Haftaning shoh va motlari yoxud o‘yin ichidagi o‘yin

Tahlil

Hayotimizning o‘zi shaxmat stoliga o‘xshaydi. Unda kimdir shoh, kimdir mot bo‘lishga mahkum. Donalar qayta terilganda esa hammasi o‘z holiga qaytadi – piyoda piyodligicha, amaldor amaldorligicha qoladi. O‘yin zavqi kim qancha donani ag‘darishida yoki kim shoh, kim mot bo‘lishida emas. Oqning o‘rnini qora, qoraning o‘rnini oq olishida. Bu shaxmat taxtasiga ko‘chgan azaliy kurash, jonli falsafa. O‘tgan shanbadan shanbagacha, yetti kun ichida sodir bo‘lgan voqealarning tahlili bilan qarshingizda Qamariddin Shayxov. 

Shaxmat stolida qanday yurish qilish, o‘yin halol bo‘lishi, albatta, tomonlarga, inson omiliga bog‘liq. Har qanday o‘yinda g‘irromlik bo‘lganidek, shaxmatda ham ba’zan g‘irromlik qilib turiladi. Ammo bu uchun o‘ta ayyor bo‘lish kerak. Mayli, buncha aqllilik qilding, demang. Tahlillarga o‘tay. 

Xayr, Komilov!

O‘zbekistonda sud hokimiyatidan norozilar ko‘pligi, uni tagi bilan isloh qilish kerakligi, odamlar suddan adolat topmay qo‘ygani anchadan buyon gapirib kelinadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ham 2017 yildan beri deyarli har bir chiqishida sudlarga islohot zarurligini bot-bot takrorlardi. Bu hafta gaplar amalga ko‘chib, kutilgan islohot uchun katta qadam tashlangandek bo‘ldi. 

2017 yilning may oyigacha Oliy xo‘jalik sudida raislik qilib, so‘nggi olti yilda Oliy sudni boshqargan Kozimjon Komilov 10 avgust kuni lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rniga O‘zbekiston Prezidentining huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimida ishlab kelayotgan Baxtiyor Islomov keldi. Ochig‘i, Islomovning ushbu lavozimga tayinlanishi huquq faollari bo‘ladimi yo advokatlar, ko‘pchilik tomonidan iliq qarshilandi. 

Endi masalaning boshqa tomonlariga to‘xtalsak: qizig‘i shundaki, Komilov hali lavozimidan ozod etilmay turib, jamoatchilik orasida va OAVda uning ketgani haqida axborotlar e’lon qilina boshladi. Oradan bir necha soat o‘tib, Oliy Majlis Senatining 30-yalpi majlisi favqulodda o‘tkazildi. Favqulodda deyishimizning sababi bor. Boisi o‘tgan haftaning 4-5 avgust kunlari Senatning 29-yalpi majlisi bo‘lib o‘tgandi. Odatda Senat ikki-uch kun oralatib yalpi majlis qilmaydi. Qolaversa, ushbu majlisda faqat Komilovning ketishi masalasi ko‘rilgan. Ha shunaqa dardi bor ekan, nega Senatning 29-yalpi majlisining o‘zida shu masalani ko‘rib qo‘ya qolmadinglar? 

Prezident Komilovning, jumladan yana 6 kishining nomzodini Konstitutsiyaviy sud sudyasi lavozimiga ko‘rsatdi.

Xo‘sh, Komilov nega bir yo‘la nafaqaga chiqib qo‘ya qolmadi? Uning Oliy sud raisi lavozimida ishlashga dosh bermaydigan salomatligi Konstitutsion sudda ishlashga chidamlimi? Masalaning boshqa tomoni ham bor. Komilovning salomatligidagi muammo uning ishdan ketishigacha olib boradigan darajada jiddiy ekan, nega u ikki oy avval nomzodi yana besh yilga Oliy sud raisligiga ko‘rib chiqilayotgan vaqtda buni rad etmadi? Hozircha bu savollar yopiqligicha qolmoqda.

Ha, bu orada Prezident Administratsiyasi raisi Sardor Umurzoqov sud-huquq sohasidan ko‘ngli to‘lmayotgan ko‘rinadi. Boisi u Baxtiyor Islomovni Oliy sud jamoasiga tanishtirish chog‘ida juda keskin va tanqidiy yig‘ilish o‘tkazgan. Bu haqda xabar bergan Komil Allamjonovning aytishicha, “bugun keng jamoatchilikning aksariyati sud tizimidan mutlaqo norozi”.

Ortiqxo‘jayevga navbatdagi hayfsan

Ot tepkisini ot ko‘taradi deganlaridek, shaxmat stolida ham piyodaning kuchi filga yetmaydi. Ammo fil ham o‘ta daxlsiz emas. U ham qachondir chetga surib qo‘yiladi. O‘zimcha shaxmatni o‘rganib olib, endi sizga o‘ratishimni qarang. Hamma o‘zini ishini qilsin, nima dedingiz?! 

Tugayotgan hafta nafaqat Komilovning ishdan olinishi, balki 2018 yilning aprelidan buyon Toshkent shahar hokimi bo‘lib ishlayotgan Jahongir Ortiqxo‘jayevning hayfsan olishi bilan ham yodda qoldi. 

Gap shundaki, Toshkentning Chilonzor ko‘chasini rekonstruksiya qilish jarayonida 101 tup daraxtning ildiz qismi shikastlangan. Oqibatda o‘simlik dunyosiga 420 million 450 ming so‘m zarar yetgan.

Ekoqo‘mitaga ko‘ra, mazkur yo‘l qurilish-ta’mirlash ob’ekti bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda Davlat ekologik ekspertiza xulosasi olinmagan. Mutaxassislarning aytishicha, daraxtlarga o‘sishdan to‘xtaydigan darajada zarar yetgan va besh yil ichida ular qurishi xavfi bor. 

Shuncha daraxtga zarar yetgani haqidagi xabarlar Prezidentgacha yetib bordi va uning topshirig‘iga asosan Chilonzor tumani hokimi Shavkat Mavlonov va prokurori Izzat Bozorov lavozimidan ozod etildi.

Shuningdek, mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygani uchun poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga va poytaxt prokurori Ulug‘bek Qosimovga hayfsan berildi. Darvoqe, bu Ortiqxo‘jayevning birinchi hayfsani emas. Unga 2020 yilning iyul oyida ham hayfsan berilgan. 

Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: nega tuman hokimi va prokurori ishdan olindiyu, boshqalar hayfsan bilan qutulib qoldi? Axir o‘zbekchiligimizda kattaning aytganini kichiklar – u to‘g‘rimi, yo‘qmi degan savolni berib o‘tirmay, bajaradi-ku. Filologiya fanlari doktori – ekolog jurnalist Nargis Qosimovaga ko‘ra, O‘zbekistonda daraxtkushlikka nisbatan jazolarni kuchaytirish kerak. Shuningdek, Toshkent shahar hokimiga ham bundan og‘irroq chora ko‘rilishi kerak edi. 

101 daraxtga shikast yetkazilishi bo‘yicha Jinoyat kodeksining 198-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Shu o‘rinda masalaning yana boshqa jihati ham bor. Xo‘sh, Chilonzor tumanida qurilish-rekonstrutsiya ishlarini olib borgan korxona qaysi? Nega ularning nomi ochiqlanmayapti? Daraxtlarga shikast yetkazgan bevosita ular emasmi? Xo‘sh, bu korxona kimga tegishli? Rasmiy ma’lumotlarda bu haqda so‘z bormayapti. 

Bu hafta ilmning qadri oshdi

Daraxtlar va hokimlar, prokurorlar, sudlar va amaldorlardan sal chekinsak. Har holda oxirgi yillarda yoshlarning amal kursisiga qiziqishi ancha susaygan. Bundan 10-15 yillar avval kimni qaramang o‘g‘lini “yuridicheskiy”ga, akademiyaga, “narxoz”ga, moliyaga kiritgan bo‘lsa, bugun hamma farzandi ulg‘aymasidan poraga bermoqchi bo‘lgan pulini uning qiziqishlariga, ilmiga tikyapti. Kazo-kazo oliygohlarni bitirib, bo‘sh miya, chang bosgan diplom va prokuraturada ishlash orzusini “kira”kraturaga almashganlar ozmi?! 

Bu hafta ilmning qadri oshdi. Beshovlon – Jahongir Vohidov, Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev, Javohir Sindorov va Shamsiddin Vohidov 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston sharafini himoya qilib, mamlakat tarixida birinchi marta oltin medal va ko‘chma kubok sohibiga aylandi. O‘sha kuni o‘zbekistonliklarning quvonchi ichiga sig‘madi, jumladan Prezident Mirziyoyevning ham. U shu kuni chempionlarga qo‘ng‘iroq qilib, ularni birma-bir muborakbod etdi

Chempionlar Toshkentda katta tantana bilan kutib olindi. Ularning har biriga 600 million so‘mdan pul mukofoti, “O‘zbekiston iftixori” unvoni va Equinox avtomobili berildi

“Zamhokim”ning o‘g‘li nega 4 oyga qamaldi?

Yaxshi farzand umrni uzaytiradi, yomoni... Gap shundaki, 11 avgust kuni Oliy sud Andijonda jinsiy zo‘rovonlik qurboni bo‘lgan 14 yashar qiz ishini kassatsiya tartibida ko‘rib chiqib, shu paytgacha chiqarilgan barcha darajadagi sud hukmlarini bekor qildi.

Paxtaobod tumani hokimi o‘rinbosarining o‘g‘li va uning sherigi voyaga yetmagan qizga buzuq harakat qilgan. Holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 129-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Sudning o‘tgan yil 30 avgustdagi hukmiga ko‘ra, yigitlarga 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi.

Jinoyat ishi 2021 yil 9 dekabrda Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyati sudi tomonidan apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilib, birinchi instansiya sudi hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

O‘zbekistonda nafaqat “zamhokim”larning o‘g‘liga balki, ularning o‘ziga ham jinoyat ishi ochilyapti. Bunga birozdan keyin to‘xtalamiz. 

“Prichyom tut Abdullayev?”

Yuqorida kichik xodimning o‘zidan ham yoshi, ham mavqei katta lavozimdagi rahbarga so‘zsiz bo‘ysunishi yozilmagan qoida ekanini aytgandim. Buning ichiga itoat va sadoqatni, har qanday haqoratga bardoshli bo‘lishni ham qo‘shib qo‘ysangiz, bir kun yarab qoladi. Davlat idoralarida ishlaydiganlarning ba’zilari shundan nolib qoladi bizga. Inkor qilishga shoshilmang. O‘zingiz hokimlarning xodimlarini qanday haqorat qilib majlis qilayotganini eshitgansiz.

Hozir gap bu haqida emas. Gap Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi haqida. Qo‘mita raisi Oblomurodovning Axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Bunyod Abdullayev yana lavomizidan ketdi. Yana deganimning sababi bor. U 2021 yilning fevralida ham bosimlar ortidan ishdan ketib, 2022 yilning yanvarida yana qayta tiklangan edi. 

QALAMPIR.UZ manbasining xabar berishicha, Abdullayevning lavozimidan ozod etilishiga Chilonzor tumanidagi daraxtlar qirg‘ini bilan bog‘liq hodisa sabab bo‘lgan. U daraxtlarga zarar yetkazilgani jamoatchilik orasida, ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokamalar keltirib chiqargani ortidan ishdan bo‘shатiлgaн. 

Bunyod Abdullayevning bizga aytishicha, u o‘zi ariza yozgan. Chilonzordagi daraxtkushlik borasida jamoatchilik muhokamasini, Ekologiya qo‘mitasiga e’tirozlarni to‘xtatib qololmagani rahbariyatning g‘azabiga sabab bo‘lganmish. 

“Men bunday haqoratlardan keyin bu joyda ishlay olmasdim”, deydi ariza yozgan Abdullayev. 

O‘lding – aziz bo‘lding

Farg‘ona neftni ishlash zavodida esa ishdan bo‘shatilgani uchun o‘z ustiga benzin to‘kib, so‘ng gugurt chaqqan va og‘ir kuyish jarohatlarini olgan Sanobarxon Xaydarova endi oramizda yo‘q. U 8 kun, 10 avgustgacha shifoxonada jon talvasida yotdi va vafot etdi. Jasad sud-tibbiy ekspertizasi tekshiruviga yuborildi. 

Qayd etilishicha, zavod hamda kasaba uyushmasi qo‘mitasi marhumaning dafn-ma’raka marosimlari xarajatlarini to‘liq qoplashi, oila a’zolariga, eng kam ish xaqining 4 barobari miqdorida, 3 million 680 ming so‘m moddiy yordam ajratilishi, balog‘at yoshidagi farzandlariga o‘qish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun zarur moddiy yordam ajratilishini o‘z zimmasiga olgan. 

O‘lding aziz bo‘lding deganlaridek, opa vafot etib bo‘lgach, Jinoyat kodeksining 103-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Yaponiya hukumati to‘liq iste’fo berdi

Ko‘plab mamlakatlar qimmatchilik, inflyatsiya, iqtisodiy inqiroz, oziq-ovqat mahsulotlari va don-dunning narxi oshib borayotganida dunyoning u yo bu chekkasida bo‘layotgan urushlarni ayblab turgan bir vaqtda, Yaponiya hukumati to‘liq tarkibda iste’foga chiqdi.

Qayd etilishicha, mamlakat Bosh vaziri Fumio Kisida Vazirlar Mahkamasi tarkibini butunlay o‘zgartirishga qaror qilgan. Bu joriy yil sentyabr oyining boshida kutilgan edi, ammo Kisida Yaponiyada iqtisodiy muammolar ko‘payib borayotgani sababli buni hozir qilishga qaror qilgan. Xususan, “yangi kapitalizm” iqtisodiy konsepsiyasini targ‘ib qilishni jadallashtirish rejalari, oziq-ovqat va yoqilg‘i narxlarining ko‘tarilishi hukumat iste’fosining bosh omili bo‘lgan.

O‘zbekistonda davlat xizmatchilariga kulgili taqiq

O‘zbekistonda ham davlat xizmatchilari bilan bog‘liq yangiliklar yo‘q emas. Davlat xizmatchisi tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi, ularning muassisi bo‘lishi, O‘zbekistondan tashqarida hisobvaraqlar ochishi, chet elda ko‘chmas mulk olishi taqiqlandi. Bu haqda 8 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev imzolagan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunda so‘z boradi.

Qonun bilan davlat organlarida fuqarolik hizmatini o‘tash tartibi, ushbu sohadagi davlat boshqaruvi, davlat xizmatchilarining huquqiy maqomi belgilandi.

Davlat xizmatchisi o‘z rahbarining noqonuniy topshiriq va talablarini bajarishdan bosh tortish, korrupsiya haqida xabar berganda davlat himoyasida bo‘lish huquqiga ega, shuningdek, daromadlari va mol-mulki to‘g‘risida deklaratsiya berishi kerak.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: o‘zi O‘zbekistonda qaysi davlat xizmatchisining xorijdan o‘ziga tegishli hisobvarag‘i yo mulki topilgandi? Agar qonunga “xotini, farzandlari yo yaqin qarindoshlarining” degan jumla qo‘shilganda edi... 

Nishon tumani hokimi o‘rinbosari odam urib yubordi

Yuqoridagi “zamhokim”lar masalasidagi gapim chala qolgandi. 

Qashqadaryo viloyati Nishon tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Erkin Boboqulov xizmat avtomobilida Qarshi tumani “Taxtapul” MFY hududida yo‘lning piyodalar o‘tishi uchun mo‘ljallanmagan joyidan kesib o‘tayotgan fuqaroni urib yubordi. Oqibatda 49 yoshli fuqaro vafot etgan. Holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Qochoq G‘ani o‘zini “hamon Prezidentman” deyapti

Shaxmat stolida shoh va mot bo‘lishi, tabiiy. Ammo o‘yindan qochganlar va mag‘lubiyatni tan olmaganlar o‘zini g‘olib deyishi tushunarsiz holat. Afg‘onistonning mamlakatdan qochgan sobiq va hozircha so‘nggi Prezidenti Ashraf G‘ani hamon o‘zini Prezident ekanini iddao qilyapti. U ABN kanaliga bergan intervyusida Mudofaa vazirligi, AQSH elchixonasi va Milliy xavfsizlik idoralari evakuatsiya qilinganini bilgach, Afg‘onistonni tark etishga majbur bo‘lganini aytgan. 

U hokimiyatdagi sherigi va Milliy yarashuv oliy kengashining sobiq rahbari Abdulla Abdulla va hali ham Qobulda bo‘lgan sobiq Prezident Hamid Karzayni qattiq tanqid qilgan. 

Shuningdek, “Tolibon”ga qurolli qarshilik ko‘rsatishni qo‘llab-quvvatlamasligini, biroq ayni paytda “Tolibon” noto‘g‘ri siyosat yuritayotganini va hanuzgacha Pokiston bilan aloqadorligini aytgan. 

G‘ani qanchalar o‘zini Prezident demasin, shu yilning 21 fevralida BMT uni prezidentlar ro‘yxatidan chiqarib tashladi.

Uyi tintuv qilingan Tramp

Hokimiyatdan ketishi qiyin bo‘layotgan bir G‘ani emas. AQSHning sobiq Prezidenti Donald Tramp ham kursisiga shu qadar yopishib olgandiki, oqibatda uni Oq uydan uloqtirishlariga oz oldi. Oradan shuncha vaqt o‘tsa ham uning alami tingani yo‘q. Tugayotgan haftada Federal qidiruv byurosi xodimlari uning Floridadagi qarorgohiga bostirib kirib, tintuv o‘tkazdi va yadroviy qurolga oid maxfiy hujjatlarni qidirdi. Biroq, bu hujjatlar topilganmi yo yo‘q, bu haqdagi ma’lumotlar maxfiyligicha qolmoqda. 

Mahalliy matbuotga ko‘ra, tintuv amaldagi rasmiylarning maxfiy ma’lumotlardan chuqur tashvishlanayotganidan dalolat beradi, ularning fikricha, hujjatlar noto‘g‘ri qo‘llarga tushib qolishi mumkin.

Ukraina urushiga da’vat qilinayotgan O‘zbekiston

Rossiyaning Perm shahridagi “Markaziy Osiyo Perm o‘lkasi o‘zbeklari jamiyati” hududiy jamoat tashkiloti boshqaruvi raisi Jahongir Jalolov vatandoshlarni rasmiy Moskvaga yordam berish uchun Ukrainadagi urushga jalb qilib, batalon tuzish va uning nomini “Amir Temur” deb nomlash taklifi bilan chiqdi. 

Holatga O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi qolib, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati izoh berdi, mamlakat fuqarolaridan bunday da’vatlarga ergashmaslik, ziddiyatli hududlarga bormaslik va harbiy harakatlarda ishtirok etmaslik so‘raldi.

Aytilishicha, Jinoyat kodeksining 154-1-moddasida chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga yollanish uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi ko‘zda tutilgan.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov ham holat bo‘yicha munosabat bildirib, mamlakat fuqarolari xorijiy davlatning harbiy yoki xavfsizlik xizmatlariga yollangani uchun uni fuqarolikdan mahrum qilish tartibini joriy etish rejalashtirilayotganini aytib chiqdi

Umuman olganda, shu kunlarda Rossiyaning Ukrainadagi urushiga postsovet mamlakatlari, jumladan O‘zbekistonni ham jalb qilish masalasi haqida ovozlar balandroq eshitila boshladi. Rossiya Federatsiyasi parlamenti quyi palatasi deputati Yevgeniy Fyodorov “Govorit Moskva” radiosi bilan suhbatda Permda o‘zbeklar batalonini tuzish bo‘yicha taklifni qo‘llab-quvvatlashini aytdi. 

“O‘zbekiston ham bu operatsiyani xalqaro nuqtai nazardan o‘ziniki sifatida tan olishi uchun u bilan ish olib borishimiz lozim. Ular ko‘ngillilar. Ular Rossiyaning qahramonlari. Toshkentda tug‘ilganining farqi yo‘q. Agar siz Vatan uchun kurashsangiz, Rossiya qahramoni bo‘lishingiz mumkin. Konstitutsiyaga ko‘ra, Rossiya Sovet Ittifoqining huquqiy vorisi hisoblanadi”, deydi deputat. 

Rossiya va AQSHda o‘zbekistonliklar terrorizmda ayblandi

Bu orada Rossiya Federatsiyasi Novosibirsk shahridagi Birinchi Sharqiy okrug harbiy sudi o‘zbekistonlik shaxsni “Al-Qoida” terroristik tashkiloti yacheykasi bo‘lgan “Sodiqlar” tashkilotini tashkil etishda ayblab, umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. 

U noqonuniy qurolli guruh tashkil etish hamda terrorchilik tashkiloti faoliyatini yo‘lga qo‘yish va unda ishtirok etish moddalari bo‘yicha sudlangan.

ISHID va “Jabhat an-Nusra” terrorchilik tashkilotiga moddiy yordam berishda aybdor deb topilgan O‘zbekiston fuqarosi Dilshod Husanov esa AQSHning Bruklin federal sudida 11 yilga ozodlikdan mahrum қiлiндi. 

Sudya Husanovni Chikagoda yashab kelgan o‘zbekistonlik terrorchilarga yordam berishda aybdor deb topgan. Ayblanuvchi 2021 yil oktyabr oyida o‘ziga qo‘yilgan aybni tan olgan.

Sud materialiga ko‘ra, Husanov 2014-2015 yillarda ISHID va “Jabhat an-Nusra” safiga qo‘shilib, jang qilish istagidagilarni Suriyaga yo‘llash uchun pul yig‘adigan moliyaviy tarmoq a’zosi bo‘lgan. Moliyaviy tarmoq “choyxona” deb atalgan. U moliyaviy yordam ko‘rsatish bilan cheklanmay, atrofidagilarni Suriyada jang qilishga da’vat qilgani aytilmoqda.

Husanov jazo muddatini o‘tab bo‘lgach, O‘zbekistonga deportatsiya qilinadi.

“Asalhoney”ning qotiliga hukm o‘qildi

“Asalhoney” nomi bilan tanilgan ayol Asal Xo‘jayevaning qotili 16,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. 

Sud hukmiga ko‘ra, ayblanuvchi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “i” bandi va 164-moddasi (bosqinchilik) 3-qismi “v”, “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasiga asosan tayinlangan asosiy jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan 16,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, Asal Xo‘jayevaning murdasi joriy yilning 18 mart kuni soat Yashnobod tumani, Maxtumquli ko‘chasi, 99-uy, 210-xonadonning yotoqxonasida qotillik alomatlari bilan topilgandi.

Yeb qo‘yilgan oqqush

O‘zbekistonda odamlar nafaqat daraxtlarni yo‘q qilyapti, balki hech kimga ozori tegmayotgan qushlarni ham so‘yib yemoqda. Toshkentda oila istirohat bog‘idan uchib chiqqan oqqushni ushlab, yeb qo‘ydi. Jonivorni 13 yashar bola so‘ygan

Gap shundaki, Central Park bog‘idagi oqqush to‘siqdan oshib, katta yo‘lga chiqib ketgan. Uni ushlab olgan fuqaro oqqushni uyiga olib ketgan. Qushni fuqaroning 13 yashar o‘g‘li so‘ygan va oila shu kuni kechki ovqatga barra so‘yilgan oqqush go‘shtini yegan.

Fuqaroga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida, ya’ni 600 ming so‘m jarima solingan.

Nazarboyev masjidi

Qozog‘iston poytaxti Nur-Sultonda Markaziy Osiyodagi eng katta masjid ochildi. Yangi masjid 30 ming kishini sig‘dira oladi. Masjid minoralarining balandligi 130 metrga etadi. Maydoni 68 ming kv metrdan ortiq. Qibla devorini qurishda 25 million kristall ishlatilgan, devor balandligi 22 metrdan ortiq, uzunligi 100 metr. 

Qiziq tarafi shundaki, Markaziy Osiyodagi eng katta masjid deyilayotgan ushbu yangi inshootni Qozog‘iston Prezident Qosim-Jomart To‘qayev emas, balki birinchi Prezident Nursulton Nazarboyev ochib bergan. Qayd etilishicha, u 2019 yilning mart oyida, davlat rahbari lavozimidan iste’foga chiqishidan bir kun avval ushbu masjidga tamal toshini qo‘ygan. 

Nazarboyevga ko‘ra, masjid xayriya va investorlar mablag‘i evaziga qurilgan. Qurilish jarayonida bir tanga ham davlat mablag‘i sarflanmagan. Ochilish marosimidan so‘ng Nazarboyev boshqa qo‘shni mamlakatlardan kelgan diniy ulamolar bilan, jumladan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi – muftiy Nuriddin Xoliqnazarov bilan uchrashgan


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

149

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing