Xudoyorxon o‘rdasida ko‘ngilochar tadbir o‘tkazgan direktorga hayfsan berildi
3-sahifa
−
10:47 4178 2 daqiqa
Qo‘qon shahridagi Xudoyorxon o‘rdasi hududida Madaniy meros agentligi bilan kelishmagan holda ko‘ngilochar tadbir o‘tkazgan muzey direktori hayfsan oldi. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 3 oktyabr kuni Xudoyorxon o‘rdasi hududida “A.klub” nomi ostida bir guruh ayollar ishtirokida “Chopon pati” tadbiri tashkil etilgan. Mazkur tadbir “Qo‘qon” davlat muzey-qo‘riqxonasi rahbariyati tomonidan Madaniy meros agentligi bilan belgilangan tartibda kelishilmagan.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda qabul qilingan tegishli buyruq talablariga asosan davlat muzeylari va muzey-qo‘riqxonalarida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan madaniy-ma’rifiy, ommaviy va boshqa tadbirlar agentlik bilan belgilangan tartibda kelishilishi lozim.
Shuningdek, davlat muzey-qo‘riqxonasi hududi madaniy meros ob’ekti sifatida alohida muhofaza qilinishi kerak. Shu sababli, bunday hududlarda tadbirlarni tashkil etishda ob’ektning madaniy ahamiyati, tarixiy qiyofasini asrash, muhofaza qilish va foydalanish talablariga rioya etilishi shart.
Bildirilishicha, holat yuzasidan “Qo‘qon” davlat muzey-qo‘riqxonasi direktori M. Mavlonqulovga xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmagani sababli Mehnat kodeksining 312-moddasiga asosan “hayfsan” intizomiy jazosi qo‘llanilgan.
Madaniy meros agentligi kelgusida madaniy meros ob’ektlari va muzey-qo‘riqxonalar hududida tadbirlarni belgilangan tartib va talablarga muvofiq tashkil etilishi ustidan nazoratni kuchaytirishini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro shahrida joylashgan Nodir Devonbegi madrasasi oldida onlayn qimor o‘yini reklama qilingani haqida xabar berigan edi.
Live
Barchasi