Rossiya ATACMS bilan Kursk aerodromiga berilgan zarbani tasdiqladi
Olam
−
27 noyabr
5268Rossiya Mudofaa vazirligi ATACMS uzoq masofali ballistik-taktik raketasi Kurskdan 7 kilometr uzoqlikda joylashgan Kursk-Vostochniy aerodromiga urilganini tasdiqladi. Bu haqda Mudofaa vazirligi kecha, 26 noyabr kuni bayonot berdi.
Bayonotga ko‘ra, uch kun ichida Ukraina Qurolli kuchlari uzoq masofali G‘arb qurollari bilan Kursk viloyatidagi nishonlarga ikkita zarba bergan.
“Javob tayyorlanmoqda”
Shunday qilib, 25 noyabr kuni Kursk-Vostochniy aerodromida sakkizta ATACMS raketalari tomonidan zarba berildi, yettitasi S-400 havo mudofaa tizimi va “Pansir” KZRK havo mudofaa raketa tizimining jangovar ekipajlari tomonidan urib tushirilgan va bittasi nishonga yetib borgan.
Bo‘laklar qulashi oqibatida ikki harbiy xizmatchi yengil jarohatlangan va infratuzilma ob’ektlari biroz shikastlangan.
Shuningdek, 23 noyabr kuni Ukraina Qurolli kuchlari Kurskdan 37 km shimoli-g‘arbda joylashgan Lotarevka aholi yashash punkti hududida S-400 zenit-raketa diviziyasi pozitsiyasiga beshta ATACMS raketasi bilan zarba bergan edi . Uchtasi “Pansir” KZRK havo mudofaasi tizimi tomonidan yo‘q qilingandi, ikkitasi nishonga borib urilgandi. Oqibatda radar stansiyasi shikastlangan, xodimlar orasida qurbonlar bo‘lgan.
Rossiya Mudofaa vazirligiga ko‘ra, javob choralari tayyorlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Kursk viloyatiga ATACMS raketalari bilan hujum uyushtirgandi. “Fighterbomber” kanali Ukraina Qurolli kuchlari Kursk viloyatidagi aerodromga sakkizta ATACMS raketasi bilan zarba berganini yozdi. Unga ko‘ra, zarbadan maqsad nima bo‘lgani noma’lum, chunki “uzoq vaqtdan beri u yerda aviatsiya yo‘q edi va bunday hujumlar bilan aerodromga zarar yetkazish mumkin emas”. Ukrainaning “KіberBoroshno” loyihasi kadrlar geolokatsiyasini aniqladi va zarbalar Kurskdan 10 kilometr uzoqlikdagi Xalino aviabazasi joylashgan Kursk Vostochniy aerodromiga berilgan degan xulosaga keldi.
LiveBarchasi