Shahzoda futbol sabab qirollik taxtidan voz kechdi

Sport

image

Ugandaning Toro qirolligida yangi qirolni tanlash jarayoni kutilmagan vaziyat tufayli inqirozga yuz tutdi. Qirol Oyo Nimba Kabamba Igura Rukidi IV ning vorisi etib saylangan Jorj Desmond Kamurasi futbol sabab taxtdan voz kechdi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, Kamurasi qirollik taxtini qabul qilmasligini va futbolchilik faoliyatini davom ettirishni xohlashini ma’lum qilgan. 36 yoshli Kamurasi Angliyaning to‘qqizinchi divizionida ishtirok etadigan Londonning “Se Dons” klubi sardori va darvozaboni hisoblanadi.

U 21 nafar a’zodan iborat qirollik vorisligi qo‘mitasining asosiy nomzodi edi. Ovoz berishda ishtirok etgan 18 a’zoning 15 nafari uning nomzodini qo‘llab-quvvatlagan. Biroq Kamurasi boshqa majburiyatlari borligini bildirib, taxtni qabul qilishdan bosh tortgan.

Uganda ommaviy axborot vositalari xabarlariga ko‘ra, Kamurasining Londonda oilasi bor. Shuningdek, u o‘z jamoasining o‘yini sababli qirol Oyoning dafn marosimida ham ishtirok etishni istamagan.

Ma’lumot uchun, Toro qirolligi – Afrikaning sharqida, hozirgi Uganda hududining g‘arbiy qismida joylashgan an’anaviy qirollik bo‘lib, uning markazi Fort-Portal shahri hisoblanadi. Ushbu qirollikka 1830 yilda Bunoro-Kitara qirolligidan ajralib chiqqan shahzoda Kabiyo Kabigeni tomonidan asos solingan. Qirollikning asosiy aholisini rutoro tilida so‘zlashuvchi batoro xalqi tashkil etadi, uning oliy hukmdori esa an’anaga ko‘ra Omukama deb ataladi. XIX asr oxirida Britaniya protektorati tarkibiga kiritilgan Toro o‘z muxtoriyatini saqlab qolgan bo‘lsa-da, 1967 yilda Uganda prezidenti Milton Obote tomonidan mamlakatdagi boshqa an’anaviy monarxiyalar singari bekor qilingan. 1993 yilda Uganda hukumati tomonidan qirollik maqomi qayta tiklangan va bugungi kunda u siyosiy hokimiyatga ega bo‘lmasa-da, o‘z xalqining tarixiy, madaniy va ma’naviy merosini saqlab keluvchi ramziy muassasa sifatida faoliyat yuritadi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing