Otang amaldor bo‘lsa yoxud Qodirovning o‘g‘liga tegishli 8 mln dollarlik mulk aniqlandi
Tahlil
−
16 may
13737O‘zbekistonning sobiq bosh prokurori Rashid Qodirovning o‘g‘li Alisher Qodirovning Dubayda 7,9 mln dollarlik ko‘chmas mulkka egalik qilishi aniqlandi. Bu haqda Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiya haqida xabar berish loyihasi (Organized Crime and corruption reporting project, OCCRP) ma’lum qildi.
Qidiruvga berilgan o‘g‘il
2018 yilda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi tomonidan tovlamachilik va firibgarlikda ayblanib, qidiruvga berilgan Alisher Qodirovning Dubayda to‘rtta Marina Plaza ofisi borligi aniqlangan. 1,9 million dollardan 2 million dollargacha bo‘lgan mulkning umumiy qiymati 7,9 million dollarga baholanmoqda.
45 yoshli Alisher Qodirov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi A-bandi (takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan tovlamachilik), 165-moddasi 3-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdordagi tovlamachilik), 168-moddasi 3-qismi “a” bandi (ko‘p miqdordagi firibgarlik), 168-moddasi 4-qismi “a” bandida (juda ko‘p miqdordagi firibgarlik) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda gumonlangan.
Yuqorida Alisher Qodirov O‘zbekistonning sobiq bosh prokurori Rashid Qodirovning o‘g‘li ekanini aytib o‘tdim. Qizig‘i ota-bolaning taqdirlarida o‘xshashlik bor. Ammo ota Rashid Qodirov qamalib chiqib, o‘z jazosini olgan.
Xo‘sh, sobiq bosh prokuror nega qamalib chiqqandi?
Mamlakat Bosh prokuraturasini 15 yil boshqargan Rashid Qodirov 2019 yil 26 iyun kuni, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining hukmi bilan, prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda katta lavozimlarda ishlagan 13 nafar shaxs bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib pora olish, pora berishga dalolat qilish, firibgarlik, soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, tergov qilishga va sud ishlarini hal etishga aralashish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish kabi hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi bir qator og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.
Rashid Qodirovga Jinoyat kodeksining 50-moddasi 6-qismi tartibida 10 yil ozodlikdan mahrum qilish va eng kam oylik ish haqining 500 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
Bundan tashqari, sud og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun sudlangan Rashid Qodirovni maxsus unvon va davlat mukofotlaridan mahrum qilgan. O‘shanda Rashid Qodirov va boshqalarga nisbatan ochilgan jinoyat ishining sudda ko‘rilishi ham ommaviy axborot vositalari uchun ochiq bo‘lishi aytilgandi. Xususan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yilning aprelida Andijon viloyatiga tashrifi vaqtida o‘tkazilgan yig‘ilishda sobiq bosh prokuror Rashid Qodirov televideniye orqali gapirtirilishi haqida aytib o‘tgandi. Ammo yakunda unday bo‘lmadi. Unga nisbatan ochilgan jinoyat ishi esa yopiq sud majlislarida ko‘rilib, jazo tayinlandi.
10 yilga qamalib, 3,5 yilda chiqqan Qodirov
Ajablanarli tomoni sobiq bosh prokuror 10 yil muddatga qamalgan bo‘lsa-da, 2023 yilning 2 yanvar kuni sud qarori bilan ozodlikka chiqdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilning 29 dekabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati Zangiota tumani sudida Rashid Qodirovga oid ishni ko‘rib chiqish bo‘yicha sud majlisi bo‘lib o‘tgan. Sudning hukmiga ko‘ra, Rashid Qodirov Jinoyat kodeksining 73-moddasi (Jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish) bilan ozodlikka chiqarilgan. U Zangiota tumani 22-sonli jazoni ijro etish muassasasida saqlangan.
Qamalgan faqat Qodirov emas
Ha aytgancha, Qodirovlar oilasida qamalgan faqat Rashid Qodirov emas. Sobiq bosh prokurorning kuyovi Nodir To‘raqulov, Surxondaryo viloyati milliy xavfsizlik xizmati boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan. U 2018 yilda poraxo‘rlikda ayblanib, 16 yilga qamalgan. Tasavvur qiling-a? Butun bir mamlakatning Ichki ishlar vazirligi tomonidan qidiruvga berilgan, bir qator jinoyatlarda ayblangan shaxs Dubayda qariyb 8 mln dollarlik ko‘chmas mulkka egalik qilib turibdi. Yana bir jihati qidiruvga berilganiga 6 yil bo‘lgan Alisher Qodirov hali hamon topilmagan va qo‘lga olinmagan. Unga nisbatan e’lon qilingan qidiruvning holati qandayligi aniq emas, chunki Ichki ishlar vazirligining rasmiy saytidagi qidiruvdagi shaxslarni ko‘rish platformasi anchadan beri ishlamaydi va sinov rejimida. Bu vaqtda esa Qodirov bemalol Dubaydan dang‘illama saroylar xarid qilib yuribdi. Shu o‘rinda o‘zbek xalqining pul bo‘lsa, changalda sho‘rva degan maqoli beixtiyor xayolimizga keladi. Xulosa o‘zingizdan. Izohlarda o‘z fikringizni qoldiring. Voqealar rivojini QALAMPIR.UZ’da kuzating.
LiveBarchasi