Bobur Bekmurodov Alisher Qodirovning o‘lim jazosi taklifiga qarshi chiqdi
Jamiyat
−
14:14 1949 5 daqiqa
Avvalroq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirov bolalarga qarshi jinoyatlar, ayniqsa, qasddan odam o‘ldirganlik uchun o‘lim jazosini joriy etish kerakligini aytgan edi. “Yuksalish” harakati raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Tadbirkorlik qo‘mitasi raisi Bobur Bekmurodov esa mazkur taklifga munosabat bildirib, o‘lim jazosiga qarshi ekanini ma’lum qildi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida yozdi.
Bekmurodov Alisher Qodirovga murojaat qilib, bolalarga qarshi jinoyatlar uchun jazo muqarrar va qat’iy bo‘lishi kerakligi borasidagi fikrni qo‘llab-quvvatlashini, biroq o‘lim jazosi masalasida uning pozitsiyasiga qo‘shilmasligini aytgan.
Uning bildirishicha, o‘lim jazosini joriy etish bolalarning o‘zini ham yanada katta xavf ostida qoldirishi mumkin.
“Agar bolani zo‘rlash o‘lim bilan jazolansa, jinoyatchini yagona guvohni, ya’ni bolaning o‘zini yo‘q qilishdan to‘xtatib turadigan hech narsa qolmaydi”, deb yozgan Bekmurodov.
Bekmurodov bu fikrini jinoyatchi jinoyat izlarini yashirish maqsadida jabrlanuvchini ham o‘ldirishi mumkinligi bilan izohlagan. Shuningdek, u O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlari va sud xatosi ehtimolini ham hisobga olish kerakligini qayd etgan.
“O‘lim jazosi qaytarib bo‘lmaydigan jazo. Sud xatosi ehtimolini esa hech qachon butunlay istisno qilib bo‘lmaydi”, deya qayd etgan u.
Bekmurodovning yozishicha, bolalarni himoya qilish faqat jazoni kuchaytirish bilan cheklanmasligi kerak. U buning uchun jinsiy jinoyatchilar reyestrini yuritish va bunday shaxslarga bolalar bilan ishlashni umrbod taqiqlashni taklif qilgan.
“Bolalarga qarshi jinoyat sodir etgan shaxslarni bolalar bilan ishlashdan umrbod chetlatish, ularni nazorat qilish va xavfni erta aniqlash mexanizmlarini kuchaytirish kerak”, deb yozgan Bekmurodov.
Uning fikricha, maktab va mahallalarda xavfni erta aniqlash, jinoyatlarni tez va muqarrar fosh etish, shuningdek, jabrlangan bolalarga tergov va sud jarayonlarida huquqiy hamda psixologik yordam ko‘rsatish ham muhim.
“Bolaning xavfsizligini ta’minlash uchun jinoyat sodir bo‘lgandan keyin jazolash bilan birga, bunday holatlarni oldindan aniqlash va jabrlanuvchini himoya qilish tizimini ham kuchaytirish zarur”, deya ta’kidlagan u.
Shundan so‘ng Alisher Qodirov Bekmurodovning fikriga munosabat bildirib, ayrim masalalarda hamfikr ekanini aytdi.
“Bir haqiqatda hamfikrmiz: bolalarimizning xavfsizligi va farovonligi – xalqimiz uchun oliy qadriyat”, deb yozdi Qodirov.
Qodirov Bekmurodovning bu fikriga yana bir bor munosabat bildirib, o‘lim jazosi masalasida o‘z pozitsiyasida qolishini ma’lum qilgan.
“Boburjon Mansurovich, fikrlaringizni hurmat qilaman, lekin o‘z fikrimda qolaman”, deb yozdi Qodirov.
Birinchidan, u Konstitutsiya jamiyat tafakkuriga uyg‘unlashib borishi kerakligini, xalq talab qilsa, unga o‘zgartishlar kiritilishi mumkinligini aytgan.
“Xalq talab qilsa yana o‘zgaradi, bu normal holat”, deb yozdi Qodirov.
Ikkinchidan, uning bildirishicha, pedofil qilmishi uchun muqarrar o‘lim jazosi kutayotganini bilsa, jinoyat sodir etishdan qaytishi mumkinligiga umid qilish kerak.
“Pedofil qilmishi uchun uni muqarrar o‘lim kutayotganini bilsa jinoyat qilmaydi, deb umid qilishimiz kerak”, deya qayd etgan u.
Uchinchidan, Qodirov qonunlar, avvalo, xalq manfaatlari uchun qabul qilinishi kerakligini, xalqaro majburiyatlardan ko‘ra xalq manfaatlari ustuvor bo‘lishi lozimligini ta’kidlagan.
“Biz qonunlarni xalqimiz uchun qabul qilamiz, xalqaro majburiyatlarimizni bajarish uchun emas, xalqimiz manfaatlari doimo ustuvor bo‘lishi kerak”, deb yozdi u.
Shuningdek, u sud xatosi masalasiga to‘xtalib, sudyaning erkin, vijdonli va bilimli bo‘lishi muhimligini aytgan.
“Sudya xatosi haqida esa gapirishni ham istamayman. Shifokor hamma narsani to‘g‘ri qilsa ham unga bog‘liq bo‘lmagan jarayonlarni oldini ololmasligi mumkin, lekin sudya nafaqat o‘lim, jarima hukmini ham to‘g‘ri chiqarish uchun jur’atli, erkin, vijdonli va bilimli bo‘lishi yetarli”, deb yozdi Qodirov.
U tizimda muammolar borligi, sudyalarga ishlash uchun sharoit yaratish va advokatlik institutini rivojlantirish zarurligini ham tan olgan.
“Lekin sudyani saviyasidan xavotir bilan adolatli jazoni rad etish, qabul qilib bo‘lmas yondashuv”, deya ta’kidlaydi u.
To‘rtinchidan, Bekmurodov og‘ir jinoyatlarning oldini olishda jinoyatchini to‘xtatadigan murosasizlik yetishmayotganini aytgan.
“Siz aytgan ishlarni hammasi bor va bo‘lyapti, lekin jinoyatchini to‘xtatadigan murosasizlik yetishmayapti. Og‘ir jinoyatlar profilaktikasi uchun og‘ir va shafqatsiz qarorlar bo‘lishi kerak”, deya xulosa qildi Qodirov.
Bekmurodov Qodirov bilan bolalar xavfsizligi va farovonligi masalasida hamfikr ekanini ta’kidlab, fikrini quyidagi so‘zlar bilan yakunlagan:
“Bir haqiqatda hamfikrmiz: bolalarimizning xavfsizligi va farovonligi – xalqimiz uchun oliy qadriyat”.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 14 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan nomusga tegish yoki jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish jinoyatlari uchun uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlash ko‘zda tutilgani haqida xabar berilgan edi.
Namangandagi bog‘chada fojia
Avvalroq, Namangan viloyatidagi bog‘chada ombor mudiri 5 yashar tarbiyalanuvchini zo‘rlagani haqida xabar berilgan edi. Mazkur holat yuzasidan Uchqo‘rg‘on tumani IIB Tergov bo‘limi tomonidan joriy yilning 12 sentyabr kuni Jinoyat kodeksining 118-moddasi (Nomusga tegish) 4-qismi va 112-moddasi (O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu jinoyatni sodir etishda gumonlanayotgan K. M. protsessual tartibda ushlangan va unga nisbatan sud tomonidan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, yshbu voqea ortidan O‘zbekistondagi bog‘chalarda xodimlarni tekshirish boshlangandi hamda yuz bergan ko‘ngilsiz holatni atroflicha o‘rganish, mas’ullarning xizmat vazifasiga loyiqligini ko‘rib chiqish bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Ishchi guruh tuzilgandi. Holat yuzasidan Bolalar ombudsmani Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga taqdimnoma kiritgan. Mazkur holat bo‘yicha tergovni Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev shaxsan nazoratga olgan.
Shuningdek, Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 5 yashar qizni zo‘rlagan ombor mudiriga maksimal og‘ir jazo berilishini bildirgan edi. Namangandagi 5 yashar qizaloq bilan bog‘liq fojia ortidan uning oilasi boshqa shaharga ko‘chirilib, ularga uy-joy va zarur reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatilishi ham ma’lum qilingan. O‘zbekistonda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etganlik uchun javobgarlikni keskin kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga kiritilgan edi.
O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova Namanganda qizaloqqa qilingan zo‘ravonlik ortidan hodisaga munosabat bildirib, bolalar taqdiriga befarq, o‘z vazifasiga mas’uliyatsiz munosabatda bo‘lgan insonlarning ta’lim tizimida ishlashiga yo‘l qo‘yilmasligini bildirgan edi.
Live
Barchasi