Jazoirda deputatlar qasddan o‘t qo‘yganlik uchun o‘lim jazosini ma’qulladi

Olam

−

image

Joriy yilning 1 oktyabr kuni Jazoir parlamentining quyi palatasi Jinoyat kodeksiga qasddan o‘t qo‘yish va bolalarni o‘g‘irlaganlik uchun o‘lim jazosini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlarni ma’qulladi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.

Qayd etilishicha, qonun loyihasi odamlarning halok bo‘lishiga va moddiy zararga olib kelgan avgust oyidagi o‘rmon yong‘inlaridan so‘ng Prezident Abdulmadjid Tebbun topshirig‘iga binoan tayyorlangan.

O‘lim jazosini o‘rmonlar va dalalarga qasddan o‘t qo‘yish, shuningdek, davlatga xoinlarcha munosabatda bo‘lish, josuslik yoki uyushgan jinoyatchilik doirasida xorijiy tomonlar manfaatlari yo‘lida davlat yoki xususiy mulkni yo‘q qilish uchun qo‘llash taklif etilmoqda. Bu chora jamoat xavfsizligi, milliy jipslik, iqtisodiy va ekologik barqarorlikka putur yetkazishga qaratilgan harakatlar uchun ham nazarda tutilgan.

O‘zgartirishlar bolalarni o‘g‘irlaganlik uchun ham o‘lim jazosini joriy etadi. Agar jinoyat qiynoqlar, jinsiy zo‘ravonlik yoki shafqatsiz muomala bilan kuzatilgan bo‘lsa, jazoni yanada og‘irlashtirish alohida ko‘zda tutilgan. O‘t qo‘yish va bolalarning hayotiga tajovuz qilishda aybdor deb topilganlarga nisbatan kodeksda nazarda tutilgan yengillashtiruvchi holatlar qo‘llanilmaydi.

Qonun loyihasi kuchga kirishi uchun uni parlament yuqori palatasi a’zolarining to‘rtdan uch qismi qo‘llab-quvvatlashi kerak. Shundan so‘ng uni Prezident imzolashi va hujjat rasmiy axborotnomada chop etilishi lozim.

Qayd etish joiz, mamlakatning sharqiy viloyatlarida joriy yil 27 avgustdan 30 avgustgacha yirik yong‘inlar yuz bergandi. Ichki ishlar vaziri Said Sayyudning ma’lumotlariga ko‘ra, 12 kishi halok bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, Jazoir qonunchiligida o‘lim jazosi saqlanib qolmoqda, biroq hukmlar 1993 yildan beri ijro etilmayapti.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Misrda sud teleboshlovchi Sara Halifa va jinoyat ishi bo‘yicha yana 11 nafar ayblanuvchini giyohvandlik vositalarini ishlab chiqarish va sotishda ayblab, o‘lim jazosiga hukm qilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing