Ğarbiy Sahroi Kabirda BMTning 35 yillik tinçlikparvar missiyasi tugadi
Olam
−
14:17 521 3 daqiqa
BMTning Ğarbiy Sahroi Kabirdagi 35 yildan beri faoliyat yuritgan tinçlikparvar missiyasi keça, 1 noyabr kuni öz faoliyatini yakunladi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Ma’lum qilinişiça, 1991 yilda taşkil etilgan MINURSO missiyasining vakolati bir neça bor uzaytirib kelingan. Uning asosiy vazifasi Ğarbiy Sahroi Kabirda sulhga rioya etilişini kuzatiş va hududning kelajagi böyiça referendum ötkazilişiga kömaklaşişdan iborat edi. Biroq referendum şu kungaça ötkazilmagan.
Joriy yilning 30 oktyabr kuni BMT Xavfsizlik Kengaşida AQŞ tomonidan taklif etilgan rezolyutsiya loyihasi ovozga qöyilgan. U Marokaşning Ğarbiy Sahroi Kabir ustidan suverenitet talabini qöllab-quvvatlaş va tinçlikparvar missiyani kelgusi yilda yakunlaşni nazarda tutgan. Rossiya uşbu loyihaga veto qöygan.
Şundan söng, Rossiya tomonidan taklif etilgan missiya vakolatini uzaytiriş haqidagi muqobil rezolyutsiya ham yetarli ovoz töplay olmagan. Natijada missiya faoliyatini davom ettiriş uçun huquqiy asos qolmagan.
BMT Boş kotibi vakili Stefan Dyujarrikning bildirişiça, 1 noyabrdan missiyani tugatiş jarayoni boşlangan. BMTning Operatsion qöllab-quvvatlaş departamentiga böysunuvçi kiçik guruh harbiy kontingentlarga tegişli mol-mulkni öz mamlakatlariga qaytariş va taşkilot jihozlarini belgilangan tartibda topşiriş işlarini nazorat qiladi.
Ğarbiy Sahroi Kabir Afrikaning şimoli-ğarbida, Atlantika okeani sohilida joylaşgan bölib, hudud Marokaş va mustaqillik tarafdori bölgan Polisario fronti örtasida bahsli hisoblanadi. BMT uni özini özi boşqarmaydigan hudud sifatida tasniflaydi. Marokaş hududning katta qismini nazorat qiladi, Polisario fronti esa mustaqil Sahroi Arab Demokratik Respublikasini taşkil etişni talab qilmoqda.
1975 yilda Marokaş hududni qöşib olganidan söng tomonlar örtasida qurolli mojaro boşlangan. 1991 yilda BMT vositaçiligida sulh bitimi tuzilgan va şu asosda MINURSO missiyasi taşkil etilgan. Biroq 2020 yilda Polisario fronti sulh bitimidan çiqqanini e’lon qilgan, şundan buyon hududda vaqti-vaqti bilan töqnaşuvlar kuzatilmoqda.
Missiya faoliyatining tugatilişi mintaqadagi xavfsizlik vaziyatiga ta’sir qilişi mumkin. BMT Boş kotibi tomonlarni Ğarbiy Sahroi Kabir aholisi huquqlarini hurmat qilişga, vaziyatni keskinlaştirmaslikka va ehtiyotkorlikka çaqirgan.
Marokaş qirollik saroyi missiya vakolatining uzaytirilmaganini olqişlagan. Polisario fronti esa bu qarorni qabul qilib bölmaydigan deb atagan. Jazoir Taşqi işlar vazirligi ham qarordan afsusda ekanini bildirib, AQŞ taklif qilgan rezolyutsiyada Marokaş manfaatlariga haddan taşqari yon bosilganini tanqid qilgan.
Missiya faoliyatini tugatiş Marokaş va Jazoir örtasidagi munosabatlarni yanada keskinlaştirişi mumkin. Ikki davlat 2021 yilda diplomatik aloqalarni uzgan. Jazoir Polisario frontini qöllab-quvvatlab keladi.
Ma’lumot uçun, MINURSO missiyasining 2026–2027 moliyaviy yil uçun byudjeti 62 million dollardan oşgan. Uning faoliyati davomida 20 nafar xodim halok bölgan.
Live
Barchasi01 Noyabr