London klubi futbolchisi Ugandada qirol bo‘lishi mumkin
Sport
−
14:39 602 2 daqiqa
Londonning “Se Dons” klubi darvozaboni va jamoa sardori Jorj Desmond Kamurasi Ugandaning g‘arbidagi Toro an’anaviy qirolligining yangi qiroli bo‘lishi mumkin. Bu haqda “The Times” xabar berdi.
36 yoshli Kamurasi Toro qirolligining marhum hukmdori Oyo Nimba Kabamba Igura Rukidi IVning vorisi sifatida tanlangan. 21 kishidan iborat vorislik qo‘mitasining 18 nafar a’zosi ishtirok etgan yig‘ilishda 15 kishi Kamurasi nomzodini qo‘llab-quvvatlagan. Biroq uning vorisligi hali Toro qirolligining Babiito sulolasi tomonidan rasman e’lon qilinmagan.
Kamurasi marhum qirolning amakivachchasi bo‘lib, shahzoda Jorj Desmond “Jimmi” Mugenining o‘g‘li hisoblanadi. U Buyuk Britaniyada ulg‘aygan va hozir Angliya futbolining to‘qqizinchi divizionida ishtirok etuvchi “Se Dons” safida darvozabonlik qilmoqda.
Shu bilan birga, Toro qirolligida vorislik masalasi hanuz bahsli. Babiito sulolasi vakillari qirol saylanmasligi, balki an’anaviy tartib asosida taxtga o‘tirishini ta’kidlamoqda. Qirollik vakillariga ko‘ra, yangi hukmdor marhum qirol Oyoning joriy yilning 12 sentyabrga belgilangan dafn marosimi bilan bog‘liq an’anaviy tadbirlar davomida rasman e’lon qilinishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Toro qirolligi – Afrikaning sharqida, hozirgi Uganda hududining g‘arbiy qismida joylashgan an’anaviy qirollik bo‘lib, uning markazi Fort-Portal shahri hisoblanadi. Ushbu qirollikka 1830 yilda Bunoro-Kitara qirolligidan ajralib chiqqan shahzoda Kabiyo Kabigeni tomonidan asos solingan. Qirollikning asosiy aholisini rutoro tilida so‘zlashuvchi batoro xalqi tashkil etadi, uning oliy hukmdori esa an’anaga ko‘ra Omukama deb ataladi. XIX asr oxirida Britaniya protektorati tarkibiga kiritilgan Toro o‘z muxtoriyatini saqlab qolgan bo‘lsa-da, 1967 yilda Uganda prezidenti Milton Obote tomonidan mamlakatdagi boshqa an’anaviy monarxiyalar singari bekor qilingan. 1993 yilda Uganda hukumati tomonidan qirollik maqomi qayta tiklangan va bugungi kunda u siyosiy hokimiyatga ega bo‘lmasa-da, o‘z xalqining tarixiy, madaniy va ma’naviy merosini saqlab keluvchi ramziy muassasa sifatida faoliyat yuritadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toro qirolligi hukmdori Oyo Nimba Kabamba Iguro Rukidi IV 34 yoshida vafot etgani haqida xabar berilgan edi.