Putin qo‘rqyapti: G‘alaba paradi “huvillagan” maydonda o‘tkaziladi
Tahlil
−
08 may 1253 10 daqiqa
Rossiyada bu yil g‘alaba paradi qisqartirilgan holda o‘tkaziladi. Unga taklif qilinganlar orasida Markaziy Osiyo mamlakatlari prezidentlari yo‘q, nega? Tahlilchilar Putin qo‘rqayotganini, qurol-yaroqlari va harbiy texnikalari kam qolganini aytmoqda. Bu qanchalik rost? Zelenskiy esa, boshqa davlat vakillariga 9 mayda Rossiyaga bormaslikni maslahat berdi. U hujum uyushtirmoqchimi? II jahon urushi tugaganidan beri Rossiya va MDH mamlakatlarida alohida e’tibor qaratiladigan, ammo bu yil Moskvada kutilmagan ssenariy asosida o‘tkazilishi kutilayotgan 9 may — “G‘alaba kuni” va uning atrofidagi shov shuvli o‘zgarishlarni ko‘rib chiqamiz.
1945 yil Moskva vaqti bilan 9 may sanasida Berlinda nemis qurolli kuchlarining so‘zsiz taslim bo‘lgani to‘g‘risidagi yakuniy hujjat imzolanadi. Shundan so‘ng, SSSR rahbari Iosif Stalin 9 mayni "G‘alaba bayrami" deb e’lon qilish haqida farmon chiqaragan. Moskva radiosining mashhur diktori Yuriy Levitan 9 mayga o‘tar kechasi soat 02:10 da SSSR xalqiga Germaniya to‘liq taslim bo‘lgani va urush tugagani haqida xushxabarni o‘qib bergan.
Ikkinchi jahon urushi yakunlangan kundan beri Rossiya va MDH davlatlarida 9 may sanasi katta tantana bilan nishonlanib kelinadi. Ayniqsa, Rossiyaning o‘zida bu kun rus hukumati va harbiy qudratining ramziga aylangan. Moskvadagi Qizil maydonda o‘tkaziladigan harbiy parad esa, yillar davomida “qudratli rus” g‘oyasining asosiy yoyuvchi vositalaridan biriga aylangan. Har yili may oyining boshida Moskva markazi tanklar shovqini, qiruvchi samolyotlar parvozi va minglab harbiylarning tantanali yurishi bilan to‘lardi.
Ammo bu yilgi “G‘alaba kuni” avvalgilaridan ancha farq qilishi aytilmoqda. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilgi parad qisqartirilgan formatda o‘tkaziladi. Harbiy texnikalar va havo namoyishlari bekor qilindi. Rossiya rasmiylari xavfsizlik sabablarini asosiy omil sifatida ko‘rsatmoqda. Kreml esa, bunda Ukrainani ayblamoqda. Urush boshlanganiga uch yildan oshgan bir paytda, avvallari dabdaba va ishonch ramzi bo‘lgan “G‘alaba kuni” kamtarona bayramga aylanib qolmoqda. Xo‘sh, nega?
Moskvada 9 may qanday o‘tadi?
2026-yilgi 9 may “G‘alaba kuni” paradiga sanoqli kunlar qolgan bir paytda Moskva odatdagi tantanali kayfiyatdan ko‘ra, xavfsizlik masalalari bilan ko‘proq band bo‘lib qoldi. Rossiya Mudofaa vazirligi va Kreml vakillari bu yil Qizil maydondagi asosiy harbiy parad “qisqartirilgan formatda” o‘tkazilishini rasman tasdiqladi. Eng katta o‘zgarishlardan biri — paradning asosiy ramzlaridan hisoblangan harbiy texnikalar kolonnasi namoyish qilinmasligi bo‘ldi. Odatda Qizil maydonda tanklar, raketa tizimlari, zirhli mashinalar va boshqa og‘ir texnikalar namoyish qilinardi. Bu yil esa, ular parad dasturidan olib tashlangan. Ayrim harbiy o‘quv muassasalari kursantlari, kadetlar va yoshlar harbiy tashkilotlari ham tadbirda qatnashmaydi.
Aslida bu yilgi paradning qisqartirilishi haqidagi xabarlar ancha oldin tarqala boshlagandi. Avvalroq, Z-blogerlar an’anaviy parad butunlay bekor qilinishi mumkinligi haqida xabar bergan edi. “Fighterbomber” kanali muallifi Ilya Tumanov aprel oyi boshida paradning havo qismi mashg‘ulotlari bekor qilinganini ma’lum qilgandi. Ba’zi nashrlarning yozishicha esa, bu yil Moskvada odatda 9 maydan kamida ikki hafta oldin boshlanadigan birinchi mashg‘ulot hali e’lon qilinmagan. Odatda mashg‘ulotlar Moskva viloyatidagi “Alabino” poligonida boshlanadi, aprelning 20-sanalariga kelib Moskva transport departamenti parad mashg‘ulotlari sababli yo‘llar yopiladigan sanalarni e’lon qilardi va yo‘llarga maxsus belgilar chizilardi. Ammo bu safar bunday tantanaga tayyorgarliklar ancha kech boshlandi. Mart oyi oxirida Kreml paradning bosh mashg‘uloti 7 mayda bo‘lib o‘tishini ma’lum qilgandi.
27 aprel kuni Rossiyada "xorijiy agentlar" ro‘yxatiga kiritilgan siyosatshunos Yekaterina Shulman va jurnalist Aleksandra Prokopenko o‘z manbalariga tayanib, bu safar paradga harbiy texnika kiritilmasligini xabar qilishgandi.
“Putin uchun muqaddas marosim hisoblangan 9 may paradi Qizil maydonda harbiy texnikalarsiz, faqat piyoda askarlar safi ishtirokida bo‘lib o‘tadi. Manbalarga ko‘ra, tadbirda odatdagidek minglab emas, balki bir necha yuzlab mehmonlar ishtirok etadi. Butun tomosha bir soatdan kamroq davom etadi. Targ‘ibot mashinasi bularning barchasi boshidanoq rejalashtirilganini va dronlarga hech qanday aloqasi yo‘qligini da’vo qiladi”, deb yozadi Aleksandra Prokopenko o‘zining X sahifasida.
Buni qarangki, oradan ikki kun o‘tib, 29 aprel sanasida Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu qarorni tasdiqlab, buni “Ukraina tomonidan davom etayotgan terrorchilik faolligi” bilan izohladi. Rossiya tomoni so‘nggi oylar davomida Ukraina dronlari Rossiya hududining ichkarisiga, jumladan Moskva atrofidagi hududlargacha yetib kelayotganini aytmoqda. Shu sababli, xavfsizlik choralari kuchaytirilgani, parad imkon qadar qisqartirilgani ta’kidlanmoqda.
“Xavfni minimallashtirish uchun barcha choralarni ko‘rmoqdamiz. Shu tufayli bu yilgi G‘alaba paradida harbiy texnika yoki kursantlarning ishtirok etmasligini ma’lum qilamiz”, deydi Peskov.
Mutaxassislarning yozishicha, Kreml ayniqsa uzoq masofali dron hujumlari ehtimolidan xavotirda.
7 may kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaga yaqin davlatlarga murojaat qilib, 9 may kuni Moskvaga bormaslikni tavsiya berdi. Telegram-kanalida yozib qoldirgan postida u Ukraina maxsus operatsiya kuchlari va boshqa harbiy bo‘linmalariga minnatdorlik bildirib, Rossiya hududidagi bir nechta muhim ob’ektlarga uzoq masofali zarbalar berilganini aytgan. Zelenskiyning yozishicha, Ukraina Rossiyaga yana bir bor o‘t ochishni to‘xtatishni taklif qilgan. Bu safar 6 maydan boshlab to‘liq sukut rejimini joriy etish taklif etilgan. Ukraina tomoni bunga tayyor bo‘lganini bildirgan, ammo javoban Rossiya tomonidan yangi zarbalar va tahdidlar bo‘lgan.
“Ular Ukrainadan o‘z paradlarini xavfsiz o‘tkazish uchun ruxsat so‘rayotgandek. Bir soat tinch turib, keyin yana odamlarimizni o‘ldirish va urushni davom ettirishni xohlashyapti. Bu g‘alati va mutlaqo noadekvat mantiq. Rossiyaga yaqin ayrim davlatlar Moskvadagi tadbirlarda ishtirok etish uchun o‘z vakillarini yuborishni rejalashtirishyapti. 9 may kuni Moskvaga borish istagining bo‘lishi g‘alati. Biz buni tavsiya qilmaymiz”, degan Ukraina prezidenti.
Rossiya poytaxtida xavfsizlik choralarining kuchaygani allaqachon kundalik hayotga ham ta’sir qila boshlagan. Moskvaning ayrim aeroportlari vaqtincha yopilgan, markaziy hududlarda mobil aloqa va internet cheklovlari joriy etilgan. Shahar markazida qo‘shimcha tekshiruv punktlari paydo bo‘lgan, ayrim joylarda havo hujumidan mudofaa tizimlari va qurollangan xavfsizlik kuchlari kuchaytirilgan. Britaniyaning “The Guardian” nashri Moskva ko‘chalarida snayperlar va qo‘shimcha harbiy postlar joylashtirilgani haqida ma’lumot bermoqda.
Rossiya Mudofaa vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, paradning piyoda qismi saqlab qolinadi, lekin Suvorov harbiy va Naximov dengizchilik bilim yurtlari hamda kadet korpuslari tarbiyalanuvchilari paradda qatnashmaydi. Ya’ni harbiylar saf tortib yurishi davom etadi. Ayrim manbalarda Su-25 hujumchi samolyotlarining an’anaviy uchish dasturi qolishi mumkinligi ham aytilmoqda. Biroq asosiy e’tibor texnik parad emas, xavfsizlikka qaratilgani sezilmoqda.
Bu yilgi parad atrofidagi xavotirlar Rossiya-Ukraina urushining yangi bosqichini ham ko‘rsatmoqda. Urushning dastlabki yillarida Moskva hududi nisbatan xavfsiz hisoblangan bo‘lsa, endi Ukraina dronlari Rossiya ichkarisidagi strategik ob’ektlargacha yetib borayotgani haqida tez-tez xabarlar chiqmoqda. Reuters xabariga ko‘ra, 7 may kuni Rossiya havo mudofaasi tizimlari Moskva tomon uchayotgan o‘nlab dronlarni urib tushirganini ma’lum qilgan.
Ammo, ijtimoiy tarmoqlarda 2026 yil 9 maydagi paradning bekor qilinishi mumkinligi haqidagi muhokamalar fonida, Ukraina Prezidenti ofisi rahbarining maslahatchisi Mixail Podolyak “Breakfast Show” YouTube kanali efirida Ukraina harbiylari gumanitar sabablar tufayli Moskvadagi G‘alaba paradiga hujum qilmasligini, chunki u yerda tinch aholi vakillari ko‘p bo‘lishini ma’lum qildi.
“Gumanitar tamoyillarni hech kim bekor qilmagan, hech kim tinch aholiga va fuqarolik infratuzilmasiga hujum qilmaydi”, dedi u.
“G‘alaba kuni” faqat ichki tadbir emas, balki Kreml uchun muhim siyosiy va diplomatik marosim ham hisoblanadi. Har yili Moskvaga xorijiy mehmonlar, ittifoqchi davlatlar delegatsiyalari va ayrim xorijiy liderlar taklif qilinadi. Bu yil ham bir nechta davlat vakillarining kelishi kutilmoqda. Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso Moskvaga borishini bildirgan, biroq u harbiy paradning o‘zida qatnashmasligini aytgan. Oxirgi kunlarda Yevropa bilan yaqinlashishni boshlagan Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan esa, ochiqchasiga paradga bormasligini e’lon qildi.
“Men bu haqda aprel oyida Rossiyaga qilgan tashrifim chog‘ida ushbu mamlakat Prezidentiga xabar bergandim”, deydi u jurnalistlarga.
O‘tgan yili qariyb 27 davlatdan vakil kelgan bayramga bu safar tashrif buyuruvchilar soni juda ham kam. 7 may kuni Kreml matbuot xizmati tomonidan G‘alaba kunini nishonlash uchun Moskvaga tashrif buyuruvchi “xorijiy delegatsiyalar” rahbarlarining ro‘yxati e’lon qilindi. Ma’lum qilinishicha, tadbirda Abxaziya prezidenti Badra Gunba, Belarus rezidenti Aleksandr Lukashenko, Laos Prezidenti Txonglun Sisulit, Malayziya Oliy hukmdori sulton Ibrohim, Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso va Janubiy Osetiya prezidenti Alan Gagloyev ishtirok etadi.
Rossiyada “G‘alaba kuni” paradlari Ikkinchi jahon urushida qozonilgan zafarning asosiy ramzi sifatida ko‘riladi. Ayniqsa Vladimir Putin davrida bu tadbir davlat qudrati, tarixiy xotira va harbiy salohiyat namoyishiga aylangan edi. Qizil maydondagi paradlarda minglab harbiylar, yuzlab texnikalar va zamonaviy qurollar namoyish qilinar, osmonda esa qiruvchi samolyotlar uchardi. Ammo 2026-yilgi parad so‘nggi yillardagi eng kamtar tadbirlardan biri bo‘lishi kutilmoqda.
Aytilmagan sabablar
2026-yilgi 9 may paradida tanklar, raketa tizimlari va zirhli texnikalar bo‘lmasligi haqidagi xabar Rossiyada katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Odatda parad davomida “Yars” yadroviy raketa majmualari, “T-90” tanklari, “Iskander” tizimlari va boshqa zamonaviy qurollar namoyish qilinardi. Bu safar esa, Rossiya Mudofaa vazirligi “joriy operativ vaziyat” sababli harbiy texnikalar kolonnasi bekor qilinganini e’lon qilmoqda.
Rasmiy Moskva buning asosiy sababini Ukraina dron hujumlari xavfi bilan izohladi. So‘nggi ikki yil ichida Ukraina urushni Rossiya hududi ichkarisiga olib kira boshladi. Dronlar neft bazalari, harbiy zavodlar, aeroportlar va hatto Moskva atrofidagi hududlargacha yetib bormoqda. Ayniqsa, 2025 yil oxiri va 2026 yil boshidan boshlab Rossiya poytaxti atrofida dron tahdidi sezilarli kuchaydi. Shu sababli Kreml bu yil paradni maksimal darajada xavfsiz formatga o‘tkazishga urinmoqda.
Aslida xavfning o‘zi faqat parad kuni bilan bog‘liq emas. Harbiy texnikalar paradga bir necha hafta oldin tayyorlana boshlaydi. Tanklar va raketa tizimlari Moskva tashqarisidagi maxsus hududlarga olib kelinadi, u yerda repetitsiyalar o‘tkaziladi. OSINT (ochiq manbalar asosidagi razvedka) tahlilchisi va Conflict Intelligence Team asoschilaridan biri Ruslan Leviyevga ko‘ra, aynan shu tayyorgarlik hududlari eng zaif nuqta hisoblanadi. Uning aytishicha, katta texnikalarni yashirish qiyin va dronlar uchun bunday ob’ektlar juda qulay nishonga aylanishi mumkin. Agar bitta zarba natijasida parad uchun tayyorlangan texnikalar yo‘q qilinsa yoki shikastlansa, bu nafaqat harbiy, balki kuchli mafkuraviy zarba ham bo‘ladi.
Rossiya harbiy blogerlari ham bu qarorni “majburiy ehtiyot chorasi” sifatida baholamoqda. “Komsomolskaya Pravda” nashrining muxbiri Aleksandr Kotsning yozishicha, aslida paradning o‘zi ham bekor qilinishi mumkin edi. Uning fikricha, Kreml xavfga qaramay “an’anani saqlab qolish” uchun hech bo‘lmaganda piyoda paradini qoldirishga qaror qilgan.
Bu yilgi paraddagi o‘zgarishlarning yana bir jihati — Rossiya endi urushni uzoq front emas, ichki xavfsizlik muammosi sifatida ham his qila boshlaganidir. So‘nggi kunlarda Moskva aeroportlari bir necha marta yopildi, mobil internet cheklovlari joriy qilindi, shaharda qo‘shimcha tekshiruv punktlari paydo bo‘ldi. Britaniyaning “The Guardian” gazetasi Moskva markazida snayperlar va kuchaytirilgan xavfsizlik postlari joylashtirilganini yozdi.
Avstriyalik harbiy tarixchi va Viner-Noyshtadtdagi harbiy akademiya o‘qituvchisi Markus Raysnerning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Qurolli kuchlarining anjomlari va texnikasi, shuningdek, ularni tashish uchun logistika vositalari allaqachon frontga jalb qilingan va aynan shu sababli paradda ishtirok etmaydi.
Peskov aytayotgan "terrorchilik tahdidi" tufayli emas, balki urush barcha resurslarni yutib yuborayotgani sababli parad qisqartirilmoqda. Rossiya tomonida yetarli darajada texnika mavjud, biroq ularni frontdan paradga va ortga tashish o‘ta yuqori xarajatlarni talab qiladi”, deydi u.
Yana bir harbiy ekspert Yan Matveyevning fikricha, urush vaqtida iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelayotgan aholiga harbiy qurollarni ko‘rsatish ularda agressiyani oshirib yuborishi mumkin.
"Yana bir sabab, urush muvaffaqiyatsizligi fonida harbiy texnikaga juda ko‘p e’tibor qaratishni istamaslik, allaqachon norozi bo‘lgan jamoatchilikni g‘azablantirmaslikdir", deydi Matveyev.
Qizig‘i shundaki, Rossiya “G‘alaba kuni” paradini so‘nggi yigirma yil davomida aynan harbiy qudratni ko‘z-ko‘z qiluvchi shouga aylantirib yuborgan edi. 2008 yildan boshlab Qizil maydonga og‘ir texnikalar qaytarilgandi va bu Putin davridagi yangi militaristik imijning muhim qismiga aylanib ulgurgan. Ayniqsa, Ukraina urushi boshlanganidan keyin parad Kreml propagandasining markaziy sahnasiga aylandi. Rossiya telekanallari frontdagi askarlar, yangi qurollar va “tarixiy missiya” haqidagi chiqishlarni aynan 9 may bilan bog‘lab ko‘rsatardi. Shu sababli texnikalarsiz parad ko‘plab kuzatuvchilar uchun noodatiy ko‘rinmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, bu galgi parad Kreml ichida ketayotgan xavotirlar va urush keltirib chiqargan og‘ir iqtisodiy vaziyatning hosilasidir. Mutaxassislar urushda Rossiya g‘alabasini har qancha bashorat qilmasin, zamonaviy texnologiyalrga tayanuvchi assimetrik janglar bugun Moskvani ham hujumkor emas, himoya pozitsiyasiga o‘tishga majbur qila olmoqda.