Turkiyada 6 yoshli o‘zbekistonlik bola tramvay ostida qolib vafot etdi (video)
3-sahifa
−
09 iyun 5307 1 daqiqa
Kecha, 8 iyun kuni Istanbul shahrining Fotih tumani Laleli mavzesidagi tramvay bekatida yuz bergan baxtsiz hodisa oqibatida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan 6 yoshli bola vafot etdi. Bu haqda “Halk TV” xabar berdi.
Ushbu xabarni O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi ham tasdiqladi. Qayd etilishicha, vafot etgan bola ota-onasi va yaqinlari bilan birga Turkiyaga sayyoh sifatida borgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, voyaga yetmagan bola tramvaydan tushganidan so‘ng, bekat va tramvay relslari oralig‘ida qisilib qolgan hamda transport vositasining harakatlanishi oqibatida og‘ir tan jarohatlari olib, voqea joyida hayotdan ko‘z yumgan.
Hozirda Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan hodisa yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
“O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi hamda zarur konsullik-huquqiy ko‘mak ko‘rsatish choralarini ko‘rmoqda”, deyiladi xabarda.
Bosh konsulxona Istanbul shahrining megapolis sifatida yo‘l-transport infratuzilmasi va jamoat transporti serqatnovligini inobatga olgan holda, voyaga yetmagan bolalarni nazoratsiz qoldirmaslikni va ularning xavfsizligiga alohida e’tibor qaratishni tavsiya qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyada 29 yoshli o‘zbekistonlik ayol o‘z joniga qasd qilib, vafot etgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi