Turkiyada o‘zbekistonlik kelin eri va chaqalog‘i bilan halok bo‘ldi
3-sahifa
−
12 iyun 8922 2 daqiqa
Kecha, 11 iyun kuni Turkiyaning Istanbul shahrida sodir bo‘lgan dahshatli yo‘l-transport hodisasi oqibatida o‘zbekistonlik kelin eri va 2 oylik chaqalog‘i bilan birga halok bo‘ldi. Bu haqda “Hurriyet” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, hodisa Chekmeko‘y mavzesidagi Shimoliy Marmara avtoyo‘lida soat 06:00 atrofida yuz began. Sabiha Go‘kchen aeroportidan qaytayotgan Sodiq Gunden (29 yosh) boshqaruvidagi yengil mashina xuddi shu yo‘nalishda harakatlanayotgan yuk mashinasining orqasidan borib urilgan. To‘qnashuv oqibatida yengil mashina yuk mashinasining tagiga kirib ketgan. Haydovchi Sodiq Gunden, uning o‘zbekistonlik rafiqasi Aziza Hatamova Gunden (31 yosh) va ularning 2 oylik chaqalog‘i Timur Xon Gunden mashina ichida qisilib qolgan. Ular voqea joyiga yetib borgan o‘t o‘chiruvchilar tomonidan chiqarib olingan. Biroq oilaning uch a’zosi ham hodisa joyida hayotdan ko‘z yumgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Sanjaktepa mavzesida istiqomat qilgan va 4 yildan beri birga yashayotgan Sodiq va Aziza Gunden juftligining Said Gunden ismli 3 yoshli yana bir farzandi bor. Oila voqea tongda sodir bo‘lgani sababli uni o‘zlari bilan birga olmagan. Chaqaloq Timur Xon yaqindagina sunnat qilingan va yaqin kunlarda uning sunnat to‘yi o‘tkazilish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Istanbul shahrining Fotih tumani Laleli mavzesidagi tramvay bekatida yuz bergan baxtsiz hodisa oqibatida 6 yoshli o‘zbekistonlik bola vafot etgandi. U tramvaydan tushganidan so‘ng bekat va tramvay relslari oralig‘ida qisilib qolgan hamda transportning harakatlanishi oqibatida og‘ir tan jarohati olib, voqea joyida hayotdan ko‘z yumgan.
Live
Barchasi