Sudga kirish mumkin, yoritish mumkinmas. Jurnalistlar Aziz Voitov sudidan chiqib ketdi

3-sahifa

image

Jurnalistlar sobiq Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov va yana 49 nafar shaxsning sudini yoritolmaydi. Bunga sabab sudlanuvchilar va advokatlarning ommaviy axborot vositalari xodimlarining sud majlisiga kirishini taqiqlash bo‘yicha iltimosnomasi sabab bo‘ldi.

Bugun, 6 sentyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudida ikkinchi sud majlisi bo‘lib o‘tdi.

Eng qizig‘i, aslida mamlakatda sudlarning ochiqligini qo‘llab-quvvatlashi, jurnalistning sudlarni yoritishini dastaklashi kerak bo‘lgan davlat ayblovchisi, prokuror ham ommaviy axborot vositalari vakillarining sudni yoritishiga qarshilik bildirdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi sudyasi Sardor Sodiqov esa ularning xohishini qisman inobatga olib, jurnalistlarning video va audio tasvirlardan foydalanmagan holatda, faqatgina cheklangan axborot tarqatishiga ruxsat berdi.

Jurnalistlar esa bunday shaklda axborot olish va yetkazishning iloji yo‘qligi bois sud zalidan chiqib ketdi va uni yoritishdan bosh tortdi.

Kecha, 5 avgust kuni bo‘lib o‘tgan birinchi sud majlisida ham ko‘plab advokatlar sudda OAV ishtirokiga keskin e’tiroz bildirgandi. Ular hatto jurnalistlarni “xorij agenti”, “xabarlarni bo‘rttiruvchi” deya ta’riflashgan ham.

“Sudda ishtirok etayotgan har bir shaxs o‘zining shaxsiga aniqlik kiritishi kerak. Men bu jurnalistlarning hech birini tanimayman, ularni bugun ko‘rib turibman. Shu sababli ularga ishonmayman ham. Biz qayerdan bilamiz, ular orasida xorij agentlari bo‘lishi mumkin. Shuning uchun hech bir jurnalist bu sud ishi majlislariga kiritilmasligi kerak”, dedi o‘zini tanishtirishni istamagan advokat. 

Mirobod tuman sudi raisi Sardor Sodiqov esa sud ochiq tarzda bo‘lib o‘tayotgani bois jurnalistlar ham unga kiritilishi mumkinligi, ular tegishli hujjatlar asosida binoga kirganligi va agar advokatlar iltimosnoma kiritgan taqdirdagina ularning sud majlisiga kiritilish-kiritilmasligi muhokama etilishini eslatdi.

Suddagi advokatlardan biri Temur Rahmatov ham internet nashrlarining birida sobiq vazir Aziz Voitov ishi sudda ko‘rib chiqilgani va 7 yilga ozodlikdan mahrum qilingani yozilganini aytib, jurnalistlarni noto‘g‘ri axborot tarqatayotganlikda aybladi. Sud jarayonini yoritishda aybsizlik prezumpsiyasiga amal qilinishi shartligini qo‘shimcha qilgan advokat jurnalistlarning ishtirokiga e’tiroz bildirdi.

Yana bir advokat jurnalistlarni “bo‘rttirma axborotlarga o‘chligi”, “yolg‘on tarqatuvchi”likda aybladi. 

Jurnalistlar esa bunday keng qamrovli sud ishi uchun jamoatchilik nazorati kerak ekani, barcha axborotlar Oliy sud Axborot xizmatiga tayangan holatda berilishi hamda aybsizlik prezumpsiyasiga amal qilishiga va’da berishdi.

Uzoq davom etgan muhokamalardan so‘ng sudya Sodiqov OAV vakillarining sud majlislarida ishtirok etish masalasi keyingi sud majlisida advokatlar tomonidan kiritilgan iltimosnomaga ko‘ra ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, tergov organining ayblov xulosasiga ko‘ra sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining 167, 168, 184, 185-2, 189, 205, 206, 28,209, 209, 211, 228 va 243-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

29 nafar sudlanuvchiga nisbatan “qamoqqa olish”, 15 nafariga “garov“  va 6 nafariga “munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat” tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llanilgan.

Hulkar Murtazoyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Sud Jurnalistlar Aziz Voitov Qishloq xo'jaligi vaziri

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made