3 yoshida taxtga o‘tirgan qirol vafot etdi

Olam

image

Ugandadagi Toro qirolligi hukmdori Oyo Nimba Kabamba Iguro Rukidi IV kecha, 27 avgust kuni 34 yoshida vafot etdi. Bu haqda Toro qirolligi Bosh vaziri Kalvin Armstrong Rvomiire Akiiki ma’lum qildi.

“Janobi Oliylari, Toro Omukamasi, qirol Oyo Nimba Kabamba Iguro Rukidi IV vafot etganini chuqur qayg‘u va og‘ir qalb bilan e’lon qilaman“, deb yozgan u X ijtimoiy tarmog‘ida.

Qirollik Bosh vaziri qirolning vafotini “o‘lchab bo‘lmas yo‘qotish“ deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, turmush qurmagan qirol voris qoldirgan va “tojning davomiyligi ta’minlangan”.

Oyo Nimba Kabamba Iguro Rukidi IV Ugandaning g‘arbiy qismida, Kongo Demokratik Respublikasi bilan chegaraga yaqin hududda joylashgan Toro qirolligining hukmdori bo‘lgan.

U 1995 yil 12 sentyabrda otasi Rukirabasayja Patrik Devid Metyu Kaboyo Olimi III vafotidan so‘ng, atigi uch yoshida taxtga o‘tirgan. Shu tariqa u o‘sha paytda dunyodagi eng yosh hukmron monarxga aylangan.

Ugandaning mashhur pop xonandasi va mamlakatdagi yetakchi muxolifat vakili Bobi Vayn ham qirol vafoti yuzasidan hamdardlik bildirgan.

“Eng dahshatli xabar! Janobi Oliylari qirolning ruhi abadiy orom topsin“, deb yozgan u X ijtimoiy tarmog‘ida.

Ma’lumotlarga ko‘ra, qirol joriy yilning aprel oyida 34 yoshga to‘lgan. Biroq uning o‘limi sababi aytilmagan.

“Bizning qirolimiz o‘z xalqining hayotidan uzoq emas. U bu avlodning, bu muhitning bir qismi, u o‘smoqda, o‘rganmoqda va yetakchilik qilmoqda. Uning yoshligi cheklov emas, balki kuchdir. Bu unga Toro uchun boshqacha kelajakni tasavvur qilish uchun energiya, yangicha qarash va jasorat beradi”, degan Bosh vazir.

Ma’lumot uchun, Toro qirolligi – Afrikaning sharqida, hozirgi Uganda hududining g‘arbiy qismida joylashgan an’anaviy qirollik bo‘lib, uning markazi Fort-Portal shahri hisoblanadi. Ushbu qirollikka 1830 yilda Bunoro-Kitara qirolligidan ajralib chiqqan shahzoda Kabiyo Kabigeni tomonidan asos solingan. Qirollikning asosiy aholisini rutoro tilida so‘zlashuvchi batoro xalqi tashkil etadi, uning oliy hukmdori esa an’anaga ko‘ra Omukama deb ataladi. XIX asr oxirida Britaniya protektorati tarkibiga kiritilgan Toro o‘z muxtoriyatini saqlab qolgan bo‘lsa-da, 1967 yilda Uganda prezidenti Milton Obote tomonidan mamlakatdagi boshqa an’anaviy monarxiyalar singari bekor qilingan. 1993 yilda Uganda hukumati tomonidan qirollik maqomi qayta tiklangan va bugungi kunda u siyosiy hokimiyatga ega bo‘lmasa-da, o‘z xalqining tarixiy, madaniy va ma’naviy merosini saqlab keluvchi ramziy muassasa sifatida faoliyat yuritadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropaning amaldagi eng keksa monarxi – Norvegiya qiroli Xarald V 89 yoshida vafot etgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing