Qodirov bolalar qotillariga qat’iy o‘lim jazosi berilishini so‘radi

Jamiyat

−

image

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirov bolalarga nisbatan jinoyat uchun jazoni kuchaytirish bo‘yicha qonun loyihasiga munosabat bildirdi. U qasddan odam o‘ldirgan, ayniqsa, bolaga qasd qilgan shaxslar o‘lim jazosiga hukm qilinishi kerakligini aytdi. Bu haqda Qodirov o‘zining Telegram-kanalida yozdi.

Qodirov xalqaro huquqning jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan yondashuvini tanqid qilgan.

“Biz kimlardan o‘rnak olyapmiz?!” deya savol qo‘ygan Qodirov.

Uning ta’kidlashicha, xalqaro huquq bunday jinoyat sodir etgan shaxsni ham inson sifatida ko‘radi va uning huquqlarini himoya qiladi.

Deputat Norvegiyada 77 kishini o‘ldirgan va umrbod qamoq jazosiga mahkum qilingan Anders Breyvikni misol keltirgan. Uning yozishicha, Breyvik qamoqxonada kitob yozish uchun sharoit yo‘qligidan shikoyat qilgan va unga bunday sharoit yaratilgan.

“Bizning pedofil ham sharoit so‘rasa, yaratib berishga majbur bo‘lamiz, chunki biz ergashayotgan xalqaro huquq uni inson sifatida ko‘radi, o‘lik sifatida emas!” deb yozgan Qodirov.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisining fikricha, qasddan odam o‘ldirgan, ayniqsa, bolaga qasd qilgan shaxslarga nisbatan o‘lim jazosi qo‘llanishi kerak. U bunday jazo ehtimoliy qotilliklarning oldini olish va bunday jinoyatga moyil shaxslarga ibrat bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan.

“Qasddan odam o‘ldirgan, ayniqsa bolaga qasd qilganlar kelgusida ehtimoliy bunday qotilliklarni oldini olish, moyillarga ibrat bo‘lishi uchun o‘limga hukm qilinishi kerak”, degan u.

Avvalroq ham Alisher Qodirov ayrim og‘ir jinoyatlar, xususan, bolalarga qarshi jinoyatlar uchun o‘lim jazosini joriy etish zarurligi haqida fikr bildirgan edi.

Namangandagi bog‘chada fojia

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan viloyatidagi bog‘chada ombor mudiri 5 yashar tarbiyalanuvchini zo‘rlagani haqida xabar berilgan edi. Mazkur holat yuzasidan Uchqo‘rg‘on tumani IIB Tergov bo‘limi tomonidan joriy yilning 12 sentyabr kuni Jinoyat kodeksining 118-moddasi (Nomusga tegish) 4-qismi va 112-moddasi (O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu jinoyatni sodir etishda gumonlanayotgan K. M. protsessual tartibda ushlangan va unga nisbatan sud tomonidan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Bundan tashqari, yshbu voqea ortidan O‘zbekistondagi bog‘chalarda xodimlarni tekshirish boshlangandi hamda yuz bergan ko‘ngilsiz holatni atroflicha o‘rganish, mas’ullarning xizmat vazifasiga loyiqligini ko‘rib chiqish bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Ishchi guruh tuzilgandi. Holat yuzasidan Bolalar ombudsmani Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga taqdimnoma kiritgan. Mazkur holat bo‘yicha tergovni Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev shaxsan nazoratga olgan.

Shuningdek, Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 5 yashar qizni zo‘rlagan ombor mudiriga maksimal og‘ir jazo berilishini bildirgan edi. Namangandagi 5 yashar qizaloq bilan bog‘liq fojia ortidan uning oilasi boshqa shaharga ko‘chirilib, ularga uy-joy va zarur reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatilishi ham ma’lum qilingan. O‘zbekistonda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etganlik uchun javobgarlikni keskin kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga kiritilgan edi. 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing