Marsda hayot uçun qulay şaroitlar bölgani haqida yangi dalil topildi
Bu qiziq
−
08:15 1206 2 daqiqa
Afrikaning Mali davlati hududidagi Sahroi Kabirdan 2022 yilda topilgan Mars meteoritining yoşi kamida 4,1 milliard yil ekani aniqlandi. Olimlar uşbu topilma qadimgi Marsda suyuq suv va hayot uçun qulay şaroitlar bölgani haqida yangi ma’lumotlar berganini aytmoqda. Bu haqda “Reuters“ xabar berdi.
Ma’lum qilinişiça, Teghaza 001 deb nomlangan qizğiş rangli meteorit 2022 yilda topilgan. Olimlar uning yoşini uranning vaqt ötişi bilan qörğoşinga aylanişiga asoslangan usul orqali aniqlagan. U Yerda topilgan 435 ta Mars meteoritining eng qadimgilaridan biri hisoblanadi.
Tadqiqot natijalari meteorit tarkibida suv bilan özaro ta’sirga kirişgan minerallar mavjudligini körsatgan. Xususan, kislorod va vodorod izotoplari suv milliardlab yillar avval Mars qobiğining çuqur qatlamlariga singib, erigan jinslar bilan aralaşganidan dalolat beradi.
NASA olimlarining fikriça, bu topilma qadimgi Mars hozirgiga qaraganda ança issiq va nam bölganini körsatadi. Öşa davrda sayyorada daryolar, köllar va hatto şimoliy yarimşarda okean bölgan bölişi mumkin.
Tadqiqot hammuallifi, NASA’ning Eyms tadqiqot markazi sayyoraşunosi Li Saperning bildirişiça, topilma qadimgi Marsda hayot mavjud bölişi uçun zarur şaroitlar bölgan degan taxminni kuçaytiradi. Biroq bu sayyorada haqiqatan ham hayot bölganini isbotlamaydi.
Olimlarning qayd etişiça, Marsning dastlabki davrlaridagi nam va qalin atmosferali muhiti vaqt ötişi bilan özgargan. Sayyora mavjudligining dastlabki milliard yili davomida hayot uçun qulay şaroitlar tezda yöqola boşlagan va Mars hozirgi sovuq, quruq holatga kelgan.
Ma’lumot uçun, Mars tarixining dastlabki davrlariga oid atigi uçta meteorit ma’lum. Teghaza 001 ulardan biri hisoblanadi. Olimlar uning Marsning janubiy balandliklaridan, ehtimol, Hellas havzasi yaqinidan kelib çiqqanini taxmin qilmoqda.
Meteorit Mars yuzasiga boşqa osmon jismi urilişi oqibatida koinotga otilib çiqqan va uzoq vaqt fazoda harakatlangan. Keyinçalik Yer atmosferasiga kirib, Sahroi Kabirga tuşgan. Uning Yerga aynan qaçon kelib tuşgani hozirça noma’lum.
Eslatib ötamiz, avvalroq olimlar ilk bor ölgan yulduz qoldiqlaridan hosil bölgan bölişi mumkin bölgan sayyorani aniqlagan edi.
Live
Barchasi30 Oktyabr