Mahluq pedofil qamoqda mehribon bo‘lib qolmaydi – Alisher Qodirov
3-sahifa
−
15:52 10952 3 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirov ayrim og‘ir jinoyatlar uchun o‘lim jazosi qo‘llanishi zarurligini aytdi. Bu haqda Qodirov o‘zining Telegram-kanalida yozdi.
“Biz bugun begunoh xalqlar va bolalar qirg‘iniga chora ko‘rolmaydigan darajada zaif va ikkiyuzlamachi mezonlarga moslashish va o‘zlariga qarshi ishlatilishidan xavotir olayotgan “qo‘rqoq qahramonlar”ni ayyuhannoslariga quloq tutib bu zaruratga ko‘z yumyapmiz”, deydi deputat.
Uning yozishicha, ayrim toifadagi jinoyatchilarni jamiyatdan umrbod ajratib qo‘yishning o‘zi yetarli emas. Qodirov, ayniqsa, qasddan odam o‘ldirganlar, bola qotillari va pedofillarga nisbatan o‘lim jazosi qo‘llanishi kerakligini ilgari surgan.
“Ajratib olishda xato qilish mumkin bo‘lmagan ayrim toifadagi jinoyatchilarning yashashi o‘ziyoq jamiyat halovati uchun xavfdir. Bu toifadagi jinoyatchilarni yillar davomida yanada jinoyatchiroq qilib jamiyatga qaytarish orqali jinoyatni pro shakllari uchun sharoit yaratilmoqda, xolos. Amaldagi qonunlar bilan ehtimoliy vatan хойni davr o‘zgarib milliy qahramonga aylanishi mumkindip, unga hech qachon o‘lim jazosi qo‘llanilmasligi kerak, lekin retsidivist, bola o‘ldira olgan yoki murg‘ak bolani toptash darajasidagi mahluq-pedofilni qamoqda mehribon pedagog bo‘lib qolishiga kimdir ishonsa hayratlanaman”, deya yozgan u.
Qodirovning fikricha, bunday jinoyatchilarni uzoq yillar davomida qamoqda saqlab, keyinchalik jamiyatga qaytarish yangi jinoyatlar sodir etilishiga sharoit yaratishi mumkin.
U insonning boshqa insonni o‘ldirishini dunyoviy va diniy qarashlarda eng og‘ir jinoyatlardan biri sifatida baholab, bunday jinoyat uchun jazoga nisbatan turli yondashuvlar mavjudligini qayd etgan.
Deputat qasddan odam o‘ldirgan, ayniqsa bola qotillari o‘zlarini qanday jazo kutayotganini aniq bilishi kerakligini ta’kidlagan.
“Beayb insonni qasddan o‘ldirgan, ayniqsa bola qotili va pedofillarni yashashda davom etishi keyingi shu shakldagi jinoyatlar uchun motivatsiyadir”, deb yozgan Alisher Qodirov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan viloyatidagi bog‘chada ombor mudiri 5 yashar tarbiyalanuvchini zo‘rlagani haqida xabar berilgan edi. Mazkur holat yuzasidan Uchqo‘rg‘on tumani IIB Tergov bo‘limi tomonidan joriy yilning 12 sentyabr kuni Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 4-qismi va 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu jinoyatni sodir etishda gumonlanayotgan K.M. protsessual tartibda ushlangan va unga nisbatan sud tomonidan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, yshbu voqea ortidan O‘zbekistondagi bog‘chalarda xodimlarni tekshirish boshlangandi hamda yuz bergan ko‘ngilsiz holatni atroflicha o‘rganish, mas’ullarning xizmat vazifasiga loyiqligini ko‘rib chiqish bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Ishchi guruh tuzilgangandi. Holat yuzasidan Bolalar ombudsmani Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga taqdimnoma kiritgandi. Mazkur holat bo‘yicha tergovni Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev shaxsan nazoratga olgandi.
Shuningdek, Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva qizchani zo‘rlagan ombor mudiriga maksimal og‘ir jazo berilishini bildirgan edi. Bundan tashqari, Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva ma’lum qilishicha, qizaloq va uning onasiga boshqa shahardan uy-joy ajratilib, onasiga esa o‘qish va ishga joylashishda yordam beriladi.
Live
Barchasi