Slovakiya Prezidenti Ukrainaning YeIga qo‘shilishi uchun asosiy shartni aytdi
Olam
−
03 iyun 4606 2 daqiqa
Slovakiya Prezidenti Peter Pellegrini Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish jarayoni faqat qurolli mojaro yakunlanganidan keyin boshlanishi mumkinligini ma’lum qildi. U bu haqda TA3 telekanali orqali namoyish etilgan matbuot anjumanida gapirdi.
“Ukrainadagi mojaroni diplomatik yo‘l bilan yakunlash ustuvor vazifa bo‘lishi kerak. Bu Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga yaqinlashuvi bo‘yicha amaliy qadamlarni muhokama qilishning asosiy sharti bo‘lishi lozim”, degan Pellegrini.
Slovakiya rahbari, shuningdek, hech bir davlat Yevropa Ittifoqiga kirishda “qisqa yo‘l”ga ega bo‘lmasligi kerakligini ta’kidladi. Uning fikricha, G‘arbiy Bolqon davlatlari uzoq va murakkab islohotlar yo‘lini bosib o‘tgani sababli Ukrainadan ustunlikka ega.
Pellegrini Ukrainani G‘arbiy Bolqon davlatlaridan oldin Yevropa Ittifoqiga qabul qilish g‘oyasini adolatsiz qaror va ushbu mamlakatlar fuqarolariga nisbatan salbiy signal deb atadi.
Avvalroq Italiya Mudofaa vaziri Gvido Krozetto ham Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi masalasini “nihoyatda murakkab” deb baholagan edi. Uning aytishicha, Ukraina o‘zining hududi va iqtisodiy tizimi tufayli ittifoqqa qo‘shilsa, Yevropa Ittifoqining ko‘plab davlatlarida jiddiy qishloq xo‘jaligi inqirozi yuzaga kelishi mumkin.
21 may kuni Germaniya kansleri Fridrix Mers Ukrainaga Yevropa Ittifoqiga to‘liq a’zolik sari oraliq bosqich sifatida “assotsiatsiyalashgan a’zo” maqomini berishni taklif qilgan edi. Bu maqom Ukrainaga Yevropa Ittifoqi yig‘ilishlarida qatnashish imkonini beradi, biroq ovoz berish huquqini bermaydi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa bu taklifni “adolatsiz” deb baholab, Kiyev Yevropani “yarim choralar bilan emas, to‘liq himoya qilayotganini” ta’kidlagan.
Ukraina 2022 yil iyunidan buyon Yevropa Ittifoqiga nomzod davlat maqomiga ega. Zelenskiy mamlakat 2027 yilga borib ittifoqqa to‘liq qo‘shilish uchun texnik jihatdan tayyor bo‘lishini aytgan.
Biroq Yevropa Ittifoqining kengayish masalalari bo‘yicha komissari Marta Kos 2026 yil fevral oyida amaldagi tartib doirasida Ukrainaning 2027 yilda ittifoqqa qo‘shilishi imkonsiz ekanini bildirgan. Kansler ham Kiyevning 2027 yoki 2028 yil boshida Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishi real emasligini qayd etgan.
Fevral oyida Yevrokomissiya Ukrainaning a’zoligini tezlashtirish uchun avval to‘liq a’zolik berish, so‘ng bosqichma-bosqich integratsiyani amalga oshirishni nazarda tutuvchi “teskari kengayish” modelini taklif qilgan edi. Biroq bu tashabbus Yevropa Ittifoqida shubha bilan kutib olinib, 4 mart kuni a’zo davlatlar elchilari yig‘ilishida rad etilgan.
2025 yilda Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi harbiy ittifoq masalasi emasligi sababli mamlakatning suveren huquqi ekanini bildirgan edi.
Live
BarchasiTurkiyada F-16 halokatga uchradi
12 avgust