O‘zbekistonda kitobxon askar uyiga 1 oy oldinroq qaytishi mumkin

Jamiyat

−

image

O‘zbekistonda respublika kitobxonlik tanlovida yuqori natijalarga erishgan muddatli harbiy xizmatchilarning xizmat muddatini bir oyga qisqartirish taklif etilmoqda. Bu haqdagi qonun loyihasi kecha, 13 oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Qayd etilishicha, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonunga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar harbiy xizmatning nufuzi va jozibadorligini oshirish, malakali harbiy kadrlarni tayyorlash hamda ularning salohiyatidan samarali foydalanishga qaratilgan.

Shuningdek, qonun loyihasida oliy harbiy ta’lim muassasalari va xorijiy oliy harbiy ta’lim muassasalarining uchuvchi mutaxassisligi bo‘yicha bitiruvchilari bilan yangi kontrakt tuzishning huquqiy asoslarini belgilash taklif etilmoqda.

Qonun loyihasida respublika kitobxonlik tanlovida yuqori natijalarga erishgan muddatli harbiy xizmatchilarni rag‘batlantirish ham nazarda tutilgan. Ularning xizmat muddatini bir oyga qisqartirish orqali harbiylar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini targ‘ib qilish, ma’naviy-intellektual salohiyatini oshirish ko‘zda tutilgan.

Qayd etilishicha, yangi normalar malakali uchuvchi mutaxassislarning kasbiy salohiyati va tajribasidan samarali foydalanish, harbiy aviatsiyani rivojlantirish hamda Qurolli Kuchlarning professional salohiyatini oshirish imkonini beradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda endilikda kitob o‘qigan ayrim mahkumlarning jazo muddati qisqartirilishi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing