Futbolchi voz kechgan taxtga teleboshlovchi o‘tirdi
Olam
−
10:18 2586 2 daqiqa
Ugandaning Toro qirolligida sobiq teleboshlovchi Edvard Rukidi Kijanangoma yangi qirol sifatida taxtga o‘tirdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, 56 yoshli Kijanangoma kecha, 29 sentyabr kuni o‘tkazilgan an’anaviy marosimda Edvard Rukidi Nyabongo I nomini olgan. U avgust oyida 34 yoshida saraton kasalligidan vafot etgan qirol Oyo Nimba Kabamba Iguru Rukidi IV ning o‘rnini egallagan.
Yangi qirolni Batoro xalqining hukmron Babiito urug‘idan 21 kishidan iborat qo‘mita tanlagan. Kijanangoma marhum qirolning amakivachchasi hisoblanadi. Biroq taxt vorisligi masalasida kelishmovchilik yuzaga kelgan. Oyo Nimbaning onasi Best Kemigisa va singlisi malika Rut Komuntale marhum qirolning yosh o‘g‘li borligini va uning vasiyatida bola taxt vorisi sifatida ko‘rsatilganini bildirgan.
Babiito urug‘i rahbari Charlz Kayondo Kamurasi esa ular tilga olayotgan bolaning mavjudligi urug‘ga ma’lum emasligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi qirol Toro an’analariga muvofiq tanlangan.
Toj kiyish marosimi Toro qirolligining poytaxti Fort-Portal shahridagi Karuziika saroyida o‘tkazilgan. Unda ramziy jang, an’anaviy raqslar va nog‘ora sadolari bilan bir qatorda buqa so‘yish hamda tovuq qonidan foydalanish kabi marosimlar bajarilgan. Tadbirda Uganda Prezidenti Yoveri Museveni ham qatnashgan.
Yangi qirol ilk nutqida xalq madaniyati, urf-odatlari va an’analarini asrashga va’da bergan. Shuningdek, aholini atrof-muhitni muhofaza qilishga chaqirgan.
Ma’lumot uchun, Uganda saylangan prezident boshqaradigan respublika hisoblanadi. Mamlakatdagi mustamlakachilikdan oldingi to‘rtta qirollik siyosiy hokimiyatga ega bo‘lmasa-da, milliy o‘zlik va madaniy meros ramzi sifatida saqlanib qolgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ugandaning Toro qirolligida yangi qirolni tanlash jarayoni kutilmagan vaziyat tufayli inqirozga yuz tutib, qirol Oyo Nimba Kabamba Igura Rukidi IV ning vorisi etib saylangan Jorj Desmond Kamurasi futbol sabab taxtdan voz kechgan edi.