2023 yil – Jurnalistlar taqdirida
Tahlil
−
30 dekabr 2023
9877Odamlar ko‘pincha o‘zlarining qiziqish va qobiliyatlari, mehnat bozori, daromadi, ish va hayot muvozanati, martaba o‘sish imkoniyatlari va shaxsiy qadriyatlar kabi omillar kombinatsiyasiga asoslangan holda kasb tanlaydilar. Inson kasbiy faoliyatini davom ettirar ekan, undan keladigan yaxshi va yomon natijalarga bardoshli bo‘lib boradi. Dunyoda minglab o‘ziga xos kasblar bor. Biz bolaligimizdan shifokor, o‘qituvchi, uchuvchi, ichki ishlar xodimi, qo‘yingki, tasavvurga sig‘dirish mumkin bo‘lgan har qaysi turdagi kasbga o‘zimizni moslab ko‘ramiz, bir yo‘nalishni etagidan tutgan odam ba’zida bu sohaga bo‘lgan kuchli qiziqishi sabab kirib kelgan bo‘lsa, ba’zan undan keladigan yuqori daromad, yoki oilaviy an’analar davomchisi sifatida bu yo‘lni tanlaydi. Dunyoda yana shunday kasb egalari borki, ularga na faoliyatidan keladigan moddiy barqarorlik ahamiyatli, na oilaviy an’analarga sadoqat. Ularda faqat o‘tkir qalam, metin bardosh, va jasoratli, katta yurak bo‘lsa bas. Ha o‘ylaganingizdek, gap kafani yelkasiga ortilgan jurnalistlar haqida ketmoqda.
Sizningcha, dunyodagi eng xavfli kasblar qaysilar?
Bu men Toshkent ko‘chalarida odamlarga bergan tasodifiy savol. Va javoblar qanday bo‘lganini taxmin qiling: "Politsiya, harbiylar, qo‘riqchilar ..."
Xo‘sh, biz ro‘yxatga o‘t o‘chiruvchilar, kosmanavtlar, koskodyorlar, ehtimol, baliqchilarni ham hisobga olishimiz mumkin. Ammo ko‘pchiligimiz jurnalistlar bir manbaga aniqlik kiritish uchun qancha g‘avg‘olarni boshdan o‘tkazishi, bir murojaat ortidan nohaqlikkka qarshi kurashib qancha sarson bo‘lishini xayolga ham keltirmaymiz. Ma’lumot va yangiliklarni xabar qilib ommaga yoyinlash uchun katta xavf-xatarlarga duch kelishiga, tazyiq va bosimlar ostida qolishi mumkinligi haqida hech o‘ylab ko‘rganmizmi? Birlashgan Millatlar Tashkiloti bildirgan ma’lumotga ko‘ra, Jurnalistika hamon dunyodagi eng xavfli kasblardan qatorida qolmoqda.
Hatto, dunyoda top milliarder hisoblangan Ilon Mask ham unga qarshi yozgan tanqidiy maqolalari uchun bir necha taniqli jurnalistning X (sobiq Twitter)dagi akkauntini bloklab qo‘yganidan xabaringiz bormi? Iroqda, Ukrainada, Qorabog‘da ko‘milgan minalar ortidan qanchadan qancha jurnalistlar hayotdan ko‘z yumdi. Asli saudiyalik “The Washington Post” jurnalisti Jamol Qoshiqchi Istanbuldagi Saudiya konsulligida o‘ldirilishi, muxbir Baxtiyor Esonov mast kimsalar tomonidan o‘lasi qilib kaltaklanib, dala chetidagi ariqqa tashlab ketilgani, QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinovaga qilingan jirkanch tuhmat hali unutilganicha yo‘q.
Dunyo bo‘yicha jurnalist ayollarga nisbatan onlayn zo‘ravonlikning global tendensiyalari bo‘yicha so‘rovnomada qatnashgan jurnalist ayollarning 73 foizi o‘z faoliyati bilan bog‘liq holda internet orqali tahdid, qo‘rqitish va ta’qibga uchraganini aytgan.
Ma’lumotlarga qaraganda, so‘nggi o‘n yil ichida dunyo bo‘yicha taxminan har to‘rt kunda bir jurnalist qotillik qurboni bo‘lgan.
“Qotilliklar ommaviy axborot vositalari senzurasining eng ekstremal shakli bo‘lsa-da, jurnalistlar o‘g‘irlash, qiynoqlar va boshqa jismoniy hujumlardan tortib, ta’qibga qadar, ayniqsa, raqamli sohada ham son-sanoqsiz tahdidlarga duchor bo‘lishadi. Jurnalistlarga nisbatan zo‘ravonlik va hujumlar tahdidi, xususan ommaviy axborot vositalari xodimlarida qo‘rquv muhitini yaratib, barcha fuqarolar uchun erkin axborot, fikr va g‘oyalar oqimiga to‘sqinlik qilmoqda”, deyiladi UNESCO hisobotida.
Keling, yana bir savol bilan sizga yuzlanay: xo‘sh, o‘tib borayotgan milodiy 2023 yil sizning hayotingizda, kasbiy faoliyatingizda qanday iz qoldirdi? Balki, bu kasb ortidan mashina, uy olgandirsiz, balki ishdan haydalib, biznesga qo‘l urgansiz yoki hammasi doimgidek bir tekisda ketmoqda.
Bu yil esa jurnalistlar uchun talafotlarga boy bo‘ldi, qora sahifa sifatida tarix zarvaraqlariga bitildi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki Xalqaro jurnalistlar federatsiyasi bergan ma’lumotga ko‘ra, o‘tib borayotgan 2023 yil jurnalistika tarixida yo‘qotishlarga boy yillardan biri sifatida baholanmoqda. O‘tgan 12 oy mobaynida jahonda 94 jurnalist va media xodimi xizmat faoliyati davomida o‘ldirilgan. G‘azo hukumati matbuot xizmatining 22 dekabr kuni bergan ma’lumotiga ko‘ra, g‘arbiy va sharqiy sohilda o‘ldirilgan jurnalist va operatorlar soni 98 nafarga yetgan. Ulardan biri Shirin Abu Akle.
Ukraina-Rossiya urushi ortidan o‘lgan media xodimlari soni yil davomida 38 nafarga yetgan. UNESCO bergan rasmiy ma’lumotda joriy yil Falastinda 19 nafar, Livanda 3, Isroilda 2 nafar jurnalist o‘qlar nishoniga aylangan.
Matbuot erkinligi bo‘yicha Shimoliy Koreyadan keyin oxirgi o‘rinda turuvchi Xitoyda mahalliy ommaviy axborot vositalari bergan xabarga ko‘ra, yil davomida kamida 10 nafar jurnalistning Xitoy qamoqxonalaridan o‘ligi chiqadi, Amerikaning “Spectrum News” televideniyesi muxbiri Dian Layons 22 fevral kuni sodir etilgan qotillik haqidagi reportajni suratga olish paytida otib o‘ldirilgani yilning shov-shuvli voqealaridan biri sifatida yodda qoldi. Umumiy hisobda Shimoliy va Janubiy Amerikada o‘ldirilgan jurnalistlar soni tugab borayotgan yil hisobi bo‘yicha 22 taga yetgan. Ta’kidlanishicha, uch meksikalik, bir paragvaylik, bir gvatemalalik, bir kolumbiyalik jurnalist tergov chog‘ida halok bo‘lgan.
2023 yil 6 fevral kuni Turkiyada bo‘lgan kuchli zilzila sababli 17 nafarga yaqin jurnalist halok bo‘lgani haqida OAV ombudsmani Faruk Bildiriji e’lon qilgan edi. Shuningdek, Afg‘oniston, Filippin, Hindiston, Xitoy va Bangladeshdagi ommaviy axborot vositalari xodimlarining o‘limi faollar tomonidan qayg‘u bilan qarshi olinmoqda. Achinarlisi shundaki, oxirgi 10 yilda dunyo bo‘yicha jurnalistlarga nisbatan qotillik sodir etganlarning 81 foizi jazosiz qolib ketgan, ya’ni har o‘n holatdan to‘qqiztasida qotillarga chora ko‘rilmagan. Dunyo bo‘ylab jurnalistlarga qilinadigan hujum va qotilliklar tarixni o‘chirish, faktlarni yashirish, mintaqa va xalqaro hamjamiyatga xabar va ma’lumotlar yetib borishiga to‘sqinlik qilish maqsadida atayin amalga oshiriladi. Ko‘p hollarda dunyoda jurnalistlar o‘z xabarlarini o‘chirishni va haqiqatning oshkor etilishiga yo‘l qo‘ymaslikni istagan hukmron hokimiyat organlari, jinoiy tashkilotlar yoki shaxslar tomonidan nishonga olinadi. Bu qo‘rqitish va senzura vositasi sifatida zo‘ravonlik va hatto qotillikka olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, mojaro zonalari va siyosiy beqarorlik hududlarida jurnalistlar muhim voqealarni yoritishga urinayotganda halok bo‘lish xavfi yuqori.
Shuningdek, dunyo qamoqxonalarida jurnalist va blogerlar soni ham keskin oshgan, bu yil hisobi bo‘yicha jami 393 nafar ommaviy axborot vositalari xodimi qamoqqa tashlangan. Eng ko‘pi Xitoy va Gonkongda hibsga olingan – 80 nafar jurnalist – Myanmada 54, Turkiyada 41, Rossiya va Rossiya tomonidan bosib olingan Qrimda 40, Belarusda 35 va Misrda 23 jurnalist turli ayblovlar bilan panjara ortida saqlanmoqda.
“Erkin jurnalistika yaxshi va yomon bo‘lishi mumkin, ammo erkin bo‘lmagan jurnalistika faqat yomon bo‘ladi”, degan edi yozuvchi Alber Kamyu. Matbuot erkinligi bo‘g‘iq bo‘lgan top 5 davlat qatorida turuvchi Eronda “nomaqbul” hijob kiygani sabab hibsga olingan va o‘ldirilgan 22 yoshli Mahsa Amini haqida yozgan maqolasi sabab yil boshidan jurnalistlar Nilufar Hamdiy 7 yilga, Elax Muhammadiy 6 yilga qamoq jazosiga hukm qilingan, “hozirgi rejimga qarshi tashviqot” va “milliy xavfsizlikka tahdid” ayblovlari bilan yana 3 nafar jurnalist Malika Hoshimiy, Saida Shefiya va Mehrnush Zariya hibsga olingan. Bukmekerlik kompaniyalarini reklama qilgan bloger Milad Hotami esa o‘lim jazosiga hukm qilingandi.
Oktyabr oyida esa Moskvaning Basmanniy sudi “Birinchi kanal”ning sobiq muharriri Marina Ovsyannikovani Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlari haqida yolg‘on ma’lumot tarqatishda aybdor deb topib, sirtdan 8,5 yilga ozodlikdan mahrum qilgan. Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kiruvchi Chechenistonning Grozniy shahrida “Novaya gazeta” jurnalisti Yelena Milashina va advokat Aleksandr Nemovga hujum qilinib, ular o‘lasi qilib kaltaklangan. Yil boshida esa Turkiya davlatni tanqid qilishda ayblab, 39 nafar jurnalistni hibsga olgan va ushbu mamlakat mustaqil jurnalistlar uchun xavfli davlatlardan biri bo‘lib qolmoqda.
Mamlakatda so‘z erkinligiga hech qanday cheklov yo‘qligi haqida bong uruvchi Ozarbayjonda ham jurnalistlar tazyiq va bosimlarga uchrab turadi. Xususan, Yevropa Ittifoqi kuni kecha jurnalistlar Ulvi Hasanli, Sevinch Vogif qizi, Mahammad Kekalov, Aziz Orujov, Rufat Murodli, Nargiz Absalamova, Temur Karimov, Ibrohim Humbatov, shuningdek, Hofiz Babalining so‘nggi paytlarda “o‘zboshimchalik bilan hibsga olingani”dan xavotir bildirdi. Ma’lumot o‘rnida shuni aytib o‘tish kerakki, Ozarbayjon matbuot erkinligi bo‘yicha dunyoda 180 mamlakat orasida 151-o‘rinda turadi. Qo‘shni Turkmaniston esa ancha yomon natija – 176-o‘rinni qayd etgan. Qirg‘iziston 122, Qozog‘iston 134, Tojikiston 153-pog‘onada.
Garchi, O‘zbekistonda jurnalistlarga nisbatan ochiq bosim o‘tkazilmasa-da, ularning kasbiy faoliyatida to‘siqlar uchrab turibdi. O‘zbekiston matbuot indeksi bo‘yicha o‘tgan 2022 yilga ko‘ra 4 pog‘ona pastlab 137-o‘rinda turibdi.
2023 yilga kelib O‘zbekistonda hibsga olingan media xodimlarining asosiy qismi tovlamachilik va firibgarlik bilan ayblangani va hukumat tarafidan jurnalistik faoliyatlari hech qanday muammo keltirib chiqarmagani aytilgani sabab qancha o‘zbekistonlik OAV xodimlari qamoqda saqlanayotgani Xalqaro jurnalistlar federatsiyasi tomonidan ochiqlanmagan. Keling, garchi boshqa sabablarga ko‘ra ayblangan bo‘lsa ham o‘zbek jamoatchiligiga jurnalist va bloger sifatida tanilib, jinoiy javobgarlikka tortilgan media vakillarining o‘tgan bir yillik sarhisobini qilamiz.
O‘zbekistonda 2023 yil boshidan buyon bir necha jurnalistlar va blogerlar qo‘lga olinib, ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani xabar qilindi. Bular sirasiga bloger Abduqodir Mo‘minov, jurnalist Xurshid Daliyev, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot kotibi Mavjuda Mirzayeva, "O‘zbekneftgaz" kompaniyasi matbuot kotibi Siyovush Hoshimovni kiritish mumkin. Shuningdek, “Kompromatuzb” Telegram kanali ishi bo‘yicha ko‘plab jurnalist va blogerlar huquq-tartibot idoralariga so‘roqqa chaqirilgani haqida xabarlar urchigan.
Bloger Abduqodir Mo‘minov 2023 yilning 8 fevral kuni protsessual tarzda ushlandi. Unga Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”), 165-moddasi (“Tovlamachilik”) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hibsga olinganidan yarim yil o‘tib, 4 avgust kuni sudi bo‘lib o‘tgan Mo‘minovga Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlanib, so‘nggi hukm e’lon qilindi.
Unda, Abduqodir Mo‘minov Jinoyat kodeksining 141-1-moddasi (shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) 2-qismi “a” bandi, 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi “a” bandi, 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi, 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) 1-qismi va 28, 211-moddasi (pora berishda ishtirokchilik) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 3 yil muddatga jurnalistik (blogerlik) faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilgan holda 7 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tattirish belgilangan.
Shuningdek, Mo‘minovdan jabrlanuvchilar foydasiga jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish belgilandi.
“Kompromat ishi” nomi bilan tarixda qolayotgan hodisa aybdorlariga 26 sentyabr kuni sud hukmi e’lon qilindi. Bu ishda ;urnalist va bloger, “Human” axborot agentligi rahbari Xurshid Daliyev, “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi sobiq matbuot kotibi Siyovush Hoshimov qamoq jazosiga tortilgan. Bildirilishicha, Xurshid Daliyev Jinoyat kodeksining 139-moddasi 2-qismi, 165-moddasi 3-qismi “a” bandi, 184-moddasi (soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) 3-qismi va 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59- (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) va 61-(jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) moddalari tartibida 3 yilga ommaviy axborot vositalarida ishlash hamda jurnalistika va blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilgan holda bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdorida jarima va 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlandi. Tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi umumiy tartibli koloniyalarda o‘tattirilishi belgilangan.
Siyovush Hoshimov esa Jinoyat kodeksining 139-moddasi 2-qismi, 165-moddasi 3-qismi “a” bandi va 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59- va 61-moddalari tartibida 3 yilga ommaviy axborot vositalarida ishlash hamda jurnalistika va blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilgan holda 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Vazirlik matbuot kotibi Mavjuda Mirzayeva Jinoyat kodeksining 113-moddasi 4-qismi va 165-moddasi 2-qismi “a”, “v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash)ni qo‘llab, 59-moddasi tartibida 3 yilga ommaviy axborot vositalarida ishlash hamda jurnalistika va blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Shu bilan birga, jinoyat ishi doirasida jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararni sudlanuvchilardan solidar tartibda undirish belgilangan.
Ayni vaqtda jamoatchilik orasida ko‘plab bahs-munozaralar va muhokamalarga sabab bo‘lgan hamda so‘z va matbuot erkinligiga bosim sifatida ko‘rilayotgan “ushbu holatlarning “so‘z erkinligiga tahdid” deb talqin qilinishi haqiqatga mutlaqo zid” ekanligi haqida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan bayonot berilgan.
Pilla punktida IIB xodimlari tomonidan o‘lasi qilib kaltaklanganib, shundan so‘ng izsiz yo‘qolgani to‘g‘risidagi xabarlar tarqalgan qashqadaryolik bloger Elmurod Odilov o‘tib borayotgan yilning may oyi oxirlarida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 198-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan (hokimiyat vakilining qonuniy talablarini bajarmaslik yoki xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish) huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topilgan. Unga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangandi.
Yil yakuni ham OAV xodimlarining sud jarayonida ko‘rilgan ishlari bilan yodda qoldi. 1 dekabr kuni hukmi o‘qilgan “Turon mujdasi” va “Turon valley media” MCHJlari direktori Olimjon Haydarov Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 2-qismi, 3-qismi “a” bandi, 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi “a” bandi va 165-moddasi (tovlamachilik) 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan va 8 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
7 dekabr kuni bloger Olimjon To‘xtanazarov O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 52-moddasi (Yengil tan jarohati yetkazish) 2-qismi (Qasddan yengil tan jarohati yetkazish)da nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan jarima jazosi tayinlangan.
2021 yil 10 may kuni 6 yil-u 6 oyga qamoq jazosiga hukm qilingan bloger Otabek Sattoriy joriy yilning 11 dekabr kuni qamoqdan manzil-koloniyaga o‘tkazilgan.
7,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan bloger Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev esa joriy yil 7 dekabr kuni muddatidan oldin ozodlikka chiqqan.
Toshkent viloyati sudi appelyatsiya sudlov hay’atining 13 dekabr kunidagi sud majlisida Emine Karamanova (Lemara Mirzaahmedova)ga nisbatan quyi instansiya sudining 7,5 yillik qamoq jazosi o‘zgarishsiz qoldirildi. Ma’lumot uchun, 47 yoshli bloger O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 139- (Tuhmat), 140- (Haqorat) va 165- (Tovlamachilik) moddalari bilan ayblangandi. Shuningdek Xurshid Daliyev, Siyovush Hoshimov, Abduqodir Mo‘minov, Olimjon Haydarovlar tarafidan appelyatsiya sudiga yuborilgan so‘rovlar ko‘rib chiqilib, hukm o‘zgartirishsiz qolgan.
Tibbiyot sohasidagi faoliyati davomida pullarni noqonuniy o‘zlashtirish bilan ayblanib, sudlangan bloger – “Ezgulik” jamiyati a’zosi Otabek Ahliddinovning qamoq muddati joriy yilning 19 dekabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyati sudi hukmi bilan 7,1 yilga uzaytirildi.
Gap shundaki, u Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi markaziy poliklinikaning bo‘lim rahbari lavozimida ishlagan. U 200 million so‘mdan ortiq pulni o‘zlashtirishda ayblangan va shu yilning sentyabrida qamoqqa olingan.
Dastlab u jinoyat ishlari bo‘yicha Xonobod tumani sudi hukmi bilan 5,1 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi. So‘ng prokuraturaning protesti asosida appelyatsiya sudi ishni qayta ko‘rib, muddatni 7,1 yilga uzaytirdi.
Ma’lumot uchun, Otabek Ahliddinov O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati a’zosi edi.
May oyi boshlarida esa, O‘zbekistonda zo‘ravonlikka qarshi kurashuvchi “Sukut saqlama” (“Nemolchi”) loyihasi asoschisi – jurnalist Irina Matviyenko o‘lim tahdidi tufayli mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgani haqida ma’lum qilgandi. Uning qayd etishicha, aprel oyi oxirida unga tahdidli mazmundagi xatlar kelgan. Xabarda noma’lum shaxs jurnalistni oy oxirigacha o‘ldirishga majbur bo‘lganini yozgan. Shuningdek, noma’lum kimsa u haqidagi barcha ma’lumotlarni bilishini aytgan.
10 avgust kuni, ijtimoiy tarmoqlarda ikki o‘zbekistonlik bloger – Sherali Komilov hamda “Sanjar Xo‘ja” taxallusi ostida tanilgan Sanjar Ikromov qidiruvga berildi. Ma’lum qilinishicha, blogerlar ustidan Ichki ishlar vazirligiga ariza bilan murojaat qilingan. Shu boisdan ular qidiruvga berilib, vazirlik rasmiy saytining qidiruvdagi shaxslar bo‘limida ko‘rsatilgan.
Oradan ikki kun o‘tib, 12 avgust kuni aeroport yaqinida qurilayotgan yo‘l o‘tkazgichning beshta to‘sini qulab tushishi sabablarini o‘rganishga borgan jurnalist va operatorlar ish jarayonida hujumga uchragan. Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama va noroziliklarga sabab bo‘lgan bu holatda Nodir Eshniyozov ismli mansabdor videoga olmaslikni talab qilib, televideniye kamerasini sindirgan. Shuningdek, u operator va jurnalistni kaltaklagan. Qilgan bu harakati uchun u Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “a” va “g” bandlarida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga dastlab 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Sudlanuvchiga Jinoyat kodeksining 72-moddasi qo‘llanilib, hukmning shartliligi e’lon qilindi va aybdorga 2 yillik sinov muddati belgilandi.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytish kerakki, O‘zbekistonda OAV va jurnalistlarning faoliyati quyidagi me’yoriy-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi va ularning huquqiy va faoliyat erkinliklari ta’minlanadi:
• “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonun;
• “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun;
• “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida” gi qonun;
• “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonun;
• “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonun;
• O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalari muxbirlarining kasb faoliyatini tartibga soluvchi asosiy qoidalarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori;
• Ommaviy axborot vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti.
O‘zbekiston qonunchiligida jurnalistik faoliyatga to‘sqinlik qilish va tahdid uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanmagan.
LiveBarchasi