Putin va Lukashenko xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi bitimni imzoladi
Olam
−
07 dekabr
1571Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va belaruslik Aleksandr Lukashenko kecha, 6 dekabr kuni Ittifoq doirasida Rossiya va Belarus o‘rtasida xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjatni imzolashdan oldin Putin, kelishuv mudofaa, Rossiya va Belarus suvereniteti, mustaqilligi va konstitutsiyaviy tuzumini himoya qilish, Ittifoq davlati hududi va tashqi chegarasining yaxlitligi va daxlsizligini ta’minlash bo‘yicha o‘zaro majburiyatlarni belgilab berishini aytdi.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, bu muammolarni hal qilish uchun “barcha mavjud kuch va vositalar”dan foydalanish mumkin. Lukashenko esa kelishuv ikki davlat fuqarolari uchun tinch hayot kafolatlarini yaratishini qayd etdi.
Shartnomani imzolash marosimi Minskda bo‘lib o‘tgan Ittifoq davlati Oliy Davlat kengashi yig‘ilishidan so‘ng bo‘lib o‘tdi. Vladimir Putin Belarus poytaxtiga 6 dekabr kuni tushdan keyin keldi.
2023 yilda Rossiya o‘zining taktik yadro qurolini Belarusda joylashtirdi. Belarus Xavfsizlik Kengashi Davlat kotibi Aleksandr Volfovich Ittifoq Davlati Oliy Davlat Kengashi yig‘ilishidan oldin jurnalistlarga endi Aleksandr Lukashenkoning ham o‘z “qizil tugmasi” va yadro portfeli borligini aytdi.
“Faqat Belarus prezidenti Belarus hududida joylashgan qurollardan foydalanish huquqiga ega. Va faqat Rossiya Prezidenti Rossiya hududida joylashgan qurollardan foydalanish va ularga buyruq berish huquqiga ega”, dedi u.
Noyabr oyida Putin AQSH Prezidenti Jo Bayden Ukraina Qurolli kuchlariga AQSHning uzoq masofali ATACMS raketalari yordamida Rossiya hududiga hujumlar uyushtirishga ruxsat berganidan ko‘p o‘tmay, Rossiyaning yangilangan yadroviy doktrinasini ma’qulladi. Rossiya Federatsiyasining yangilangan yadroviy doktrinasi yadroviy zarba uchun asos “yadroviy davlat ko‘magida har qanday yadrosiz davlat tomonidan Rossiya Federatsiyasi va uning ittifoqchilariga tajovuz qilish” bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.
LiveBarchasi