Rossiyaning Ukrainaga bergan zarbalari oqibatida 23 kishi halok bo‘ldi (video)
Olam
−
10:51 415 2 daqiqa
Kecha, 2 iyun kuni tunda Rossiyaning Kiyev va Dnepr shaharlariga amalga oshirgan hujumlari oqibatida halok bo‘lganlar soni 23 nafarga yetdi. Bu haqda mahalliy hokimiyatlar ma’lum qildi.
Kiyev meri Vitaliy Klichko ijtimoiy tarmoqlarda yana bir jarohat olgan shaxs shifoxonada vafot etganini ma’lum qilgan. Shu tariqa Ukraina poytaxtida halok bo‘lganlar soni 7 nafarga yetgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 90 kishi jarohat olgan.
Dnepr viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Aleksandr Ganja Dnepr shahrida qutqaruv ishlari yakunlanganini, Rossiya raketalari urilgan turar joylar vayronalari ostidan 16 kishining jasadi topilganini bildirgan. Uning aytishicha, 42 kishi jarohat olgan, ular orasida 4 nafar bola ham bor.
“Ularning uch nafari shifoxonada, shuningdek 21 nafar kattalar ham davolanmoqda”, deya yozgan u.
2 iyun tunda Rossiya harbiylari Kiyev, Xarkov va Dnepr shaharlariga ommaviy hujum uyushtirgan. Ukraina havo kuchlari Kaspiy dengizi hududidan “Kalibr” raketalari uchirilganini qayd etgan.
Ukraina Qurolli kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, hujumlarda jami 73 ta raketa va 656 ta turli turdagi dron ishlatilgan. Ular orasida 5 ta “Kalibr”, 33 ta “Iskander-M” ballistik raketa, 27 ta X-101 qanotli raketa va 8 ta 3M22 “Zirkon” raketa borligi bildirilgan.
Ukraina tomoni 33 ta raketa va 33 ta dron nishonga tekkanini, 40 ta raketa va 602 ta dron esa urib tushirilganini yoki yo‘q qilinganini ma’lum qilgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi esa hujumlar “Ukraina Qurolli kuchlari manfaatida ishlatilayotgan mudofaa sanoati korxonalari, yoqilg‘i va transport infratuzilmasi hamda harbiy aerodromlarga” qaratilganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Rostov viloyatidagi Taganrog porti Ukraina bilan bog‘liq mojarolar sababli navbatdagi dron hujumiga uchragani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi