“Putinning oshpazi” tomonidan tuzilgan yollanma guruh

Tahlil

−

Reklama
0:00

Odatda geosiyosiy o‘yinlardan chetda qolib ketadigandek tuyuluvchi Afrika qit’asi aslida shu o‘yinlarning eng chigal qismlaridan biri hisoblanadi. Ushbu ulkan qit’ada nafaqat qarz beruvchi Xitoy yoki sobiq mustamlakachi Fransiyaning, balki yana bir qancha davlatlar qatorida Rossiyaning ham ta’siri katta. Bugun Ukraina bilan urush fonida butun G‘arb koalitsiyasiga qarshi turishga majbur bo‘lgani yetmagandek, Moskva Afrikada ham harbiy mavjudligini saqlab kelmoqda. Bir paytlar xususiy harbiy kompaniya sifatida tanilgan “Vagner” guruhi bugun Rossiya davlatining Afrika siyosatidagi muhim qurollaridan biriga aylangan. Uning o‘rnini egallagan Afrika korpusi (Africa Corps) esa Kremlning qit’adagi harbiy ishtirokini yangi bosqichga olib chiqmoqda. 

Xo‘sh, “Vagner” yoki Afrika korpusi o‘zi nima va Rossiya nega eng qiyin vaziyatlarda ham qit’adan o‘z kuchlarini olib chiqib keta olmaydi? 

Zamonaviy yollanma qo‘shin 

Yollanma qo‘shinlar tarixi qadimgi davrlarga borib taqaladi. Ular tarixda nafaqat harbiy mahorati, balki shafqatsizligi bilan ham nom qoldirgan. Yollanma askarlarning na qadriyati, na vatani va na do‘stlari bo‘lgan. Ular maosh berilmay qolsa, o‘z homiylariga qarshi chiqishi, shaharlarni talashi, tinch aholini o‘ldirishi va asirlarni sotishi mumkin edi. Ular uchun adolat ko‘proq pul to‘lagan tomonda edi. Rossiya esa zamonaviy yollanma qo‘shin tuzdi. 

2014 yilda Rossiya Qrimni anneksiya qildi. Shundan so‘ng Moskvaga Donbassdagi (Lugansk va Donetsk viloyatlarida) ayirmachilik harakatlarini yashirincha qo‘llab-quvvatlovchi kuchlar kerak bo‘la boshladi. Rasmiy armiya xalqaro noroziliklarni keltirib chiqarar, ularni saqlab turishning o‘zi ham mamlakat ichidagi aholining qarshiligiga sabab bo‘lardi. Aynan shunday vaziyatda keyinchalik butun dunyoga “Vagner” nomi bilan taniladigan guruh tashkil topadi. 

Uning ortida ikki shaxs turardi: Rossiya harbiy razvedkasining sobiq ofitseri Dmitriy Utkin va Kreml bilan yaqin aloqalari bo‘lgan tadbirkor Yevgeniy Prigojin. Utkin harbiy qo‘mondonlik bilan shug‘ullangan bo‘lsa, Rossiya prezidenti qatnashadigan kechki ovqatlarga xizmat ko‘rsatgani sababli “Putinning oshpazi” sifatida tanilgan Prigojin guruhning moliyaviy va tashkiliy jabhalarini nazorat qilgan. Ba’zi manbalarga ko‘ra, “Vagner” nomi Utkinning harbiy laqabidan olingani aytiladi. Bu laqab nemis bastakori Rixard Vagner nomi bilan bog‘liq bo‘lib, Utkinning natsistlar ramzlariga va olmon harbiy tarixiga qiziqishi sabab tanlangan. 

Avvaliga ushbu guruhning tashkilotchisi kim, moliyaviy ta’minoti qayerdan kabi savollar ochiq qolgan. Faqatgina 2022 yilga kelibgina Yevgeniy Prigojin guruh tashkilotchilaridan biri ekanini tan oldi. 

“Men eski qurollarni o‘zim tozaladim, o‘q o‘tkazmaydigan nimchalarni o‘zim saralab oldim va bu borada menga yordam bera oladigan mutaxassislarni topdim. O‘sha paytdan boshlab, 2014 yil 1 may kuni bir guruh vatanparvarlar paydo bo‘ldi, ular keyinchalik “Vagner” bataloni deb nomlandi”, degan edi Prigojin. 

Avvaliga Ukrainada rossiyaparast guruhlarni qo‘llash maqsadida tashkil etilgan guruhning geografik qamrovi asta-sekin kengayib bordi. 2017 yilda Sudan prezidenti Umar al-Bashir Sochiga tashrif buyurib, Vladimir Putin bilan uchrashdi. Xalqaro jinoyat sudi (XJS) tomonidan Darfurda sodir etilgan urush jinoyatlari va genotsid bo‘yicha sud ishi doirasida hibsga olish uchun order berilganiga qaramay, Putin Sudan rahbarini tantanavor kutib oldi. O‘z hokimiyatini saqlab qolish ilinjida Umar al-Bashir Putindan harbiy yordam so‘raydi va AQSH hamda uning ittifoqchilarini tanqid qiladi. 

Oqibatda Rossiyaga “aloqador bo‘lmagan” “Vagner” guruhi Afrikaga yuborildi. Ularga mamlakat hukumati xavfsizligini ta’minlash vazifasi yuklandi. Shu tariqa al-Bashir ishonchli rus tansoqchilarga, Moskva esa Sudan qazilma boyliklariga ega bo‘ldi. Ammo mamlakat Rossiya uchun nafaqat tabiiy resurslar manbai, balki Qizil dengizga chiqish va kelajakda harbiy-dengiz infratuzilmasini rivojlantirish nuqtai nazaridan ham strategik ahamiyatga ega edi. 

2018 yildan boshlab “Vagner” Markaziy Afrika Respublikasida faol operatsiyalar olib bordi. Guruhning vazifalari mahalliy harbiylarni tayyorlash, hukumat kuchlarini qo‘llab-quvvatlash va prezident Tuaderaning hokimiyatini saqlab qolishga yordam berishni qamrab oldi. 2020 yil oxiri va 2021 yil boshida qurolli isyonchilar mamlakat poytaxti – Bangiga hujum qilganida, Rossiya bilan bog‘liq jangchilar hukumat kuchlari tomonida jang qildi. Shu tariqa Moskva mahalliy hukumat uchun muhim xavfsizlik hamkoriga aylandi. Buning evaziga Rossiya bilan bog‘liq kompaniyalar mamlakatning tabiiy boyliklariga yaqinlashdi, Kreml esa Fransiya ta’siri tarixan kuchli bo‘lgan hududda yangi siyosiy tayanchga ega bo‘ldi. 

Biroq “Vagner”ning Afrikadagi faoliyati faqat hukumatlarni himoya qilish va harbiylarni tayyorlashdan iborat emas edi. AQSH Davlat departamenti, BMT ekspertlari va mustaqil jurnalistlar guruhni tinch aholiga nisbatan zo‘ravonlik, noqonuniy qatl, qo‘rqitish hamda tabiiy resurslardan manfaat ko‘rish bilan bog‘liq holatlarda ayblagan. Markaziy Afrika Respublikasida konlar atrofidagi operatsiyalar vaqtida tinch aholiga qarshi zo‘ravonliklar haqida xabarlar tarqaldi. 

Bundan tashqari, yollanma qo‘shin Rossiya manfaatlaridan kelib chiqib, rasmiy hukumatga qarshi bo‘lgan qo‘zg‘olonchi guruhlarni ham qo‘llashi mumkin. Masalan, Liviyada “Vagner” 2010 yillarning ikkinchi yarmidan boshlab general Xalifa Haftar boshchiligidagi kuchlarni qo‘llab-quvvatladi. Jangchilar harbiy maslahat, logistika va jangovar yordam ko‘rsatish bilan birga, Rossiyaning mamlakat sharqidagi harbiy infratuzilmaga kirib borishiga imkon yaratdi. Liviya geografik jihatdan O‘rta yer dengizi va Shimoliy Afrikadagi Rossiya manfaatlari uchun muhim maydon edi. Shu sababli u yerdagi faoliyat faqat mahalliy fuqarolar urushidagi ishtirok emas, balki Moskvaning mintaqadagi harbiy imkoniyatlarini kengaytirish vositasi ham bo‘ldi. 

Shu bilan birga, “Vagner”ni “yengilmas yollanma askarlar” sifatida ham ko‘rish xato. 2019 yilda Mozambikda ham paydo bo‘lgan “Vagner” eng yirik mag‘lubiyatlarga aynan shu yerda uchradi. Mamlakatning shimolidagi Kabu-Delgadu viloyatida qurolli isyonchilar faollashgan edi, hukumat esa ularga qarshi kurashda tashqi yordam izlayotgandi. Rossiyalik jangchilar mahalliy kuchlarga yordam berish uchun yuborildi, biroq murakkab hudud, yetarli razvedka va mahalliy sharoitni tushunish bilan bog‘liq muammolar ularning operatsiyalarini qiyinlashtirdi. Guruhning bu mamlakatdagi faoliyati uzoq davom etmadi. Mozambik tajribasi “Vagner”ning harbiy salohiyati cheksiz emasligini va Afrika davlatlaridagi har qanday mojaro Rossiya uchun oson g‘alaba olib kelmasligini ko‘rsatadi. 

2021 yilda “Vagner”ning Afrikadagi eng muhim yangi manzillaridan biri Mali bo‘ldi. Mamlakatda 2020 va 2021 yillardagi harbiy to‘ntarishlardan so‘ng hokimiyatga kelgan harbiy rahbariyat Fransiya bilan munosabatlarni keskinlashtirdi va xavfsizlik sohasida Rossiyaga yuzlandi. Fransiya kuchlari hamda BMT missiyasining mamlakatdan chiqib ketishi fonida “Vagner” mahalliy armiyaga yordam berish, jangovar operatsiyalarda qatnashish va harbiy rahbariyat xavfsizligini ta’minlash vazifalarini bajardi. Moskva bu hamkorlikni terrorizmga qarshi kurash va davlatlar suverenitetini qo‘llab-quvvatlash sifatida taqdim etdi. Ammo amalda Rossiya uchun yana bir strategik imkoniyat ochilgandi: G‘arbning ta’siri susayayotgan Sahel mintaqasida yangi ittifoqchilar va harbiy tayanchlar paydo bo‘la boshladi. 

Shu tariqa, “Vagner” Afrikaga kirib keldi. Qaysidir davlatda rasmiy hukumatni qo‘llab, mamlakat yaxlitligini pesh qilsa, boshqa hududda qo‘zg‘olonchi kuchlarga yordam berib, xalqlarning o‘z taqdirini o‘zi hal qilish huquqini vaj qilib keldi. Ammo aslida barcha “uzatilgan qo‘llar” ortida turgan Moskva Afrikani o‘zi istagan tartibda nazoratda saqlab qolishni va uning tabiiy resurslarini talashni ko‘zlagan edi. Shu sababli bugungi Afrikadagi notinchliklar, ichki urushlar ortida Rossiyaning qo‘li ham bor, deyish mumkin. 

Ammo 2023 yilning iyunida Prigojin boshchiligidagi isyon va o‘sha yilning 23 avgustida uning Dmitriy Utkin bilan birga samolyot halokatida halok bo‘lishi “Vagner”ning kelajagini savol ostiga qo‘ydi. Kreml uchun endi asosiy vazifa Afrikada yillar davomida qurilgan tarmoqni yo‘qotmasdan, uni o‘zining bevosita nazorati ostiga olish edi. Aynan shu ehtiyoj keyinchalik Afrika korpusi tuzilmasining paydo bo‘lishiga zamin yaratdi.

Qo‘zg‘olon va Afrika korpusi (Africa Corps)ning dunyoga kelishi 

Yuqorida aytganimizdek, yollanma harbiylar kerak bo‘lsa, o‘z rahbarlariga ham qarshi bosh ko‘tarishi mumkin. Hatto u zamonaviy yollanma bo‘lsa ham. 2023 yil iyunida Rossiya hukumatiga xizmat qiluvchi “Vagner” Putin hokimiyatiga qarshi qurol ko‘targani buning yaqqol isbotidir. 

Garchi “Vagner” kuchlarining ta’minoti tepasida Kreml turgan bo‘lsa-da, harbiylar deyarli to‘la mustaqil edi. Kezi kelganda Moskva qarorlariga bo‘ysunishni istamagan guruh oxir-oqibat hukumat tepasidagilarning sabr kosasini to‘ldirdi. Moskva “Vagner”ni tugatishga qaror qildi. Ta’minotlar to‘xtatildi, Rossiya Mudofaa vazirligi barcha ko‘ngilli bo‘linmalar 1 iyulga qadar vazirlik bilan rasmiy shartnoma imzolashi shartligini e’lon qildi. Tabiiyki, bu qaror shaxsiy armiyasiga ega Prigojinga yoqmadi. 

2023 yil 23 iyun kuni Prigojin Rossiya Mudofaa vazirligi rahbariyati bilan ochiq to‘qnashuvga kirishdi. 23 iyun kuni u Rossiya harbiylari “Vagner” lagerlariga zarba berganini aytib, javob qaytarishga va’da berdi. Prigojin o‘z harakatini harbiy rahbariyatga qarshi qaratilgan deb ko‘rsatgan bo‘lsa-da, voqealar tez orada butun Rossiya hukumatiga qarshi qurolli isyonga aylandi. 

“Vagner” jangchilari 23 iyun oqshomida Ukraina hududidan Rossiyaga o‘tdi. Ular Rostov-Don shahriga kirib, Janubiy harbiy okrug shtabi va boshqa muhim harbiy ob’ektlar ustidan nazorat o‘rnatdi. Prigojin o‘z qo‘l ostidagi kuchlar Moskvaga qarab harakatlanayotganini e’lon qildi. 24 iyun kuni kolonnalar poytaxt tomon yurishda davom etdi. Yo‘l davomida Rossiya harbiy aviatsiyasi bilan to‘qnashuvlar yuz berdi va bir necha harbiy havo kemasi urib tushirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Yillar davomida Kreml manfaatlariga xizmat qilgan qurolli tuzilma endi Rossiya armiyasining o‘ziga qarshi harakatlanayotgan edi. Vladimir Putin telemurojaatida hodisani “xiyonat” deb atadi va ishtirokchilarni jazolashga va’da berdi. 

Biroq Moskva tomon yurish boshlanganidan qariyb 24 soat o‘tib, vaziyat kutilmaganda o‘zgardi. OAVda Belarus prezidenti vositachiligida kelishuvga erishilgani ma’lum qilindi. Prigojin jangchilarining harakatini to‘xtatishga rozi bo‘ldi, Kreml esa ishtirokchilarga nisbatan ayrim jinoiy ayblovlar bekor qilinishi va Prigojinning Belarusga ketishi ko‘zda tutilganini bildirdi. Isyon bostirildi, ammo uning siyosiy oqibatlari yo‘qolmadi. Putin o‘z hokimiyatiga qarshi ochiq qurolli chaqiriqqa duch kelgan, Rossiya xavfsizlik tizimi esa mamlakat ichida ham jiddiy zaifliklar mavjudligini namoyon etgan edi. Prigojin va uning jangchilariga nisbatan keyingi choralar esa “Vagner”ning mustaqil harakat qilish imkoniyatlarini cheklashga qaratildi. 

Oradan roppa-rosa ikki oy o‘tib, 2023 yil 23 avgust kuni Prigojin sirli aviahalokat ortidan vafot etgani haqida xabar tarqaldi. Tver viloyatida, Moskva va Sankt-Peterburg oralig‘ida qulagan xususiy samolyot bortidan u bilan birga “Vagner” asoschilaridan biri Dmitriy Utkin hamda yana sakkiz kishining jasadi topildi. Ammo samolyotning nima sababdan qulagani va halokat ortida kim turgani yuzasidan aniq ma’lumotlar berilmagani sababli xalqaro maydonda turli gipotezalar paydo bo‘ldi. Kremlning aloqadorligini tasdiqlovchi ochiq, mustaqil dalillar e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, hodisaning Prigojin isyonidan atigi ikki oy o‘tib yuz bergani uning o‘limini yanada shubhali qildi. Rossiya hukumati suiqasd haqidagi taxminlarni rad etgan. 

Prigojinning o‘limi “Vagner”ning Afrikadagi faoliyatini to‘xtatmadi. Aksincha, Kreml bu tarmoqni o‘z nazoratiga yanada yaqinlashtirishga kirishdi. Endi Moskva o‘z harakatlarini yashirmoqchi emas edi. 2023 yildan boshlab guruhning Afrikadagi ayrim bo‘linmalari Rossiya Mudofaa vazirligi nazoratidagi Afrika korpusining tarkibiga o‘tkazila boshlandi. Bu jarayonning maqsadi shunchaki nomni almashtirish emas edi: Moskva Afrikadagi harbiy ishtirokni markazlashtirish, jangchilar ustidan nazoratni kuchaytirish va ularning faoliyatini davlatning rasmiy tashqi siyosati bilan muvofiqlashtirishga harakat qildi. 2024 yilga kelib Afrika korpusi Mali, Niger va Burkina-Faso kabi mamlakatlarda Rossiya ta’sirini mustahkamlash vositasiga aylandi. 
Qisqa qilib aytganda, “Vagner” tugatildi, ammo hali Putinning Afrikadagi “nafsi to‘ygani” yo‘q. 

Bir qo‘lda Ukraina, bir qo‘lda Afrika 

Shu o‘rinda bir savol paydo bo‘ladi: Ukrainadagi harbiy harakatlarda yetishmovchilik bo‘lib turgan bir vaqtda nega Rossiya Afrikadagi ta’sir doiralari haqida bunchalik qayg‘urmoqda? O‘zi Afrikadagi harbiy guruhlarning Moskva uchun qanday foydali tomonlari bor? 

Chunki Kreml uchun Afrika shunchaki qo‘shimcha hudud emas, balki iqtisodiy daromad, diplomatik tayanch va G‘arb bilan global raqobatning muhim maydonidir. AQSHning Xalqaro strategik tadqiqotlar markazining (CSIS) tahliliga ko‘ra, Rossiya Afrikada xavfsizlik xizmatlarini taklif qilish orqali tabiiy resurslardan foydalanish, siyosiy elitalar bilan aloqalarni mustahkamlash va G‘arb ta’sirini cheklashga intiladi. 

Avval iqtisod degandik, eng birinchi motiv, shubhasiz, iqtisodiy masaladir. Afrika oltin, olmos, uran va boshqa strategik resurslarga boy. “Vagner” Markaziy Afrika Respublikasida hukumatni himoya qilish va harbiy yordam evaziga oltin konlari, olmos qazib olish hamda yog‘och sanoati bilan bog‘liq loyihalarga kirib bordi. Ukrainadagi urush tufayli G‘arb sanksiyalari kuchaygan sharoitda bunday faoliyat Rossiya bilan bog‘liq tuzilmalarga qo‘shimcha daromad manbalarini yaratdi. 

Ikkinchi sabab – geosiyosiy ta’sir. Rossiya Afrika davlatlari bilan harbiy hamkorlik, qurol savdosi va xavfsizlik kelishuvlari orqali yangi ittifoqchilar orttiradi. Bu aloqalar BMT kabi xalqaro maydonlarda Moskvaning diplomatik yakkalanishini kamaytirishga va Rossiya ilgari surayotgan ko‘p qutbli dunyo tartibini qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar doirasini kengaytirishga xizmat qilishi mumkin. Ayniqsa, Fransiya va AQSHning ayrim Sahel davlatlaridagi harbiy ishtiroki qisqarganidan so‘ng, Rossiya o‘zini muqobil hamkor sifatida ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Uchinchi sabab – harbiy-siyosiy ta’sirni nisbatan kam xarajat bilan saqlash. Rossiya barcha Afrika mamlakatlariga katta miqdorda muntazam qo‘shin yuborishi shart emas: ayrim hukumatlarga harbiy instruktorlar, qurol-yarog‘ va cheklangan miqdordagi jangchilar orqali yordam berishning o‘zi siyosiy ta’sir uchun yetarli bo‘lib kelmoqda. “Vagner” o‘rniga Afrika korpusining shakllantirilishi ham aynan shu tarmoqni Kreml va Rossiya Mudofaa vazirligiga ko‘proq bo‘ysundirishga qaratilgan edi.

Shunday ekan, Ukrainadagi urush Rossiyaning Afrikaga bo‘lgan qiziqishini yo‘qqa chiqarmayapti, balki, aksincha, iqtisodiy imkoniyatlar, diplomatik tayanch va G‘arb bilan raqobat Moskvaning qit’aga strategik ahamiyatga ega hudud sifatida qarashiga sabab bo‘lmoqda. Boshqacha qilib aytganda, Rossiya Afrikada G‘arb koalitsiyasiga muqobil o‘z “dunyosi”ni shakllantirmoqda. Faqat buning uchun Afrikaning o‘zi qurbon bo‘lmoqda. 
 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing