BAA va Jazoir diplomatik aloqalarini uzdi. Bu urushning boshlanishimi?
Tahlil
−
16 sentabr 727 7 daqiqa
Jazoirning sabr kosasi to‘ldi. 10 sentyabr kuni Jazoir Birlashgan Arab Amirliklari bilan diplomatik aloqalarni uzganini e’lon qildi. Abu-Dabi esa qaror vaqtinchalik bo‘lishiga umid qilmoqda. Xo‘sh, ikki musulmon davlat, qo‘shimchasiga bir-biridan 5000 kmdan ortiq uzoqlikda joylashgan, na mafkuraviy ziddiyat va na chegaraviy muammo, hech biri yetib bora olmaydigan masofa. Unda nima sabab bo‘ldiki, bu ikki davlat orasidan “qora mushuk o‘tdi”, qanday sabab borki, kelishmovchiliklar diplomatik aloqalarni uzish darajasiga yetib keldi?
Aloqalar uzildi
Qizil chiziq bosib o‘tildi. 10 sentyabr kuni Jazoir BAA bilan diplomatik aloqalarni uzganini e’lon qildi. Jazoir hukumati bu qarorni Abu-Dabining “provokatsion va dushmanona” harakatlari bilan izohladi, biroq aynan qaysi harakat yakuniy qarorga sabab bo‘lganini ochiqlamadi. Jazoir Tashqi ishlar vazirligi ikki tomonlama munosabatlarni saqlab qolish uchun mavjud barcha imkoniyatlardan foydalanilganini, biroq endi ularning “tugaganini” bildirdi.
“Jazoir Amirliklar tomonini to‘xtatib qolish uchun barcha choralarni ko‘rdi va uni ushbu afsuslanarli hamda hech qanday sababsiz xatti-harakatlarning o‘ta og‘ir oqibatlaridan ogohlantirdi”, deyiladi Jazoir Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.
Qaror bilan birga BAAning Jazoirdagi elchisiga mamlakatni tark etish uchun 48 soat vaqt berildi. Shu tariqa ikki davlat o‘rtasidagi rasmiy diplomatik aloqa amalda to‘xtatildi.
Bundan tashqari, 11 sentyabrdan boshlab BAAda ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolik va harbiy samolyotlar uchun Jazoir havo hududi yopildi. Ya’ni Abu-Dabida ro‘yxatdan o‘tgan samolyotlar Jazoir hududidan foydalana olmaydi. Biroq yo‘lovchi tashuvchi tijoriy reyslar uchun vaqtinchalik istisno belgilandi: BAAning Jazoirga va Jazoirdan amalga oshiriladigan tijoriy parvozlari amaldagi kelishuv muddati tugaydigan 2026 yil oxirigacha davom etishi mumkin.
.jpg)
BAA esa Jazoirning qaroriga keskin qarshi choralar bilan javob bermadi. Abu-Dabi Tashqi ishlar vazirligi diplomatik aloqalarning uzilganidan afsusdaligini bildirdi va bu holat vaqtinchalik bo‘lishiga umid qilayotganini ma’lum qildi. Vazirlik ikki xalq o‘rtasidagi aloqalar va umumiy manfaatlarni saqlab qolish muhimligini ta’kidladi.
Ammo sobiq Federal Milliy Kengash vaziri hamda ayni paytdagi BAA Prezidentining diplomatik maslahatchisi Anvar Muhammad Gargash o‘zining X sahifasida anchayin keskin munosabat bildirdi.
“Diplomatik munosabatlar topishmoqlar va shifrlashni talab qiluvchi ishoralar orqali emas, balki aql-idrok, muloqot va manfaatlar aniqligi orqali boshqariladi; shuningdek, ular ichki tartibsizlik yoki manfaatlarni tushuntirish va ustuvor yo‘nalishlarni belgilay olmaslik garoviga aylanib qolishi mumkin emas”, deb yozadi u.
Shuningdek, u Jazoirning bu harakatini noaniq sabablar ortidan qilingan harakat deb baholadi va diplomatik aloqalarni uzilishiga arzigulik sabab yo‘qligini aytgan.

Ammo Jazoir tomon bunday o‘ylamayapti. Mamlakat OAVlarida BAAning xatti-harakatlari endi toqat qilib bo‘lmaydigan darajaga yetgani aytilmoqda. Xo‘sh, nima bo‘ldiki ikki davlat o‘rtasida munosabatlar bu darajaga keldi? Jazoir tomoni ro‘kach qilayotgan muammolar nimalar?
Nizoning ildizi
Jazoir va BAA o‘rtasidagi diplomatik uzilishning ortida bitta mojaro yoki bitta qaror turibdi, deyish qiyin. Aksincha, ikki davlatning Shimoliy Afrika, Yaqin Sharq va Saheldagi qarashlari yillar davomida bir-biridan uzoqlashib bordi. Oxir-oqibat, turli masalalarda yig‘ilgan kelishmovchiliklar diplomatik aloqalarni uzishgacha yetib keldi.
Munosabatlarga darz ketishiga asosiy sabablardan biri – G‘arbiy Sahro. Bu hudud o‘nlab yillardan beri Marokash va Polisario fronti o‘rtasidagi nizoning markazida turibdi. 1973 yilda G‘arbiy Sahro hududini o‘sha paytdagi Ispaniya mustamlakachiligidan ozod qilish maqsadi bilan tuzilgan tashkilot, keyinchalik ispan jangchilari mintaqani tark etgach, qo‘shin kiritgan Marokash va Mavritaniyaga qarshi kurashishni boshlagan. 1979 yilda Mavritaniya hududga bo‘lgan da’vosidan voz kechib, Polisario bilan shartnoma imzoladi, biroq Marokash barcha hududlar ustidan nazorat o‘rnatish niyatidan qaytmay kelmoqda.

Jazoir ham o‘zining mintaqaviy raqibi Marokashning ta’sirini pasaytirish uchun Polisario frontini qo‘llab-quvvatlaydi va G‘arbiy Sahro xalqining mustaqillik istagini yoqlaydi. Ammo BAA, aksincha, Rabotning hudud ustidan suverenitet da’vosini tan oladi va bahsli hududda konsullik ham ochgan. Bu esa Jazoir manfaatlariga zid harakat deb baholab kelinmoqda.
O‘rtadagi keskinlikning yana bir sababi Isroil masalasidir. Jazoir Tel-Aviv bilan diplomatik munosabatlarni normallashtirishga qarshi pozitsiyada turadi. BAA esa 2020 yilda AQSH vositachiligidagi Ibrohim kelishuvlari orqali Isroil bilan munosabatlarni o‘rnatdi va keyinchalik iqtisodiy, diplomatik hamda mudofaa sohalaridagi aloqalarini rivojlantirdi. Marokash ham xuddi shu jarayonda Isroil bilan munosabatlarini tiklagan. Natijada Jazoir nazarida Abu-Dabi va Rabot nafaqat strategik raqib, balki “G‘azoda genotsid” sodir etayotgan davlatning ittifoqchisidir. Aholisi deyarli to‘liq musulmon bo‘lgan ushbu uch davlatda G‘azo masalasiga turlicha yondashilayotgani o‘rtada keskinlikning mafkuraviy darajaga chiqishiga sabab bo‘lmoqda.
Ammo mojaroning eng murakkab qismi cho‘l hududlaridagi nizolarga borib taqaladi. Sahel – ya’ni Sahroi Kabirning janubidagi ulkan mintaqa Jazoirning Mali va Niger bilan chegaralaridan o‘tadi. Shu sababli Saheldagi harbiy to‘ntarishlar, radikal terrorchi guruhlar hamda noqonuniy qurol va odam savdosi Jazoir uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xavf tug‘diradi. Mali esa aynan shunday muammoli hududlardan biri.
2012 yilda Malining shimolida tuareg ayirmachilari qo‘zg‘olon ko‘tarib, mustaqillik e’lon qiladi. Keyinchalik bu hududni turli radikal guruhlar egallay boshladi. O‘z navbatida, bu Jazoir chegaralari atrofidagi xavfsizlikka daxl qila boshladi va shu sababli mamlakat mojaroga rasman aralashadi. Jazoir vositachiligida BMT, Afrika Ittifoqi va xalqaro hamjamiyat ishtirokida o‘tkazilgan uzoq muddatli muzokaralardan so‘ng 2015 yilda Jazoir Bitimi imzolanadi. Bitimga ko‘ra, Malining hududiy yaxlitligini saqlab qolgan holda, shimoliy viloyatlarga keng muxtoriyat va o‘z-o‘zini boshqarish huquqi beriladi. Tuareg isyonchilari esa qurolsizlantiriladi.
Ammo 2020–2021 yillarda bo‘lib o‘tgan harbiy to‘ntarishlar natijasida Malida polkovnik Assimi Goita boshchiligidagi harbiy xunta hokimiyatni egalladi. Xunta tuareglar bilan muloqot qilish o‘rniga, shimoliy hududlarni to‘liq harbiy kuch bilan nazoratga olish strategiyasini tanladi. Natijada vaziyat yanada keskinlashdi.
Jazoir esa BAA Malidagi yangi harbiy xuntaga va ularni qo‘llab-quvvatlayotgan kuchlarga moliyaviy hamda logistik yordam ko‘rsatib kelayotganini, bu esa Jazoir chegarasida urush alangasini kuchaytirayotganini da’vo qilib keladi.
Qizig‘i, Jazoirning xavotirlari asossiz emas. So‘nggi yillarda BAA va Mali o‘rtasida harbiy sohada yaqin aloqalar o‘rnatilmoqda. Mali harbiy xuntasi BAAda ishlab chiqarilgan yoki u orqali yetkazib berilgan zirhli mashinalar, jumladan, “Streit Group” kompaniyasining “Typhoon” va “Spartan” zirhli avtomobillari hamda uchuvchisiz uchish apparatlarini sotib olgan.

Bundan tashqari, “The Sentry” tashkilotining Afrikadagi urushlar, oltin kontrabandasi va noqonuniy moliyaviy oqimlar bo‘yicha katta hisobotida Mali va Markaziy Afrika Respublikasidagi oltin resurslarining Abu-Dabi orqali sotilishi va bu mablag‘lar xuntani moliyalashtirishga xizmat qilayotgani batafsil ko‘rsatilgan. Bu esa Jazoirning ayblovlari asossiz emasligini ko‘rsatadi.
Shuningdek, Jazoirning sharqiy chegarasida joylashgan Liviyadagi tartibsizliklarga ham BAAning aloqadorligi ko‘plab xalqaro manbalarda qayd etilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Abu-Dabi general Xalifa Haftar qo‘mondonligi ostidagi Liviya Milliy Armiyasini ham harbiy va moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlab keladi. BAA BMT embargosini buzgan holda Xitoyda ishlab chiqarilgan “Wing Loong II” zarba beruvchi dronlarini, Amirliklarning “Pantsir-S1” havo mudofaasi tizimlarini, zirhli avtomobillar va o‘q-dorilarni yetkazib bergani haqida ma’lumotlar bor. Jazoir esa Tripolidagi rasmiy tan olingan amaldagi hukumatni yoqlaydi va bu munosabatlarni keskinlashtiradi.
Jazoir Prezidenti Abdelmajid Tebbun ham BAAning Afrika mintaqasida keltirib chiqarayotgan tartibsizliklari haqida bir necha bor keskin munosabat bildirgan. Hatto u BAAning xalqaro va mintaqaviy siyosatdagi ta’siriga baho berar ekan, uni kamsituvchi iboralar bilan, jumladan, “mitti davlat” nomi bilan bir necha bor tilga olgan.
“Mintaqada qayerda bo‘lmasin – Mali, Liviya yoki Sudanda nizo va nifoq bo‘lsa, u yerda o‘sha davlatning pullari bor... Biz uning nomini aytmaymiz, lekin biz buyuk davlatlarga ham yo‘l qo‘ymagan ishlarni ushbu kichik davlat amalga oshirishiga yo‘l qo‘ymaymiz”, deydi u.
Shuningdek, u BAAning Saheldagi harakatlari haqida gapirar ekan, “Ular qayerga oyoq bossa, o‘sha yerdan qon oqadi. Biz mamlakatimizda va atrofimizda qon oqmasligi uchun ularning bizdan uzoqroq yurishini xohlaymiz”, deydi.
Manashu fonda ikki davlat o‘rtasidagi nizo allaqachon yashirin raqobat yoki diplomatik ishoralar bosqichidan o‘tib ketganini ko‘rish mumkin. Bugun ikki davlat o‘rtasida aloqalarning uzilishi uzoq vaqtdan beri davom etib kelayotgan ziddiyatlarning mevasidir. O‘rtadagi 5000 kmdan ortiq masofa esa manfaatlar to‘qnashuvi kelib chiqishiga to‘sqinlik qila olmadi. Kim aybdor yoki kim haq ekanini hukm qilish bizning qo‘limizda emas, har ikki tomonning ham o‘ziga yarasha haqiqatlari bor. Siyosat esa doim ham “toza qo‘llar” bilan o‘ynaladigan o‘yin emas.
Live
Barchasi