Baxtiyor Saidov “Tolibon” vaziriga sim qoqdi

Jamiyat

image
Afg‘onistonliklar muhim temiryo‘l liniyasiga xizmat ko‘rsatishni yana O‘zbekistonga ishonib topshirdi north_east

Afg‘onistonliklar muhim temiryo‘l liniyasiga xizmat ko‘rsatishni yana O‘zbekistonga ishonib topshirdi

Bugun, 27 aprel kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatining tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Mavlaviy Amir Xon Muttaqiy bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda vazir o‘zining Telegram sahifasida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, har ikkala vazir O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik hamda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlash tarafdori ekanini tasdiqlagan.

“Shiddat bilan kengayib borayotgan ikki tomonlama hamkorligimizning turli yo‘nalishlarida erishilgan muvaffaqiyatlarga alohida e’tibor qaratib, hali ham foydalanilmagan salmoqli salohiyat mavjudligini ta’kidladik”, deya yozgan Saidov.

Telefon orqali o‘tkazilgan suhbatda Transafg‘on temiryo‘li loyihasi haqida ham so‘z borgan.

“Biz mintaqaning to‘liq salohiyatini ochishga qaratilgan muhim o‘zaro bog‘liqlik tashabbusi bo‘lgan Transafg‘on temiryo‘li loyihasini ham muhokama qildik. Barqaror rivojlanish, shuningdek, butun mintaqada tinchlik va osoyishtalikni saqlashga ko‘maklashish yo‘lida yaqin hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldik”, degan vazir.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning 17 avgust kuni Qobul shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston-Afg‘oniston biznes-forumida O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Transafg‘on temiryo‘li qurilishi bo‘yicha amaliy ishlar tez orada boshlanishini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Tolibon Baxtiyor Saidov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing