QALAMPIR.UZ dayjesti: hokimlarni jazolagan Turdimov, bloklangan ijtimoiy tarmoqlar, Putinga “tosh otgan” Bayden

Jamiyat

image
Yakunlanib borayotgan 3 noyabr, chorshanba kuni O‘zbekistonda va jahonda yuz bergan voqea-hodisalar hamda yangiliklarning eng muhimlari va eng saralari bilan QALAMPIR.UZ dayjestida tanishing.

Jamiyat 

Shuncha yil “qog‘ozda” ekilgan daraxtlarni hisoblasa, O‘zbekistonda bo‘sh joy qolmasligi kerak edi – Mirziyoyev 

Kecha, 2 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev aholini uy-joy bilan ta’minlash hamda yashil maydonlarni kengaytirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishida tizim, qarov bo‘lmagani uchun ekilgan daraxtlarning ko‘pi qurib ketganini, bugungi va kelgusidagi ekologik vaziyatni inobatga olib, daraxt ekish davlat siyosati darajasiga olib chiqilayotganini ta’kidladi. 

Prezident raisligidagi yig‘ilishda “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari ham ko‘rib chiqildi. Bu loyiha doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish, shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni hozirgi 8 foizdan 30 foizga oshirish rejalashtirilgan.

Turdimov 3 hokim va 20 nafar hokim o‘rinbosarlariga intizomiy jazo choralarini qo‘lladi

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida 20 nafar hokim o‘rinbosarlariga qat’iy ogohlantirish va hayfsan intizomiy chorasi qo‘llanilishi belgilandi. 

Ma’lum bo‘lishicha, hokim va hokim o‘rinbosarlariga nisbatan intizomiy jazo choralarining qo‘llanilishi ularning ish samaradorligi bo‘yicha qayd etgan reyting natijalari bilan bog‘liq.

Boshqa rahbarlar davrida ham buning o‘zgarishi amri mahol – Komilov qo‘shnilar bilan aloqalar haqida

O‘zbekistonning yaqin qo‘shni davlatlar bilan o‘rnatgan konstruktiv, do‘stona munosabatlari boshqa rahbarlar davrida ham o‘zgarmaydi. 

Joriy yilning 22 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning Rossiyaning yetakchi ommaviy axborot vositalari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda so‘z olgan NTV telekanali jurnalisti R.Sobol vazirdan Mirziyoyev davridagi O‘zbekistonning tashqi siyosati haqida so‘radi. 

Komilov jurnalistning savoliga javob berar ekan, mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davrida O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan o‘rnatgan yaqin munosabatlarini alohida urg‘uladi. 

Komilov O‘zbekiston geosiyosiy joylashuvining “minus” tomonlarini aytdi 

Dengizlarga chiqish hamda transport kommunikatsiyalari masalalari O‘zbekiston geosiyosiy joylashuvining muammoli tomonlari hisoblanadi. Markaziy Osiyo mintaqasining markazida joylashganligi esa uning ustunligidir. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov rossiyalik jurnalistlar bilan suhbatda aytib o‘tdi.

“Shuni tushunish kerakki, O‘zbekiston muayyan pozitsiyani egallab turibdi. Bir tomondan, bu afzallik – Markaziy Osiyoning markazida joylashganligi. Boshqa tomondan, bunday noyob pozitsiya bilan bog‘liq muammolar ham mavjud – dengizlarga chiqish, transport kommunikatsiyalari va qo‘shni davlatlar bilan ikki tomonlama xarakterdagi ba’zi hal etilmagan muammolar”, deydi Komilov. 

Paxta terimchilariga ustama haq to‘lanadi

Kecha, 2 noyabr kuni Vazirlar Mahkamasining “2021 yil paxta hosilini yig‘ib-terib olish ishlarini moliyalashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 666-son qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan 2021 yil hosili uchun yetishtirilayotgan paxta xom ashyosini yig‘ib-terib olishga talab etiladigan mablag‘lar va ularning manbalari viloyatlar kesimida tasdiqlandi.

Moliya vazirligiga klasterlarga paxta xom ashyosini terib olish uchun yillik 14% stavkada (shundan 1% bank marjasi) kredit ajratish maqsadida 6 oy muddatda qaytarish sharti bilan "Agrobank" ATB depozitiga 1,6 trln so‘mgacha mablag‘lar joylashtirish topshirildi.

Bosh prokuraturaga qarshi ochilgan ish bo‘yicha ma’lumot berildi

Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining yurak xurujidan vafot etgan jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi prokurori Samir Rahmonovning otasi o‘g‘lining oilasiga qonuniy nafaqa puli to‘lanmayotgani uchun sudga da’vo kiritgani haqida xabar bergan edik.

Toshkent shahar sudlari Samir Rahmonovning otasi ochgan da’vo bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, da’vogar A.Rahmonov joriy yilning 3 avgust kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudiga javobgar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga nisbatan farzandi vafoti munosabati bilan ish joyidan nafaqa puli undirish haqidagi da’vo arizasi hamda ma’naviy zararni undirish to‘g‘risidagi qo‘shimcha da’vosi bilan murojaat qilgan.

Sodiq Safoyev Yaponiya imperatorining oliy ordeni bilan mukofotlandi

Bugun, 3 noyabr kuni Yaponiya hukumati 2021 yilning kuzida imperator ordeni bilan mukofotlangan chet ellik fuqarolar ro‘yxatini e’lon qildi. Ushbu ro‘yxatga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev ham kiritilgan. Bu haqda Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Sodiq Safoyev O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalarni chuqurlashtirish hamda do‘stona munosabatlarni rivojlantirish yo‘lidagi ko‘p yillik xizmatlari uchun “Chiqayotgan quyosh Katta Kordon ordeni” bilan taqdirlangan.

Toshkentning asosiy ko‘chalaridan biri vaqtincha yopildi 

Bugun, 3 noyabr kuni soat 00:00 dan 4 noyabr kuni soat 11:00 ga qadar Toshkent shahrida bir nechta ko‘cha vaqtincha yopildi.

Qayd etilishicha, yo‘l ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari olib borilishi munosabati bilan bugun, 3 noyabr kuni soat 00:00 dan 4 noyabr kuni soat 11:00 ga qadar Islom Karimov ko‘chasining Sharof Rashidov ko‘chasi kesishmasidan Amir Temur shoh ko‘chasi kesishmasigacha bo‘lgan qismi transport harakatlanishi uchun vaqtincha yopilgan.

O‘zbekistonda “Youtube”, “Facebook”, “Telegram” va “Instagram” bloklandi

Bugun, 3 noyabr kuni O‘zbekistonda Telegram. Facebook, Instagram ijtimoiy tarmoqlari va YouTube videoxostingi faoliyatida uzilishlar kuzatila boshlandi.

Biroz o‘tib esa bugun, 3 noyabrdan boshlab, “Moy Mir”, “Odnoklassniki”, “Youtube”, “Facebook”, “Telegram”, “Instagram” va “Linkedn” kabi messenjer va ijtimoiy tarmoqlar ham Shaxsga doir ma’lumotlar sub’ektlari huquqlarini buzuvchilar reyestriga kiritilgani ma’lum bo‘ldi.

O‘zbekistonda ommalashgan ijtimoiy tarmoqlarning bloklanishi ortidan foydalanuvchilar orasida  keskin norozilik yuzaga keldi. Natijada ko‘p o‘tmay bloklangan platformalar yana odatdagidek ishlashni boshladi.

Olam

“Uning tundrasi yonmoqda”. Bayden Putinni tanqid qildi

AQSH Prezidenti Jo Bayden Rimdagi G20 yig‘ilishida Rossiya va Xitoy “ishtirok etmaganini” ta’kidlab, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin iqlim bo‘yicha nima qilmoqchiligi haqida ma’lumotga ega emasligini aytdi.  

Ta’kidlanishicha, Bayden Glazgodagi matbuot anjumanida Xitoyni tanqid qilib, u o‘zini dunyo yetakchisi deb da’vo qilayotganini, lekin G20 kabi forumlarda qatnashmasligini ham aytgan. 

“Rossiyada Putin bilan ham xuddi shunday. Uning “tundrasi yonmoqda”. Uning tundrasi tom ma’noda yonmoqda. Uning iqlim bilan bog‘liq juda jiddiy muammolari bor, lekin u biron ish qilish istagi haqida indamayapti”, degan Bayden. 

Shundan so‘ng, Kreml ham Baydenning tanqidiga javob qaytardi. Rossiya Prezidenti Matbuot kotibi Dmitriy Peskov shunday dedi:

“Tundra haqiqatan ham yonmoqda, lekin unutmasligimiz kerakki, Kaliforniyada ham o‘rmonlar yonmoqda, Turkiyada va dunyoning boshqa mamlakatlarida ham o‘rmonlar yonmoqda. Aynan shular biz duch kelayotgan iqlim o‘zgarishining oqibatlari”. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Kreml Amerika Prezidentining tanqidiga qo‘shilmaydi. Bundan tashqari, Vladimir Putin Rossiyaning bu yo‘nalishdagi harakatlari haqida Baydenga shaxsan aytib bera oladi.

Nigeriyada 22 qavatli bino qulashi oqibatida 15 kishi halok bo‘ldi

Nigeriyaning yirik shaharlaridan biri Lagosda “lyuks” kvartiralar joylashishi kerak bo‘lgan ko‘p qavatli bino qulab tushdi. 22 qavatli osmono‘par bino qurilishi davom etayotgan edi, uni kelgusi yilda foydalanish uchun topshirish rejalashtirilgan edi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, kamida 15 kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar bedarak yo‘qolgan, qutqaruvchilar omon qolganlarni qidirishda davom etmoqda. 

Imomali Rahmon Markaziy Osiyodagi suv tanqisligi haqida gapirdi 

Shu kungacha Tojikistondagi 14 ming muzlikdan mingdan ortig‘i to‘liq erib ketdi. Bu haqda Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon kecha, 2 noyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining iqlim bo‘yicha konferensiyasi doirasida o‘tkazilgan ikki kunlik sammitda gapirdi. U sammitda onlayn tarzda ishtirok etdi.  

“Muzliklarimiz tez erib ketmoqda. Shu kungacha Tojikistondagi 14 ming muzlikdan mingdan ortig‘i to‘liq erib ketdi”, degan Tojikiston rahbari. 

“Tolibon” Afg‘onistonda xorijiy valyutadan foydalanishni taqiqladi 

Afg‘onistonda hokimiyat tepasiga kelgan “Tolibon” harakati og‘ir iqtisodiy vaziyat tufayli mamlakatda muomalada bo‘lgan xorijiy valyutadan foydalanishni taqiqladi. Bu haqda harakat vakili Zabihulla Mujohid ma’lum qildi.  

“Mamlakatdagi iqtisodiy vaziyat va milliy manfaatlar barcha afg‘onlar faqat Afg‘oniston valyutasidan foydalanishini talab qiladi. Islom Amirligi barcha fuqarolar, do‘kon egalari va tadbirkorlarga moliyaviy operatsiyalarda Afg‘oniston valyutasidan foydalanishda davom etishni va chet el valyutasidan voz kechishni buyuradi”, deb xabar bergan Mujohid. 

“Kimcheninizm”: Kim Chen In otasi va bobosining suratlarini oldirib tashlamoqda

Koreya Xalq Demokratik Respublikasida mamlakatning sobiq yetakchilari Kim Ir Sen va Kim Chen Irning portretlari yo‘qolib qola boshladi. Bunga Shimoliy Koreyaning amaldagi rahbari Kim Chen Inning buyrug‘i sabab qilib ko‘rsatilmoqda. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, Kim Chen In o‘zini “Buyuk yetakchi” deb chaqirishlarini xohlamoqda. Bungacha uning bobosi, KXDR asoschisi Kim Ir Senni shunday chaqirishgan.

Afg‘onistonda yangi qarama-qarshilik: ISHID va “Tolibon” o‘rtasida otishma boshlandi

Bugun, 3 noyabr kuni Afg‘oniston sharqidagi Nangarhor viloyati markazi  Jalolobodda kuchli portlash yuz berdi. 

Qayd etilishicha, Shabarxon og‘a masjididan uncha uzoq bo‘lmagan joyda mamlakat hokimiyatini qo‘lga kiritgan “Tolibon” a’zolaridan birining mashinasi portlab ketgan. Hozirda qurbonlar va jarohatlanganlar haqidagi ma’lumotlarga aniqlik kiritilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, ayni damda ISHIDning bo‘linmasi bo‘lgan “Xurosondagi “Islomiy davlat” guruhi jangarilari bilan “Tolibon” harakati o‘rtasida otishma davom etmoqda.

Sport

Ronaldu MYUda oktyabr oyining eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi

“Manchester Yunayted” hujumchisi Krishtianu Ronaldu klub muxlislari tomonidan oktyabr oyining eng yaxshi futbolchisi, deb topildi.

36 yoshli hujumchi 57 foiz ovoz bilan birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin darvozabon David De Xeaga nasib etgan bo‘lsa, uchinchi pog‘onadan Markus Reshford joy oldi.

Alisher Usmonovning jiyani “Everton” rahbariyatidan ketdi 

Asli kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan milliarder Alisher Usmonovning jiyani Sarvar Ismoilov Angliyaning “Everton” klubi direktorlar kengashidan iste’foga chiqdi.

“Qaror Ismoilov tomonidan qabul qilingan va darhol kuchga kiradi”, deyiladi rasmiy bayonotda.

Biz yutyapmiz, g‘alaba raqibga berilyapti – Rahmatjon Ro‘zioxunov JCHdagi mag‘lubiyatlar haqida

Serbiyada davom etayotgan boks bo‘yicha Jahon chempionati o‘zining hal qiluvchi pallasiga kirdi. Kecha, 2 oktyabr kuni chorak final bahslari o‘z yakuniga yetdi. Ushbu bosqichda ishtirok etgan 6 o‘zbekistonlik bokschining 4 nafari musobaqa bilan xayrlashdi.

Jumladan, 75 kg vazn toifasida Saidjamshid Jafarov Tailand vakili Viparon Jongjoxoga qarshi ringga chiqib, jang davomida katta ustunlikka erishgan bo‘lsa-da, yakunda hakamlar qaroriga ko‘ra 3:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Terma jamoa katta murabbiyi Rahmatjon Ro‘zioxunov raqib bokschisining qo‘li baland ko‘tarilgan paytda hissiyotlarini yashira olmadi va bellashuvdan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

dayjest

Baholaganlar

55

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing