Berdimuhamedovning dabdabali tashrifi. Gulnora qani, pullari-chi? – Mojaroli hafta tahlili

Tahlil

Hurmatsiz Lavrovning mojaroli tashrifi

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 22-23 aprel kunlari O‘zbekistonga ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lgan mojaroli tashrifini amalga oshirdi. Uning O‘zbekistonga nisbatan hurmatsizligi samolyot trapi oldidan boshlandi. Bu esa mamlakatda so‘zsiz haftaning eng muhim voqeasi bo‘ldi.

Samarqand aeroportida uni quchoq ochib kutib olgan Tashqi ishlar vaziri, mavqedoshi Baxtiyor Saidovni Lavrov o‘ziga yaqinlashtirmay, quchoqlashishni ham istamay, yelkasidan itardi. Kamiga suratga tushayotganda ham unda og‘achilik, mensimaslik kayfiyati sezilib turardi. U xalqaro tan olingan mavjud diplomatik protokollarni unutib yoki atayin Baxtiyor Saidovga xuddi yosh bolaga munosabat qilgandek, qo‘lini yelkasiga tashlagancha kameralar qarshisida namoyon bo‘ldi. Holbuki, 10 aprel kuni AQSHga borgan Baxtiyor Saidovni Qo‘shma Shtatlar Davlat kotibi Marko Rubio qarorgohida quchoq ochib kutib olgan edi.

“O‘ylab ko‘rsak, boshqa davlatning Tashqi ishlar vaziri kelib, o‘ziga teng Tashqi ishlar vazirining quchog‘ini qabul qilmasdan, o‘nlab kameralar ko‘z o‘ngida uning yelkasiga bemalol panjasini qo‘yib javob qaytarishi – bu diplomatik protokol qoidalariga zid ekanini yaxshi bilishi  kerak. Biz endi dominantlikni (ya’ni ustuvorlikni) shu yo‘l ila namoyon qilmoqchi ekanini qabul qilmaymiz va buni noverbal uslub orqali namoyish etmoqchi bo‘lganligini anglaymiz. Biz nozik Sharq odamlarimiz, janob Lavrov qarib qolib buni tushunmasa iste’foga chiqsin!” deydi O‘zJOKU rektori Sherzodxon Qo‘dratxo‘ja.

23 aprel kuni Samarqanddagi Ikkinchi jahon urushida qurbon bo‘lgan va daraksiz ketganlar xotirasiga bunyod etilgan “Motamsaro ona” haykali poyiga gul qo‘ygan Lavrov, majmuadagi bitiklar nega faqat o‘zbek va ingliz tillarida ekanidan nolidi. “Ekskursovod” esa Samarqand turistik shahar bo‘lgani uchun ingliz tilidan foydalangan, deya izoh bergan. Gap haykal ostiga yozilgan “Sen har doim bizning qalbimizdasan, azizim” so‘zlari haqida ketmoqda. Lavrovning yonida turib, uning e’tirozini eshitgan Baxtiyor Saidov bunga munosabat bildirmagan.

O‘zbekistondagi haykal poyiga yozilgan so‘zlarning ruschasi yo‘qligi esa Rossiya matbuotida jiddiy xatoga yo‘l qo‘yilgandek, go‘yo O‘zbekiston Rossiya sub’ektidek, bu yerda ruscha yozuv bo‘lishi majburiydek yoritildi. Albatta, O‘zbekiston jamoatchiligi va ziyolilari ham bunday munosabatlarga jim turgani yo‘q.

“Har bir mamlakat o‘zining hududidagi tarixiy obida yoki haykali atrofida qaysi tilda yozishini faqat o‘zi hal qiladi. Chetdan kelib, boshqa davlatning Tashqi ishlar vaziri bizni tanqid qilishi noto‘g‘ri. Zero, biz ularning koloniyasi emasmiz! Bizning vazirlar ham Rossiyaga borganda ba’zi masalalar bo‘yicha Lavrov kabi dadil savol berishni o‘rganishlari kerak, shekilli”, deydi O‘zJOKU rektori Sherzodxon Qo‘dratxo‘ja.

Go‘yo Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini olib kelgan Sergey Lavrov O‘zbekiston Prezidenti qabulida ham bo‘ldi. Uchrashuv bo‘yicha Prezident Matbuot xizmati tomonidan berilgan axborotda deyarli navbatchi gaplarni uchratasiz. Baxtiyor Saidov esa Lavrov bilan muloqotda Rossiyani ishonchli hamkor deb atagan.

Respublika rahbariyati bilan uchrashuvdan so‘ng matbuot anjumani o‘tkazgan Lavrov yana rus tili masalasiga chuqurroq to‘xtaldi. Uning aytishicha, Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekistondan Rossiyaga borayotgan mehnat migrantlari rus tili va Rossiya qonunlarini bilishi kerak.

“Vaziyatni global miqyosda olib boradigan bo‘lsak, albatta, mehnat muhojirlari sonining qisqarishiga olib keladigan choralar bizning manfaatlarimizga to‘g‘ri kelmaydi, chunki ishchi kuchi tanqisligi tegishli rejalarni kamroq reallashtirishi mumkin. Ammo muammoning ikkinchi qismi – Rossiya qonunlariga rioya qilish va mehnat muhojirlari orasida jinoiy tendensiyalarning rivojlanishining oldini olish zarurati. Va shunga o‘xshash holatlar mavjud”, deydi u.

Lavrovning aytishicha, Rossiya O‘zbekistonni qonunbuzarliklar uchun imkoniyatlarni, shuningdek, migrantlar o‘rtasida terrorizm va jinoyatchilik xavfini minimallashtirish “zarurligini to‘liq tushunadi”, deb hisoblaydi.

“Rossiya O‘zbekiston rahbariyati, shaxsan Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning millatlararo totuvlikni saqlash va O‘zbekistonda millatlararo muloqot tili bo‘lgan rus tilining mavqeini, rus madaniy-tarixiy mavjudligini mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini izchil qo‘llab-quvvatlaydi. Mamlakatda millionga yaqin yurtdoshlarimiz istiqomat qiladi, qolgan O‘zbekiston fuqarolari esa u yoki bu tarzda kundalik hayotda rus tilida muloqot qiladi”, dedi Lavrov.

Lavrov O‘zbekistonga kelib nima deb ketishidan, o‘zini qanday tutishidan va nimani eksport qilishga urinishidan qat’i nazar O‘zbekistondagi amaldorlarning bu borada o‘z nuqtai nazari bor, deb ishoniladi. Har holda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarovaning aynan Lavrov kelgan kun – 22 aprelda imzolagan buyrug‘i shundan dalolat bermoqda.

Hujjatga ko‘ra, endilikda O‘zbekistonda ta’lim tili o‘zbek tili bo‘lmagan sinf bitiruvchilari ham davlat tilidan imtihon topshiradi. Ma’lumki, mamlakatdagi 9468 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabining 972 tasi rus tilida. Davom etayotgan o‘quv yilida esa ularda 666443 nafar o‘quvchi tahsil olyapti. Albatta, O‘zbekistonda qoraqalpoq, qozoq, qirg‘iz, tojik va turkman tillarida faoliyat yuritadigan davlat maktablari ham bor, ammo ularning soni rus maktablaridan ancha kam.

Xullas, umumiy o‘rta ta’lim oluvchilarning yakuniy davlat attestatsiyasi to‘g‘risidagi nizomga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra, bitiruvchi sinflarda yakuniy attestatsiya o‘tkaziladigan fanlar ro‘yxatiga ta’lim tili o‘zbek tili bo‘lmagan maktablar uchun davlat tili majburiy fanlar blokiga kiritiladi. Buni haqiqiy siyosiy iroda, desa bo‘ladi. Menimcha ham hadeb dahanaki jangga kiravermasdan, o‘z tilimizning o‘z makonimizdagi obro‘yini mustahkamlashga ko‘proq e’tibor qaratsak, tilimizni har qanday begona so‘zlardan tozalasak, natija ko‘proq bo‘ladi. Har holda 35 yilda ham o‘z tilimizning “bardak” bo‘lib yotishiga Lavrov aybdormas.

Berdimuhamedov va qiziga dabdabali mezbonlik

Turkmanistonning sobiq prezidenti, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov hafta boshidan buyon Qozog‘iston va Qirg‘izistonga safar qilib, O‘zbekistonga ham keldi. Boshqa tashriflardan farqli o‘laroq, O‘zbekistonga safarda unga birinchi marta to‘ng‘ich qizi Oguljahon Otaboyeva hamrohlik qildi. To‘ng‘ich qiz o‘tgan yilning dekabr oyida Gurbanguli Berdimuhamedov nomidagi Qarovga muhtoj bolalarga ko‘maklashish xayriya jamg‘armasining tibbiy faoliyat bo‘yicha vitse-prezidenti lavozimiga tayinlangunga qadar hech qayerda ko‘rinish bermagan.

Gurbanguli Berdimuhamedov Samarqand xalqaro aeroportida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan katta izzat-hurmat, tantana va dabdaba bilan kutib olindi. Unga milliy liboslardagi bolalar va qizlar peshvoz chiqdi.

“Arqadag‘” tashrifini O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qilishdan boshladi.

Keyin Mirziyoyev va Berdimuhamedov, shuningdek, ularning qizlari Saida Mirziyoyeva va Oguljahon Otaboyeva “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik bog‘ini aylandi, tarixiy yodgorliklar bilan tanishdi.

Tashrifning rasmiy tadbirlari 24 aprel kuni bo‘lib o‘tdi. Mirziyoyev va Berdimuhamedov tor doirada va rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara o‘tkazdi. Biroq O‘zbekistonda boshqa mamlakatning parlament yuqori palatasi raisiga nisbatan ko‘rsatilayotgan bu tarz oliy hurmat faqat Gurbanguli Berdimuhamedovga xosligicha qolmoqda.

Turkmaniston Markaziy Osiyoda yopiq qolayotgan mamlakat sifatida hamon birinchi bo‘lib turibdi. 2006 yildan 2022 yilgacha mamlakatni 16 yil davomida boshqargan Gurbanguli Berdimuhamedov prezidentlik lavozimini o‘g‘li Serdar Berdimuhamedovga topshirdi va 2023 yildan mamlakat parlamenti yuqori palatasiga raislik qilib kelmoqda. Shunga qaramay, u oliy davralarda mamlakatning yuqori rahbariyatidek qabul qilinadi, Prezidentlar o‘tirgan stol atrofidan joy oladi.

Ta’bir joiz bo‘lsa, bu Turkmaniston elitasining tugayotgan oyda O‘zbekistonga ikkinchi tashrifi. 3-4 aprel kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi sammitida Turkmaniston nomidan Prezident Serdar Berdimuhamedov ishtirok etgandi.

Shavkat Mirziyoyev turkman xalqining milliy yetakchisini quruq qo‘l bilan qaytarmadi. Uni “Oliy Darajali Do‘stlik” ordeni bilan mukofotladi. Uning qalamiga mansub “Tafakkur gavhari” kitobining o‘zbek tilidagi nusxasini topshirdi.

O‘zbekiston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan turkman gazi importini tiklash masalasini muhokama qilganmi yo yo‘q, bu bo‘yicha rasmiy axborot berilmadi. Ammo Berdimuhamedovning Qozog‘iston va Qirg‘izistonga tashriflarida gaz, energetika masalalari kun tartibida bo‘lgan. Gaz sohasida hamkorlikni kengaytirish, xususan, Qozog‘istonning xorijiy hamkorlar bilan birgalikda Galkinish konini o‘zlashtirish loyihasida ishtirok etishi alohida muhokama qilingan.

Garchi Turkmaniston milliy yetakchisi bilan gaz masalasi muhokama qilinganiga aniqlik kiritilmagan bo‘lsa-da, Sergey Lavrov O‘zbekistonga Rossiyadan gaz eksporti ikki baravarga oshirilishini aytib ketdi. Uning qayd etishicha, gaz sohasida ham hamkorlik rivojlanmoqda, qator infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda, bu esa Rossiya Federatsiyasidan O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni ikki baravarga oshirish imkonini beradi.

Qozog‘istonda aytilishicha, O‘zbekistonga Qozog‘iston orqali yetkaziladigan Rossiya gazining yillik hajmini 2038 yilgacha 11 milliard kub metrgacha oshirish rejalashtirilmoqda. 2024 yilda Qozog‘iston rus gazining O‘zbekistonga tranzitini 3 baravarga oshirgan, 2025 yilda esa 30 foizga oshishi kutilmoqda.

Gulnora qani? Pullari-chi?

Tugayotgan haftada O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi, sobiq Fond Forum vasiylik kengashi raisi Gulnora Karimova va uning o‘g‘irlangan pullari diqqat markazida bo‘ldi.

Avvaliga ijtimoiy tarmoqlarda Gulnora Karimova qamoqdan ozod etilgani haqida xabarlar tarqaldi. Oliy sud tezkorlik bilan bu ma’lumotni rad etib chiqdi.

Bundan avval berilgan ma’lumotlarga ishonilsa, Gulnora Karimova Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 21-son ayollar uchun ixtisoslashtirilgan koloniyada saqlanayotgan edi. QALAMPIR.UZ’dagi yangi ma’lumotlarga ko‘ra, Gulnora Karimova joriy yilning yanvar oyida Zangiota tumanidagi 42-sonli manzil-koloniyaga o‘tkazilgan.

U Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2017 yil 18 dekabrdagi hukmi bilan 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Bosh prokuraturaning 2017 yilda bergan ma’lumotlariga tayanadigan bo‘lsak, unda Karimovaga 2013 yil 24 oktyabrda bir nechta MCHJ faoliyatida soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, mazkur jinoyat ishini tergov qilish davomida Gulnora Karimova 2001-2012 yillarda Sodiqov, 2013 yilning yanvar oyidan oktyabr oyiga qadar Madumarov rahbarlik qilgan uyushgan guruhning jinoiy faoliyatiga bevosita ko‘maklashib kelgani aniqlangani aytiladi.

Oliy sudning 2020 yilda bergan ma’lumotiga ko‘ra, Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Gulnora Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan va sudlanuvchi Gulnora Karimovani jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topgan.

Sud hukmi bilan Gulnora Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan va jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir necha jinoyat va hukmlar majmui bo‘yicha jazo tayinlanganligini inobatga olgan holda jazo muddatini 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblash belgilangan. Hisoblab ko‘rilsa, Gulnora Karimova 2029 yilning yanvarida 56 yoshida ozodlikka chiqishi kerak.  

Toshkentda esa uning pullari hamon muhokamada. Iqtisodiyot va moliya vazirligining bildirishicha, Karimovaning Shveysariya hududida musodara qilingan noqonuniy aktivlari Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusiga ko‘ra, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalariga yo‘naltirilmoqda. Masalan, qaytarilgan 131 million dollarga sog‘liqni saqlash sohasida respublikadagi 230 ta perinatal markaz uchun 23 turdagi 5 ming 841 dona zamonaviy tibbiy uskuna sotib olingan. Yana 1 ming 400 dan ortiq tibbiy jihozlar olib kelinishi rejada bor. 11 ming nafardan ortiq tibbiyot xodimlari o‘qitilgan.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston “Chashma”ni bo‘lib oldi

Qirg‘iziston va O‘zbekiston fuqarolarining yoqalashishiga sabab bo‘lgan “Chashma” bulog‘idan endi ikki tomon ham birgalikda foydalanadi. O‘zbekiston Hukumati raisi Abdulla Aripov va Qirg‘iziston Bosh vaziri o‘rinbosari – Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev 24 aprel kuni Toshkentda ushbu masala bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Tashiyev Toshkentga Markaziy Osiyo davlatlari maxsus xizmatlari rahbarlarining birinchi uchrashuvida ishtirok etish uchun kelgandi. Shu bahonada o‘zbek-qirg‘iz Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha qo‘shma yig‘ilish o‘tkazildi.

Muzokaralar davomida O‘zbekiston-Qirg‘iziston davlat chegarasi loyiha chizig‘ining chegaraning oxirgi tartibga solinmagan uchastkasidan o‘tishi to‘g‘risidagi bayonnoma hamda O‘zbekiston hukumati va Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi o‘rtasidagi “Chashma” bulog‘idan birgalikda foydalanish to‘g‘risidagi bitim loyihasining asosiy shartlari tasdiqlandi.

Tomonlar “Chashma” bulog‘i ikki mamlakatning umumiy boyligi ekanini alohida ta’kidlagan. O‘zbekiston fuqarolarining ushbu buloqdan erkin va to‘siqsiz foydalanishi, o‘zbek tomoni buloqning uchdan ikki qismidan foydalanishini ta’minlash hamda manbaning suv resurslari hajmi va sifatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan har qanday xatti-harakatlarni o‘zbek tomoni bilan muvofiqlashtirish to‘g‘risida  kelishuvlarga erishilgan.

Aytish o‘rinliki, 2020 yil 31 may kuni O‘zbekiston Respublikasi So‘x tumani Chashma qishlog‘ining Qirg‘iziston Respublikasi Botken viloyati Qadamjoy tumani Chechme ayili bilan chegaradosh hududida joylashgan “Chashma” bulog‘i bo‘yida Qirg‘iziston hamda O‘zbekiston fuqarolari o‘rtasida buloqdan foydalanish yuzasidan kelib chiqqan nizo oqibatida ommaviy tartibsizliklar ro‘y bergandi.

Ushbu nizoni bartaraf etish maqsadida So‘x tumani Chashma qishlog‘iga yetib borgan mahalliy hokimiyat vakillari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga tartibbuzarlar tomonidan faol qarshilik ko‘rsatilib, ularga turli darajada shikastlar yetkazilgan. Voqea joyiga Bosh vazir Abdulla Aripov borib, aholi bilan uchrashgandi.

Prokuratura xodimi klinikada vafot etdi

Farg‘ona viloyatidagi xususiy klinikaga burun suyagini operatsiya qildirishga borgan prokuraturaning 32 yashar xodimi, 3 nafar farzandning otasi Muhammad Husainov vafot etdi. U Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Farg‘ona viloyati boshqarmasi tezkor bo‘limi xodimi bo‘lgan.

QALAMPIR.UZ’ga marhumning turmush o‘rtog‘ining bildirishicha, Muhammad Husainov Farg‘onadagi xususiy klinikalardan biriga burun suyagini operatsiya qildirish uchun o‘z oyog‘i bilan borgan, biroq qaytib chiqmagan.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, holat bo‘yicha viloyat prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda. Tekshiruv harakatlari har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘tkazilishi hamda natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.

Bu O‘zbekistonda bemorlar shifoxonaga o‘z oyog‘i bilan kirib, jasadi olib chiqilgan yagona holat emas. Buxoroda ham 11 yashar bola otolaringolog klinikasida vafot etdi. Bunga birozdan keyin to‘xtalamiz.

Dubayda o‘zbeklar pichoqbozlik qildi

Eshitgandingiz-a? Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida o‘zimizning uch nafar o‘zbekistonlik yahudiy ravvini Svi Koganni o‘ldirishda ayblanib, o‘lim jazosiga hukm qilingandi. Bu voqea ortidan o‘zbekistonliklarning BAAga kirishi qiyinlashdi, borganlar kunlab aeroportlarda qolib ketgan, o‘sha yerda bo‘lib turganlarga ishonchsizlik ortdi. Bu yetmagandek, tugayotgan haftada yana o‘zbekistonliklar Dubayda pichoqbozlik qilgani haqida videolar tarqaldi. Xabarlarda aytilishicha, janjal oqibatida bir kishi vafot etgan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonovning aytishicha, Dubay shahrida o‘zbekistonliklar o‘rtasida yuzaga kelgan holat bo‘yicha aniqlik kiritish maqsadida O‘zbekiston diplomatlari Dubay jinoyat qidiruv boshqarmasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazgan.

Qayd etilishicha, ayni vaqtda BAAda tergov harakatlari olib borilmoqda, 15 nafar O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olingan.

Tashqi ishlar vazirligi vakili so‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston fuqarolari tomonidan sodir etilayotgan qonunbuzarlik holatlari ko‘payib borayotgani ikki davlat o‘rtasidagi vizasiz tartibga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini eslatgan. Fuqarolarni xorijda bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarning sha’niga dog‘ tushiruvchi harakatlardan tiyilishga chaqirgan.

O‘zbekistonlik Istanbuldagi zilzilada vafot etdi

2023 yilning fevral oyida Turkiyada sodir bo‘lgan va 50 mingdan ortiq kishining yostig‘ini quritgan zilzila ortidan tez orada Istanbulda ham shunga o‘xshash zilzila kutilayotgani aytib kelinayotgan edi. Balki o‘sha, balki boshqa, xullas 23 aprel kuni tushda Istanbulda 6,2 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Talafotlar katta emas, biroq unda o‘zbekistonlik vafot etdi.

O‘zbekistonning Istanbul shahridagi bosh konsulligi o‘zbekistonlikning vafot etganini tasdiqlarkan, marhumning shaxsiga ham, jinsiga ham, yoshiga ham aniqlik kiritmagan. Faqatgina o‘lim marhumning zilzila vaqtida kuchli qo‘rquv holatiga tushishi oqibatida yuz bergani bildirilgan.

Shuningdek, Bosh konsulxona marhumning jasadini O‘zbekistonga yuborish bo‘yicha zarur konsullik-huquqiy va tashkiliy choralarni ko‘rayotgani aytilgan.

UzAutoMotors sotilyapti

UzAutoMotors, O‘zmetkombinat, UMS (Mobiuz), Uzbekistan GTL, Uzbekinvest, Navoiyazot, Texnopark kabi korxonalarning davlat aksiyalari xalqaro maslahatchilar ishtirokidagi auksionga qo‘yiladi. Bu bo‘yicha Prezident Shavkat Mirziyoyev imzolagan “Davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni xalqaro bozorlarda xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qarorda so‘z borgan.

Hujjatga ko‘ra, davlat ishtirokidagi 29 ta yirik korxona ustav kapitalidagi aksiyalar paketini (ulushlarni) nufuzli xalqaro professional konsultantlarni jalb qilgan holda ommaviy savdolarga chiqariladi. Shuningdek, davlat ishtirokidagi 12 ta yirik korxona ustav kapitalidagi aksiyalar paketining xalqaro va mahalliy fond bozorlarida birlamchi (IPO) va (yoki) ikkilamchi (SPO) ommaviy taklifi o‘tkaziladi.

Ushbu qaror davlat ishtirokidagi yirik korxonalar va tijorat banklari faoliyati samaradorligini oshirish, shuningdek, ularni xususiylashtirish orqali xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish maqsadida qabul qilingani aytilmoqda.

Shuningdek, Prezident tomonidan imzolagan navbatdagi hujjat – “2025 yil uchun xususiylashtirish dasturi to‘g‘risida”gi farmon bilan 2030 yil 1 yanvargacha davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etishga moratoriy joriy qilinmoqda.

Kambag‘alning to‘yi tartibga solinadi, boyniki...

O‘zbekistonda o‘nlab qarorlar, hujjatlar, majlislar, taqiqlar-u ta’qiblar bilan tartibga solib bo‘lmaydigan masala bor. U ham bo‘lsa to‘y. Uni yuz yillarki tartibga solib bo‘lmaydi. Sola olishmadi. Solisholganda edi Abdulla Avloniy yuz yil avval “O‘zbek xalqini to‘y balosidan qutqaring!” demagan va uning aytganlari bugun ham kun tartibida turmagan bo‘lardi.

Yoki ilk o‘zbek marshali Alixonto‘ra Sog‘uniy aytganidek, “Agar o‘zbeklar har qanday ishga ertalab oshga borgandek birlashganda edi, bulardan buyuk millat bo‘lmasdi”.

Xullas, tugayotgan haftada “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni bilan O‘zbekistonda to‘ylarni tartibga solishni nazarda tutuvchi loyiha ishlab chiqilishi aytildi.

Farmonda qayd etilishicha, joriy yilning avgust oyigacha to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’rakalar va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish bo‘yicha parlament palatalari kengashlarining qo‘shma qarori qabul qilinadi.

Loyihaga mas’ullar etib Oliy Majlis palatalari, Madaniyat vazirligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita belgilangan.

O‘zbekistonga esa navbatdagi ishlamaydigan hujjatning keragi yo‘q. Shundoq ham bungacha qabul qilingan qator hujjatlar mavjud. Masalan, 2019 yilning 14 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Senat Kengashi tomonidan qabul qilingan “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qo‘shma qarorni olaylik. Unda hamma narsa aniq-tiniq yozib qo‘yilgan. Biroq katta shov-shuvlar bilan qabul qilingan ushbu qaror umuman ishlamadi. Eng qizig‘i, qarorni eng avvalo o‘sha amaldorlar, uni qabul qilinganlarning o‘zi buzib berdi va buzishda davom etyapti. Ular qilayotgan dabdaba, shuhratparastlikni esa oddiy odamlarning cho‘ntagi ko‘tarmaydi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga 2020 yil 17 martdagi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga asosan kiritilgan 1921-moddaga ko‘ra, to‘ylar, oilaviy tantanalar, marosim va urf-odatlarni o‘tkazuvchi shaxs tomonidan ushbu tadbirlarni o‘tkazish tartibiga doir talablarga rioya qilmaslik fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari (3,75 million so‘m), mansabdor shaxslar va muassasalar egalariga esa 30 baravari (11,25 million so‘m), takroran buzilganda esa 50 baravari (18,75 million so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Xo‘sh, bu tartib o‘zi ishladimi? Qaysi amaldorlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqab ketgan dabdabali oilaviy tadbirlari, to‘ylari ortidan jarimaga tortildi? Bormi shunaqasi?

11 yashar bola shifoxonada vafot etdi

Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan haftadagi dasturimizda ayrim uquvsiz, mas’uliyatsiz shifokorlarning muolajalari sabab odamlar, ayniqsa, bolalarning salomatligiga jiddiy zarar yetayotgani, bolalar tajriba quyonchasidek, ularga istalgan kuchli ta’sir qiluvchi dorilar tavsiya qilinayotgani, Dok-1 Maks dorisidan 65 nafar bolaning vafotidan xulosa qilinmagani haqida gapirgandim. Mana, sizga natija: Buxorodagi xususiy klinikaga otolaringolog ko‘rigiga o‘z oyog‘i bilan borgan 11 yashar bolaning shifoxonadan o‘ligi chiqdi.

Ma’lum qilinishicha, quloqdagi og‘riq sabab lor klinikasiga murojaat qilgan 11 yoshli bemorga dori vositalarining hech qanday nojo‘ya ta’siri bor yoki yo‘qligini sinab ko‘rmasdan ukol qilinishi oqibatida bola vafot etgan. Marhumning o‘lim sababini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiyot ekspertizasi hamda mas’ul shaxslarning xatti-harakatlari bo‘yicha xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlarni tekshirish hamda bir qator tergov harakatlari o‘tkazish lozimligini inobatga olib, Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Tarmoqlarda sizdirilgan xabarlarda marhum bola sportchi bo‘lgani, qulog‘i og‘rib, otasi bilan klinikaga murojaat qilgani, otasi ovqat olib kelishga ketganida, shifokorlar bolaga majburan ukol qilgani iddao qilingan.

Hokim va YHBB boshlig‘i mojarosi

Namangan shahar hokimi Anvar Otaxo‘jayev viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘idan hududlarda noqonuniy o‘rnatilgan radarlarni olib tashlashni so‘rab, YHXB boshlig‘i Mansur Gaziyevga xat yo‘lladi.  

Hokimga ko‘ra, jamoatchilik vakillari va yoshlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar va muhokama yig‘ilishlarida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida o‘rnatilgan yo‘l harakati qoidalari buzilganligini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari tomonidan jarimalarning qo‘llanishidan norozilik kayfiyati ortib borishi, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda salbiy fikrlar bildirilishiga sabab bo‘lmoqda. Radarlar Namangan shahrining fuqarolariga moddiy va ma’naviy zarar keltirmoqda.

Hokim o‘z xatida YHXB boshlig‘idan Namangan shahri va shahar tarkibidagi Davlatobod hamda Yangi Namangan tumanlarida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 21 apreldagi “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasiga xususiy sektorni jalb etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 232-sonli qaroriga asosan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan avtomobil yo‘llarida yo‘l harakati qoidalari buzilganligini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalarni o‘rnatish va ekspluatatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizomiga zid ravishda o‘rnatilgan kameralarni KAAT tizimidan o‘chirishni hamda ular tomonidan qayd etilgan qoidabuzarliklarga jarimalar qo‘llash ishlarini to‘xtatishni, faqat ulardan xavfsizlik maqsadida foydalanishni so‘ragan.

Xo‘sh, sizning YHXB boshlig‘i hokimning maktubga labbay deb javob qaytarib, u ko‘targan masalani hal qildi-yu radarlar faoliyatini to‘xtatdi, deb o‘ylaysizmi? Chuchvarani xom sanabsiz. Aksincha, Gaziyev hokimga javob maktubini yo‘llab, hokimlik tasarrufidagi avtomobillar tomonidan buzilgan yo‘l qoidalari bo‘yicha jarimalarni to‘lab qo‘yishni eslatdi.

Xatda Namangan shahar hokimligiga tegishli Captiva mashinasida 2024 yildan hozirgacha 47 marta huquqbuzarlik sodir etilgani aytilgan. Ushbu qoidabuzarliklarda 11 tasining jarimasi (8 mln so‘mdan ortiq) esa haligacha to‘lanmagan.

Qolaversa, shahar hokimligining yana 4 ta transport vositalari 41 ta qoidabuzarlik bo‘yicha 18 million 750 ming so‘m, Davlatobod va Yangi Namangan tumanlari hokimliklari tasarrufidagi 6 ta avtomobilning 46 ta qoidabuzarligi bo‘yicha 16 million 307 ming so‘m miqdorida muddati o‘tgan to‘lanmagan jarimalari borligi ma’lum qilingan. Umumiy hisobda hokimliklarning to‘lanmagan 87 ta jarimalari mavjud bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Istanbul Jinoyat Rossiya Shavkat Mirziyoev Gulnora Karimova Namangan Turkiya Samarqand O'zbekiston Vladimir Putin Evropa Ittifoqi Qirg'iziston Islom Karimov Gurbanguli Berdimuhamedov Madaniyat vazirligi Abdulla Aripov Saida Mirziyoeva Turkmaniston Sergey Lavrov to'y UzAutoMotors Baxtiyor Saidov Markaziy Osiyo Hilola Umarova Tashiev Oliy Darajali Do'stlik Oguljahon Otaboeva Botken Alixonto'ra Sog'uniy YHBB KAAT

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing