Fermerlarni haqoratlagan hokim, “UzAutoMotors“ning yongan mashinalari, sudlanayotgan “zamhokim” – yangiliklar dayjesti
Tahlil
−
13 dekabr 2021
18266Jamiyat
Bolalarga nisbatan uyatsiz harakatlar uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirildi
O‘zbekistonda 16 yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan holda u bilan jinsiy aloqa qilish yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish hamda unga nisbatan zo‘rlik ishlatmay uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etish holatlari uchun javobgarlik choralari kuchaytirildi. Bu haqda “Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunda belgilandi.
Qonun bilan kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 128-moddasi 1-qismiga muvofiq shaxsning 16 yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan holda u bilan jinsiy aloqa qilish yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish:
• 480 soatgacha (ilgari – 360 soatgacha) majburiy jamoat ishlari;
• yoki 3 yilgacha (ilgari – ikki yilgacha) axloq tuzatish ishlari;
• yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash;
• yoki 1 yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Toshkentda avtobus va metroda yo‘lkira narxi oshirilmoqda
2022 yilning 1 yanvaridan Toshkentda avtobus va metropolitenda yo‘lkira narxi oshirilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar hokimining “Yangi tariflar joriy qilinishi to‘g‘risida”gi qarori loyihasida ko‘zda tutilgan.
Qarorga ko‘ra, 1 yanvardan Toshkent shahri hududida shahar yo‘lovchilar transporti - avtobus va metropolitenda qatnovlar amalga oshirish uchun cheklangan tariflar:
a) bir yo‘lovchi uchun – 1 700 (bir ming yetti yuz) so‘m;
b) bir yo‘lovchining bagajini tashish bo‘yicha xizmat uchun - 3 000 (uch ming) so‘m etib belgilanadi.
Zoyir Mirzayev 28 mlrdga haykal qurish loyihasini bekor qildi
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Nurafshon shahrida Zulfiya Zokirova nomiga haykal majmuasini qurish va atrofini obodonlashtirish hamda Nurafshon Business City hududida zamonaviy kutubxona binosining qurilishini bekor qildi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.
Hokim farmoyishi bilan viloyat mahalliy byudjetining 2021 yil III chorak yakuni bilan shakllangan daromadlar rejasining orttirib bajarilgan qismi hisobidan viloyat hokimining (sobiq hokim Davron Hidoyatov) 2021 yil 3 noyabrdagi 179-10-0-F/21-sonli farmoyishiga muvofiq ajratilgan 34 400 000,0 ming (o‘ttiz to‘rt milliard to‘rt yuz million) so‘m viloyat mahalliy byudjetiga tiklandi.
12 soatdan ortiq davom etgan operatsiyada ona farzandiga jigarini berdi
Kuni kecha akademik V. Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ilk bor Karoli sindromiga chalingan bemorda murakkab jigar ko‘chirish operatsiyasi o‘tkazildi. Ushbu jarrohlik amaliyoti xirurg, professor Mirshavkat Akbarov boshchiligidagi o‘zbekistonlik shifokorlar tomonidan mustaqil amalga oshirildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
12 soatdan ortiq davom etgan jarrohlik amaliyotida Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanidagi Rabot mahallasida yashovchi 18 yoshli bemor — Feruzbek Shamsiddinovga 44 yoshli onasi Gulchehra Yo‘ldoshevaning jigaridan bir bo‘lagi ko‘chirib o‘tkazildi.
Poytaxt IIBB tizimida to‘rt mansabdor “uchdi”
Toshkent shahar Chilonzor tumani IIO FMB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha o‘rinbosari, shuningdek, Yangihayot va Shayxontohur tumanlari IIO FMB boshliqlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha o‘rinbosarlari egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Bu haqda shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahar IIBB boshlig‘i general-mayor Aziz Toshpo‘latov joriy yil 11 oylik natijalari bo‘yicha tanqidiy ruhda yig‘ilish o‘tkazgan. Unda jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishda qator kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun Chilonzor tumani IIO FMB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha o‘rinbosari, shuningdek, Yangihayot va Shayxontohur tumanlari IIO FMB boshliqlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha o‘rinbosarlari egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.
Yangi yil bayramida o‘zbekistonliklar 5 kun dam olishi mumkin
O‘zbekistonda Yangi yil bayrami munosabati bilan barcha xodimlar ketma-ket 5 kun dam olishi mumkin. Bu haqda Prezidentning “2022 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi farmoni loyihasida keltirilgan.
Farmon loyihasiga ko‘ra, 2022 yilda 3 yanvar – dushanba, 4 yanvar – seshanba qo‘shimcha dam olish kuni etib belgilanishi kutilmoqda. Farmon qabul qilinsa, o‘zbekistonliklar Yangi yil bayrami munosabati bilan ketma-ket 5 kun – 31 dekabrdan 4 yanvargacha dam oladi.
Bahodir Jalolovning oilasi og‘ir judolikka uchradi
Bugun, 13 dekabr kuni o‘zbekistonlik bokschi Bahodir Jalolovning bobosi vafot etdi. Bu haqda sportchining o‘zi Instagram sahifasida ma’lum qildi.
“Joyingiz jannatdan bo‘lsin bobojon! Otamdan qolgan yodgorim olamdan o‘tdilar. Yaqinlar, bobomning xaqlariga duo qilib qo‘yinglar!” deya yozgan Jalolov.
Xatirchi “zamhokim”i ishdan olindi. Unga jinoyat ishi ochilgan
Xatirchi tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Vohid Avlonov lavozimidan chetlatildi. Unga nisbatan jinoyat ishi ochilgan. Bu haqda tuman hokimining tegishli farmonida keltirilgan.
Qayd etilishicha, Navoiy viloyati Xatirchi tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i Vohid Avlonov joriy yilning 25 noyabridan lavozimidan chetlatilgan.
“Tovuq miya, hezalak”. Yangibozor hokimining fermerlarni haqoratlagan audiosi tarqaldi
Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyati Yangibozor tumani hokimi O‘ktamboy Qurbonov ekani aytilayotgan shaxsning fermerlarni haqorat qilgani yozilgan audio tarqaldi. Audioda hokimning bajarilmagan ishlarni qog‘ozda “bajarildi” deb ko‘rsatib kelgani aytilgan.
“O-o-o tovuq miya, nimaga chaqirganimda yonimga kelmading, nimaga chaqirgan edim seni? Bug‘doy qani? Bajarmasang... (haqorat qilgan – tahr.) Bajarmaganingni bajartirib, bo‘ynimga olib turibman. Hezalaklar! Men bo‘ynimga olib, 105 foiz qilinglar, dedim. Yaxshi gapni tushunmaydigan to‘ng‘iz. Nima qilish kerak ishlashlaring uchun, ayt nima kerak?”, deydi tuman hokimi ekani aytilgan haqoratlar bilan.
Olam
Putin Rossiya yadroviy inshootlariga kirgan AQSH agentlari haqida gapirdi
1990-yillarda AQSH maxsus xizmatlari agentlari Rossiya yadroviy inshootlarida bo‘lgan. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ma’lum qildi.
“Amerika maxsus xizmatlari Rossiyaning hamma joyiga bordi, hatto yadroviy kompleksning ba’zi korxonalarida ham bo‘lishdi”, degan Prezident “Rossiya. Yaqin tarix” hujjatli filmi uchun bergan intervyusida.
Uning ta’kidlashicha, ularning yadroviy inshootlarda bo‘lishi hukumatlararo kelishuv asosida kelishilgan.
Putin SSSRning parchalanishini fojia deb atadi
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin SSSRning parchalanishini fojia, tarixiy Rossiyaning qulashi sifatida qabul qilishini aytdi. Davlat rahbarining bunday bahosi “Rossiya-1” telekanali efirida “Rossiya. Yangi tarix” filmida yangragan.
“Bu mamlakat fuqarolarining mutlaq ko‘pchiligi uchun fojia. Axir, Sovet Ittifoqining qulashi nima? Bu Sovet Ittifoqi nomi ostidagi tarixiy Rossiyaning parchalanishi”, degan Putin.
Rossiyada "UzAutoMotors" avtomobillari yonib ketdi
Ijtimoiy tarmoqlarda kecha, 12 dekabr kuni Chevrolet avtomobillarini olib ketayotgan avtotreylerning yonayotgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan “UzAutoMotors” AJ Matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, voqea Rossiyaning Moskva viloyati hududida avtomobillarni mijozga olib o‘tish vaqtida yuz bergan. Barcha tashilgan avtomobillar sug‘urtalangan bo‘lib, ular rossiyalik mijozga tegishli bo‘lgan.
O‘zbekistonliklar ko‘p sayohat qiladigan yana bir davlatda koronavirus aniqlandi
Turkiyada olti kishida koronavirusning “omicron” shtammi aniqlandi. Bu haqda Turkiya Sog‘liqni saqlash vaziri Faxrettin Koja ma’lum qildi.
“Turkiyada olti kishida “omicron” shtammi aniqlandi.Bir kishi Istanbulda va besh kishi – Izmirda”, degan Koja.
Sog‘liqni saqlash vaziri aytishicha, “omicron”ga chalingan fuqarolardan hech biriga shifoxonaga yotib davolanish talab etilmaydi.
“Koinot go‘zali – 2021” go‘zallik tanlovi g‘olibi aniqlandi
Kecha, 12 dekabr kuni “Koinot go‘zali – 2021” xalqaro go‘zallik tanlovining g‘olibi aniqlandi. U hindistonlik 21 yoshli Harnaaz Sandxu bo‘ldi. Bu haqda “TV line” xabar bermoqda.
Bu yil mazkur go‘zallik tanlovi ilk bor Isroilda bo‘lib o‘tdi. Unda 80 mamlakatdan 80 nafar qiz ishtirok etdi. Final jahonning 170 dan ortiq davlatida jonli efirda namoyish etildi.
Sport
Moskvada O‘zbekiston va Qirg‘iziston MMA jangchilari katta janjal uyushtirdi
Moskvada MMA bo‘yicha WEF musobaqasining saralash bosqichi ommaviy mushtlashuv bilan tugadi. Janjal Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi mushtlashuv jangchilari o‘rtasida bellashuv bo‘ladigan kun ishtirokchilardan biri nazarlar to‘qnashuvida o‘zini xaddan tashqari qo‘pol tutganidan kelib chiqqan.
G‘alabadan so‘ng o‘zbekistonlik jangchi Namozon Samiyev har kim bilan jang qilishga tayyor ekanligini ma’lum qildi. Ular zudlik bilan unga raqib topib, sterdaun uyushtirishdi, ammo shu vaqtda Samiyev kutilmaganda potensial raqibining boshiga tizzasi bilan zarba berdi.
PSJ “Real”ga qarshi: YeCHLga qur’a tashlandi
Bugun, 13 dekabr kuni Nyon shahrida (Shveysariya) Chempionlar ligasining 2021/2022 yilgi mavsumi 1/8 finaliga qayta qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Birinchi qur’a natijalari texnik xatolar tufayli bekor qilingan edi.
UEFA Chempionlar ligasi 1/8 final juftliklari:
“RB Zalsburg” (Avstriya) — “Bavariya” (Germaniya), “Sporting” (Portugaliya) — “Manchester Siti” (Angliya), “Benfika” (Portugaliya) — “Ayaks” (Niderlandi), “Chelsi” (Angliya) — “Lill” (Fransiya), “Atletiko” (Ispaniya) — “Manchester Yunayted” (Angliya), “Vilyarreal” (Ispaniya) – “Yuventus” (Italiya), “Inter” (Italiya) — “Liverpul” (Angliya), “Pari Sen-Jermen” (Fransiya) — “Real” (Ispaniya).
Bobonov PSJ tarkibida Yevropa Chempionlar Ligasiga yo‘l oldi
Tokio Olimpiadasi sovrindori, o‘zbekistonlik dzyudochi Davlat Bobonov Fransiyaning PSJ klubi bilan shartnoma imzoladi va parijliklar tarkibida Chexiyaning Praga shahrida o‘tgan Yevropa Ligasida ishtirok etdi.
Yulduzli dzyudochilardan tashkil topgan jamoa Yevropa Ligasi finalida “Sent Jenevev” klubini 4:1 hisobida taslim etdi va yangi mavsumda Chempionlar Ligasida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. 90 kg vazn toifasida tatamiga chiqqan Bobonov raqibini qiyinchiliksiz mag‘lubiyatga uchratdi va oltin medal uchun munosib hissa qo‘shdi.
LiveBarchasi