Nega sovet merosiga qilinayotgan mehribonchilik milliy merosimizga qilinmayapti? – Alisher Qodirov
Jamiyat
−
11:51 2197 3 daqiqa
Avvalroq, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi, Qonunchilik palatasi deputati Alisher Qodirov joriy yilning 15 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Bobur ko‘chasi, 7-uydagi binoning madaniy meros ob’ekti sifatida muhofaza qilinishiga qarshi chiqqandi. Kecha, 16 sentyabr kuni esa Madaniy meros agentligi Qodirovning fikrlariga rasmiy munosabat bildirdi. Shundan so‘ng deputat o‘zining Telegram-kanalida agentlikning uning tanqidlariga bildirgan munosabatiga javoban yana bir qator savollar bilan chiqdi.
Qodirovning aytishicha, Madaniy meros agentligi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi byudjet hisoboti vaqtida deputatlarning savollariga javob berish o‘rniga rasmiy munosabat bildirgan.
“Partiya javob munosabati qilmaydi, albatta, lekin savollarimizga javob olish uchun parlament so‘rovi yoki eshituvi vakolatimizdan foydalanishga harakat qilib ko‘ramiz”, deya yozgan deputat.
U agentlikning Sarmishsoy, Shohizinda va Mizdahqon qal’asi bo‘yicha ilgari bildirgan tanqid va takliflarni e’tiborsiz qoldirayotganini aytib, Bobur ko‘chasidagi bino masalasida esa rassomning millatidan merosning millatini yasab, mavzuni millatlararo taranglikka bog‘lashga urinish kuzatilayotganini qayd etgan.
Qodirov agentlikka bir qator savollarni yana takror yo‘llagan. Jumladan, u Sarmishsoy kabi noyob meros ob’ektiga milliardlab mablag‘ sarflangan bo‘lsa-da, gektarlab ochiq muzey hududi qarovsiz va tashlandiq holatda qolayotganiga izoh so‘ragan.
Shuningdek, Shohizindaga avtomobil yo‘lining jiddiy zarar yetkazayotgani, uni ta’mirlash uchun mablag‘ yo‘qligi va bu masalada hokimiyatga nisbatan sud jarayoni olib borilmayotganini savol ostiga qo‘ygan.
Deputat Buxoroda eng qadimiy Qur’on nusxasining Arkdagi talabga javob bermaydigan omborda saqlanayotgani, shuningdek, Dovon davlati bilan bog‘liq noyob meros joylashgan hududlarning dehqonchilik uchun berib yuborilgani yuzasidan ham savollar bergan.
“Nega agentlik sovet davridagi merosga qilayotgan mehribonchiligini ming yillik milliy madaniyatimiz va merosimizga nisbatan qilmayapti? O‘nlab savollar bor, o‘tgan yildan beri javob olishga harakat qilyapmiz”, deya yozgan Qodirov.
U o‘z e’tirozi muayyan shaxsning millatiga emas, balki madaniy meros ob’ektlariga e’tibor va mablag‘larning qanday taqsimlanayotganiga taalluqli ekanini bildirgan.
“Biz o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydigan madaniy merosimiz bir chekkada qolib ketib, bir rus rassomi, o‘zbek adabiyotshunosi, ukrain arxitektori yoki biron boshqa qadrli ekanligiga shubhamiz bo‘lmagan vatandoshimizni, kim bo‘lishidan qat’i nazar kvartirasini asrashga ko‘proq e’tibor qaratilayotganiga e’tiroz bildiryapmiz”, degan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi.
Qodirov, shuningdek, Madaniy meros agentligining parlamentdagi hisobot berish tartibiga ham savol bilan murojaat qilgan.
“Mutaxassis emasmiz, balki xato o‘ylayotgandirmiz? Nega parlamentda hisobot berish uchun hukumat keladi-yu, agentlik jo‘yali javoblar berolmasdan tarmoqlardan turib munosabat bildiradi?”, degan deputat.
U mazkur masala bo‘yicha parlamentdagi vakolatlaridan foydalanishini aytgan.
“Bu deputat sifatida mening fikrim, partiya raisi sifatida agentlik hisobotidan keyin parlamentda so‘z olaman”, deya yozgan Alisher Qodirov.
Eslatib o‘tamiz, Bobur ko‘chasi, 7-uydagi bino 2020 yilda Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari Milliy ro‘yxatiga kiritilgan va hozirda davlat muhofazasida turibdi.
Live
Barchasi“Boysun do‘ppisi” patentlandi
16 sentabr
Ronald Kumanning ayoli 65 yoshida vafot etdi
16 sentabr