Sobiq Bosh prokuror ozodlikka chiqqani aytilmoqda
Jamiyat
−
05 yanvar 2023
19463O‘zbekiston Respublikasining sobiq Bosh prokurori Rashid Qodirov 2022 yilning 29 dekabr kuni ozodlikka chiqqan. Bu haqda QALAMPIR.UZ’ga holatdan boxabar bo‘lgan bir necha manba xabar qildi.
Tahririyat ushbu ma’lumotni Ichki ishlar vazirligi, Oliy sud, prokuratura organlaridan tasdiqlatishga urindi. Ammo, harakatlarimiz natija bergani yo‘q.
Ichki ishlar vazirligi jazoni ijro etish departamenti Matbuot kotibi Zoir Yo‘ldoshev esa bundan xabari yo‘qligini aytarkan, Rashid Qodirov qamoqdan ozod qilingan taqdirda ham bu ma’lumotni shaxsning ruxsatisiz oshkor qila olmasligini bildirdi.
QALAMPIR.UZ manbasining ma’lum qilishicha, Qodirov 2022 yilning 26 dekabr kuni sudlangan va 29 dekabr kuni ozodlikka chiqarilgan. Yana bir manbaning aytishicha, sobiq Bosh prokurorning ozodlikka chiqishi Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil 7 dekabr kuni imzolagan “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmoni bilan bog‘liq. Ya’ni, sobiq Bosh prokuror Qodirov afv etilgan 402 kishining qatorida bo‘lgan.
Hozircha tegishli idoralar bu bo‘yicha rasmiy ma’lumot bergani yo‘q.
2019 yil 26 iyun kuni, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shaxar sudi, Yunusobod tuman sudining binosida, O‘zbekiston Respublikasining sobiq Bosh prokurori Rashid Qodirov va boshqalarga oid (jami 13 nafar shaxs) jinoyat ishi bo‘yicha ayblov hukmi e’lon qilindi.
Sudning hukmi bilan, 2000-2015 yillarda O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelgan Rashid Qodirov, shu davrlarda prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda katta lavozimlarida ishlagan M. Mirzayev, J. Fayziyev, U. Sunnatov, R. Pulatov, A. Musashayxov, U. Xurramov, Yu. Gaipov, A. Mirzayev, M. Mirzayeva, fuqarolar S. Kosimov, A. Ikramov va X. Axmedjanov bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib pora olish (Jinoyat kodeksi 210-moddasi 3-qismining “a” bandi), pora berishga dalolat qilish (JK 28,211-moddasi 3-qismining “a” bandi), firibgarlik (JK 168-moddasi 3-qismining “a” bandi), soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash (JK 184-moddasining 3-qismi), tergov qilishga va sud ishlarini hal etishga aralashish (JK 236-moddasining 2-qismi), jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish (JKning 243-moddasi) kabi, hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi bir qator og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi.
Qariyb olti oy davom etgan, O‘zbekiston Respublikasi JPK (jinoyat-protsessual kodeks) ning 19-moddasi, shuningdek “Davlat sirlari to‘g‘risida”gi Qonuni talablariga muvofiq, yopiq tarzda o‘tkazilgan sud tergovi jarayonida barcha sudlanuvchilarning ko‘rsatuvlari birma-bir atroflicha tekshirildi, ikki yuzga yaqin guvohlarning ko‘rsatuvlari tinglanib, ish bo‘yicha o‘tkazilgan ekspertiza va xizmat tekshiruvlari xulosalari, shuningdek jinoyat ishida to‘plangan dalillar, ularning qonuniyligi va asosliligi nuqtai nazaridan taftish qilindi.
Sudning hukmi bilan aybli deb topilgan jinoyatlari uchun Rashid Qodirovga, JK 50-moddasining 6-qismi tartibida 10 yil ozodlikdan mahrum qilish va eng kam oylik ish haqining 500 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
Bundan tashqari, sud og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun sudlangan Rashid Qodirovni (JKning 52-moddasi) maxsus unvon va davlat mukofotlaridan mahrum qilish haqida taqdimnoma kiritishga qaror qildi.
Rashid Qodirov jinoyatlarda ayblanib, hibsga olingan davrda uning o‘g‘li Alisher Qodirov (tadbirkor) 2018 yilda firibgarlikda ayblanib, qidiruvga berilgan. Kuyovi Nodir To‘raqulov, Surxondaryo viloyati milliy xavfsizlik xizmati boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan. 2018 yilda poraxo‘rlikda ayblanib, 16 yilga qamalgan.
LiveBarchasi