli kuchlarda xizmatga kirishishi kerak bo‘lgan. Biroq Rossiya Federatsiyasining Qurolli kuchlari xizmatiga kirishiga turmush o‘rtog‘i va yaqin qarindoshlarining qarshiligi tufayli hamda Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi qurolli to‘qnashuvlarda ishtirok etishdan qo‘rqib, u oila a’zolari bilan 2024 yil 08 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasiga qaytib kelgan. O‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida, Z.Kuchimovning Rossiya Federatsiyasining Qurolli kuchlari safiga harbiy xizmatga kirganligi to‘g‘risidagi hujjatlar olingan va u aybiga to‘liq iqror bo‘lgan”.
Shunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 453-457, 463, 465-468, 471-473, 475-476, 479, 497-4 -497-6 , 499-502-moddalariga asoslanib, sud
“Hukm qildi:
Sudlanuvchi Kuchimov Zafar Zoyir o‘g‘li O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 1541-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilsin. Sudlanuvchi Kuchimov Zafar Zoyir o‘g‘liga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 1541-moddasi 1-qismi bilan har oylik ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 (ikki) yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlansin”.
Yo‘ldoshev Shavkat Alisherovich – majburiy tarzda “Vagner” safiga yollangan O‘zbekiston fuqarosi
Joriy yilning may oyida 26 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Yo‘ldoshev Shavkat Alisherovich ham Rossiyadagi urushda qatnashib, vataniga qaytib kelgan.
U ham 2019 yilda dastavval qurilishda ishlab, undan mehnati evaziga pul ololmay so‘ng taksichilikka o‘tib ketgan. Biroq uning mashinasiga bir kuni yonida giyohvand moddalari bo‘lgan yigit chiqib qoladi va uni manziliga yetkazib qo‘yish evaziga yaxshigina pul taklif qiladi. Yaxshi daromaddan umid qilgan o‘zbekistonlik yigitni esa manzilda politsiyachilar qarshi oladi va qo‘lga oladi. Rossiya Federatsiyasi Kalujskaya viloyati Obninsk shahar sudining 2021 yil 30 sentyabrdagi hukmiga ko‘ra, Shavkat Yo‘ldoshev 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
U qamoqda jazoni o‘tayotgan bir vaqtda, ya’ni 2022 yilning oktyabr oylarida “Vagner” yollanma harbiy tashkiloti xodimlari kelib, jazoni ijro etish koloniyasining barcha xodimlari va mahbuslarini yig‘ib, “Vagner” yollanma jangari tashkilotiga ishga kirishni, olti oy xizmat qilsa, tayinlangan jazodan to‘liq ozod bo‘lishini, nomidagi sudlanganlik holati olib tashlanishini, xizmatlari evaziga esa qo‘shimcha mo‘maygina pul mablag‘larini mukofot qilib, berishlarini va hatto istashsa RF fuqaroligini olib berishini ma’lum qilib, ularning safiga qo‘shiluvchilar bor yoki yo‘qligini so‘rashgan. Ana shu paytda koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan, taxminan, 20 nafar mahbus ixtiyoriy ravishda “Vagner” yollanma harbiy tashkilotiga o‘tishini bildirishgan. Biroq ularning safida Yo‘ldoshev yo‘q edi.
Oradan bir necha kun o‘tib, koloniyaning 3-operativ ishlar bo‘yicha bo‘limi boshlig‘i “Danya” ismli shaxs uni suhbatga chaqiradi va “Vagner” yollanma harbiy tashkilotining qurilish ishlariga borish uchun yuboriladiganlarning ro‘yxatiga uning nomini so‘roqsiz kiritib qo‘yganini aytadi. Ikki kun o‘tib, “Danya” ismli shaxs uni yana chaqirib, “Vagner”ning qurilish ishlariga yuboriluvchilar ro‘yxatidagilar bilan suhbat o‘tkazib, ularga tez orada jo‘nab ketishini aytadi. Rus millatiga mansub “Vova” ismli mahbus u yerga borishga rozi emasligini ma’lum qilganida boshliq agarda mahbuslar urushga ketishga rozi bo‘lmasa jazoning o‘talmagan qismini og‘ir sharoitda o‘tkazishini aytib, ularni qo‘rqitadi.
O‘zbekiston fuqarosi Yo‘ldoshev esa boshqa mahbuslar qatori “Vagner”ning qurilish ishlariga borishga rozi bo‘ladi.
“Ular 2022 yilning oktyabrida samolyot orqali Rostov shahriga uchib, avtobusda bir qishloqqa borgan, u yerda esa unga o‘xshagan bir qancha mahbuslar turli joylardan olib kelinganligini guvohi bo‘lgan. Mahbuslar u yerda “Vagner” yollanma jangari tashkiloti uchun “blindaj”lar qurib, jami uchta harbiy baza, birinchi bazada 25 ta, ikkinchi bazada 22 ta, uchinchi bazada 19 ta “blindaj” qurganliklarini, u yerda faqatgina qurilish ishlarida ishlaganini, “Vagner” yollanma jangari tashkilotining harbiy harakatlarida ishtirok etmaganini ma’lum qilgan”.
2023 yilning aprel oyida o‘zlarini Lugansk hokimiyati vakillari deb tanishtirgan 5 kishi ularni mehmonxonaning faollar zaliga yig‘ib, “blindaj” qurgani uchun rahmat aytadi va “Za otvagu” nomli Rossiya Federatsiyasining ko‘krak nishonini topshiradi. Bundan tashqari, konvertda 960 000 Rossiya rubli pul mukofoti va sudlanganlik holati olib tashlanganligi haqidagi ma’lumotnomani beradi.
Ular Moskva shahriga jo‘nashidan oldin “Rossiya-Ukraina” urushida yana qatnashishni xohlovchilar bo‘lsa, qolishini va uning uchun yaxshi pul mablag‘ini berishini ma’lum qilishgan.
Ammo Yo‘ldoshev urushga borishga rozi bo‘lmaydi. Rossiyaliklar bergan “Za otvagu” nomli ko‘krak nishonini esa Moskva shahrida joylashgan “Lombard” do‘koniga olib borib, sotuvchiga 1 500 rublga sotib yuboradi. Rossiya fuqaroligini va’da qilgan hukumat so‘zida turmagach, Yo‘ldoshev O‘zbekistonga qaytib keladi va hozirgi kunda qilgan ishidan pushaymonligi, aybiga to‘liq iqrorligi, oilaviy sharoiti og‘irligini ma’lum qilib, suddan o‘ziga nisbatan yengillik berishni so‘raydi.
Shularni inobatga olgan holda Ohangaron shahar sudi shunday hukm chiqaradi:
“Yuldashev Shavkat Alisherovichga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi bilan, Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 (ikki) yil 6 (olti) oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlansin”.
Primov Farrux Otaniyoz o‘g‘li – Ukrainadagi urushdan yarador qaytib kelgan o‘zbekistonlik
Primov 1998 yilda Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida tug‘ilgan. 2018 yilda Rossiya Federatsiyasiga mavsumiy ishlash maqsadida borib, giyohvandlik vositalarining noqonuniy savdosiga aloqadorligi sababli qo‘lga olingan hamda 2021 yilning 25 mart kuni Moskva shahri jinoyat ishlari bo‘yicha Perovsk rayon sudining 2021 yil 25 martdagi hukmiga asosan 8 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilingan va jazo muddatini Rossiya Federatsiyasining Tatariston Respublikasida joylashgan 10-sonli qamoqxonada o‘tab kelgan.
Jazo muddatini o‘tashi davomida 2022 yil oktyabr oyida otasi Qurbonov Otaniyozga telefon qilib, qamoqxonada doimiy siquvga olinayotganligini, shu sababli Rossiya Federatsiyasi nomidan “Rossiya-Ukraina” urushida ishtirok etish uchun ketayotganligini ma’lum qiladi. Otasi unga urushda qatnashmaslikni bir necha bor aytgan, biroq unga urushda ishtirok etish to‘g‘risidagi rozilik xatiga imzo qo‘ydirib bo‘lishgandi.
Mana shu yerda diqqat qiling, 2022 yil 9 oktyabr kuni 131 nafar mahkum, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lgan Mo‘minjonov Olloyorbek, Xorazm viloyatida yashovchi “Sherzod” ismli yigit, Farg‘ona viloyatida yashovchi “Asilbek” va “Xolid” ismli yigitlar bilan birgalikda urushga yo‘l olishadi.
“Sudlanuvchi harbiy poligonda 2 hafta davomida jangovar tayyorgarlik o‘taganligini, ushbu vaqt mobaynida ularga jangovar qurollardan – avtomatdan, granatadan foydalanish, undan otish, birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatish va shunga o‘xshash harbiy tayyorgarliklarni o‘rgatishganligini, shundan so‘ng Ukraina Respublikasining Baxmut viloyati, Artyomovskiy qishlog‘idagi bir eski avtoturargohga olib borilganligini va u yerda yuzlab harbiylar yig‘ilganligini, u yerda ularga jangovar qurol, himoya kiyimi (bronjilet), himoya bosh kiyimi bilan berilganligi va yo‘lovchi tashuvchi avtomashinaga o‘tirishib noma’lum qishloqqa borishganligini, shundan so‘ng, hamma avtomashinadan tushib, daryo tomonga borib mudofaa chizig‘iga 3 nafardan bo‘lib joylashtirilganligini, shunda ular harbiy kiyimlarni kiyib, jangovar tayyor holatga kelganliklarini, ularga qarata Ukraina askarlari tomonidan doimiy artilleriya qurollari va dronlar yordamida hujum qilinganligini, ularga himoyalanish uchun har birlariga jangovar qurollari, granata hamda qurol o‘qlari berilganligini, ular O‘zbekiston fuqarolari bilan birgalikda 2022 yil 9 oktyabr kunidan 2022 yil dekabr oyi oxirlariga qadar “Vagner” HXKning “6-Rota” maxsus polki tarkibida Ukraina Respublikasining Baxmut va Lugansk viloyatidagi jangovar harbiy harakatlarda qatnashganligini tan oldi”, deyilgan sud hujjatida.
Urushda “Sherzod” va “Asilbek” ismli o‘zbekistonliklar vafot etgan. “Xolid”ni esa Farrux Primov oxirgi marotaba 2023 yilning yoz oylarida Anapa shahridagi harbiy shifoxonada davolanayotgan vaqtida ko‘rgan. Uning o‘zi esa Baxmut viloyati hududida o‘tkazilgan harbiy harakatlarda o‘ng qo‘liga o‘q tegishi oqibatida og‘ir tan jarohati olgan va jang maydonidan dastlab, Ukraina Respublikasining RF nazoratidagi Pervmaysk shahriga, so‘ngra Lugansk shahriga olib borilgan.
RF Krasnodar viloyatining Anapa shahridagi “Vagner” XHKga qarashli shifoxonada davolanib, Ukraina Respublikasidagi harbiy jangovar harakatlarda qatnashganligi uchun 1.180.000 rubl miqdorida pul mablag‘larini olgan.
Rossiya Farruxga urushda ko‘rsatgan “jasorati” uchun fuqarolik taklif qiladi, ammo u fuqarolikni qabul qilmaydi. Shifoxonada davolanib oyoqqa turishi bilanoq O‘zbekistonga qaytib keladi va o‘z ixtiyori bilan DXX Qashqadaryo viloyat bo‘yicha boshqarmasiga murojaat qilib, qilmishidan pushaymonligini va aybiga iqrorligini bildiradi.
Uning otasi esa urushda qatnashgani uchun Rossiya hukumati o‘g‘liga bergan pulni to‘lig‘icha davlatga topshiradi va o‘g‘lini kechirishni so‘raydi.
Ammo sud pullarni sudlanuvchining otasiga qaytarishni lozim topib, Primov Farruxga quyidagicha jazo tayinlaydi.
“O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 454-457, 460, 463, 465-468, 471, 473-moddalariga amal qilib, sud
Hukm qildi:
Sudlanuvchi Primov Farrux Otaniyoz o‘g‘li O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasining 1-qismi va 223-moddasi 2-qismining “b,v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilsin. Sudlanuvchi Primov Farrux Otaniyoz o‘g‘liga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasining 1-qismi bilan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlansin.
Sudlanuvchi Primov Farrux Otaniyoz o‘g‘liga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 223-moddasi 2-qismining “b,v” bandlari bilan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlansin. Sudlanuvchi Primov Farrux Otaniyoz o‘g‘liga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan, jinoyatlar majmui bo‘yicha uzil-kesil 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlansin”.
Ism-sharifi noma’lum o‘zbekistonlik – Checheniston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy bo‘linmasiga yollangan.
Joriy yilning 12 yanvar kuni yana bir urush qatnashchisiga nisbatan sud ishi ko‘rib chiqildi. Shaxsi sud hujjatida to‘liq yashirilgan mazkur fuqaro 2021 yilda Rossiya Federatsiyasiga ishlash maqsadida borib, u yerda turli shaharlarda mavsumiy ishlarda shug‘ullanib kelgan. 2022 yilning aprel oyida u chechenistonlik tanishining gapiga ko‘nib, Rossiya tomonidan Ukraina hududida bo‘layotgan urushga borish va egallangan joylarni qo‘riqlash evaziga 300.000 rubl uchun Checheniston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy bo‘linmasiga yollanadi.
Umumiy ko‘ngillilar soni 800 nafar bo‘lgan va ular orasida xorazmlik yigit ham bor bo‘lgan. Ular harbiy tayyorgarlikdan o‘tadi va hududda qo‘riqlash ishlarini amalga oshiradi. U 26 yanvar kuni xorazmlik tanishi bilan Checheniston Respublikasidan O‘zbekistonning Xorazm viloyatiga uchib keladi va u yerdan Toshkentga qaytadi. Urushda qatnashgani uchun Checheniston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan berilgan pul mablag‘ini oilasiga jo‘natadi. Sud uni bu qilmishi uchun Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi sanksiyasi doirasida ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlaydi.
Aleksey Ravilevich Xamatxanov – snayper. Prigojinning isyonida qatnashgan o‘zbekistonlik.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudining 2024 yil 22 yanvardagi hukmi bilan 1987 yilda Navoiy shahrida tug‘ilgan, millati tatar, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, Aleksey Ravilevich Xamatxanovga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan.
U 2023 yil 3 may kuni “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi taklifi bilan Moskva shahridagi bosh ofisiga borib, tegishli hujjatlarni imzolab, Ukrainaga qarshi urushga yollangan.
Shundan so‘ng Xamatxanov bir oy davomida Krasnodar o‘lkasining Molkino qishlog‘idagi “Vagner” lagerida bo‘lgan va “Kobukson” chaqiruv belgisi, laqabi ostida snayper sifatida maxsus jangovar tayyorgarlikdan o‘tgan.
U Lugansk shahri yaqinida joylashgan va Ukrainadagi qurolli kuchlarga qarshi jangovar operatsiyalarda qatnashish uchun esa “Vagner” tomonidan 240 ming rubl maosh olib kelgan.
Sudda ayblanuvchining advokati uning vazifalariga zindonlar uchun teshik qazish va xizmat paytida navbatchilik qilishini va bu jangovar harakatlarda ishtirok etishga taalluqli emasligi, sudning uning jangovar harakatlarda ishtirok etishi haqidagi xulosasi jinoyat ishi materiallari bilan tasdiqlanmagan va xalqaro tashkilot tomonidan rad etilganini ma’lum qilgan.
Ammo sud uni 2023 yil 23 iyun kuni kechqurun “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojin tomonidan Rossiya Federatsiyasi mudofaa vazirligiga qarshi o‘tkazilgan “adolat marshi” yoki boshqacha qilib aytganda Prigojinning isyonida ishtirok etganini aniqlagan.
“2023 yil 24 iyun kuni komandirlar ularga o‘z narsalarini yig‘ishtirishni buyurgan. Ular esa Ukraina Qurolli kuchlariga qarshi urushda qatnashish uchun Ukrainaga ketyapmiz, deb o‘ylashgan, ammo ular Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi shtab-kvartirasini egallab olish uchun Rostov-Donga kelishgan bo‘lgan. Barcha harbiylar fuqarolik kiyimida bo‘lib, qo‘llarida “AK–74” avtomati bo‘lgan. Ular zirhli transportyorda shtab-kvartiraga hujumga o‘tishgan. Xamatxanovning qo‘lida ham AK-74 avtomati bo‘lib, 2 kolonna vagnerchilar bilan birga hujumga o‘tgan. Xamatxanov birinchi kolonnada “Vagner” XHK rahbari Yevgeniy Prigojin bilan birga bo‘lgan”.
To‘qnashuv tez orada tugaydi va Xamatov va boshqa ikki kolonna vagnerchilar orqaga, xarbiy lagerga qaytib keladi.
“Sudda Xamatxonov pulemyotning barcha mexanizmlarini qismlarga ajratib, qayta yig‘ib, “Vagner” XHK instruktorlari yig‘ish va demontaj qilish bo‘yicha mashg‘ulotlar uchun qurol-yarog‘ berishganini, unga jangovar taktika ham o‘rgatilganligini aytdi. Unda dastavval Kalashnikov avtomati va SVD hamda Dragunovning qismlarga ajratish va yig‘ish uchun mo‘ljallangan snayper miltig‘i bo‘lgan.
So‘roq qilingan Xamatxonov A. Ukrainadagi jangovar harakatlarda qatnashish uchun “Vagner” XHKda bo‘lib, snayper sifatida maxsus tayyorgarlikdan o‘tganini tan oldi”.
Shunga ko‘ra, Xamatxonov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasi bilan aybli deb topildi va 5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Garchi bugun yirik doiralarda ochiq gapirilmayotgan bo‘lsa-da, O‘zbekiston rasmiylari bu muammoni ko‘rib, bilib turibdi.
Bu ro‘yxatni yana ancha davom ettirishimiz mumkin edi. Oliy sud sahifasida millionlab sud hujjatlari orasidan faqat shu yilga oidlarini topolganlarimiz, harqalay toqatimiz yetgani shu bo‘ldi hozircha. Agar topganlarimiz orasidan ham mana bundan qop-qoraga bejalgan, yoki ochish imkoni bo‘lmaganlarini hisobga olsak, joriy yilda Rossiya Federatsiyasi nomidan Ukrainadagi urushga jalb qilinib, yollanib, sudlangan o‘zbekistonlik qorako‘zlar soni 10 dan oshiq. Hali biz o‘tgan yillardagi raqamlarni va urush maydonlarida nom-nishonsiz o‘lib ketayotgan O‘zbekiston fuqarolari haqida gapirmadik. Ammo omon bo‘lsak, ularga oid ma’lumotlarni ham topamiz.
Hulkar Murtazoyeva
LiveBarchasi