23 dekabr. O‘zbekiston va xalqaro maydonda nimalar bo‘ldi?
Tahlil
−
23 dekabr 2021
12862Jamiyat
Qo‘qondagi xonadonda portlash bo‘ldi
Joriy yilning 19 dekabr kuni Qo‘qon shahar “Vaqf Chorsu” MFY Barhayot ko‘chasidagi xonadonda portlash sodir bo‘ldi. Bu haqda viloyat hokimining hodisani o‘rganish to‘g‘risidagi qarorida aytilgan.
Qarorda keltirilishicha, soat 04:50da Qo‘qon shahar “Vaqf Chorsu” mahalla fuqarolar yig‘ini Barhayot ko‘chasidagi xonadonda gaz-havo aralashmasi chaqnashi sodir bo‘lgan.
Portlash oqibatida mazkur xonadonda istiqomat qiluvchi 4 nafar fuqaro turli darajada kuyish tan jarohati olib, Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazi Farg‘ona filiali Qo‘qon shahar subfilialiga yotqizilgan.
Qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning asosiy sababchilari aniqlandi
O‘zbekistonda qarindoshlar o‘rtasida tuziladigan nikohlar qariyb 60 foiz holatda bobo-buvilar tashabbusi bilan bo‘ladi. Bu haqda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi xabar berdi.
O‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, qarindoshlar o‘rtasida tuziladigan nikohning 58,1 foiz bobo-buvilar, 56,4 foizi ota-onalar, 14,3 foizi tog‘a-xola va amaki-ammalar, 13,2 foizi opa-singillar, 1,2 foizi aka-ukalar va 8,3 foizi boshqa shaxslar tashabbusi bilan tuzilishi respondentlar tomonidan aniqlangan.
Turdimov ikki o‘rinbosarini o‘zgartirdi
Rustam Rajabboyevich Qobilov Samarqand viloyati hokimining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari - viloyat turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Viloyat hokimining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari - viloyat turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i Botirjon O‘tkirovich Nurullayev boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan o‘z arizasiga asosan egallab turgan vazifasidan ozod etildi.
Qashqadaryo elektr orqali ko‘p miqdorda baliq ovlagan ovchilar ushlandi
Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanida elektr toki orqali baliq ovlagan shaxslar aniqlandi. Bu haqda viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi ma’lum qildi.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi inspektorlari Z.Ernazarov, B.Toshpo‘latov, M.Cho‘liyev va A.Salomov joriy yilning 20 dekabr kuni Mirishkor tumani “Mirishkor” kanalida nazorat reyd tadbiri o‘tkazgan. Reyd davomida tungi soat 23:00 larda Mirishkor tumani “Oqmachit” MFYda yashovchi fuqaro U.Ya va boshqalar elektr toki (elektroudochka) yordamida noqonuniy va ayni paytda shafqatsizlarcha jami 385 (uch yuz sakson besh) dona shundan, 1 (bir) dona zog‘ora (sazan), 1 (bir) dona sudak, 75 (yetmish besh) dona leshch, 200 (ikki yuz) dona karas baliqlari va 108 (bir yuz sakkiz) dona O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan Turkiston mo‘ylovdoriga o‘xshash baliqlarni ovlagani aniqlangan.
Metroning “Kosmonavtlar” bekatida yong‘in sodir bo‘lgani aytilmoqda
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent metropolitenining “Kosmonavtlar” bekatida yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat bo‘yicha “Toshkent metropoliteni” DUK Matbuot xizmati QALAMPIR.UZ’ga izoh berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 23 dekbar kuni soat 12:15 da Shayxontoxur tumani “Kosmonavtlar” metro bekati ichida harakatlanib ketayotgan 4 ta vagondan iborat tarkib(sostav)ning 3-vagonida texnik sabablarga ko‘ra saqlagich (predoxranitel) kuyganligi yoki tormoz kolodkasi siqib qolganligi taxmin qilinmoqda.
Voqea joyida hech qanday yong‘in sodir bo‘lmagan. Nosoz vagon - ta’mirlash uchun DEPOga yuborilgan.
Olam
Қарама-qarshilikning yangi bosqichi: YeI Rossiyaga qanday shart qo‘ydi?
Yevropa Ittifoqining diplomatiya bo‘yicha rahbari Jozep Borrel va AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Rossiya Federatsiyasi bilan Yevropa xavfsizligi bo‘yicha bo‘lajak har qanday muzokaralar muvofiqlashtirilgan va Yevropa Ittifoqi ishtirokida o‘tkazilishini tasdiqladi. Bu haqda Yevropa Tashqi ishlar xizmati bayonotida aytilgan.
“Davlat kotibi Blinken va Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Borrel o‘tgan hafta Rossiya tomonidan Yevropada xavfsizlikni ta’minlashning mumkin bo‘lgan yangi mexanizmlari haqidagi Rossiya qarashlari bo‘yicha taqdim etilgan takliflarni e’tiborga oldi. Ular Yevropa xavfsizligi bo‘yicha har qanday munozaralar Yevropa Ittifoqi bilan kelishilgan holda va uning ishtirokida o‘tkazilishiga kelishib oldi”, deyiladi Borrel va Blinken o‘rtasidagi muzokaralar yakuni bo‘yicha tuzilgan hujjatda.
“Bilayn” asoschisi Dmitriy Zimin vafot etdi
Rossiyalik tadbirkor va metsenat, “Bilayn” asoschisi Dmitriy Zimin og‘ir xastalikdan so‘ng kecha, 22 dekabr kuni Shveysariyada vafot etdi. Bu haqda uning o‘g‘li Boris Zimin Facebook’da xabar bergan. Tadbirkor 88 yoshda bo‘lgan.
“Mening otam hayotni juda yaxshi ko‘rardi. Unga hammasi uchun, barcha yaratgan narsasi, bo‘lgani uchun rahmat. Bu bugun Vatanda emas, Shveysariyada sodir bo‘ldi. So‘nggi oylarda u og‘ir kasal edi. Bo‘ldi. Vidolashuv va boshqa tafsilotlar keyinroq”, deb yozgan Boris Zimin.
Qozog‘iston O‘zbekiston mahsulotlariga import cheklovi kiritadimi?
Qozog‘istonga O‘zbekiston tovarlari kerak va ularga nisbatan cheklov choralari qo‘llanilmaydi. Bu haqda LS nashriga Qozog‘iston Savdo va integratsiya vazirligi ma’lum qilgan.
Tahlilga ko‘ra, O‘zbekistondan olib kelinayotgan asosiy mahsulotlar sabzavot, meva zavodlar uchun xomashyo hisoblanadi.
“Ushbu tovarlarga nisbatan har qanday chora-tadbirlarning kiritilishi, birinchi navbatda, qozog‘istonlik iste’molchilarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi”, deyilgan xabarda.
Rossiya Ukrainaga hujum qilmasligiga kafolat bormi? Putin javob berdi
Rossiyaning Ukrainaga hujum qilmasligi ikki tomonlama muzokaralarga emas, balki NATO qo‘shinlarining rus chegaralaridan uzoqlashishiga bog‘liq. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin an’anaviy tarzda o‘taziladigan matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
Anjuman davomida Buyuk Britaniyaning “Sky News” yangiliklar telekanali jurnalistining Rossiyaning Ukraina xavfsizligini ta’minlash haqidagi savoliga javoban Putin muammolar ortida AQSH boshchiligidagi G‘arb mamlakatlari turganini ta’kidladi.
“Bizning harakatlarimiz muzokaralar jarayoniga emas, balki Rossiya xavfsizligini so‘zsiz ta’minlashga bog‘liq bo‘ladi. Biz NATOning sharqqa qarab harakatlanishini qabul qilib bo‘lmasligini ochiq aytdik. Qo‘shma Shtatlar uyimiz ostonasida raketalar majmuasi bilan poylab turibdi. Uyimiz oldida harbiy qurollarni o‘rnatmaslikni talab qilish ortiqcha emas-ku? Agar amerikaliklar Kanada yoki Meksika bilan chegarada raketalar o‘rnatishsa qanday munosabatda bo‘lishadi. Va oldin Kaliforniya kimga tegishli edi? Texaschi?”, deydi Rossiya yetakchisi.
Sport
Yangilangan FIFA reytingida O‘zbekiston nechanchi o‘rinda?
Butunjahon futbol uyushmasi (FIFA) noyabr oyi yakunlariga ko‘ra terma jamoalarning yangilangan reytingini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, o‘tgan oydagi kabi O‘zbekiston MTJ 84-pog‘onani saqlab qolgan.
Srechko Katanets shogirdlari Osiyoda 11-raqamda qayd etilgan. “Oq bo‘rilar”dan yuqorida Eron (21-o‘rin), Yaponiya (26), Janubiy Koreya (33), Avstraliya (35), Saudiya Arabistoni (48), Qatar (51), BAA (69), Xitoy (74), Iroq (75) va Ummon (79) joylashgan.
Shuningdek, kuchli uchlikda hech qanday o‘zgarish kuzatilmagan. Belgiya terma jamoasi 1828 ochko bilan hamon peshqadamlik qilishda davom etmoqda. Braziliya ikkinchi, Fransiya uchinchi pog‘onada qayd etilgan. “Pentakampeonlar” hisobida 1826, “xo‘rozlar”da esa 1786 ochko mavjud.
U o‘z unvonlarini qaytarib oladi – Joshuaning promouteri
“Matchroom boxing” promouterlik kompaniyasi rahbari Eddi Xirn Entoni Joshua va WBA, WBO va IBF yo‘nalishlari chempioni Aleksandr Usik o‘rtasidagi revansh jangi haqida fikr bildirdi.
Uning fikricha, britaniyalik bokschi xatolarini to‘g‘irlab, ikkinchi jangga puxta tayyorgarlik ko‘ra oladi.
“Joshua o‘z ishini qiladi va unvonlarini qaytarib oladi. Entoni – jangdan keyin xatolari ustida ishlaydigan yigit. U birinchi jangni million marta ko‘rdi va doimiy raqishda sport zalida ishlamoqda. Joshua ringga eng yaxshi jangchi sifatida qaytishini ma’lum qildi. “Menimcha, bularning barchasi revansh jangi uchun muhim. Biz Usik nimalarga qodirligini juda yaxshi bilamiz va uning imkoniyatlarini pasaytirmoqchi emasmiz. Men Aleksandr uslubiga o‘zgartirishlar kiritmaydi, deb aytmadim”, deydi Xirn.
Yangilangan IJF reytingida Bobonov peshqadamlikni qaytarib oldi
Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) 2021 yil yakunilariga ko‘ra dzyudochilarning yangilangan reyting jadvalini e’lon qildi.
Unda qayd etilishicha, 90 kg vazn toifasida o‘zbeistonlik Davlat Bobonov yana peshqadamga aylangan.
Avvalgi oyda gruziyalik Lasha Bekauridan kichik farq bilan ortda qolgan Bobonov raqibining 2 yil avvalgi musobaqada qo‘lga kiritgan ochkolari olib tashlangani bois yana birinchi o‘ringa ko‘tarildi. Shu tariqa, Tokio-2020 sovrindori Bobonov 2021 yilni o‘z vazn toifasidagi reytingda peshqadam bo‘lib yakunlaydigan bo‘ldi.
LiveBarchasi